Shoir, tutgil odil yoʻlni…

0
223
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston xalq shoiri Normurod Narzullayev dilbar qoʻshiqlari, xalqona samimiy satrlari, betakror, moʻljalga naqd borib yetadigan taʼsirchan iboralari bilan muxlislari orasida mashhur edi. Mahmud Sattorov ularni “aytimlar” deb atab, qiziqarli tadqiqot maqola yozdi, Narimon Hotamov shoir haqidagi turkum xotiralarga mualliflik qildi.

Normurod akaning oshna-ogʻaynisi, tanish-bilishi, muxlislari haddan ziyoda edi. Toʻy-tomoshalarda tanishu notanishlar uni oʻrab olar, davralariga chorlar, birga suratga tushishar, shoir esa ular bilan xuddi ming yillik qadrdonlarday samimiy muloqot qilar, “Sizni koʻrgan koʻzlarimdan oʻrgilay”, deya koʻngillarini koʻtarardi. Tanish, ammo oʻzi bilan oʻzi boʻlib ketganganlarga: “Shoir kerakmi, oʻzi?” deya beozor tanbeh bersa, tanimaganlarga: “Normurod Narzullayev men boʻlaman, bilib qoʻying – shoir koʻp, Narziy bitta”, deya lutf qilardi. Baʼzan mutlaqo notanish kishilar Normurod akaning oldiga kelib, toʻyga yoki uchrashuvga taklif qilishsa, sogʻligʻi koʻtarmasa ham, yoʻq demasdi, bunday qilayotganiga ajablanib qarayotganlarga: “Mayli, bu ham bir shoirchilik-da”, deyardi-qoʻyardi.

Normurod aka doʻst-qadrdon tanlashda odamlarning martabasiga qaramasdi – toʻylarda restoranning dimogʻdor mudiri bilan ham, shu yerda xizmat qilib yurgan oddiy xodim bilan ham tanishib, “Nabiralarning toʻyini, xudo xohlasa, oʻzim oʻtkazib beraman”, deb vaʼda berar va, albatta, soʻzining ustidan chiqardi. Dasturxonga tansiqroq taom olib kelgan ofitsiant yigitga: “Shoirning hurmati bor-da, yashang, albatta oʻsasiz”, deb qoʻyardi. Erta bahordan to kech kuzgacha yonida bir dasta taklif qogʻozlari boʻlar, birortasini ham eʼtiborsiz qoldirmas, borib, kelin-kuyovga atab yozgan sheʼrini hayajon bilan oʻqib berardi. Uchrashuvlarga borganimizda oddiy kasb egalari – dehqonlar, choʻpon-choʻliqlar, yoʻl yoqasidagi qoʻlbola doʻkonlarning shu choqqacha “tirik shoir”ni koʻrmagan yosh sotuvchilari bilan astoydil tanishar, ularga yangi kitobini sovgʻa qilar, sheʼr oʻqib berardi. Odamlarning koʻnglini koʻtarishdan charchamasdi.

Shoirni bayram tadbirlariga, turli tanlovlarga, mahalla yoki oʻquv yurtlaridagi uchrashuvlarga tinimsiz taklif etishardi. Yoʻq deyishni bilmasdi. “Shoir boʻlganingdan keyin muxlislaring bilan uchrashuvga bormasang boʻlmaydi-da”, derdi. Buni Jumaniyoz Jabborov toʻyxat sheʼrida juda aniq ifodalagan: “Ham goʻzallar husniga shaydo boʻlar, Qayga borsa bir yaxshilik paydo boʻlar. Garchi Nazriy, aslida Narziydir ul, Har nechuk hurmatga ham arziydir ul…”.

Shoir umrining soʻngi kunlarigacha el orasida, muxlislari davrasida boʻldi. Sheʼrlaridan birida: “Men kelganman yaxshilik deb dunyoga, azizlarim, yaxshilik deb yashayman…” deganiday, bu odatini soʻnggi nafasigacha tark etmadi. Normurod akaning bunday odati baʼzilarga yoqmasdi. “Kap-katta shoir, bu nima yurish”, deguvchilar ham uchrab turardi. Normurod aka bu gaplarga parvo qilmas, oʻsha mashhur “shoirchilik” degan aytimini yana bir takrorlab qoʻyardi, xolos. Uning yana bir odati – hech kimni gʻiybat qilmasdi, biror kishi toʻgʻrisida yomon gap gapirmasdi. Kimdir suhbat mavzusini gʻiybat koʻchasiga bura boshlasa, oʻrnidan dast turib, “Aka, eshiting, sizga bir sheʼr oʻqib beray”, derdi-da, davra havosini yangilab yuborardi.

Koʻp tadbirlarga birga borardik. Sheʼrlari menga yod boʻlib ketgandi. Yangi-yangi tanishlar davrasida, goho hayajon bosib, baʼzi satrlar yodiga kelmay qolsa, men eslatib yuborardim. Bir kuni shoir Erkin Neʼmatni tugʻilgan kuni bilan tabriklashga bordik. Qoʻlimizda chiroyli guldasta. Yangi turarjoy massivlaridan biriga yaqinlashdik. Normurod aka toʻrt qavatli uy oldida toʻxtab: “Mana topdik, yanglishmasam, uchinchi podʼyezd, birinchi qavat”, dedi-da, gulni qoʻlimdan olib, yoʻl boshladi. Yoʻlakka kirib, chap tomondagi eshik qoʻngʻirogʻini bosdik. Xushroʻygina bir juvon, eshikni ochib, salom berdi.

– Assalom alaykum…

– E, alaykum assalom, yaxshimisiz, kelin, shoir kerakmi oʻzi sizlarga, – Normurod aka juvonning qoʻliga guldastani tutqazdi. Keyin menga oʻgirilib:

– Kiravering, shoirning uyiga shunaqa bostirib kiriladi, – dedi.

– Kiringlar, kiringlar, – juvon yuzidagi nimkulgiyu ajablanishni bildirmaslikka harakat qilayotganini sezish qiyin emasdi. Choqqina koridorchaga kirib, tuflilarimizni yechayotganimizda, Normurod aka ayoldan soʻradi:

– Shoir qayerda? Koʻrinmayaptilarmi?

– Erkin akani soʻrayapsiz, shekilli, ular narigi podʼyezdda turishadi, – dedi juvon kulimsirab.

Normurod aka gapni toʻgʻrilab yubordi:

– Ie, adashibmizmi, yoʻgʻ-e, adashmadik, sizdek ajoyib singlimizga gul sovgʻa qilmasdan oʻtib ketolmadik-da. Mayli, uyingiz hamisha gulga toʻlsin, hozir men sizga bir sheʼr oʻqib beraman, keyin shoirni birga tabriklaymiz…

Bir gal Andijon safaridan Normurod aka, men, Murodilla Abdullayev qaytayotganimizda Qamchiq dovonida qiziq voqea yuz bergan. “Tanga topdi” degan joyga kelganimizda, yoʻl yoqasidagi qoʻlbola bozorchaga toʻxtab, turshak, asal, qurut olmoqchi boʻldik. Normurod aka sotuvchi qizlarga: “Meni taniysizlarmi, shoir Normurod Narzullayev boʻlaman”, deyishi bilan, sotuvchilar akani oʻrab olishdi. Sheʼrxonlik boshlanib ketdi. Yoshi elliklardan oshgan bir opaxon shoirning “Soʻroqlar” nomli mashhur qoʻshigʻidan bir-ikki satrni oʻqib beruvdi, Normurod akaning koʻngli togʻday koʻtarilib, yayrab ketdi. Opa bilan quchoqlashib koʻrishib, u kishiga ham bir necha sheʼr bagʻishlab yubordi. Men esa bu holatni darhol qogʻozga tushirdim:

“Bu qishloqning nomi erur Tanga topdi,

Shu qishloqda shoir Narziy yanga topdi.

Tangasini bilmadim-u, yangasi koʻp –

Shoir akam oʻzigayu manga topdi…

 

Qiz-kelinchaklar bilan hazil-mutoyiba qilib, turshak, qurut, olma xarid qilib, xursand holda yoʻlga tushdik. Ohangarondan oʻtganimizdan keyin maʼlum boʻldiki, tangatopdilik qaqajonlar xaridlarimizning pulini uchovimizdan ham olishgan ekan…

“Shoirchilik”da bunday kulgili, ammo samimiy voqealar koʻp boʻlgan.

Normurod aka xalq ichidan chiqqan, xalq ichida yuradigan shoir edi. Birovdan oʻpkalanmoqchi boʻlsa: “Gunohi ne erdi bu tilla boshning?” derdi. Hamma ish risoladagidek borayotgan boʻlsa: “Kadrlar joy-joyiga qoʻyilgan”, “Xalqim, sen bilan qalbim”, derdi. Radioda qoʻshiq boshlanib qolsa, majlismi, jiddiy bir muhokamami, “Ketdi, bizning qoʻshiq ketdi”, deb yuborar, oʻzi yozgan qoʻshiqni oʻzi birinchi marta eshitayotganday, zavq bilan tinglardi. Yozgan qoʻshiqlari, bir qarasangiz, juda joʻn tuyulardi: “Yogʻochsiz oʻtin boʻlmas, olovsiz tutun boʻlmas”, “Egovlashib umrini, boshlarini yedilar. Oʻldirishib axiyri, oshlarini yedilar”, “Oʻng koʻzingiz qaysi, chap koʻzingiz qaysi? Izlab borib topolmadim, adresingiz qaysi?”. Ammo bu satrlar qoʻshiqqa aylanganida tinglasangiz edi… Normurod akaning sheʼrlari bastakorlarning qoʻliga, hofizlarning tiliga tushishi bilan ularga jon kirardi, misralar qanot bogʻlab, zavq-shavqqa toʻlib, tinglovchi qalbini zabt etishga oshiqardi. Birgina “Soʻroqlar” qoʻshigʻi yoki “Yalla” ansambli uchun yozilgan tarona, mana, oʻttiz yildirki, tinglovchilarni rom etib keladi. Bu qoʻshiqni Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirovning iltimosiga binoan yozib berganiga oʻzim guvohman.

Normurod aka “Yangi asr avlodi” nashriyotida ishlar ekan, koʻplab yosh shoirlarning peshonasini silab, ustozlik qildi, birinchi kitoblarini nashrga tayyorlashdan charchamadi. U bagʻrikeng noshirlarimizdan edi.

Shu satrlarni qogʻozga tushirayotganimda radiodan “Soʻroqlar” yangrab qoldi:

 

“Shoir tutgil odil yoʻlni, yoʻldan adashma,

Gar adashsang bir kun seni vijdon soʻroqlar…

 

Shoir bilan soʻnggi muloqotimiz dala hovlimizda boʻldi. Keyingi ikki-uch yilda ogʻir dard azobini tortayotgan, shu dard bois oʻngʻaysiz bir ahvolga tushib qolgan boʻlsa-da, bu toʻgʻrida hech kimga ogʻiz ochmas, toʻy-tomoshalarda, sheʼrxonlik kechalarida avvalgiday hayqirib, oʻzi zavqlanib, boshqalarni ham zavqlantirib sheʼr oʻqirdi, oʻzini sodiq doʻstlari, muxlislari davrasiga urardi. Oʻsha kuni Normurod aka meni bagʻriga bosib: “Endi besh muchal boʻlibsiz, hali hammasi oldinda”, deya samimiy tabrikladi. Keyin esa, biroz charchaganini aytib, uzr soʻradi…

Vafotidan uch-toʻrt yil oʻtgach, tahririyatga kelgan bir shoir kutilmaganda… Normurod akaning sogʻligʻini soʻrab qoldi. “U dunyoda ham sheʼr oʻqib, hammani xursand qilib yurgan boʻlsalar kerak”, degan edim, beixtiyor “oh”lab yubordi:

– Shunday quvnoq odam-a?

Bunday hayratni hali-hanuz eshitib turaman…

 

Ahmadjon MELIBOYEV

 

“Yoshlik”, 2015 yil 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.