Shoh Jahon

0
1574
marta koʻrilgan.

Onadan tugʻilgandagi ismi Xurram boʻlgan boburiy shahzoda nafaqat Hindiston, balki butun dunyo tarixida chuqur iz qoldirgan hukmronlardan biri sanaladi. U boburiylar sulolasidagi oʻn uchinchi podshoh boʻlib, oʻz faoliyati davomida Hindistonning davlat sifatida mustahkam qaror topishida beqiyos xizmat qilgan. Ayni uning sultonlik davrida butun hind sarzamini boʻylab turli madaniy va tarixiy inshootlar barpo etildi, xususan, muhtasham qasru qalʼalar, koʻshku saroylar, bogʻ-rogʻlaru istehkomlar to bugungi kungacha oʻz ahamiyatini yoʻqotmay kelyapti. Dunyoning yetti moʻjizasidan biri sifatida tan olingan Toj Mahal qasri endilikda hind xalqining milliy gʻururiga aylangan.

Xurram (Shoh Jahon) 1592 yil 5 yanvarda hozirgi Pokistonning Lohur shahrida dunyoga keldi. U 1612 yilda boburiylar avlodining yorqin vakilasi Nurjahonning jiyani Arjumand Bonuga uylandi. Nurjahon yaxshigina shoira boʻlib, saroyda oʻz nufuzi va obroʻsiga ega edi. Yaqin qarindoshiga kuyov boʻlish Xurram uchun bu saltanat ufqida quyoshdek porlab chiqishiga katta imkon tugʻdirgan edi. Albatta, nisbatan tinch zamonda, mamlakat oʻzining taraqqiyot choʻqqisiga chiqib, shoh va fuqaro oʻrtasida barqaror hamjihatlik qaror topgan bir paytda Xurram uchun ana shunday omad kulib turgandi. Sulola vakillari oʻzaro hech qanday nizo-adovatga bormay, yosh shahzoda 1628 yilning sentyabrida bobomeros taxtga oʻtirib, sohibqiron Amir Temur vasiyat qilgan adolat ila davlatni idora qila boshladi. Odatda yosh shahzoda taxtga oʻtirganda unga yangi nom, kunya berish koʻpgina Sharq mamlakatlarida urf boʻlgan. Bu gal ham shunday boʻldi – Xurram Shoh Jahon degan dilbar ism bilan atala boshladi. Oʻz navbatida uning suyukli rafiqasi Arjumand Bonu yangicha – Mumtoz Mahal ismiga sazovor boʻldi. Malikaning bunday nom bilan alqanishiga yana bir sabab uning husnu jamolda tengsizligi edi. Xullas, ham husn tavajjuhda, ham aqlu farosatda benazir Arjumand Bonuni Xurram chin dildan sevadi. Oʻrtada oʻn toʻrt farzand dunyoga keladi. Oxirgi farzand tugʻilishi xosiyatli kelmaydi, toʻlgʻoq azobi ogʻir kelib, sohibjamol malikaning dunyodan bevaqt koʻz yumishiga sabab boʻladi. Arjumand Bonu bu paytda ayni ochilib-kulgan, har jihatdan yetilgan juvon edi – u endigina oʻttiz uch bahorni qarshilab turgandi. Keyinchalik oʻn toʻrt farzanddan yarmi – toʻrt oʻgʻil va uch qiz voyaga yetib, yorugʻ dunyo va toj-taxt lazzatlaridan bahramand boʻldilar. Shoh Jahon malikai oliya Arjumand Bonuga boʻlgan samimiy muhabbati hurmati, u jon berayotganda, nima tilaging bor, deb soʻraydi. Malikai oliya ikki tilakni aytadi, biri undan keyin boshqaga uylanmaslik, ikkinchisi malika xotirasi uchun dunyoda tengi yoʻq qasr barpo etish. Shoh Jahon har ikki vasiyatni mardonalarcha ado etadi – boshqa uylanmaydi va Toj Mahal qasrini tiklaydi. Shu oʻrinda bir savol tugʻilishi mumkin. Nima uchun qasr aynan “Toj Mahal” deb atalgan? Javob shuki, bu yerda “toj” soʻzining sulolaga tegishli toj-taxtga hech qanday aloqasi yoʻq. Yuqorida Arjumand Bonuni saroyda “Mumtoz Mahal” deyishlarini aytib oʻtgandik. Lugʻaviy maʼnoda bu “saroyning mumtoz vakili”ni anglatadi. Garchi toj-taxt boburiylar tasarrufida boʻlsa ham, mamlakatning toʻqson toʻqqiz foizini mahalliy hind eli tashkil etardi. Hindiy tilida f, x, z, q va gʻ tovushlari yoʻq. Binobarin, “mumtoz” soʻzini ular “mumtaj” deb talaffuz qiladilar. Qabrda yotgan malika Mumtoz Mahalni ham hindlar “mumtaj mahal” deyishgan. Keyinroq aytishga oson boʻlsin deb va goʻzal malikani yanada ardoqlab “taj mahal” deb qisqartirganlar. Shu tariqa Arjumand Bonuning kunyasi endi unga atab qurilgan muhtasham qasrning ham nomiga aylanib qolgan. Toj Mahal deganda avvalo yodgorlik koʻz oldimizga kelsa, ketidan beixtiyor u yerda mangu uyquda yotgan 33 yasharlik yosh malika siymosi gavdalanadi.

Toj Mahalni 22 ming usta 15 yil davomida bunyod etgani tarixiy hujjatlardan maʼlum. Shoh Jahonning obroʻyi shu qadar baland boʻlganki, olis-olis mamlakatlarning shohlari ham bu inshoot qurilishiga oʻz hissalarini qoʻshish istagini bildirganlar. Aytishlaricha, Toj Mahal qasri uchun Hindistonning oʻzidan juda kam narsa ishlatilgan ekan. Xoʻsh, bu inshootning bosh meʼmori kim boʻlgan? Bu borada tarixchi olimlar hamon bir toʻxtamga kelganlari yoʻq. Bir maʼlumotda aytilishicha, asli Samarqandda dunyoga kelgan, keyinchalik Turkiyaga borib qolgan usta meʼmor Ibrohim Isʼhoq ushbu qasr muallifi deyiladi. Inshootning Samarqanddagi madrasayu maqbaralarga oʻxshatib barpo etilishi sababi ham shunda boʻlsa, ne ajab! Axir shahanshoh Bobur Mirzo oʻz bobosi taxtini qayta tiklash uchun jonini fido qildi-ku. Bobosi qaror toptirib ketgan adolat hukmini Bobur Mirzo ham oʻzidan keyingi avlodlariga vasiyat qilib qoldirgan edi-ku.

Shoh Jahon oʻz hukmronligi davomida Hindistonning yaxlitligini mustahkamlash uchun koʻp harakatlar qildi, janubiy muzofotlarni oʻz saltanatiga qoʻshib, mamlakatning siyosiy va ijtimoiy qudratini oshirdi. 1648 yilda poytaxtni Agradan Dehliga koʻchirib, Shohjahonobod degan yangi shahar barpo etdi.

Shoh Jahon 1666 yil 22 sentyabrda Agra shahrida vafot etadi. Uning oʻlimi sirli boʻlmasa-da, bu borada ozmuncha mish-mishlar tarqalmagan. Emishki, shahanshohning hukmronlik davri haddan tashqari choʻzilib ketib, valiahdlarning taxtga oʻchlik hissini joʻshtirib yuborgan. Ayniqsa, davlat boshqaruvi siyosatida “suyagi yoʻq” Avrangzeb sabri chidamay, otasini taxtdan agʻdargan va Qizil Qalʼaga qamab qoʻygan emish. Shoh Jahonning Qizil Qalʼada sevikli yori hajrida kuya-kuya olamdan oʻtgani rost, ammo Avrangzeb otasidan taxtni qizgʻangani uchun emas, balki ichki va tashqi dushmanlarning nogahoniy qasd olishlaridan saqlab qolish uchun shu yoʻlni tutgani haqiqatga yaqinroqdir.

Shoh Jahon haqida tarixda ikki muallif yozib qoldirgan yodgorlik eng ishonarli maʼlumotlar taqdim etishi mumkin. Biri Inoyatullo Kanbuning “Tarixi dilkusho” asari boʻlsa, ikkinchisi Shoh Jahonning Fransiyadan tak-lif etilgan shaxsiy tabibi Fransua Bernyening “Boburiylarning soʻnggi avlodlari tarixi” esdalik kitobidir. Fransuz muallifining mazkur asari aynan jurnalimizning oʻtgan yillar sonida kamina tarjimasida eʼlon qilingan.

Buyuk Rabindranat Tagor har yili maʼlum bir vaqtda Agraga kelar ekan-da, tun boʻyi Katta darvozada oʻtirib, Toj Mahalni tomosha qilar ekan. Chunki oʻsha tunda qasr sirtiga qoplangan barcha oq marmar taxtalariga kelib tushgan oy nuri Katta darvozada bir nuqtaga jamlanib, qasr osmonda suzib ketayotgan toʻlin oydek namoyon boʻlar ekan. Bu atigi bir-bir yarim soatgina davom etib, soʻng yana oʻz holiga qaytar ekan. Ikki qalbning muhabbatiga atab Tagor kattagina doston ham bitgan deyiladi. Toj Mahal haqida esa u: “Muhabbat koʻzlaridan tomgan bir qatra yosh boʻlib, tushgan yerida qotib qolgan”, – deya baho beradi. Dohiyona koshonaga dohiyona taʼrif!

 

Amir FAYZULLA

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.