Soʻz sanʼatiga maftun munaqqid

0
332
marta koʻrilgan.

Aslida filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi Umarali Normatovni tanishtirishning hojati yoʻq. Uning nomini koʻpchilik yaxshi biladi. Adabiyot ixlosmandlari Umarali Normatovni eng faol munaqqid deb eʼtirof etishadi. Uning darslik va oʻquv qoʻllanmalari asosida yigirma yildan beri maktab va oliy oʻquv yurtlarida saboq berib kelinadi.

Ayrimlar yoshi ulugʻligini pesh qilib, unga alohida hurmat-ehtirom koʻrsatishlarini talab qiladi. Ustoz Umarali Normatov esa bunday manmanlikdan xoli, kamtarin inson. Hartugul, shu boisdan boʻlsa kerak, u kishi saksondan sakrab oʻtgan boʻlsalar-da, xuddi yoshlardek bardam, quvnoq va hayotsevar.

Uqubatli zamonlarda odamlar kitoblardan tasalli olganini hikoya qilishadi. Oybek, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon tarjimai holida ular ertaklar eshitib, kitoblar oʻqib tinglab ulgʻaygani qayd etiladi. Odamlar kechalari, chiroq yorugʻida “Ming bir kecha” va dostonlarni oʻqib tinglagani, fuzuliyxonlik, bedilxonlik qilingani endi ertakday tuyuladi. Lekin u paytlarida bu hayotiy voqelik edi. U zamonlarda kitobga munosabat boʻlakcha edi. Kishilarning qalbida kitobga mehr-muhabbat bor edi. Kitob ardoqlanib, xonadon toʻriga qoʻyilardi. Umarali Normatov kitobga muhabbat baland oʻsha zamonda, kitob qadrlangan oilada oʻsib ulgʻaydi. Aqlini taniganidan kitob mutolaasiga berildi. Kitob oʻqishni kundalik odatiga aylantirdi. Shundan zavqlandi, lazzatlandi. Boshqalarni ham kitoblarning sirli-sehrli dunyosidan bahramand etishga intildi.

Domla  adabiy jarayonni muttasil kuzatib boradi. U yarim asrdan beri “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, “Sharq yulduzi”, “Jahon adabiyoti”, “Yoshlik”, “Guliston” jurnallarining har bir sonini, albatta, olib oʻqiydi. Eng muhimi, bosilib chiqqan yangi asar toʻgʻrisida taqriz yoki maqola yozib, mulohazalarini matbuotga taqdim etadi. Uning yangi asarlar toʻgʻrisidagi fikrini adabiy jamoatchilik qoʻllab- quvvatlaydi. Shuning uchun boʻlsa kerak, Ozod Sharafiddinov oʻzining mashhur maqolalaridan birida “Umarali haqida gapirish, maʼlum maʼnoda, bugungi oʻzbek tanqidchiligi haqida gapirmoq demakdir” deya lutf etganlar.

Umarali Normatov Oʻzbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinovning toʻngʻich shogirdi ekanidan faxr­lanadi. “Mening universitetda topgan eng katta boyligim, baxtim shuki, men Ozod Sharafiddinovning birinchi aspirant shogirdi boʻlish sharafiga muyassar boʻlganman. Yarim asr u bilan birga ishlash, hamkoru hamnafas boʻlish men uchun Allohning benazir inoyati deb bilaman”, deya qayd etgandi ustoz oʻz esdaliklarining birida.

Ustoz Umarali Normatov ijtimoiy hayotda ham juda faol. U kishi yutuqlarimizdan astoydil sevinib, kamchiliklardan chinakamiga tashvishlanadi, iztirob bilan qalam tebratadi. Domla bugungi kitobxonlik muammolariga eʼtibor qaratganini koʻp bor uchratganmiz. Bu bejizmas, albatta. Chunki bu maʼnaviyat bilan bogʻliq masala sanaladi. Negaki kishilarning odob-axloqi, ularning tabiat va jamiyatga, umuminsoniy va milliy qadriyatlariga munosabatida kitobxonlik juda muhim oʻrin tutadi. Chunki kitobxon odamlar tabiatga, jamiyatga zarar keltiradigan ishga qoʻl urmaydi, boshqalarga ataylab ozor yetkazmaydi. Bunday qilish gunoh ekanligini chuqur his qilishadi. Bu kitobxonlikning muhim ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligini bildiradi. Kitob oʻqishga hordiq chiqarish, dam olish, ermak deb karamasliq kerak. Kitobxonlikni bu tarzda joʻn talqin etish yaramaydi. Chunki kitob oʻqiganida har bir kishi, albatta, nimadir bilib oladi, sheʼr, hikoya yoki roman mutolaa qilganida,  shubhasiz, taʼsirlanadi, qalbi toʻlqinlanib, hissiyotlari junbushga keladi, nimalardir toʻgʻrisida oʻylanib qoladi, ayrim qahramonlariga mehri tovlanib, qaysidir personajlardan nafratlanadi – bir soʻz bilan aytganda, maʼnaviy oziqlanadi. Shunday ekan, kitobxonlik bekorchilik emas. Umarali Normatov badiiy asarlar mana shunday kuchga egaligini ich-ichidan sezadi va mana shu haqiqatni boshqalar ham anglashini istaydi. Uning tanqidchilik faoliyati zaminida shu turadi. Umarali Normatov oʻqigan, taʼsirlangan asarlari koʻpchilikda qiziqish uygʻotishini moʻljallab mulohaza yuritadi. Bu esa, tabiiyki, ijodkorlarga ham, oʻquvchilarga ham birday maʼqul keladi. Shoir, adiblar uning faolligi va halolligidan mamnun boʻlishadi, kitobxonlar esa yangi asar toʻgʻrisida muayyan tasavvur olishadi.

Faollik va halollik sehrli kalit kabi har bir kishi uchun sohasining sir-sinoatga toʻla sandiqlarini ochadi. Jindak sustkashlik qilinsa, salgina harom-harish aralashsa, kasb-kordan baraka ketadi, kishi topgan obroʻsini boy berganini bilmay qoladi. Umarali Normatov munaqqid, adabiyot muallimi sifatida sidqidildan, ishtiyoq bilan mehnat qilgani uchun Abdulla Qahhor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov kabi alloma adib­lar hurmatini qozondi. Koʻplab adib, shoir, adabiyotshunos, munaqqidlarning eng qadrdon kishisiga aylandi. Ular bilan hayot va adabiyot toʻgʻrisidagi suhbatlarini oʻquvchilarga taqdim etdi. Suhbatlarini oʻqiganda Umarali Normatov u bilan bahslashayotgan kishining fikrini xuddi soʻzma-soʻz yozib olib taqdim etganday tuyuladi… Kim bilandir muloqotini, bir marta boʻlsa-da, qogʻozga tushirishga urinib koʻrgan odam bu yumush oson emasligini darhol bilib oladi va Umarali Normatovning xotirasiga tan beradi. “Ijodkorning daxlsiz dunyosi”, “Nafosat gurunglari” bilan tanishib chiqqan kishi muallifning har bir ijodkorning oʻz “til”ida gapirganini payqaydi. Bu ikkala kitobda jami yigirmata suhbat berilgan boʻlib, ularda adabiyot va hayotning dolzarb muammolariga eʼtibor qaratilgan. Muallifning Asqad Muxtor, Said Ahmad, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Erkin Vohidov, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Shukur Xolmirzayev, Oʻtkir Hoshimov, Omon Matjon kabi taniqli adib va shoirlar bilan suhbatlari oʻquvchini soʻz sanʼatining sirli-sehrli olamiga olib kirsa, adabiyotshunos, munaq­qidlar bilan muloqot adabiy jarayondagi yangicha oʻzgarishlardan xabardor etadi. Ushbu suhbat-mulo­qotlarda bahs-munozara ruhi ustunlik qiladi va Umarali Normatovning soʻz sanʼatiga mehri naqadar baland ekanligi bilinadi.

 

Sayyora RAHMONOVA,

Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi oʻqituvchisi

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 3-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.