Vatan ichra Vatan

0
6533
marta koʻrilgan.

Boshqa biron millatni kamsitmagan holda aytish mumkinki, bizning xalqimiz qadim-qadimdan oilani muqaddas hisoblagan. Ota-onaning farzand oldidagi, farzandning ota-ona oldidagi, er-xotinning bir-biri oldidagi burchi va sadoqati oliy insoniy qadriyat sifatida ulugʻlangan. Bunga koʻp misollar keltirish mumkin.

Eng qadimiy yodgorliklardan biri – “Avesto”da ham oila bebaho tushuncha ekanligi alohida taʼkidlangan. Muqaddas kitoblarda “Ota rozi – Xudo rozi”, “Jannat onalarning oyogʻi ostidadur” kabi hikmatli tushunchalar bayon etilgani bejiz emas. Buyuk bobomiz hazrat Alisher Navoiyning “Hayratul abror” asarida oila haqida, ota-onani eʼzozlash toʻgʻrisida gʻoyat teran mulohazalar bayon etilgan.

 

Boshni fido ayla ato qoshigʻa,

Jismni qil sadqa ano boshigʻa.

Ikki jahoningga tilarsan fazo,

Hosil et ushbu ikkisin rizo.

Tun-kunungga aylagali nur posh,

Birisin oy angla, birisin quyosh…

 

Hazrat oila ahilligi ulugʻ neʼmat ekanini ham chiroyli tashbehda tasvirlaydi:

 

Toq kishi ayshini bil nigun,

Uyga qachon xomil erur bir sutun?

 

Uyni bitta ustun koʻtarib turolmaydi, oila ahil boʻlsagina murodiga yetadi, deb taʼkidlaydi bobokalonimiz.

Xalqimiz oila qurish masʼuliyatiga asrlar davomida jiddiy eʼtibor bergan. “Quda boʻlguncha xoʻp sinash, quda boʻlgach xoʻp siylash”, “Qudachilik – ming yilchilik”, “Onasini koʻrib qizini ol”, “Qushning ham uyasi buzilmasin!”, “Goʻdakni yetim qilish – eng ogʻir gunoh” kabi tushunchalarga ming yillardan beri amal qilib kelinayotgani bejiz emas…

Albatta, oila avvalo ikki yoshning bir-biriga koʻngil qoʻyishidan boshlanadi. Biroq bu boʻlajak oilaning debochasi, xolos. Hali oldinda talay sinovlar turadi. Bolaligimda xotiramga oʻrnashib qolgan baʼzi gaplar naqadar dono udumlarimiz boʻlganini yodimga soladi. Ikki oila quda boʻlishga qaror qilsa, u tomon bu tomonning, bu tomon esa u tomonning “etti pushtini” sinchiklab tekshirib chiqar edi. Quda boʻlmishning avlod-ajdodida oʻgʻrilar, nashavandlar, piyonistalar, tutqanoqlar, qimorbozlar, savdoyilar (zamonaviy ibora bilan aytganda “shizofrenik”lar), xotin qoʻyganlar yoki eridan ajrashganlar yoʻqmi, degan savollar sinchiklab oʻrganilardi.

Ota-bobolarimizning bu anʼanasi bugun ham davom etmoqda. Boʻlajak qudalar bir-birini obdan oʻrganishi, yoshlarning toʻy oldidan tibbiyot koʻrigidan oʻtishi muhim va zarur tadbirlardir. Zero, oilaning tom maʼnoda mustahkam boʻlishi shu jihatlarga ham bogʻliq.

Istiqlol yillarida oila tushunchasiga alohida eʼtibor bilan qaralgani, kam taʼminlangan oilalarga yordam berish uchun maxsus qarorlar chiqarilgani, yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash tadbirlari belgilangani, biron sabab bilan yetim qolgan bolalarni har tomonlama qulay “Mehribonlik uy”lari oʻz quchogʻiga olayotgani yurtimizda yosh avlod sogʻligʻi va tarbiyasiga qanchalik katta eʼtibor berilayotganini koʻrsatadi.

Maʼlumotlarga qaraganda, oʻtgan yili yurtimizda ikki yuz mingdan ortiq yangi oila roʻyxatga olingan. Bu kichkina raqam emas. Afsuski, ozmi-koʻpmi muddat yashab, ajrashib ketayotgan oilalar ham bor. Buning sabablari har xil. Bir-birini tushunmaslik, oʻzaro mayda-chuyda gaplar, janjallar, xudbinlik, molparastlik, pulparastlik…

Har ikkala tomonning tinkasini quritadigan dabdabali toʻylar, qachondir, kimlardir oʻylab topgan “marosimlar” yosh oila hali dunyoga kelmasidanoq oraga sovuqchilik tushirayotgani bor gap. Bundan tashqari, oilalarning buzilib ketishida hayot tarzi bizga mutlaqo begona boʻlgan ayrim chet ellik “xayrixohlar”ning ham ulushi bor.

Prezidentimiz: “Biz maʼnaviy hayotimizni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni keng qaror toptirishda tobora kuchayib borayotgan, bizning milliy tabiatimizu, urf-odatlarimizga mutlaqo zid boʻlgan har qanday zararli taʼsirlar, buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi turishda, azaliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashda oilani mustahkam tayanch deb bilamiz”, deb alohida taʼkidlagani bejiz emas.

Bizning turmush tarzimizdan bexabar, dunyoqarashi bizga zid boʻlgan “doʻstlarimiz” oʻzlariga maʼqul boʻlgan “gʻarb” dunyoqarashini dastak qilib, hammaga aql oʻrgatadilar. “Jins erkinligi boʻlmas ekan, inson erkin boʻlolmaydi, oila va nikoh degani inson huquqlarini cheklab qoʻyadi”, deb shovqin solishdan uyalmaydilar. Holbuki, “jins erkinligi” deganning oʻzi buzuqlikni targʻib qilishdan boʻlak narsa emas. Qoʻpolroq qilib aytgan-da, “jins erkinligi” inson bilan hayvon orasidagi farqni yoʻqotadi, vassalom!

Jahon adabiyoti va sanʼatida oila mavzusi yetakchi oʻrin tutgan asarlar oz emas. Bunga ajablanmaslik kerak. Chunki eng jiddiy ijtimoiy masalalar ham koʻpincha oilaviy munosabatlar negizida paydo boʻlishi mumkin. Shekspirning “Qirol Lir” fojiasi, Lev Tolstoyning “Anna Karenina” romani, Chingiz Aytmatovning “Oq kema” qissasini eslang. Qodiriy domlaning ilk sahna asari “Baxtsiz kuyov” dramasi yoki klassik romani “Oʻtkan kunlar”da, Hamzaning “Maysaraning ishi” asarida ham oilaviy munosabatlar jiddiy oʻrin tutadi. Afsuski, shoʻro zamonida har qanday asardan “partiyaviylik” talab qilinar, insonning oilaviy qismati tasvirlangan asarlarga “gʻoyaviy sayoz”, “mayda-chuyda gap” deb qaralar edi.

Oʻtgan asr oʻrtalarida dramaturg Bahrom Rahmonning “Yurak sirlari” dramasi sahnalashtirilgan edi. Shoʻrlik dramaturgni ham, rejissyor va aktyorlarni ham “toshboʻron” qilmagan tanqidchi qolmadi, hisob. Negaki, unda “jonajon kompartiya”ning yetakchi roli koʻrsatilmagan, oddiy oilaning oddiy turmushi tasvirlangan, deb hukm chiqardilar. Holbuki, spektaklga tomoshabinlar yogʻilib kelar, koʻplab muxlislar asar qahramonlarining monologini yoddan aytib berishi mumkin edi. Sababi – bu asarda ular tumtaroq shiorlarni emas, oʻziga oʻxshagan odamlarni koʻrar, ularning biridan oʻrnak olsa, birining xatolaridan xulosa chiqarar edi.

Yillar davomida har qanday tanqid va tazyiqlarga qaramay oila mavzusi oʻzak qilib olingan asarlar yaratilaverdi. Bunga ustoz Said Ahmadning “Kelinlar qoʻzgʻoloni” komediyasi misol boʻla oladi. Oʻzbek Akademik drama teatri (hozirgi Milliy teatr)da sahna yuzini koʻrguncha bu komediya atrofida ozmuncha “janglar” boʻlgani yoʻq.

Said Ahmad aka yarim hazil-yarim chin qilib, bir hangomani aytib yurar edi. Komediya muhokamasida teatrshunoslardan biri: “agar shu asar sahnaga chiqsa men otimni boshqa qoʻyaman”, deb qasam ichishgacha borgan ekan. Oʻsha “mulla” otini boshqa qoʻyganmi-yoʻqmi unisini bilmadim-ku, “Kelinlar qoʻzgʻoloni” turli mamlakatlar sahnasida qoʻyilib, yuz minglab tomoshabinlar olqishini qozondi. Ayrim “dono” munaqqidlar bu asarda oʻzbek sovet kampiri masxara qilingan, bu sotsialistik realizm uslubiga zid, deb “nogʻora chalgan” edilar. Holbuki, asarda onaning donishmandligi, xalqimizning goʻzal udumlari ulugʻlangan edi! Komediyani koʻrgan tomoshabin xalqimizni yaxshi koʻrib qoladi.

Sovet zamonining har qanday cheklovlariga qaramay, oʻzbek sahnasida oila mavzusi bilan bogʻliq talay asarlar dunyoga keldi. Abdulla Qahhorning “Ogʻriq tishlar”, Uygʻunning “Parvona”, Hamid Gʻulomning “Toshbolta oshiq”, Erkin Vohidovning “Oltin devor” kabi asarlari minglab tomoshabinlarga manzur boʻldi. Shuhrat, Izzat Sulton, Oʻlmas Umarbekov, Haydar Muhammad dramalari, shuningdek, Erkin Xushvaqtovning soʻnggi yillarda sahnalashtirilgan va tomoshabinga manzur boʻlgan asarlarida xalqimizning goʻzal udumlari tasvirlangan.

“Mustahkam oila yili”da adabiyotda ham, teatr va kino sanʼatida ham oilani muqaddas tushuncha deb sanaydigan xalqimiz qadriyatlari toʻgʻrisida yangidan-yangi asarlar yaratilaveradi. Zero, biz oilani Vatan ichidagi Vatan deb bilamiz va bu bilan faxrlanamiz!

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

2012 yil, fevral

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.