Shu ham “romantika” boʻldiyu…

0
85
marta koʻrilgan.

Meni izlab kelgan shogirdimning kayfiyatini koʻrgan zahotim gʻalati boʻldim.

– Tinchlikmi?

Yigit istihola bilan kelgani sezilib turardi. Nihoyat soʻz boshladi.

– Opa, toʻyimiz yaqin…

– Tabriklayman. Ammo bu tushkunlik nimadan?!

– Keliningiz shaharlik. Oʻtgan kuni gʻalati gap aytib qoldi. Opasi: “Dugonalaringdan nimang kam, toʻyingda kuyov bilan valsga tushishing kerak, maxsus oʻrgatadigan odamlar bor, Toshkentda,   2-3 kunda oʻrganasizlar, toʻygacha vaqt bor”, deb uqtiribdi. Oʻziyam kinoda koʻrib, havasi kelgan emish. Rosti, bu gapni eshitib, uyalib ketdim. Nimaga kerak bu tomosha? Bilasiz, onam bizni yolgʻiz oʻzlari tarbiya qilganlar, otamning vafotidan keyin onajonimga suyanganman. Xokisor, kamsuqum onamning, butun toʻyxonaning koʻz oʻngida kelin bilan unaqa raqsga tushish… Tasavvurimga sigʻdira olmayapman, toʻydan oldin sovuqchilik tushishini oʻylab, boshim qotdi…

Uning holatini koʻrib ham kuyundim, ham oʻylanib qoldim. Qadriyatlarimizga mutlaqo zid bu holat, yaʼni kelin-kuyovning raqs tushishini oʻzim ham ona, qaynona sifatida hazm qilishim qiyin. Nima boʻlganda ham toʻy oldi muammoni silliq hal qilib olish kerak. Toki, dogʻi qolmasin.

– Ukajon, kelin bilan samimiy gaplashib ol. Seni qadrlasa, fikringni beozor qabul qilishiga ishonaman.

– Opa, qarorimni unga aytdim, mutlaqo bunday dahmazani istamasligimni aytdim, xafa boʻldi… Biroq gapim – gap: menga birovning bachkana udumi kerakmas…

Eh, ukam! Oqkoʻngil shogirdim! Sen Kumushbibilar, Raʼnolarning timsollarini izlayotganingni bilaman, sharqona tarbiyaga munosabatingga koʻp guvoh boʻlganman. Boʻlajak umr yoʻldoshing seni tushunishini juda istadim shu lahzalarda.

Yaqinda TVda AQSHdan kelib, dutor chalishni oʻrganayotgan ayolni koʻrsatishdi. Gazetada yozishlaricha, yaponiyalik bir ayol Chiroqchining Arabbandi qishlogʻida yashab, gilam toʻqishni oʻrganibdi. Ajabmas, oʻsha oʻz toʻyida vals tushadigan gʻarbliklar bir kuni bizning “kelinsalom”larimizga havas qilishsa…

“Ommaviy madaniyat”ning qoʻgʻirchoq qiliqlari qadriyatlarimizni toptay olmaydi, qachonki, biz sergak boʻlsak.

Ezgulikka nima yetsin. Oʻzligini allaqanday “ommaviy madaniyat”larning bachkana shaklu shamoyillari, ayrimlar “romantika” deb ataydigan bemaʼni hoyu havaslarga alishmaydigan qatʼiyatli kuyovlarning koʻpligi qanday yaxshi…

 

Zamira MAMATQULOVA

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.