Shuhratparastlik vasvasasi

0
98
marta koʻrilgan.

Qadrdon doʻstim, bugun senga koʻpdan buyon oʻzimni oʻylantirib kelayotgan bir mavzu boʻyicha yozishni niyat qildim. Tarixdan Gerostrat degan nomni eshitganmisan? Eshitmagan boʻlsang, men senga uning xabarini beray: Gerostrat miloddan avvalgi IV asrda Kichik Osiyoda yashagan, nihoyatda shuhratparastlik vasvasasiga giriftor boʻlgan kimsa. U nomi tarixda qolishi uchun miloddan avvalgi 356 yili Efes shahridagi maʼbuda Artemida (Diana) sharafiga qurilgan, dunyoning yetti moʻjizasidan biri sanaladigan ibodatxonani yoqib yuborgan va, ajabki, oʻz maqsadiga erishgan ham.

Psixologiyada Zigmund Freyd oʻz nazariyasini tushuntirishda “Edip kompleksi” degan termindan foydalanadi. Garchand ruhiyatshunoslikka daʼvo qilmasam-da, ruxsat etsang, men ham oʻz kuzatuvlarimga koʻra, kishilardagi koʻr-koʻrona shuhratparastlikka intilishni va bu yoʻlda hech narsadan tap tortmaslikni “Gerostrat kompleksi” deb atasam.

Yaqinda bir kitob qoʻlimga tushib qoldi: nomi ham, muallifi ham unchalik ahamiyatga ega emas, bunday “qoʻllanma”lar kitob rastalarini toʻldirib yotibdi. Qanday qilib mansab pogʻonalaridan koʻtarilish, shon-shuhrat qozonish, jilla qursa, jamoatchilik eʼtiboriga tushish haqida yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatilgan edi. Sinalgan usullardan biri jamiyatda oʻz sohasida yuqori martabalarga erishgan kishilarni oʻlja qilish ekan. Soddaroq aytganda, ularga yuzing-koʻzing demay tosh otish, loy chaplash… Bunaqa nayranglarga tarixdan istaganingcha misol keltirish mumkin. Masalan, qadimgi Yunoniston va Rimda teatr va sayillarda tomosha koʻrsatib yuradigan aktyor va masxarabozlar kazo-kazolarning eʼtiboriga tushish niyatida, hatto jazolanish xavfidan ham qoʻrqmay, ularni masxara qilganlar. Yaqin oʻtmishda ham taniqli olimlar, mashhur yozuvchilar, dongdor rassomlar, umuman olganda, jamiyatda oʻz mavqeiga ega shaxslarni olakaltak qilib, jamoatchilik eʼtiboriga tushgan kishilar haqida eshitganmiz. Buni qaraki, Gerostratdan qolgan urf bizning zamonimizda ham kuchaysa kuchaydiki, aslo kamaygani yoʻq.

Sen menga odatdagidek eʼtiroz bildirib, mevali daraxtga tosh otishadi-ku, deyishing mumkin. Biroq gap bu yerda daraxtga tosh otib, mevasidan bahramand boʻlishda emas, balki “Men baquvvat daraxtga munosib boltaman”, deyishdadir. “Gerostrat kompleksi” faqat ayrim kishilargagina xos deb oʻylasang, qattiq yanglishasan. Shuhratparastlik kasali ozmi-koʻpmi darajada deyarli hammada uchraydi. Kundalik hayotda bunaqalarni vaqti, oʻrniga qarab goh dovyurak, goh surbet, baʼzan takabbur, izzattalab deb ataymiz. Ustozini izza qilish bilan maqtanayotgan oʻquvchi yoki talaba deysanmi, boshliqlarini boʻralab soʻkishi bilan goʻyoki obroʻ qozongan xodimlarni aytasanmi, internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda cheksiz erkinlikdan esankirab, mashhur shaxslarga tosh otayotgan “doʻstlarimiz”ni eslaysanmi, umuman aytganda, jamiyatdagi axloqiy qoida va meʼyorlarni pisand qilmaydigan barcha kimsalarda gerostratona vasvasa ochiqroq, boʻrtibroq namoyon boʻladi.

Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda avj olayotgan shov-shuv, mishmish va oldi-qochdi gaplardan oʻzing mendan koʻra koʻproq xabardorsan. Axborot tarqatishda har bir davrning oʻziga yarasha vositalari boʻlgan, albatta. Dastlab xalq yigʻinlar, sayilgohlar, keyinchalik tomoshalar, teatrlarda yangilikdan xabardor boʻlishgan, pochta, telegraf, telefon, matbuot, radio va televideniye ham insoniyatni axborot bilan taʼminlashga beminnat xizmat qildi. Qizigʻi shundaki, axborot olish va tarqatish qanchalik osonlashsa, kishilarda “Gerostrat kompleksi”ning urchishiga ham shunchalik imkoniyat yaratilayotir.

Bugun jamiyatda yuqori mavqega ega shaxslarga, shoir-yozuvchilarga, siyosiy arboblarga va butun boshli davlatlarga qilinayotgan boʻhtonlar, tuhmatlarning aksariyati – shu soʻzimni eʼtibordan qochirma: aksariyati – ana shu shuhratparastlik vasvasasining oqibatidir. Sen bularni igʻvogarlik, gʻarazgoʻylik, gʻalamislik, johillik deya atashing mumkin. Men esa barini jamlagan holda ilmiy istiloh bilan “Gerostrat kompleksi” deb nomlashni maʼqul koʻrdim.

Aziz doʻstim, eʼtiboringni yana bir muhim jihatga qaratmoqchiman: ijtimoiy saytlarda baʼzan yurtimizga, xalqimizga nisbatan tuhmatu boʻhtonlarga koʻzimiz tushmoqda. Bunaqa mishmishlarni tarqatayotganlar hayotda omadi chopmaganidan alamzada, tuzuk bir ishning boshini tutmagan, nima qilib boʻlsa ham, eʼtibor qozonay, eʼtirof etilay deydigan kishilar emas, deb kim ayta oladi?! Hech boʻlmaganda, shunday kimsalardan foydalanilmayapti, deb kim bizni ishontira oladi?! Holbuki, men senga tarixini aytgan oʻsha Gerostrat ham hayotda xoʻroz urishtirishdan nariga oʻtmagan ekan.

Xoʻsh, bu kasallikka qanday chora koʻrish kerak, deb savol berishing tabiiy. “Gerostrat kompleksi” qadimda ham boʻlgan, bugun ham bor, kelajakda ham davom etadi – ildizi bilan butunlay quritish mumkin emas. Chunki u ojiz bandalarning qonida yashaydi. Ammo uning zararini, ziyonini kamaytirish, taʼsir doirasini ziflashtirish mumkin. Buning uchun, avvalo, bu xastalikka yoʻliqqan kimsalarning nogʻorasiga oʻynamaslik, ularning tegirmoniga suv quymaslik darkor. Va agar kuchimiz yetsa, ularni insofga chaqirib, qorongʻu qalblariga ziyo ulashishimiz lozim. Albatta, yolgʻiz shu choraga suyanish kutilgan natijani bermaydi. Tabobatda kasallikning sababini aniqlab, keyin muolaja buyuriladi. “Gerostrat kompleksi”ni davolashda ham, eng avvalo, alamzadalik, shuhratparastlikning ildizlariga bolta urish kerak, deb oʻylayman. Uzil-kesil xulosa qilish uchun esa vaqt, katta tajriba talab qilinadi.

Ehtimol, mening bu kuzatishlarim, tasavvurlarim oʻzimga boʻrtib koʻrinayotgandir, sen uchun esa arzimas gaplardir. Yana, kim biladi deysan… Ruxsat etsang, xatimni sevimli shoirimiz Gʻafur Gʻulomning shohsatrlari bilan yakunlasam:

 

Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek

Diana maʼbadin yoqmoq shart emas.

Koʻplar baxti uchun oʻzlikni jamlab,

Shu ulkan binoga bir gʻisht qoʻysak bas.

 

Oygul ASILBEK qizi

1983 yili tugʻilgan. Oʻzbekiston Milliy universitetining falsafa fakultetini tamomlagan. Sheʼrlari “Yoshlar kitobi”, “Oltin koʻprik” singari bayozlarga kiritilgan. “Shoir xayollari” nomli kitobi nashr etilgan.

 

“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 10-sonidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.