Tafakkur uygʻunligi

0
352
marta koʻrilgan.

Keyingi davr nasriga xos boʻlgan xususiyatlardan biri shundaki, yozuvchilarimiz oʻquvchiga taqdim etayotgan badiiy asarlarida fikr-mulohazalariga katta bir falsafiy yukni ortmoqda. Bu yuk yozuvchiga ham, oʻquvchiga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Shu maʼnoda bugun badiiy asarga yondashuvda ham turlicha rakurslardan turib kuzatish urf boʻldi. Kimdir asarda qoʻyilgan muammo haqida fikr yuritsa, yana kimdir asar voqealarining bayon etilish uslubiga kengroq toʻxtaladi.

Isajon Sulton adabiyotimizda oʻz oʻrni va uslubiga ega, bugunning peshqadam yozuvchilaridan sanaladi. Adibning bir qancha romanlari va hikoyalari allaqachon oʻquvchilar tomonidan iliq kutib olinib, oʻz bahosini olgan. Uning baʼzi hikoyalari haqida xorij matbuotida ham fikr-mulohazalar bildirilgan. Isajon Sulton asarlarini oʻqirkansiz, ularning tasvir markazida voqealar emas, inson, uning ruhiy holati turishini anglaysiz. Yozuvchining “Tafakkur” jurnalida chop etilgan “Oʻrmondagi kulba” nomli hikoyasi ham oʻziga xos asarlardan biri sifatida eʼtiborimizni tortdi.

Har bir davr inson maʼnaviy-ruhiy qiyofasining shakllanishi yoki oʻzgarishiga taʼsir qiladi. Bu asar qahramonlari ham davrga mos ravishda ruhiyatlari shakllangan odamlar. Ammo hikoyada biror bir tuzum yoki uning taʼsiri haqida gapirilmaydi. Hikoya voqealari uzoq oʻrmondagi kulbada kechadi. Qahramonlarning bu oʻrmonga qanday kelib qolganligi kitobxonni qiziqtiradi va bu asarda kirish soʻz sifatida berilgan. “Ey ruh! Fitratning oʻrmonlarida kezingan, ezilgan, ozurda ey ruh!” degan xitob uni sergaklantiradi. Demak, kulba fitrat oʻrmonida, yaʼni insonning koʻnglida joylashgan. Unga qilingan safar har kimning oʻz koʻngil mulkiga qilgan safaridir. Shu tobda kitobxon ham fitrat oʻrmonida “eski zindonidan chiqqan” qahramonlar bilan birga sayohatga chiqadi.

Asarni badiiy jihatdan mustahkamlovchi vosita uning mantiqiy markazi hisoblanadi. Asarning mantiqiy markazi – mimika, obraz, portret, voqea, detal, muallif munosabati, konflikt boʻlishi mumkin. “Oʻrmondagi kulba” hikoyasining mantiqiy markazini qahramonlarning ichki ruhiy konfliktlari tashkil etadi.

Badiiy asarda qahramonning ichki konflikt imkoniyatlarini yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad ruhiy kolliziyalar, shaxs va holat, shaxs va muhit, shaxs-hozir-oʻtmish, orzu-armon-pushaymon-umid oraligʻidagi botiniy ziddiyatlar, deb tasniflaydi. Ushbu tasniflarga asoslanadigan boʻlsak, hikoya butunlay qahramonlarning ichki olami ziddiyatlaridan tashkil topgan. Hikoya anʼanaviy syujet va kompozitsion qurilishga ega emas. Adib inson qalbining sirli, tushunish mushkul boʻlgan jihatlarini turli rakurslarda tasvirlaydi. U “Muqaddima”, “Yertoʻlada”, “Chorlov”, “Kelgan kim”, “Xotima”, “Roviy soʻng soʻzi”, deb nomlangan boʻlimlardan tashkil topgan. Hikoya, asosan, qahramonning oʻz-oʻzini taftish qilishi voqealari asosiga qurilgan. Oʻgʻil koʻnglidan kechgan: “Qara-ya, oʻrmon jonga rohat baxsh etarkan-ku”, degan iqrori har kimsa oʻz qalbi, yaʼni meni bilan yolgʻiz qolgandagi holatga ishora qilsa, “Shu yaqin oʻrtada eski, kimsasiz bir kulba bor. Men uning yertoʻlasiga tushishim kerak”, degan qatʼiyati odamning eng yaqin sirdoshi, darddoshi oʻz koʻngli ekanligi, lekin shunday boʻlsa-da inson har doim ham koʻngil bilan hisoblashmasligi, hisoblashganda ham koʻngil qatlarining qay biridir eʼtiborsiz qolishini eski kulbaga, siru sinoatlar qat-qat boʻlib yotgan koʻngil tubini yertoʻlaga qiyoslaydi. Uni zax hidi anqiyotgan joy deya taʼriflaydi. Zax hidining anqishi (maʼnaviy-ruhiy tanazzul), yertoʻla (qalbga chuqur kirib borish), uning zinalari (insonning ichki maʼnaviy olami) kabi jumlalarning har biriga ramziy maʼno yuklaydi. Yozuvchi qahramonlar ruhiy olamini ochish uchun ichki monologlardan, hissiy harakatlardan, psixologik tasvirlardan unumli foydalanadi. “Ichimdagi surur qanday paydo boʻlganligini bilmasdim”, – oʻgʻil holati. “Umr boʻyi dala tuzda ovorai sarson, bolam-chaqam deb zahmat chekkan bir ayolman-u, kutilmaganda menga “Oʻrmonga bor” dedilar” – borish bormasligi haqida hali qatʼiy fikrga kelmagan Ona holati. “Tashvishim boshimdan oshib yotibdi-yu, oʻrmonda balo bormi menga”. – Otaning norozi ruhiy holati. Qahramonning oʻz-oʻzi bilan boʻlgan bu suhbatlar ular xarakteridagi oʻziga xoslikni ochib berishga sabab boʻladi. Bu holatlarga eʼtiborimizni qaratar ekanmiz, qahramon shaxsi va holati ushbu koʻchirmalarda yorqin ifodalanganligini kuzatamiz. “Oʻzi yertoʻlaga tushishni oʻlgudek yomon koʻraman” – oʻgʻil, “Egalari qani, deya xavotirlanib ichiga moʻraladim” – ona, “Bu yerga inson qadami yetmaganga oʻxshaydi” – ota. Shaxs va muhit oʻrtasidagi ziddiyatlar: “Nimqorongʻi, keraksiz ashqol-dashqollar betartib qalashib yotgan, zax hidi anqiyotgan joy tasavvurimda jonlandi” – oʻgʻil,“Har holda, uy egalari saranjom-sarishta ekani koʻrinib turibdi” – ona, “Uy havosi dim… Stol ustida qizgʻimtir shisha guldon, ichidagi suvi loyqalanib sasib ketibdi” – ota. Shaxs, hozir, oʻtmish ziddiyatlari: “Besh yoki oltita pillapoyasi bor-ov” (oʻgʻil), “Zinalarning oxiri koʻrinmaydi” (ona), “Yetti yoki sakkizta pillapoya bosib pastga tushdim” (ota). Har uchala shaxs taʼrif berayotgan bu pillapoyalar insonning oʻz botiniga kirib borib oʻz-oʻzini taftish qilishiga ishoradir.

Asarni oʻqish davomida bu kabi misollarni koʻplab uchratishimiz mumkin.

Adib bu hikoyada qahramonlarni shunchaki yaratmagan, balki ularni kashf etgan. Asar qahramonlari Oʻgʻil, Ona, Ota. Asardagi har uchala obrazga ham yozuvchi katta ramziy maʼno yuklagan. Hikoyadagi birgina Ona obrazini oladigan boʻlsak, u hayot haqidagi tushunchalarini tafakkur qilishi bilan birga ularni qalb chigʻirigʻidan oʻtkazadi. Bu esa ona hayotda yaratuvchi ekanligi bilan oilaning mavjudligini saqlovchi, uning muqaddasligini boshqalarga ham anglatuvchi zotligiga ishoradir. Ayolning oʻz otasi ruhi bilan uchrashuvida uning savollarini tinglab jimgina turishiyu, otaning oʻzi bu savollarga javob berishi ham aslida ayolning ichki tugʻyoni va boʻlayotgan voqea-hodisalarga aqlan munosabatda boʻlishidir. Asarda voqealar tafsiloti emas, qahramonlar ruhiy tahlili birinchi oʻrinda turadi.

Bu haqda adabiyotshunos olim A. Rasulovning hikoyaga yozgan soʻzboshisida ham taʼkidlangan. Darhaqiqat, oʻgʻil hayot quvonchlari-yu, tashvishlari hiqida qaygʻurmaydi. Uni faqat shodliklardan iborat deb oʻylaydi. Ona esa quvonchu qaygʻular orasida tarozi, oila muvozanatini saqlovchi. Ota mutlaqo ularning teskarisi, yolgʻizlikka doʻst tutingan. U boshqalardan madad soʻramaydi, hatto kutmaydi. Chunki u erkak. Bu uning hayot falsafasi.

Yozuvchi ana shu bir oila timsolida butun insoniyatga daxldor boʻlgan falsafani oʻrtaga tashlaydi. Inson yashar ekan, uning koʻnglida orzulari, armonlari, baʼzida esa qilgan ishlaridan pushaymonliklari boʻladi. Adib qahramonlar holatini tasvirlar ekan, “orzu-armon-pushaymon-umid” oraligʻidagi botiniy ziddiyatlar (X. Doʻstmuhammad)ga keng oʻrin beradi.

“Yoʻqotib qoʻyganman deb ezilib yurardim. Mana bu otamning toʻni emasmi? Shiftga eski beshik ilib qoʻyilibdi”. Yozuvchi ushbu fikrlar bilan bizga oʻzligimizga, qadriyatlarimizga qaytdik, deb izoh bermaydi. “Yoʻqotib qoʻyganman, otamning toʻni, eski beshik” kabi sodda va samimiy jumlalar oʻquvchi qalbida shu tuygʻularni uygʻotadi.

“Zax tuproqni selgitish uchun ancha mehnat qilish kerak. Tuynuk-derazalarni ochib, yaxshilab shamollatmasa boʻlmaydi. Hammasining eshigiga “kirish mumkin emas” deb yozilgan taxtacha-lavha ilib qoʻyilgan”. Boʻyoq qizil rangda. Adib ushbu jumlalarni nega ota tilidan hikoya qiladi? Chunki ota oila qoʻrgʻoni. Qoʻrgʻonning mangu yashashi, osoyishtaligi unga bogʻliq. Adabiy qahramon muayyan davr kishisining barcha xususiyatlarini oʻzida aks ettiruvchi vosita sanaladi. Zax tuproqni selgitish uchun qilinadigan mehnatu, qizil rangdagi eshiklarni buzib kirishga faqatgina u qodir.

“Soʻqmoqdan qachondir aroba yurgan – gʻildirak izlari oʻrni taqir, tuproq, quruq, ammo izlar orasida oʻt gurkirab oʻsibdi”. Yozuvchi ushbu hikoyaning har bir soʻzi qatiga katta-katta maʼno yuklaydi.

Adib asarni bir oila aʼzolari asosiga qurar ekan, unga Onaning otasi ruhini ham olib kiradi. Bu ayol ruhiyatidagi ikkilanishlar, farzandga, oilaga, erga munosabatni yorqinroq ochish uchun keltiriladi. Ota ruhi tomonidan berilgan savollarga qizi emas, ruhning oʻzi javob beradi. Demakki, yozuvchi shu obrazni asarga olib kirmasdan, voqea ayolning otasi bilan koʻnglida qilingan suhbati tarzida berilganda ham hikoya badiiy qimmatini yoʻqotmagan boʻlardi.

Hikoya yakunida berilgan “Roviy soʻng soʻzi”da ham adib sharqona falsafaga tayanadi. Uning qahramonlari”… yuqoriga – oftob nur sochib turgan hayot bagʻriga qaytadi”. Oʻquvchi esa “gʻalati oʻrmonning… chuqur-chuqurlariga yashirib qoʻyilgan maʼnolar qarshisida lolu hayron, muztar-muztar” qolaveradi.

Boshdan oxirigacha sodda va qisqa ichki nutq, oʻy-mulohazalar asosiga qurilgan bu hikoya gʻoyasini anglash uchun kitobxon nafaqat oʻqishi, balki uqishi kerak. Shundagina u qahramonlarning tizginsiz tugʻyonlarini oʻz tafakkur qudrati ila his qiladi.

 

Gulnoz SATTOROVA

 

“Yoshlik”, 2014 yil 12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.