Toʻylarimiz qanchaga tushmoqda?

0
258
marta koʻrilgan.

Yoxud buxgalteriyaga aslo aloqasi boʻlmagan uch mulohaza

Uzoq vaqt boʻlgani yoʻq, qaysidir boyvachchaning qaysidir xorij mamlakatida oʻtkazgan toʻyining DVD disklari tarqab ketdi. Bu haqda xuddi toʻy oʻsha falonchiboyning emas, amakisining toʻyidek ogʻzidan bol tomib gapirib yurganlar ham boʻldi. Hayratlanarlisi, oʻsha toʻyni qiziqish bilan tomosha qilgan tanishlarim toʻyga qancha xarajat qilinganini sentigacha aytib berishdi. Manbasi aniq koʻrsatilmagan boʻlsayam, bu axborotning haqiqatdan yiroq emasligini toʻyga ozgina koʻz tashlagan odam yaxshi anglaydi. Masalan, men shunday qildim. Qarasam, chet ellik mallasoch artistlar ham toʻyda oʻzbekcha gapiryapti. gʻirt yevropalik, amerikalik xonandalarning shunday qilayotganini koʻrib, bir tomondan odamning zavqi ham keladi. Beixtiyor, pul odamni nimalarga majbur qilmaydi, kerak boʻlsa, sayratar ham ekan-da, degan fikrga borasan kishi.

Darvoqe, gapimiz ayrim artistlarning pul bergan kishi yoʻrigʻiga yoʻrgʻalashlari haqida emas. Osilsang, baland dorga osil, deganlaridek, undan kattaroq mavzuga qoʻl urdik – toʻylar mavzusiga.

Qalay, charchab ketmadingizmi?..

 

1-mulohaza: “Kimning qanday yashashini bilmoqchi boʻlsang, toʻyiga bor…”mi?

Hayot murakkab, yashash qiyin boʻlib ketyapti, deganlar bekorlarning beshtasini aytadi. Ana shunday odamning toʻyini koʻrsangiz, uning qanchalar yolgʻonchi, vahimakash ekanini oʻz koʻzingiz bilan koʻrasiz.

Oʻzingiz insof bilan oʻylang, toʻyiga kam deganda besh-oʻn million soʻm pul sarflagan “kambagʻal”ni kambagʻal deyish mumkinmi? E, men bugunning eng kamxarj toʻyini misol qilyapman. Bu summani “novator” toʻychilar eshitsa, ichagi uzilib kuladi. Chunki toʻyda xizmat qilgan mashinalarning oʻziga bu pullar urvoq ham boʻlmasligi mumkin. Kishi aybni avvalo oʻzidan qidirishi kerak, deydi oqillar. Ushbu soʻzlarni qogʻozga tushirayotgan hamyurtingiz toʻyida eng katta xarajatni “avtomobillar karvoni”ga baxshida etgan. Nima emish – shunday qilmasa, boʻlmasmish, nima emish – zamondan orqada qolmaslik kerakmish… Kelinni olib kelish uchun bitta, qolganlar uchun beshta mashina nega yetmaydi? Kuyov tomondan quda tarafga butun bir “armiya” boʻlib borilmasa, qiz berishmaydimi?.. Berishmas ekan. Shunday voqealar boʻlgan ekan: tuppa-tuzuk, odamlar hurmat qiladigan bir inson qiz uzatayotganda, kuyov taraf sal aqlliroq ekanmi, kamroq mashina yuborsa, kelin chiqmayman deb turib olibdi. Na ota, na boboning soʻziga kiribdi oppoq libosli “farishta”. Ehtimol, u uylarda hal qiluvchi soʻzni ayollar aytadigan boʻlib chiqar, ona bilan kelin bola to kuyov tomon yetarli mashina olib kelguncha, toʻyni vaqtincha “toʻxtatib turishibdi”… Qoyil-a! Hayotiy hangomalar konkursi boʻlib qolsa, ushbu voqea ijodkorlari sovrindor boʻlardi-da oʻziyam, nima dedingiz?..

Umuman, bugun toʻylarimiz oʻzining qadriyat, ezgu urf-odatlarimizning yorqin namunasi, degan muborak sifatini tobora yangiliklar “ijod” etilib, amaliyotga tatbiq qilinadigan joy, degan sifatga almashtirayotgandek tuyuladi.

Hayron qolasan va Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” kitobidagi: “Maʼnaviyat haqida har qancha daʼvatlar, muhim nazariy fikrlar bildirilmasin, agar ularni jamiyat ongiga singdirish uchun doimiy ish olib bormasak, bu boradagi faoliyatimizni har tomonlama puxta oʻylangan tizimli ravishda tashkil etmasak, tabiiyki, biz koʻzlangan maqsadga erisholmaymiz, yaʼni, inson qalbiga yoʻl topolmaymiz”, degan mulohazalarining naqadar haq va hayotiy ekaniga bot-bot iqror boʻlasan, kishi. Qiziq holat-da: matbuotda ham, radioda ham toʻylarimizda isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik, ularni milliy qadriyatlar asosida, kuchanmasdan, el qatori oʻtkazish kerakligi toʻgʻrisida chiqishlar qilingani sayin, toʻylarimizdagi “yangilik”lar bolalayveradi. Antiqa-antiqa, kulgili-kulgili qiliqlar ijod qilinaveradi. Bu nima, kimnidir masxara qilishmi? Nima, oʻsha toʻy boʻlayotgan hududda mahalla yoʻqmi? “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining viloyat, tuman, shahar kengashlari yoʻqmi? Menimcha, ular ham oʻsha toʻylarga “lutfan” taklif etilsalar kerak. Yegan ogʻiz uyalar, deyishadi-ku, qaysi nodon oʻzi tuz ichgan joyni yo tuz tutgan odamni tanqid qiladi? “Hoy, baraka topkur, puling koʻpaygan boʻlsa, oʻgʻlingni universitetda oʻqit, oʻtgan yili bechora “kontrakt”ga ilashganda oʻqitmading. Toʻyingga sarflagan oʻttiz million soʻmingga uni ikkita universitetda oʻqitsang boʻlardi” yoki “Akamboy, toʻyingizda kelin-kuyovning yarim ming odam – mingta koʻz oldida quchoqlashib-oʻpishishiga yoʻl qoʻydingiz. Undan koʻra, toʻy oʻtkazmay qoʻya qoling edi, yoshlar oʻynab-kulib, kerak boʻlsa, topishishardi-da”, deydigan bir inson topilmaydi. Oʻzbekchilikning andishasi qursin. Baʼzan oʻzingnikiga soʻzing oʻtmaydi. Misol uchun, oʻgʻil toʻy qilayapti. U toʻyga sakson yashik aroq olishni niyat qildi. Sababi oddiy: “polvon”ning oʻzi birorta toʻydan oʻz oyogʻi bilan kelmagan. U yerni rosa obod qilgach, minnatdorlik ramzi sifatida toʻy egalaridanmi, bagʻrikeng hamqishloqlardan biror oqibatli kishimi, uyiga olib kelib qoʻygan… Ota-ona shu shishadan qoʻyma, demaydi. Qoʻy, oʻgʻlim, shu zahardan kamroq ulashsang ham boʻladi, deydi ming istihola bilan. Ie, deydi pahlavon toʻychi oʻgʻil… Shunday demasinmi? Shuncha haq yeb, haq ichib, bu haqni qaytarmaydimi? U, axir, yigit! Oʻzi har besh-oʻn yilda bir toʻy qilsa, toʻyni toʻyga oʻxshatib oʻtkazish kerakmi, yoʻqmi? Dunyoqarash shunday, fikrlash shunday, hayot tutumi shunday boʻlgach, nima qilsin?..

 

2-mulohaza: “Kalta ip boylovga yetmaydi”

Qoʻshni qishloqlarning biriga har yili kazo-kazo xonandalar tashrif buyuradi. Oʻsha yerlik odamlarning oʻzlari aytgan: bu elda shunday musobaqa bor ekan. Toʻychilar mashhur sanʼatkorni olib kelish boʻyicha kimoʻzarga bahslashar ekanlar. Insof bilan aytganda, buning sira yomon tomoni yoʻq, aslida. Dala mehnatidan toliqqan odamlar uchun mashhur sanʼatkorni koʻrish bayramning oʻzi. Lekin bu musobaqaga qoʻli qisqaroq oilalarning qoʻshilishi ham bor-da! Yillab mehnat qilsang-u, odamga oʻxshab yashamasang, qizing sinfdosh dugonalari oldida oʻzining kiyimidan uyalib yursa, oʻgʻling teng-toʻshlari oldida uyingning haliyam loysuvoq, pastak ekanligidan orlanib yashasa-yu, sen qaysidir boyvachcharoq hamqishlogʻingga bahs solib Toshkandan kimsan Falonchini toʻyingga olib kelsang… Bu afandim ham koshki sening yo toʻy boʻlayotgan farzandlaringning baxtini taʼminlab berolsa. Xudo koʻrsatmasin, ikki yoshning biron-yarim orasidan ola mushuk oʻtib qolguday boʻlsa, oʻsha sanʼatkorga yugurib borilmaydi-ku, Falonchi aka yo opa, siz bizning toʻyimizga boruvdingiz, bolalarim ajrashaman deyapti, borib yarashtirib qoʻying, deyiladimi? Kulgili-ku bu?.. Yoʻq, kulgili emas, shon-shuhratni, baxt-xursandchilikni mana shunday tushunadiganlarga achinish kerak…

 

3-mulohaza: “Qadriyatdan voz kechib boʻlmaydi, lekin…”

Bir savol hamisha qiziqtirib keladi: nega biz toʻyga shunchalar katta urgʻu beramiz? Eʼtiborimiz markazida hamisha toʻy boʻladi. Baʼzan butun hayotimizni shuni deb oʻtkazamiz.

Gap-gashtagimiz, qoʻshiqlarimiz, filmlarimizda ham shu mavzu. Kechirasiz-u, hayot faqat toʻyu xursandchilikdan iboratmi? Ana, yangi chiqayotgan koʻp filmlarimizni qarang. Professional olingan boʻlsayam mayliydi, mavzusiga ham qaramasdan, ha, nima boʻlsa ham yaxshi olinibdi, aktyorlar rolni tabiiy oʻynashibdi, qoyil, deb indamay ketaversangiz. Qaysi filmni koʻrsangiz, sovchilik, qudachilik, idish-tovoq, mebel-tayoq, sarpo muammosi. Toʻy boʻladigan yigit bilan qizning uchrashuvi (boʻlajak kuyov, albatta, Alisher Uzoqov yo Adiz Rajabov boʻladi, kelinlar obrazidayam sanoqli aktrisalarimiz, qaynotalarni Matyoqub Matjonov, Ubaydulla Omon va yana sanoqli aktyorlar talqin etishadi), qudalar mojarosi (avvaliga boy-kambagʻal munosabatlari tufayli kelisha olishmaydi, ammo filmning oxirida albatta yarashishadi)… Ishonmasangiz, kuzatib koʻring, ana shu mavzudagi har oʻnta filmning toʻqqiztasida yoshlarning toʻygacha boʻlgan munosabatlari koʻrsatib beriladi. Holbuki, buni hamma biladi – haqiqiy hayot toʻydan keyin boshlanadi-ku! Gaping yolgʻon deng! Qani, mahoratli rejissyorlarimiz, ssenariychi-adiblarimiz koʻrsata olsalar, yosh kelin-kuyovning toʻydan keyingi murakkab munosabatlari, yangi hayotdagi pastu balandliklarni qanday yengib oʻtishlarini koʻrsatishsin! Mana, mushkulotlarni qanday yengish mumkin, deya ibratli yosh oila timsolini yaratishsin. Aktyorlarimiz oʻz isteʼdodlarini ana shunday murakkab obrazlarda namoyon qilishsin!

Toʻy – har bir xalqning maʼnaviy qiyofasini koʻrsatib turadigan koʻzgu. Unda oʻtmishning ruhiyu bugunning nafasi ufurib turadi. Inkor qilish ahmoqlik boʻlardi. Ha, chindan ham toʻy – orzu-havaslarning javhari. Umidlarimiz, ezgu niyatlarimizning mehvari. Biroq unga jonni fido qilish qanchalar toʻgʻri? Menimcha, unga hayotning shunchaki bir boʻlagi, umrimizning bir goʻzal lavhasi sifatida qarashimiz yetarli boʻlardi. Uni kimgadir nimanidir isbotlab qoʻyish vositasiga, boshqacha ifodalaganda, toʻyxonanani raqobatlar maydoniga aylantirish bilan faqat oʻzimizga ziyon qilgan boʻlamiz va ishoning, shunday qilayapmiz ham…

Hayotda qancha isteʼdodli odamlar mayda tashvishlar qurboniga aylanib ketmaydi, deysiz? Qandayin tiynati pok, gʻururli insonlar qandaydir mayda-chuyda gaplarda kimlargadir teng boʻlaman deb ado boʻladilar?

Fikrimizcha, insonning ikki dunyosi uchun zarur, el-yurtga nafi tegadigan, qilinishi shart boʻlgan ezgu ishlari, amallari yetarli boʻla turib, umrni ortiqcha tashvishlar, dabdabayu vasvasalar girdobida xor qilishining hecham keragi yoʻq.

 

“Turkiston” gazetasida chop etilgan.

2012 yil

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.