“Sulton mening asirim emas, mehmonim boʻladi”

0
177
marta koʻrilgan.

Necha asrlardirki, Sohibqiron Amir Temurning davlatchilik, hukmdorlik, sarkardalik salohiyati jahon jamoatchiligi, ilmiy doiralar, adiblarda hayrat va katta qiziqish uygʻotib kelmoqda. Yurtimizda, xorijiy mamlakatlarda buyuk bobomiz davlat tuzish va boshqarish favqulodda qobiliyati – fenomeni haqida asarlar yozilgan, tadqiqotlar olib borilgan va bugungi kunda ham ezgu ishlar davom etmoqda.

 

Tarixiy haqiqatga asoslangan kitob

Ana shunday asarlardan biri ozarbayjon yozuvchisi Yunus Oʻgʻuzning “Amir Temur” tarixiy romanidir. Uni mutolaa qilsangiz, oʻqish zavqi vujudingizni qamrab oladi. Ulugʻvor siymosi koʻnglingizni faxr tuygʻulariga toʻldiradi.

Ushbu dilogiyaning “Yuksalish sari” deb nomlangan birinchi kitobida Sohibqiron Amir Temurning hayotidagi eng muhim voqealar – Hindistonni zabt etishi, “Dunyoning hukmdori”, deb nomlangan ikkinchi kitobida esa jahongirning Kichik Osiyoga qoʻshin tortib, bir qator Sharq mamlakatlarini oʻziga boʻysundirgani, bu ulkan hududda eng qudratli hukmdor boʻlib, hatto Yevropaga tahdid solib turgan turk sultoni Yildirim Boyazid ustidan gʻalaba qozonishi va dunyoning adolatpesha hoqoniga aylanishi yuksak badiiy mahorat bilan tasvirlangan. Yunus Oʻgʻuz tarixiy manbalarga asoslanib, Amir Temurning jahon tarixi sahnasida tutgan oʻrni, insoniyat tamaddunidagi ulkan xizmatlarini xolis va haqqoniy yoritib bergan.

Amir Temur bir soʻzli, mard va jasur, oʻziga ishonchi baland, qatʼiyatli va shijoatli, uzoqni koʻra biladigan inson boʻlganligi asarda sezilib turadi. Uning bu xislatlarini yozuvchi bir lavhada shunday ifodalaydi:

“ – Qurultoy seni Ulugʻ Amir etib sayladi. Xoʻsh, bundan keyin nima qilmoq niyating bor?

Ustozi nuroniy Sayyid Barakaning bu savoliga Temur javobni choʻzib oʻtirmadi.

 – Butun Turonni qilichim bilan birlashtiraman. Uning avvalgi qudratini tiklayman!…”.

 

Donishmand strateg

Asarni oʻqir ekansiz, buyuk Sohibqironning donishmand strateg, oʻtkir zehnli taktik sarkardaligiga yana bir karra ishonch hosil qilasiz. Qudratli saltanati tinchlik-osoyishtaligi, uning sarhadlari daxlsizligini saqlash, mustaqilligiga tahdid soluvchi mamlakatlarga qarshi urush olib borishda hech qachon shoshma-shosharlik bilan ish tutmagan. Yurishdan oldin uning barcha ikir-chikirlarigacha puxta ishlab chiqqan. Niyatini qatʼiy sir saqlagan. Temurning bu donishmandligi uning bosqinchilikni, begunoh qon toʻkishni toʻxtatish, oʻzini tan olish, dunyoda tinchlikni saqlash haqidagi talabini Boyazid rad etganidan keyin unga qarshi yurishga tayyorgarlik koʻrish jarayonida yaqqol namoyon boʻladi.

Yildirim Boyazid Amir Temurnikidan son jihatdan bir baravar koʻp ulkan qoʻshinga ega edi. Shunga qaramay, Amir Temur takliflariga bepisandlik bilan “Sen kim boʻlibsanki, menga aql oʻrgatasan”, qabilida haqoratomuz javob bergan Boyazidga qarshi qoʻshin tortishga qaror qiladi. Ammo qudratli dushman qoʻshinini faqat kuch ishlatib, mahv qilib boʻlmasdi. Temur Anqaraga dushman ichiga savdogarlar qiyofasida oʻz shaxsiy xufyalarini yuborib, qoʻshin soni, jangovar holati, tosh qalʼaning mustahkam istehkomini qaysi joydan yorib oʻtish mumkinligi kabi maxfiy maʼlumotlarni toʻplaydi. Ularning haqqoniyligini saltanatiga kelgan xorijiy savdogarlarning maʼlumotlari bilan taqqoslab, tekshirib koʻradi. Qoʻshin jangovarligini oshiradi, oziq-ovqat, ot-ulov, yem-xashakning mustahkam zaxirasini yaratadi. Yengilmas deb tan olingan dushman qoʻshinini qanday qilib, oz talofat bilan yakson qilish taktikasi ishlab chiqiladi.

 

Falabani taʼminlagan taktika

…Nihoyat kutilgan dam keldi. 1402 yil bahorida Sohibqiron Amir Temurning ulkan qoʻshini dushmanga qarshi urushga qoʻzgʻaldi. Yildirim Boyazid qarorgoh qurgan Anqara qalʼasi juda mustahkam, qoʻshin soni Amir Temurnikidan koʻp boʻlsa-da, oʻz qudratiga qattiq ishonish, shuhratparastlik va kalondimogʻlik sultonga pand berdi.

1402 yil 20 iyul tongida bir-biriga qarshi turgan ikki ulkan qoʻshin dahshatli shovqin-suron bilan jangga kirdi. Yeru koʻkni chang-toʻzon qopladi, otlarning kishnashi, qilichu sovutlarning jarangi, jangchilarning hayqirigʻi, yaradorlarning dod-voyi olamni tutdi, kim dushman, kim oʻziniki bilib boʻlmasdi. Dunyoga hukmdorlikka daʼvogar ikki qudratli kuch toʻqnash kelgandi. Temur lashkarlari son jihatdan ustun turk qoʻshinining siquviga dosh berolmay, orqaga chekina boshladi. Falaba endi oʻziniki boʻlishiga Boyazidning ishonchi komil edi. Ammo kutilmaganda orqa va yon taraflardan xuddi yer yorigʻidan chiqqanday Temur jangchilari paydo boʻlib, dushmanni oʻrab oldi. Sohibqironning pistirmaga qoʻyilgan jangovar boʻlinmalari jangga kirgandi.

“… Hukmdor safar taxtiga bardam chiqib joylashdi. Endilikda bu taxt dunyo hukmdoriga aylangan Sohibqiron Amir Temurning taxti edi.

 – Olib kiring!

Asirlar olib kirilganda, ular orasida bandi qilingan sulton Yildirim Boyazid ham bor edi. Kiyimlari yirtilib ketgan, shiddati butunlay soʻnib qolgan edi. Ammo hamon magʻrur turardi”.

 

Kuch – adolatda

Bu shiorni oʻziga tugʻ qilib olgan Sohibqiron rahm-shafqat va adolatda ham benazir hukmdor edi. Uning muruvvatidan huzuriga olib kelingan asirlar ham benasib qolishmadi.

“Kishanband Yildirim Boyazid na salom berdi, na taʼzim qildi.

Temur unga boqqancha xayolga toldi: “Hamma narsasini – ozodligi, hokimiyati, ahli oilasi, bor-yoʻgʻini boy berdi. Farib boʻlsa ham hamon magʻrur, bosh egmay turibdi. Bunday kishilar hurmat va ehtiromga loyiqdir”.

Soqchilarga buyurdi:

 – Yeching uning qoʻllarini!… Sulton mening asirim emas, mehmonim boʻladi. Boyazidning chodiri mening chodirim yoniga tikilsin va liboslari yangilansin!”.

Temur Boyazidning oila aʼzolari – malika va oʻgʻil-qizlariga ham shunday shafqat, muruvvat koʻrsatadi. Magʻlub gʻanimga bunday rahm-shafqat tarixda birorta gʻolibda boʻlmagan. Ulugʻ Sohibqironning buyukligi ham shunda edi-da!

 

Famxoʻr sarkarda

Asarda Amir Temurning donishmand hukmdorligi, buyuk sarkardaligi uning ulkan qoʻshinga gʻamxoʻrligi, jangchilar oʻrtasida qatʼiy adolat, tartib-intizom, bekamu-koʻst moddiy taʼminot, ragʻbatlantirish yoʻlga qoʻyilganida ham namoyon boʻladi. Jumladan, jangchilarga maoshlari oʻz vaqtida toʻlangan, oʻlja har kimning hissasiga qarab taqsimlangan va maxsus aloqa xizmati tomonidan egalarning uylariga yetkazilgan, jangchilar oilasiga ragʻbat sifatida yer-suv ajratilgan. Jangda shahid boʻlganlar oilasi saltanat qaramogʻiga olinib, umrbod tomorqa yer bilan taʼminlangan. Shuning uchun ham askarlar ulugʻ hukmdorni sevishgan, unga ishonishgan, sadoqat bilan xizmat qilishgan. Adolatli yurishlarida uning uchun qurbon boʻlishni oʻzlariga sharaf, deb bilishgan.

Bu tushunarli, albatta. Ulkan aql-zakovat sohibi dunyoni zabt etgan qudratli qoʻshinni zulm, zoʻravonlik, qoʻrqitish, jazolash bilan qoʻlda ushlab turish mumkin emasligini yaxshi bilardi.

“Amir Temur” romanining muvaffaqiyati shundaki, yozuvchi ulugʻ Sohibqiron shaxsi, hayoti va faoliyatiga doir tarixiy manbalarni chuqur oʻrgangan, xolis tahlil etgan, haqqoniy baho bergan. Tarixiy voqealar jonli, shirali tilda badiiy vositalar yordamida haqqoniy tasvirlangan.

Bir kitobxon sifatida yaxshi asar mutolaasi kishi ongu tafakkurini yanada nurlantirishi, qalbda nozik his-tuygʻular uygʻotishi, ruhiy-maʼnaviy zavq bagʻishlab, ezgu ishlarga undashiga amin boʻldim.

 

Togʻaymurod ShOMURODOV

 

Manba: zarnews.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.