Sulton Abu Saʼid Koʻragonning xatosi

0
266
marta koʻrilgan.

“Saddi Iskandariy”da Doroning halokatini Navoiy Sulton Abu Saʼid Koʻragon hikoyati bilan yakunlaydi. Sulton Abu Saʼid oʻz askarlariga ishonchini yoʻqotgani oqibatida halok boʻladi. Doroning halok boʻlishi Abu Saʼid fojiasiga monand edi.

Oʻziga koʻragonlik laqabini olgan Sulton Abu Saʼid Xoja Ahrori Vali koʻmagida Movarounnahr podshosi boʻldi. Sulton Abulqosim Boburning bevaqt oʻlimi (1457) unga Xuroson eshiklarini ochib berdi. Shundan soʻng unga jahondorlik shavqi hamohang boʻldi. Navoiy taʼrificha, Xorazmdan Kirmongacha, Koshgʻardan Sipohongacha, Zobulistondan Kobulistongacha egalladi. Bunga ham qanoat qilmasdan Tabrizu Rumni fath etmoqchi boʻldi. Lekin sipoh shohdan norizomand edi. Shu sabab askarlar shohni tashlab qochdilar va shoh asir olinib, boshi kesildi.

Abu Saʼid Mirzo oʻn sakkiz yil hukmronlik qildi. Balki Ozarbayjonda Uzun Hasanga asir tushmaganida koʻp ulugʻ ishlarning uddasidan chiqarmidi? U oʻz hukmronligi davrida jangu jadallarda xuddi Amir Temur Sayyid Barakaga ishonganidek, Hazrati Eshonga ishonar, unga maslahat solar va gʻalabaga erishardi. Ali Safiy yozadi: “Sulton Abu Saʼid Mirzo Ray tumanlariga yetib kelganlarida u yerdan Hazrati Eshonga “falon shahar” fath boʻldi, endi falon viloyat fath boʻladi”, degan mazmunda maktublar va arzlar yozar edi. Hazrati Eshon unga javoban yozgan maktublarida shoshilmaslikka, mulohaza bilan ish koʻrishga undab “Raydan hozir zinhor oʻta koʻrmang. Agar maqsad Iroqni zabt etmoq boʻlsa, keyinchalik u albatta, muyassar boʻlgʻusidir”, deb buyurgan edilar.

Ammo gʻalabalardan masrur Mirzo zabt etishga hirsi kuchliligidan bunga amal qilmadi. “Oʻtma!”ni “oʻtgin!” deb oʻqib oʻsha yerdan boshqa yerlarni ham zabt etish uchun yurish boshlaydi. Mavlono Neʼmat qozi Iroqdan kelgan kuni tang ahvolda qolgan Mirzoga arzu-niyoz qilib yigʻlab, “Men Mirzoning shikast topgan vaqtida kelib qoldim”, dedi.

Mirza ham yigʻlagan holda “Mulla Neʼmat qachon hazratning oldilariga borsangiz mening arzu-niyozimni yetkazing. Yana ayting: Bizning mana shunday davlatu saltanatimizga Hazrati Eshon sabab boʻlgan edilar, davlatimizning zavol topishiga ham oʻzlari sabab boʻldilar! Onhazratga nisbatan gustohlik boʻldi. Shundan afv qilsinlarki, ul zotning farmonlariga xilof ish qilib qoʻydim”.

Shu tariqa Mironshohning nabirasi, Amir Temur avlodlarining eng zabardast vakillaridan biri Sulton Abu Saʼid Koʻragon oʻz shaxsiy xatosining qurboni boʻldi. Uning vafotidan soʻng u birlashtirgan qudratli davlat parchalanib ketdi.

 

Sayyid Imomxoʻja Salimiy,

filologiya fanlari nomzodi

 

zarnews.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.