Sunnat toʻyidagi sovgʻalar kelinning otasiga solinadigan soliqmi?

0
128
marta koʻrilgan.

Xalqimizda bolani xatna qilishdagi marosim sunnat toʻyi deb ataladi. Xatna qilingandan keyin esa ziyofat uyushtirish odati bor. Shu oʻrinda savol tugʻiladi: xoʻsh, xatna qilish sunnatmi yoki xatnadan keyingi ziyofat sunnatmi?

Xatna munosabati bilan ziyofat qilish aslida baʼzi sahobalarning odati, qilgan ishlaridir.

 

Aqiqa va sunnat bir-biridan farqli

Solim (roziyallohu anhu): “Men va Nuaymni Ibn Umarning oʻzlari xatna qilgan va bizga bir qoʻchqor soʻygan. Men Ibn Umarning bizning nomimizdan qoʻchqor soʻyganidan bolalarga maqtanib, oʻzimcha quvonib, shodlanib yurganman” (Imom Buxoriy rivoyati). Demak, sunnat toʻyi, yaʼni xatna munosabati bilan qoʻy soʻyib, ziyofat berish paygʻambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning sunnatlari emas, balki baʼzi sahobalarning odatlari ekan. U zot (sollallohu alayhi vasallam)ning oʻzlari nabiralari Hasan (roziyallohu anhu)ning nomlaridan bitta qoʻy soʻyib, aqiqa qilganlar.

Aqiqa farzand tugʻilgani munosabati bilan soʻyiladigan hayvon (odatda qoʻy) ga aytiladi. Bu xususda paygʻambarimiz(s. a. v)dan quyidagi hadisi sharif keltiriladi: “Har bir yangi tugʻilgan bola tavalludi munosabati bilan yetti kunligida sochi olinib, ism qoʻyilib, oʻtkaziladigan aqiqa marosimi bilan garov qilingandir”. Demak, aqiqa bilan sunnat toʻyi bir-biridan farqli amallardir.

Afsuski, bugungi kunda xalqimiz ichida sunnat toʻyi qilaman deb, dabdaba va orzu-havasga berilib sunnatni bidʼatga almashtirayotganlar ham bor.

 

Kelinning otasi – toʻyning bosh homiysi

Bitta farzandni xatna qildirish sunnatini bajarish uchun sunnatdan soʻnggi isrofgarchiliklarga yoʻl qoʻyilmoqda. Bundan tashqari, ayrim hududlarda toʻy bahona kelinning otasiga buqa, toychoq va boshqa soliqlar solinib, buning orqasidan koʻplab kelishmovchiliklar chiqayotgani ham achchiq haqiqat. Aslida toʻy qilayotgan kishi quda tomonga soliq solishdan oldin oʻylab koʻrishi kerak: xoʻsh, men nima uchun toʻy beryapman, zurriyot kimniki, mening toʻyim uchun nega boshqa birov jabr tortishi kerak? Ana shu savollarga vijdoni oldida adolatli javob bergan kishi quda tomonga ogʻirini tashlamaydi, bidʼatlarga, riyoga berilmaydi.

“Men nabiramni yoki oʻgʻlimni toyga mindirib aylantiraman, buni hamma koʻrib qoʻysin”, deb kerilayotgan kishilar bu xatti-harakati bilan boshqalarga yomon oʻrnak boʻlayotgani, dinimizga zid ish tutayotgani, neʼmatni isrof qilayotganini bilisharmikan?!

Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman”, deb vaʼda qilganidek, shukronalik kayfiyatida yursak, yana ham ziyodasiga erishamiz. Ammo neʼmatlarga shukr qilmasdan buyruqlarni bajarmay, qaytariqlardan qaytmasak, oyatning davomida marhamat qilinadiki: “Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir” (Zariyat surasi 56-oyat).

 

Mahalladoshlarga yaxshi oʻrnak boʻlaylik

Boyligi yetarli boʻlganda ham neʼmatni isrof qilish, nafsning havosiga uchib, koʻngli tusaganidan qaytmaslik musulmon odamga yarashmaydigan hol. Negaki, u bilan bir mahallada yashayotgan kishilar mablagʻi yetsa-yetmasa, shunday dabdaba qilgisi keladi, qarz olsa-da, toʻyni toʻkin-sochin, “esda qolarli”, boshqalar maqtaydigan darajada oʻtkazishga intiladi. Natija esa kundek ravshan: qulogʻigacha qarzga botadi, ishlagani xorijga ketadi, oʻzini oʻtga-choʻqqa urib, oxiri sogʻligʻidan ayriladi.

Shu oʻrinda bir mulohaza. Aslida orzu-havasga berilmasdan sunnat qanday boʻlsa, shunga amal qilib farzandning kelajagi uchun biror xayrli ishni qilish mumkin-ku. Agar ehson qilmoqchi boʻlsalar, dinimiz koʻrsatgan kishilarga qilish kerak. Ana shunda bu amal haqiqiy yaxshilik, savobli boʻladi.

Alloh taolo oʻz kalomida: “Va Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk keltirmanglar. Ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qoʻshnilarga, yon qoʻshnilarga, yonboshdagi sohiblarga, koʻchada qolganlarga va qoʻlingizda mulk boʻlganlarga yaxshilik qilinglar…” deya marhamat qilgan.

Agar bir amal shariatga zid boʻlsa, uni sunnat deb atab paygʻambarimizdan qolgan pok amal nomiga dogʻ tushirib qoʻymaylik.

 

Xayrulla ABDULLAYEV,

Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Xorazm viloyatidagi vakili

 

mahalladosh.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.