Talant

0
190
marta koʻrilgan.

Biz bugun poeziyamizda koʻpdan uchirma boʻlib yurib, endi dadil qanot qoqayotgan, baʼzan yiqilib tushsa ham lekin sheʼriyatning baland choʻqqilarini koʻzlayotgan birmuncha yoshlarimizni koʻrib quvongani yigʻildik.

Kim biladi bu yerda kimlar oʻtiripti ekan! Hali chiqib oʻz asarlarini oʻqib beradigan, yoki keyingi shunaqa yigʻilishlarda oʻqigani navbat kutib turgan yoshlar orasida oʻz zamonasining Navoiysi, Pushkini boʻladigan odam yoʻq deb kim ayta oladi? Agar boʻlsa bitta-ikkitamikan?

Oʻsha muborak kunlarga yetishganimizda bugungi va shunga oʻxshagan boshqa yigʻilishlarimizni oʻz zamonasining Navoiysi, Pushkini boʻlib qolgan odamlar ham eslaydi, bu yerda uning birinchi parvozini koʻrgan odamlar ham eslaydi.

Oʻshandoq muborak kunlarga yetishishga umidimiz katta. Umid qilish uchun hamma shart-imkoniyat mavjud: talantimiz bor, talantni xalqimiz bagʻrining harorati bilan undiradi, oʻstiradi. Lekin talantni oʻstirish, avvalo, talant egasining oʻziga bogʻliq. Navoiyning bir hikmatli soʻzi bor:

 

Garchi quyoshdin parvarish olam yuziga kom erur,

Sahroda qamgʻogʻu tikan, boʻstonda sarvu gul bitar.

 

Yaʼni: quyoshning nuri barchaga barobar boʻlsa ham, sahroda tikanu, boʻstonda sarvu gul bitadi.

Bu juda chuqur, juda zoʻr gap, doʻppini yerga qoʻyib, xoʻp oʻylab koʻradigan gap.

Bir xilda talantga ega boʻlgan ikki odam bir xildagi sharoitda ikki olam boʻlib qolishi mumkin.

Demak, yaxshi shoir boʻlish uchun katta talant, yaxshi sharoitning oʻzi kifoya qilmaydi.

Bunga adabiyotimiz tarixida misol juda koʻp.

Men adabiyotga qadam qoʻygandan beri adabiyotga kirib chiqqan odamlarning soni bor-u, sanogʻi yoʻq. Bularning bir qismi yozish-chizishga boʻlgan havasini talant deb oʻylagan, shuning uchun adabiyotga yanglish kirgan odamlar-da.

Bularning yana bir qismi adabiyot qalbning bir chekkasini emas, hammasini talab qilishini bilmagan, talant kun sayin mehnat bilan jilo berib turilmasa zanglab, butkul yaroqsiz holga kelib qoladigan asbob ekanidan bexabar kishilar edi.

Bularning uchinchi bir qismini gʻurur-manmanlik kemirib, yeb, safdan chiqarib tashladi. Bular besh-oʻnta oʻquvchi orttirar-orttirmas kekkayib, oʻqimay qoʻydi, oʻsishdan toʻxtadi, tanqid qulogʻiga kirmaydigan boʻlib qoldi; oʻzining kuchiga ortiqcha ishonib oʻquvchini mensimay, palapartish narsalar yozib kitobxonni oʻzidan bezdirdi. Bular orqadan kelayotgan yoshlarning oyogʻi ostida qolib, esdan chiqib ketdi.

Bularning toʻrtinchi bir qismini oʻz hayotini tartibga solmaslik, yashay bilmaslik xarob qildi. Hayotni tashkil qilolmaslik, turmushda intizomsizlik adabiyotimizga katta zarar yetkazdi.

Bunday xursandchilik kezlarida koʻngilga uncha xush kelmaydigan oʻtgan-ketgan gaplardan gapirish yaxshi emas, albatta, lekin yaxshi ovqatga ozroq murch sepilsa, ishtaha ochiladi, xolos.

Adabiyotimizning kelajagi – katta oʻzbek adabiyotini yaratuvchi talantli, mehnatsevar yoshlarimizga muvaffaqiyat tilayman.

 

 

Abdulla Qahhor

 

1956

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.