Ustozimning nuqsonini koʻrsatma…

0
318
marta koʻrilgan.

Bir xil, lekin zid tushunchalar

Koʻpchiligimiz individual taʼlim deganda, yangidan paydo boʻlgan yoki qaysidir chet ellardan kirib kelgan, goʻyoki bizga begona bir tizimni tushunamiz. Repetitor deganda esa, koʻz oldimizda faqat oliy oʻquv yurtiga kirish uchungina oʻquvchini tayyorlab beradigan shaxs gavdalanadi. Lekin repititorlik degani faqatgina oʻqishga kiritib qoʻyish degani emas-ku?!

Aslida repetitorlik bu – individual taʼlim. Va bu taʼlimning asosi oʻzimizning qadim madaniyatimizga, taʼlim-tarbiya uslublariga borib taqaladi. Lekin uning bugungi koʻrinishi individual taʼlimning oʻzi emas, biroz oʻzgargan, “ayniganroq” koʻrinishi deyish mumkin… Bunga sabab har ikki tomon maqsadining ayroligi, yaʼni ilmi tolib bir amallab oʻqishga kirib olishni oʻylashi-yu, repetitor moddiy masalaga chalgʻishimikan? Ammo shu aniqki – juda qiziq – oramizda repetitorlik qilib boyib ketgan odamni hali uchratganimizcha yoʻq. Lekin faqat boyishni oʻylab repetitorlik qilayotganlar yetarlicha topiladi. Ilmni sotish (bilim berish emas – aynan sotish) bilan boy boʻla olmaslik masalasi esa alohida mavzu…

Shaxsga yoʻnaltirilgan taʼlim, inidividual yondashuv, soʻzimiz avvalida aytganimizdek, xalqimiz uchun yangilik emas, aslida. Axir, taʼlimning bunday turi bizning qon-qonimizga singib ketgan. Faqat uni bizda biroz boshqacharoq – ustoz-shogirdlik deyishadi!

Demak, hali maktabga chiqmagan farzandingiz borayotgan “Pochemuchka” yoki “Bilagʻon bolajon” oʻquv markazi – aslida inidividual yondashuv!

Maktab yoshidagi oʻgʻil-qizingiz qiziqishiga qarab qaysidir oʻqituvchisining oldiga darsdan tashqari borib turishi – shaxsga yoʻnaltirilgan taʼlim!

Biror hunarga qiziqqan yigit yoki qizning turli toʻgaraklarga qatnashi yoki aynan bir ustozning etagidan tutishi – ustoz-shogirdlik maktabi!

Lekin bir jihat aniqki, ustoz-shogirdlik degan tushuncha repetitorlikdan farqli ravishda begʻaraz, beminnat boʻladi. Unda asosiysi pul emas, aksincha, maʼnaviy kamolot va mehr-oqibat ustun turadi. Mana bu – bir xil tushunchaning bir-biriga zid koʻrinishi…

 

Ustozimning nuqsonini koʻrsatma…

Xoʻsh, mehr-oqibat va maʼnaviy kamolot ustun boʻlgan ustoz-shogirdlikning ham chegarasi bormi? Biz ustoz deganda nimani tushunamiz, oʻzi? Ishda, oʻqishda, ijodda bu qay koʻrinishda kerak bizga?

Ustoz degan tushuncha bugunga kelib birmuncha oʻz mohiyatini oʻzgartirgandek, nazarimda. Bugun sohamizdagi oʻzimizdan kattalarning deyarli hammasini ustoz deyaveramiz. Avvallari esa bu tushuncha biroz boshqacha boʻlgan. Inson oʻzi qattiq mehr qoʻygan, mukammal deb oʻylagan zotnigina ustoz deb bilib, unga qoʻl bergan. Chindan ham unga ergashmoqchimisan? Chindan ham uning yoʻlidan bormoqchimisan? Chindan ham shu kishi senga butun hayotingga kerakli toʻgʻri yoʻlni koʻrsata oladi, deb hisoblaysanmi? Shu savollarga ichingda ^I”ha” deb javob bersang, shundagina ustoz-shogirdlik maʼnoga ega boʻladi. Ha, ustoz – shogird nazdida mukammal shaxs. U uchun oʻrnak, namuna. Baʼzan duolarda eshitib qolamiz: “Ey Xudo, menga ustozimning nuqsonini koʻrsatma”, deyishadi. Mana, ustozga hurmat!

Savol tugʻiladi: bugun ustoz deganda mushkul ishimizni bitirib beradigan, faqat bir tashvishimiz boʻlgandagina yoʻqlab boradigan kishini tushunib qolmayapmizmi? Xoʻsh, bunday paytda ustoz qanday yoʻl tutishi kerak? Balki, birrovchi shogirdni qoʻllab yuborishi oʻrinlidir. Axir, shogirdni suyab, yuksalishiga koʻmak berishdan savobli ish bormi?! Lekin ustozlikning mohiyati faqatgina suyashdan iborat emas-da.

Aytaylik, shogird bir mushkul vaziyatda qoldi. Ustozning bir soʻzi yoki hurmati shogirdni ana shu vaziyatdan chiqarib ketishi mumkin. Lekin ustoz shogirdining holatini chuqur tashxis qilmasa, uning xatolarini oʻrganib, kerakli yoʻl-yoʻriq koʻrsatmasa, muammosini osongina hal qilib bersa, bu holat takror-takror yuz beraverishi mumkin. ^I”Men senga baliq bermayman, qarmoq beraman – istagan payting oʻzing baliq ovlaysan” degan soʻzning hikmati shu yerda ayon boʻladi. Yaʼni, muammoning bir martalik yechimini emas, unga yoʻliqmaslik yoʻlini koʻrsatgan ustoz chinakam murabbiydir.

Shogird-chi? Faqatgina moddiy manfaat rishtasi bilan ustoziga bogʻlangan kishini haqiqiy shogird deb boʻladimi? Oʻrni boʻlsa-boʻlmasa, ustoziga maqtov yogʻdirib, unga yanada yaxshiroq koʻringisi keladigan tolib afzalmi yoki ortiqcha soʻzamollikka berilmasdan ustoz oʻgitlariga bekamu koʻst amal qiladigan, uning yurish-turishi, ilmu aʼmolidan jimgina saboq oladigan shogirdmi?

Baʼzan ustoz va shogird qarashlari zid kelib qolgan vaziyatda qanday yoʻl tutish kerak? U ishmi, ijodmi, aqliy yoki jismoniy mehnatmi, qanday koʻrinishda boʻlmasin, har kim oʻzini haq deb turgan holatda vaziyat zil ketmasligi, ustoz-shogirdlikka putur yetmasligi uchun har ikki tomonning tutumi qanday boʻlishi zarur?

Xullas, savollar koʻp. Ularning javobini ham bir qadar bilamiz. Hamma gap ularga amal qilishda. Xoh ustoz boʻlaylik, xoh shogird – hurmat va izzat qoidasiga xilof ish tutmasak, oʻzaro hamkorlik samarali boʻladi.

 

Shogirdlik masʼuliyatli

Maʼlumotlarga qaraganda, fransuz yozuvchisi Gi de Mopassan kollejda oʻqib yurgan vaqtlarida badiiy ijodga, sheʼr mashq qilishga qiziqib qoladi. Undagi isteʼdodni sezgan onasi oʻgʻlini yoshlikdagi doʻsti – taniqli adib Gyustav Floberga shogirdlikka beradi.

Flober juda qattiqqoʻl va oʻta talabchan ustoz boʻlib, qariyb oʻn yil mobaynida Mopassanning yozgan asarlarini chop ettirishga ruxsat bermaydi. Mopassan ham ustozini benihoya hurmat qilgani va unga ixlos koʻzi bilan qaragani, eng muhimi, unga ishongani uchun raʼyiga qarshi bormaydi. Uning ustozi haqidagi xotiralarining oʻzi bir ustozning shogirdga bergan taʼlimidek salmoqli. Flober Mopassanga nafaqat adabiy mahorat sirlarini oʻrgatadi, shuningdek, uni Emil Zolya, Alfons Dode, Ivan Turgenev va boshqa zamonasining yetuk ijodkorlari bilan tanishtiradi. Nihoyat, Mopassanning ilk asari eʼlon qilinganida Flober: “Bu asar daho adib qalamiga mansub…” deya eʼtirof etadi.

Qattiqqoʻl, talabchan ustozning eʼtirofi bu! Lekin bu eʼtirofga erishish uchun Mopassan qanday mehnat qilganini, mashaqqat chekkanini bir Xudoyu bir oʻzi bilgan boʻlsa, ajab emas.

Xoʻsh, bugun bizga ustozimiz shunday talab qoʻysa, rozi boʻlamizmi? Asarimizni oʻn yil emas, oʻn oy bosishga ruxsat bermasa, sabrimiz, toqatimiz yetadimi? Tan olaylik, agar shunday qilsa, oramizda yo ustozdan yoki ijoddan voz kechadiganlar oz emas.

Koʻpchilikning nomidan gapirish nooʻrin, albatta. Har kimning koʻnglida bir iqrori, xayolida boshqalardan sir tutadigan oʻz haqiqati bor. “Axir men…” yoki “Axir u…” deb boshlanuvchi gaplar bilan oʻzimizni oqlay boshlashimiz ham bor gap…

 

Ustoz otangdan ulugʻ…

Avvallari ^I”Ustoz otangdan ulugʻ” deb aytiladigan maqol soʻnggi yillarda ozroq tahrir qilindi: ^I”Ustoz otangday ulugʻ”. Va bu koʻpni koʻrgan insonlar tomondan izohlandi ham: ^I”Axir, ota dunyodagi eng ulugʻ zot. Ustoz ota qatori koʻrilsa ham, ulugʻ sharafga noil boʻladi. Har qancha mukarram boʻlmasin, ustozni otadan baland qoʻymaslik kerak. Ota – rozi, Xudo – rozi, degan gap bejiz emas…”. Albatta, biz bu fikrlarga toʻliq qoʻshilamiz. Chindan ham, otaning shaʼni, maqomi juda ulugʻ. Lekin maqol shunday sanʼatki, u mubolagʻasi bilan goʻzal. Axir, maqolu matal, ertaklarimizu topishmoqlarimizning barchasi mubolagʻaga asoslangan emasmi?! Mubolagʻasi boʻlmasa, uning oddiy gapdan farqi qolmaydi-ku. ^I”Ustoz otangdan ulugʻ” deyilganda aslo Otani pastga urish emas, Ustozni baland koʻtarish maqsad qilingan. Va bu maqolni avvalo otalarning oʻzi ijod qilib, muomalaga kiritgan boʻlsa, ajab emas. Shu bois oʻz qadrini, oʻrnini yaxshi bilgan birorta ota bu maqolni eshitganda nafsoniyati ogʻrimaydi. Aksincha, oʻgʻlini ustozga topshirarkan, ^I”Eti – sizniki, suyagi – bizniki”, deydi kamtarligu tavoze bilan.

Rivoyat qiladilarki, bir kishi mantiq ilmidan saboq olish uchun oʻz davrining yetuk olimiga shogird tushibdi. Bir necha yillik oʻqish-oʻrganishdan soʻng mustaqil boʻlish, fotiha olish niyatida dasturxon yozib, ustozi va bir necha kishini chaqiribdi. Mehmonlar orasida Shayx Saʼdiy ham bor ekan. Suhbat orasida shogird ustozi va otasini bir mavqega qoʻyib:

– Mening ikki otam bor. Ular meni shu darajaga yetkazdi. Biri oʻz otam boʻlsa, yana biri ustozim, – debdi.

Shunda Shayx Saʼdiy hazilnamo qilib:

– Ustozni “otam, otam” degan bilan ish bitmaydi. Aslida ustoz otangdan ulugʻdir. Zero, otang seni osmondan yerga olib tushgan boʻlsa, ustozing seni qaro tuproqdan osmon avjiga koʻtardi, – degan ekan.

Fikrlarimizni qogʻozga tushirish asnosida, xayolimizga yuqoridagi rivoyatga oʻxshash “Bir kuni shogird ustozidan soʻradi…” deb boshlanuvchi rivoyatlar esga tushadi. Televizorda koʻrganlarimiz – ustoz va shogird muloqoti birdan xayolimizga keladi. Kitoblarda ham shu kabi rivoyatlar berilar ekan, bir muallim va bir necha toliblarning emas, aynan bir ustoz va bir shogirdning savol-javoblari, oʻzaro muloqoti keltiriladi. Yana oʻsha gap: bizda azal-azaldan ustozlar har bir shogird tarbiyasiga alohida, individual yondashgan…

 

Bir ustozu bir shogird

Ibn Sinoning ustozi, deganda xayolimizga birinchi navbatda turli fanlarni oʻqitgan oʻqituvchilari keladimi yoki oʻzi ixlos qoʻygan Notiliymi?

Beruniyning, Xorazmiyning, Navoiy va Mashrabning ham hayotida, shubhasiz, nihoyatda katta oʻrin tutgan yagona ustoz boʻlgan. Ehtimol, biz bugun ularning nomlarini toʻla bilmasmiz, lekin ular Ibn Sinoning buyuk hakim, Navoiyning ulugʻ shoir, Beruniyning zukko olim boʻlishida muhim oʻrin tutgan.

Tarixda bugungiday taʼlim tizimi va uslublari boʻlmagani, shart-sharoit zamonlar osha yuksalib borganligi bor gap. Lekin koʻplab daholar, buyuk kashfiyotchilar jamoaviy taʼlim ortidan alohida, individual tahsilga intilganlari ham haqiqat. Nima, ularga jamoada, tengdoshlari orasida ilm olish qiyinmidi? Yoki oʻqituvchini (ustozini) boshqalardan qizgʻonishgan deymizmi? Javoblar orasida ishonchlirogʻi – bu holat jamoaviy taʼlim olib boʻlgandan soʻng boshqalarning boʻyi yetmaydigan choʻqqilarni zabt etish istagi bilan bogʻliq boʻlsa kerak. Ha, arava tortadigan toyning qarovi boshqa-yu, uloq chopadigan toychoqning tarbiyasi boshqacha boʻladi.

Yoʻq, tarixda ham, hozir ham jamoaviy va individual taʼlimning oʻz oʻrni bor. Faqatgina shoʻrolar davrida shaxsga yoʻnaltirilgan taʼlim, yaʼni aynan ustoz-shogirdlikka koʻp eʼtibor berilmagan. Faqat jamoaviylikni tan oladigan bu tuzumda hammaning boʻyi bir xil boʻlishi shart edi – boʻyi balandlar, kerak boʻlsa, tizzasi yo yelkasini bukib yursin! Shukrki, bugun taʼlim tizimidagi oʻzgarishlar tufayli yana ustoz-shogirdlik anʼanalari tiklanib, isteʼdodli yoshlarga alohida imtiyozlar yaratilyapti. Lekin bu jarayonda ustozlarimizga lozim darajada yaqinlasha olyapmizmi, deb oʻylab qolasan kishi.

Bu yerda gap hamma biladigan oʻqituvchi-talaba emas, aynan mehr va ixlos ustunlik qiluvchi ustoz va shogirdlik haqida ketyapti.

Yuqoridagi fikrlardan jamoaviy taʼlimni keraksiz tizimga oʻxshatib qoʻymadikmikan, degan andishamiz ham yoʻq emas. Aslida ikkalasi ham oʻz oʻrnida kerak! Umumiy bilimlarni egallash, fikrni erkin ayta olish, ijtimoiy shakllanish, dunyoqarashni kengaytirish jamoaviy taʼlimning asosiy maqsadi va buning oʻrnini boshqa hech bir tizim bosa olmaydi.

Ammo maktab, kollej, institutda olingan baholar kishining aqliy qobiliyatini koʻrsatib bermasligi ham bor gap. Baholar, maqtov yorliqlari – umumiy bilimning nisbiy mezon, tarozida oʻlchangan holati, xolos. Ammo aynan shu yoʻl orqali yanada chuqur ilm yoʻliga – individual taʼlimga oʻtiladi. Bir soʻz bilan aytganda, jamoaviy taʼlim isteʼdodli oʻquvchi uchun toblanish, oʻziga ishonch hosil qilish maydoni boʻlib, yuksak marralar sari oltin koʻprik vazifasini oʻtaydi.

Keyin esa oʻzing tanlagan yoʻlda seni har tomonlama tarbiya qiladigan, senga qanot bagʻishlaydigan Ustozga ehtiyoj sezasan. Kim bunday ustozni topgan boʻlsa, undan baxtli inson yoʻq. Isteʼdodli va qobil shogirdga yoʻliqqan Ustoz ham saodatlidir…

 

Nurli silsila

Aytaylik, bolaligidan informatikaga, kompyuterga qiziqqan bola axborot texnologiyalari boʻyicha institutga kirdi. U taʼlimni umumiy fanlarni oʻqishdan boshlaydi. Keyin maxsus fanlarga oʻtadi. Institutning yuqori bosqichlarida esa muayyan, tor mutaxassislikka koʻproq urgʻu qaratiladi.

Oʻqish asnosida barcha talabalarini bir koʻz bilan koʻrgan ustoz bitirish chogʻida bitta yo ikkitasini tanlab olib, oʻz sohasiga yoʻnaltirgisi, u bilan alohida ishlagisi keladi. Nima uchun? Chunki uning tiynatida yashiringan isteʼdod choʻgʻini ilgʻab, bu choʻgʻni yorqin alangaga aylantirishni zarurligini his qiladi. Shu bois ilmiy ish qilmoqchi boʻlganlarga ham aniq ustoz – ilmiy rahbar tayinlanadi. Bu bejiz emas. Bobolarimiz “Pirsiz muridning qoʻlidan shayton tutadi” deganlarida aynan ustozsiz shogirdning turli yoʻllarda adashib, sarsonu sargardon boʻlishini nazarda tutganlari aniq. Yaʼni, umumiy taʼlimdan soʻng xos taʼlim boshlanadi va bu taʼlim, eng avvalo, mehr-muhabbat, oʻzaro hurmat, ixlos asosiga quriladi.

Bugun axborot texnologiyasimi, madaniyat, sport, adabiyot yoki texnikami, oʻz sohasida yuksak natijalarga erishayotgan yoshlarning muvaffaqiyatlari bilan tanisharkansiz, ular bilan muntazam ishlaydigan, tergab-nazorat qilib turadigan ustozi borligini koʻrasiz. Qaysi sohada ustoz-shogirdlik tizimi yaxshi yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, oʻsha sohada isteʼdod egalari porlab chiqayotganini koʻrishimiz mumkin.

Ustoz – berguvchi, shogird – olguvchi. Vaqtida kelganda, bu aksioma oʻzgarib, ustoz – olguvchi, shogird berguvchiga aylanadi. Yaʼni, haqiqiy ustoz mashaqqatli mehnatlari evaziga shogirdining muvaffaqiyat mevalarini terib ola boshlaydi. Oʻz navbatida shogird ham Ustozga aylanib, yangi avlod orasidan oʻziga munosib izdoshlarni axtarishga tushadi. Bu nurli silsila abadul abad davom etadi. Shunday silsilaga kirish, munosib boʻlish barcha ustozu shogirdlarga nasib etsin, deymiz…

 

Dadaxon MUHAMMADIYEV

 

“Yoshlik”, 2017 yil 9-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.