Toshkent viloyat axborot-kutubxona markazi

0
1006
marta koʻrilgan.

XX asr boshlarida Toshkentning “Chorsu” bozoriga tutash mahsidoʻzlik rastalari yaqinida bobiylar va bahoiylarning gʻoyaviy-moliyaviy yordami bilan qurilgan “Osiyo” kutubxonasi shoʻrolar qoʻliga oʻtgandan soʻng viloyat ahamiyatiga ega boʻlgan kutubxonaga aylantirildi.

Toshkent viloyat ilmiy-universal kutubxonasi 1913-yili Toshkent jadidchilarining “Turon” maʼrifiy jamiyati qoshida tashkil topgan va 1918-yildan mustaqil tashkilot sifatida faoliyat yuritgan. 1918-yilning kuzida Turkiston Xalq Komissarlari Kengashi qarori bilan marhum bolshevik, 1918-yil iyunda “Ishtirokiyun” (hozirgi “Oʻzbekiston ovozi”) gazetasini tashkil etgan va uning birinchi muharriri boʻlgan Orif Klebleev nomini abadiylashtirish maqsadida “Osiyo” kutubxonasiga uning nomi berilgan.

Kutubxonaning kitob fondi Munavvar Qori Abdurashidxonov, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Choʻlpon, Gʻulom Zafariy, Shokirjon Rahimiy, Yusuf Aliyev va boshqalarning shaxsiy kutubxonalaridan ajratilgan kitoblar evaziga tashkil topgan. Jamiyat asoschisi Abdulla Avloniy kutubxonani ham boshqargan. Kutubxona juda katta tarixiy yoʻlni bosib oʻtdi va viloyat kutubxonalari uchun tashkiliy-uslubiy markaz darajasiga, uning fondi esa 400000 nusxaga yetdi. Kutubxona Gʻafur Gʻulom, Shayxzoda, Oybek, Gʻayratiy, Mirkarim Osim, Oʻzbekiston Qahramonlari Said Ahmad, O. Sharafiddinov, E. Vohidov, A. Oripov, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻ. Hoshimov va boshqa koʻplar uchun sevimli maskan boʻlib qolgan.

Turli yillarda Abduvohid Rasulov, Mahkamqori Saidaliyev, Abdulxay Nosirov, Fayzulla Ubaydullayev, Asqarbek Dolimov, Imomxon Husanxoʻjayev, Abduholiq Mamedov, Toʻxta Sodiqov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Vazira Sobirovalar kutubxonaga rahbarlik qilishdi. 1991-yili kutubxona viloyat bolalar kutubxonasi bilan birlashtirildi. 1992-yili kutubxonaga “Turon” nomi berildi.

1997-yili “Turon” kutubxonasi faoliyatida yangi bosqich boshlandi. Ish jarayonlarini avtomatlashtirish yoʻlga qoʻyilib,

kutubxona ishiga metsenatlar, homiylar jalb etilgan holda xorijiy kutubxonalar bilan hamkorlik boshlandi. Shu vaqtdan boshlab, respublikaning 10 ta kutubxonasi qatorida bu yerda ham “IRBIS” dasturi asosida elektron katalog tuzila boshlandi. 2001-yilga kelib, respublikada birinchi boʻlib, 65000 kitob haqidagi bibliografik yozuvni oʻz ichiga olgan oʻzbek tilidagi adabiyotlarning elektron katalogi yaratildi. “Oʻzbek adabiyoti” maʼlumotlar bazasi tuzildi. Unga oʻzbek milliy adabiyoti vakillari asarlarining toʻla matnli maʼlumotlar bazasi va elektron biobibliografiyasi kiritila boshlandi. 1921–1929-yillarda “Qizil Oʻzbekiston” gazetasida bosilgan materiallarning bibliografik tavsifini oʻz ichiga olgan “Milliy matbuot sahifalarida” nomli baza tashkil topdi va qogʻoz koʻrimshida ham bosildi.

2003-yildan kutubxonada yangi axborot texnologiyalari boʻlimi ish boshladi. U lokal tarmoqqa birlashtirilgan 8 ta kompyuter bilan, nusxa koʻpaytiruvchi, nusxa oluvchi texnika vositalari bilan jihozlandi va bu bazada kutubxona xodimlari, olimlar, shahar va tumanlardagi kutubxona xodimlari kompyuter savodxonligiga oʻqitildi.

2000-yil “Chorsu-2000” loyihasi asosida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlovchi, ularning huquqiy savodxonligini, madaniyatini oshirishga qaratilgan respublikada yagona markaz tashkil topdi, huquqiy adabiyotlar bazasi hamda huquqshunos va buxgalter maslahatxonasi ish boshladi.

2001-yili bu markaz negizida “Huquqiy axborot markazi” huquqiy va iqtisodiy adabiyotlar fondi, “Huquq” huquqiy tizim va Internet tizimiga ochiq kirish huquqi bilan tashkil topdi. Markazda nafaqat aholining huquqiy madaniyatini oshirish boʻyicha ish olib borildi, balki Oʻzbekistonning 5 hududi – Xorazm, Buxoro, Andijon, Sirdaryo viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikalarida ham xuddi shunday markazlar tashkil topishiga yordam berildi. Seminar-treninglarda huquqiy axborot markazlarida ishni tashkil etish, yangi axborot texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha mutaxassislar oʻqitildi va madaniyat instituti professor-oʻqituvchilari jalb etildi.

Mutaxassislar bilan hamkorlikda “Yangi iqtisodiy sharoitda kutubxonalar faoliyati” mavzusida loyiha ishi olib borildi. Loyiha doirasida respublika viloyat kutubxonalaridan menejment, marketing, fandrayzing, huquqiy va iqtisodiy ish yoʻnalishlari boʻyicha 15 nafar kutubxonachi oʻqitildi.

2006-yil 20-iyunda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan 381-sonli Qarordan soʻng viloyat ilmiy-universal kutubxona negizida Toshkent viloyat “Turon” axborot-kutubxona markazi tashkil topdi.

Kutubxonachilik ishi va axborot texnologiyalari sohasidagi yirik mutaxassislar ishtirokida XXI asr kutubxonalarining qiyofasi haqida Boʻstonliq tuman markaziy kutubxonasi negizida “Yangi jamiyatga – yangi kutubxonalar” mavzusida koʻchma seminar tashkil etildi. 2003-yildan kutubxonada 8 ta kompyuter, nusxa koʻpaytiruvchi, nusxa koʻchiruvchi apparatlar bilan jihozlangan, ichki tarmoqqa birlashtirilgan yangi axborot texnologiyalari boʻlimi ish olib boradi, unda kutubxona va Toshkent viloyati kutubxonalari xodimlarining oʻqishi tashkil etildi.

Respublikada birinchi boʻlib viloyat kutubxonasida “Kutubxona muzeyi”ning tashkil etilgani katta yangilik boʻldi, unda kutubxona tarixi, uning faoliyatida ishtirok etgan buyuk shaxslar haqida katta arxiv materiali toʻplangan. “Turon” AKM tarkibida 6 ta shoʻba bilan 7 ta boʻlim faoliyat yuritadi. 2006–2007-yillarda kompyuterlar soni 38 taga yetdi, skaner, 3 ta kseroks, raqamli fotoapparat va fotoprinter mavjud. “Oʻqish” nomli toʻla matnli maʼlumotlar bazasi tashkil topdi. Unda Internetdan olingan rus tilidagi badiiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar toʻplangan. 2003-yil kutubxonada “Zamonaviy axborot texnologiyalari” boʻlimi ochildi.

AKM viloyatdagi axborot-resurs markazlari uchun tashkiliyuslubiy markaz hisoblanadi. Kutubxonachilik, bibliografik ish va innovatsion texnologiyalarga oid turli uslubiy, bibliografik qoʻllanmalar nashr etadi. “Kutubxonalarda pulli xizmat koʻrsatish usullari”, “KBKni joriy etish boʻyicha uslubiy qoʻllanma” kabi, “I. A. Karimov asarlarining bilimdoni”, “Eng kitobxon oila”, “Kitobsevarlar”, “Ayol maʼnaviyati”, “Bolalar kutubxonasining eng yaxshi kutubxonachisi” kabi tanlovlar oʻtkazilib kelinmoqda. Faqat kutubxonaning oʻzida emas, balki viloyat hududidagi koʻpgina kutubxonalar negizida koʻplab qiziqarli ommaviy tadbirlar oʻtkazadi.

“Kutubxonaga kitob sovgʻa qiling!” xayriya marafonini oʻtkazish anʼana tusini olib, unda koʻplab taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar oʻzlarining kitoblarini sovgʻa qilish bilan ishtirok etishmoqda.

 

Zuhra Berdiyeva

 

Kutubxonashunoslik” (Kasb-hunar kollejlari uchun. Toshkent, “Ilm ziyo”, 2014) darsligidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.