Taqiq bilan maqsadga erishib boʻlmaydi

0
60
marta koʻrilgan.

Oʻsmirni telefonga qanday kuch bogʻlamoqda? Bu muammoni hal qilish mumkinmi?

Har kuni jamoat transportida ishga, oʻqishga ketayotib, ahamiyat bergan boʻlsangiz, yoʻlovchilarning koʻpchiligi qoʻl telefonidan koʻz uzmaydi. Ularning deyarli barchasi yoshlar. Qandaydir oʻyinlar, ijtimoiy tarmoqlardagi yozishuvlar, soʻzlashuvlar… Oʻylab qolasan kishi, yoʻlda shunchalik telefondan koʻz uzmasa, oʻqishda, uyda nima qilarkan bular?

Toʻgʻri, axborot asrida yashayapmiz, uning imkoniyatlaridan unumli foydalanish kerakdir, balki. Ammo har narsaning meʼyori yaxshi, deganlaridek, bu borada ham chek-chegarani unutmaslik foydadan xoli boʻlmaydi. Oʻzidan zararli nur va toʻlqinlar taratuvchi bu «matoh»ning inson salomatligi uchun salbiy taʼsiri juda katta. Bundan tashqari, farzandlarimizning diqqat-­eʼtiborini chalgʻitishi, keraksiz axborotlar qurshovida qolib ketishi kabi xatarli jihatlari borligini ham yoddan chiqarmaslik zarur. Ayni oʻqib, bilim oladigan vaqtda turli kerakli-keraksiz maʼlumotlar bilan oʻz ongini charchatishdan va toʻldirishdan nima naf?

Savollar, mulohazalar juda koʻp. Bu boradagi haqiqatlar esa barchamizga maʼlum. Shunda ham ota-onalar oʻz farzandining taqdiriga befarq qarashi kishini oʻyga toldiradi. Aslida bu borada kattalar qanday yoʻl tutgani maʼqul? Mutaxassisning mavzu yuzasidan fikrlari qanday?  

— Hozirgi kunda telefondan foydalanish har bir yosh vakillari orasida keng ommalashgan, — deydi «Oila» ilmiyamaliy tadqiqot markazi psixologi ­Zamira ­BILOLOVA. — Chunki telefonning imkoniyatlari juda keng. Insonning eng katta ehtiyojlaridan biri axborotga boʻlgan ehtiyojidir. Telefon esa buni beminnat bajaradi.

Ayniqsa, hozirgi kunda oʻsmirlarning koʻpchiligida telefonga bogʻlanib qolish juda avjga chiqqan. Biz ota-onalar buning oldini olishga qanchalik urinmaylik, ularni boshqarishga qiynalamiz. Chunki telefonga oʻta darajada qiziqish, yosh xususiyatlariga va psixologik holatlariga bogʻliq jarayon hisoblanadi.

Oʻsmirlarda mantiqiy tafakkur rivojlangan boʻlsa-da, ayrim hollarda mustaqil fikr bildirishga qiynaladi. Bu pallada ularda intellektual qiziquvchanlik sezilarli ravishda yuqori, shaxs sifatida oʻzini anglash jarayoni davom etayotgan boʻladi. Bundan kelib chiqadiki, mantiqan oʻylab ish koʻrishni istasalar ham baʼzan qatʼiyat yetishmaydi. Mustaqil fikrlashga qiynaladi, lekin shu bilan birga, har narsaga qiziquvchanlik va bilim olishga ehtiyoj kuchli boʻlgani sababli maʼlumotlari toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekaniga qaramay, hech qanday mushohadasiz qabul qilib olaveradi. Bunda telefon ularga eng katta yordamchi vazifasini oʻtaydi. Telefonda maʼlumotlar chegaralanmagan, internetni-ku aytmasa ham boʻlaveradi.

Kerak va keraksiz axborotlarni saralashga qiynalayotgan bola hamma axborotni birga qabul qilaveradi va asosiysini xotirada saqlashga qiynaladi. Shuning uchun bolani axborotni saralashga oʻrgatish zarur. Unga keraksiz axborotlar faqat ongini band qilishini va kerakli maʼlumotlarga joy qolmasligini tushuntirish kerak. Masalan, uning qobiliyatlari boʻyicha qiziqayotgan maʼlumotlarni koʻpaytirishga yordam berish mumkin. Qiziqarli badiiy elektron kitoblarni saqlash va undan foydalanishga nisbatan qiziqish uygʻotsa boʻladi. Ularni chegaralab emas, maʼlumotni saralashni oʻrgatib, telefondan samarali foydalanishga odatlantirish maqsadga muvofiq.

Oʻsmirlik xususiyatlaridan yana biri bu makoniy avtonomiya, yaʼni oʻzi yolgʻiz qolishni yaxshi koʻrishidir. Ular shuning uchun ham telefon orqali muloqot qilishni, musiqa eshitishni, radio tinglashni yaxshi koʻradi. Buni toʻgʻri tushunish kerak. Faqat meʼyorga rioya qilish, har ishni oʻz vaqtida bajarish ish va oʻqish faoliyatini samarali tashkil etishda muhim ekanini yotigʻi bilan tushuntirgan maʼqul. Ehtiyoj va meʼyorni yaxshi bilgan insonlar jamiyatda doimo yutuqlarga erishadi.

Shu bilan birga, ular ehtirosga beriluvchan yozishmalar orqali oʻz hissiyotlarni tasvirlash juda oson. Telefonda esa bunday imkoniyatlarning barchasi bisyor. Siz telefondan foydalanish madaniyatini oʻrgatish orqali buni tizimga solsangiz boʻladi. Masalan, kechqurun 21:00 dan keyin boshqalarni tez-tez va bemavrid bezovta qilish madaniyatsizlik ekanini tushuntirish kerak.

Doʻst orttirish ehtiyoji ham bu yoshda kuchli namoyon boʻladi. Ular doʻsti ishonchli boʻladimi yoki uni aldaydimi — farqi yoʻq. Yillar oʻtgani sari ularni saralay boshlaydi. Lekin aynan shu yoshda doʻstlarining koʻp boʻlishi oʻzlariga boʻlgan ishonchning ortishi va jamiyatga kirib borishida kerakli vazifani oʻtaydi. Doʻstlarni koʻpaytirishning eng qulay yoʻli esa yana shu telefon bilan bogʻliq. Ular telefon orqali bemalol yangi doʻstlar orttiradi. Shuning uchun doim ogohlikni yoʻqotmasdan, farzandingiz ishonchidan chiqmagan holda ularning doʻstlarini surishtirib turing va ular bilan qanday sabablarga koʻra doʻst boʻlayotganidan xabardor boʻling. Buni bajarishda otalarning oʻrni va roli katta. Ayniqsa, yigitlarga doʻst tanlashida otalar oʻz tajribalarini oʻrtoqlashsa, ishonchliroq boʻladi.

Tanganing ikki tomoni boʻlgani kabi telefondan foydalanishning ham oʻziga yarasha ijobiy va salbiy jihatlari mavjud. Faqat uni tizimga solish va imkoniyatlaridan toʻgʻri foydalana olish juda muhim.

 

Shahnoza RAHIMXOʻJAYEVA,

«Oila davrasida» muxbiri

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.