Ulugʻ siymo haqida kitob

0
1977
marta koʻrilgan.

Har bir millatning dunyoda borligini koʻrsatadigan hayot oynasi, bu uning buyuk allomalari. “Shu nuqtai nazardan qaraganda, zaminimizda yashab oʻtgan buyuk allomalarimiz, mutafakkir bobolarimizning ibratli hayoti va faoliyati, bemisl ilmiy-ijodiy kashfiyotlari bugun ham jahon ahlini hayratga solayotganini gʻurur bilan taʼkidlash lozim”[1].

Mustaqillik bizga “agar millat oʻzining kelajagini yorugʻ holda koʻrmoqchi boʻlsa, uning xotirasi hamisha uygʻoq boʻlishi shart”ligini oʻrgatdi. “Islom dini, bu – ota-bobolarimiz dini, u biz uchun ham imon, ham axloq, ham diyonat, ham maʼrifat”. “Biz kimmiz, qanday buyuk zotlarning avlodimiz?”[2], degan savolni oʻzimizga berib yashashimiz zarur.

Istiqlol sharofati bilan aziz-avliyolarning nomlari tiklandi va qabrlari obod etildi. Azaliy qadriyatlarimiz: izzat, ikrom, tavoze, ehtirom, yaxshilar izidan borish oʻgitlariga amal qilish kabi ezgu fazilatlar yana bor boʻyi bilan namoyon boʻldi.

Huquqshunos olim, professor Akmal Saidov “Hazrat Zangi ota” haqidagi kitobni yozish bilan azizlarning ruhiy-maʼrifiy olamidan yaxshi bahralar olayotgan shaxs sifatida oʻzini namoyon etdi, u zotning maʼnaviy farzandi ekanini isbotladi.

Kitobni varaqlar ekanman, Hazrati Bashir, Hazrati Sulton, Sulton Mirhaydar, Sohibqiron Amir Temur kabi ulugʻ zotlar, ularning tarixi borasida muallif bilan hamfikr ekanimni his etdim. Kitobni qoʻlimga olishim bilan yurtimizda yashab oʻtgan, islom olamida mashhur aziz avliyolar, ularning maqbaralari xayolimda gavdalana boshladi. Holbuki, sobiq ittifoq davrida millat taqdiri va eʼtiqodiga munosabat noxolis va ayanchli holatda edi.

Istiqlol esa bunday razil holatlarni bartaraf etdi. Ayniqsa, Prezidentimiz Islom Karimovning aziz avliyolar, allomalar va buyuk sarkardalar hayoti va ijodini xolisona baholash, ularning merosini oʻrganish borasidagi boshlab bergan tashabbuslari diqqatga sazovor. Zero, Yurtboshimizning “Ota-bobolarimizning, muqaddas ajdodlarimizning qadamjolarini obod etishga, Zangi otaning tabarruk maqbaralarini tiklashga bosh-qosh boʻlgan, unga munosib hissa qoʻshgan barcha yurtdoshlarimga tashakkur aytaman”, – degan fikrlari bularning bir isbotidir. Zangi ota Xoʻja Ahmad Yassaviyning ustozi Arslonbob otaning avarasidir. Men Zangi ota va uning yaqin qarindoshlari haqida koʻplab rivoyatlar, hikoyatlar eshitgan boʻlsam-da, bu zot haqida toʻliq maʼlumotga ega emas edim. Mana endi qoʻlimizdagi ushbu kitob kamchilikni toʻldirib turibdi.

“Muqaddima”da kitobning yozilish sabablari va manbalari qisqacha bayon etilgan.

Binobarin, uni yozishda qoʻlyozmalar, milliy va xorijiy asarlar, tarixiy va ilmiy manbalar, arxiv hujjatlari hamda xalq ogʻzaki ijodi namunalariga tayanilgan. Avliyolar hayoti, shajaralari, tasavvuf tariqati bilan bogʻliq ishonchli adabiyotlar tadqiq va talqin etilgan.

“Mashhur shayx, ulugʻ avliyo, shayxul mashoyix” nomli birinchi bob yigirma oltita fasldan iborat. Unda Zangi ota yashagan tarixiy davr, u zotning tavallud va vafot vaqtlari, tugʻilib-oʻsgan yurtlari, oilasi va avlodlari, shu jumladan, Anbar ona bilan birgalikdagi hayoti, botiniy va zohiriy ilm yoʻlida chekkan zahmatlari, xalq nazdidagi yuksak obroʻ-eʼtibori xususidagi qiziqarli maʼlumotlar havola etilgan. Jumladan, “Ismlari maʼnosi xususida” nomli faslda turli qoʻlyozma tarixiy manbalar hamda rivoyatlardagi maʼlumotlar asosida Hazrat Zangi ota ismlarining beshta talqini mavjud ekaniga eʼtibor qaratilgan. “Zangi ota Himmatiy” faslida Zangi ota ayni shu taxallus bilan sheʼrlar bitgani hamda ushbu taxallusning kelib chiqishi sabablari tahlil etilgan.

“Sheʼriyat va hikmatnavislik” faslida Zangi otaning ustozlari Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirgʻoniy kabi mashhur mutasavviflar sheʼrni shon-shuhrat yoki obroʻ-eʼtibor daʼvosida emas, balki maʼnaviy-maʼrifiy ehtiyoj sanagani uchun yozganlari taʼkidlangan. Ustozlari izidan borgan Zangi ota Himmatiy ham sheʼrni tasavvuf haqiqatlarini xalqqa yetkazish va maʼrifatparvarlik yoʻlidagi bir vosita deb bilgan.

“Zangi otaning ustozlari” faslida Arslonbob ota, Xoʻja Yusuf Hamadoniy, Xoʻja Ahmad Yassaviy, Hakim ota (Sulaymon Boqirgʻoniy) toʻgʻrisida soʻz boradi. “Zangi otaning xalifalari-izdoshlari” faslida esa Zangi otaning eng mashhur toʻrt xalifasi – Uzun Hasan ota, Sayid ota, Sadr ota va Badr ota haqida maʼlumot berilgan. Qoʻlyozma va tarixiy manbalarda, xususan, Alisher Navoiy asarlarida bu ulugʻ shayxlarga doir bayon etilgan fikrlar keltirilgan. Zangi ota silsilasi, ushbu silsilaning kenja vakillaridan biri – Sulton Ahmad Haziniy toʻgʻrisida fikr yuritilgan. “Sulton Mirhaydar ota” faslida esa Zangi otadan soʻng tariqat davomchisi sifatida Hakim ota tomonidan karomat qilingan Sulton Mirhaydar ota haqida soʻz boradi.

Ikkinchi bob – “Zangi ota majmuasi – noyob meʼmoriy moʻjiza” deb nomlangan va oʻnta fasldan tashkil topgan. Unda, asosan, Zangi ota mahallasi, qishlogʻi, Amir Temur tomonidan bunyod etilgan Zangi ota meʼmoriy ansambli haqida batafsil maʼlumot berilgan. Hozirgi Zangi ota qishlogʻiga aynan Zangi ota tomonidan asos solingani ilmiy-tarixiy negizda asoslangan. Zangi ota majmuasi bunyod etilishining tarixiy ildizlariga nazar tashlangan.

Zangi ota ziyoratgohi ulkan tarixiy va meʼmoriy qimmatga ega. Shuningdek nodir inshootlar turkumining turli davrlarda bunyod etilishi hisobiga yuzaga kelgan oʻziga xos bebaho madaniy obidadir. Bugungi kunda ushbu tarixiy-meʼmoriy obida Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari uchun muqaddas qadamjo hisoblanadi. Bu majmuani har kuni besh mingga yaqin sayyohlar ziyorat qiladi.

Zangi ota majmuasining tarixi, xususan, shoʻrolar zamonidagi ahvoli tarixiy manbalar asosida oʻrganilgan. Eng muhimi, milliy meʼmorchilikning mazkur noyob yodgorligi mustaqillik davri meʼmorchiligida qanday ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlangan.

“Hazrat Zangi ota maʼnaviyati” nomli uchinchi bobda oʻn yettita fasl jamlangan. Zangi ota va tasavvuf taʼlimoti haqida soʻz borganda, tasavvuf ilmi haqida muayyan tushuncha va tasavvurga ega boʻlish taqozo etiladi. Shu maʼnoda, “Tasavvuf nima?” degan savolga sharh berilgan. Tasavvuf bosqichlari, avliyolari, tariqatlari, Yassaviya tariqati, tasavvuf va maʼnaviyat, Sohibqiron va tasavvuf, Alisher Navoiy va Ahmad Yassaviy, tasavvufda pir va muridlik anʼanalari, Xoʻja Ahmad Yassaviy izdoshlari, Yassaviy va Naqshbandiy tariqatlarining mushtarak va farqli jihatlari kabi bir qator tushunchalar atroflicha tavsif etilgan.

Tasavvufga doir baʼzi bir yondashuvlar xususida mulohaza yuritilib, jumladan, Zangi ota yashagan davrda, yaʼni XII asrda Markaziy Osiyo rang-barang, anʼanalar tutashgan va oʻzaro uygʻunlashgan madaniyatlar chorrahasiga aylangani qayd etilgan.

Zangi ota shajarasi: otasi Tojxoʻja, bobosi Abdumalikxoʻja va bobokaloni Mansur ota orqali bevosita Xoʻja Ahmad Yassaviyga borib taqaladi. Tasavvuf taʼlimoti anʼanalari doirasida, Zangi ota Xoʻja Ahmad Yassaviy sulukidagi soʻfiylardan biri sifatida, Yassaviya tariqatidagi beshinchi shayx darajasiga koʻtarilgan. Kitobda Hazrat Shayx Zangi otaning taʼlim uslublari bayon etilgan. Ul zotning xalifalari haqidagi rivoyat va manoqiblardan lavhalar keltirilgan.

Zangi otaning butun umri Movarounnahr xalqlari hayotining ogʻir va dahshatli davrida kechgan. Moʻgʻul istilochilari mamlakatni xonavayron qilib, xalq ommasini qullik iskanjasiga solgan bir paytda Zangi ota va uning izdoshlari xalq orasida vatanparvarlik va mehnatsevarlik, adlu insof, poklik va yaxshilik, mehr-shafqat va xudojoʻylik kabi umuminsoniy gʻoyalarni targʻib qilgan.

Tarixdan maʼlumki, Zangi ota va xalifalarining harakati tufayli Dashti Qipchoq turklari, Sibir, Qozogʻiston, Ural, Volgaboʻyi, Tatariston, Boshqirdistondagi koʻplab aholi islomni qabul qilgan.

Toʻrtinchi bob – “Hazrat Zangi ota: shaxsiyati va faoliyatining oʻrganilishi” deb nomlangan boʻlib, oltita fasldan iborat. Avvalo, Hazrat Zangi otaning karomat va fazilatlari haqida mashhur allomalardan Faxruddin Ali Safiy ibn Husayn Voiz Koshifiy, Ahmad Mahmud Haziniy, mutasavvif Xoʻja Ahror Valiy, shoirlardan Maxtumquli, Kamiy Toshkandiy, Salohiddin Toshkandiy va boshqalar sheʼr hamda xotiralar yozib qoldirgan. Ayniqsa, Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida, Faxruddin Ali Safiy ibn Husayn Voiz Koshifiyning “Rashahotu ayn-il-hayot” nomli kitobida, Hasanxoʻja Nisoriyning “Muzakkiru ahbob” (“Doʻstlar yodnomasi”) tazkirasida, Sulton Ahmad Haziniyning “Jomiʼ ul-murshidin”, “Manba ul-abhor fi riyozil-abror” (“Yaxshilar bogʻlaridagi dengizlar manbasi”), “Javohir-ul-abror min amvoj-il-bihor” asarlarida, Olim Shayx ibn Moʻmin Shayx ibn Darvesh Shayx Azizonning “Lamahot min nafahot-il-quds” asarida, Zangi ota haqida qimmatli maʼlumotlar berilgan.

Zangi otaning baʼzi muridlari olimu fozil, iqtidorli shoirlar boʻlib, ular oʻz asarlarida Yassaviy tariqati gʻoyalarini targʻib etgan. Bu asarlarda, shu jumladan, Zangi ota hayoti va faoliyatiga doir maʼlumotlar bayon etilgan. Shuningdek, xalq orasida naqlu rivoyatlar mavjud boʻlib, ular nafaqat ogʻizdan ogʻizga, balki manbadan manbaga, kitobdan kitobga koʻchib, bizgacha yetib kelgan.

Mustaqillik yillarida Zangi ota tarixini oʻrganish borasida muayyan siljishlar koʻzga tashlandi. Istiqlol yillarida ushbu mavzuni yoritgan Turgʻun Fayziyev, Orif Usmon, Abdulhakim Sharʼiy Juzjoniy, Sayfiddin Sayfulloh, Asror Samad, Nodirbek Hasan, Erik Karimov, Hoji Saʼdulloh Hoji Kamoliddin oʻgʻli, Saʼdulloh Jamilov kabi tadqiqotchilarning nomlarini alohida tilga olib oʻtish lozim.

Zangi ota hayoti va faoliyati xorijda ham oʻrganilmoqda. Dunyoning turli mamlakatlarida ushbu mavzudagi tadqiqotlar muntazam eʼlon qilib kelinadi. Kitobda fransuz olimi Terri Zarkon, amerikalik tadqiqotchi Devin De Vis kabi gʻarb sharqshunoslari, Fuad Koʻprulu, Abdurahmon Goʻzal, Ujak Ahmet Yashar, Aynur Kochak singari turk olimlarining asarlariga munosabat bildirilgan.

Dunyoning nufuzli kutubxonalarida, xususan, Parij Milliy kutubxonasida (Fransiya), Jeneva universiteti kutubxonasida (Shveysariya), Berlin kutubxonasi (Germaniya), Sulaymoniya kutubxonasida va Istanbul universiteti kutubxonasida (Turkiya) Zangi otaga doir maʼlumotlarni oʻzida jamlagan noyob tarixiy qoʻlyozmalar saqlanmoqda.

Kitobga, shuningdek, Qurʼoni karimdan iqtibos olingan suralar va oyatlar roʻyxati, Ahmad Yassaviy, Arslonbob ota, Zangi ota silsilalarining chizmalari, Zangi ota haqidagi qoʻlyozmalarga doir muxtasar maʼlumotlar, ismlar koʻrsatkichi hamda ayrim soʻz va iboralarning izohli lugʻati ilova qilingan. Bundan tashqari, qabrlarni ziyorat qilish odobi va qabr ahliga salom berish tartibi kabi manbalar asosida tavsiyalar taqdim etilgan.

Kitobdan Zangi ota tarixiy-meʼmoriy majmuasining shoʻrolar davridagi ahvoli va mustaqillik yillaridagi holati aks etgan rasmlar oʻrin olgan.

Umuman olganda, ushbu kitob yurtimizda yashab oʻtgan, Islom olamida alohida oʻringa ega avliyo Zangi ota shajarasi, amalga oshirgan ishlari, karomatlari haqida mukammal maʼlumot beruvchi asar sifatida qimmatlidir.

 

Ahmadjon ChORIYEV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–6

 


[1] Karimov I.A. Yuksak mahnaviyat – yengilmas kuch: ikkinchi nashri. – T.: “Maʼnaviyat”, 2013. – 41-bet.

[2] Karimov I.A. Vatan va xalq mangu qoladi (Hikmatli soʻzlar va iboralar toʻplami). – T.: Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2010. – 84-85, 101-betlar.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.