Shijoat fasli

0
231
marta koʻrilgan.

Goho koʻngilda “Nima haqda yozsam ekan? Asarga qahramonlarni qayerdan topsam boʻladi?” – singari savollar paydo boʻladi. Ehtimol, bunday ishtiboh boshqalarga ham begona emasdir. Aslida, ayb – oʻzimizda. Hayotning ichiga kirmasdan, salqin xonalarda oʻtirvolib jonli asar yozib boʻlmasligini bilamiz-ku. Chinakam qahramonlar, yaxshi asarlarga mavzu boʻladigan voqeliklarni bugun hayotimizdan, jamiyatimizdan istagancha topsak boʻladi. Faqat, sal jonimizni koyitishimiz, mamlakatimizda roʻy berayotgan yangilanishlar jarayonini oynai jahon va gazetalar orqali kuzatib qolmasdan, qizgʻin hayot qoʻyniga kirishimiz lozim. Ana shundagina asarlarimizda hayotiylik, harorat paydo boʻladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasiga qilgan safarim davomida koʻnglimdan bot-bot ana shunday mulohazalar oʻtib turdi…

 

Yoshlik – sirlar pardasi bilan oʻralgan ertakmonand olam. U hayotning uncha-muncha tartib-qoliplariga boʻysunmaydi. Goʻyoki u bizga notanish boʻlgan oʻlcham va qonuniyatlar asosida harakatlanadigan sirli sayyoraga oʻxshaydi. Bu olam oʻzining ana shu noodatiy ruhiyati bilan qiziq.

Koʻpincha yoshlarning oʻziga xos hayot tarzi, tutumlari kattalarga unchalik ham maʼqul kelavermaydi. Ular navqiron avlod vakillarining ham oʻzlari singari ogʻir-vazmin, mulohazakor boʻlishini istashadi. Shu bois yoshlarning feʼl-atvorida, hayotga boʻlgan munosabatida kuzatiladigan kamchiliklar haqida koʻp gapiriladi. Hamma davrlarda shunday boʻlgan. Qaysidir oʻlkada topilgan koʻhna bitikda “yoshlarning tarbiyasi buzilib ketayotgani” taassuf ila qayd etilgan ekan.

Oʻzbekistonni yoshlar mamlakati deyishadi. Bu bejiz emas. Chunki yurtimizda yashayotgan aholining katta qismini yoshlar tashkil qiladi. Ularning orasida katta maqsadlarni koʻzlagan isteʼdod egalari juda koʻp. Muhimi, ular nomiga, shunchaki mehnat qilishmaydi. Hayotda qandaydir yangilik yaratishga, eski qoliplarni buzishga, yillar davomida oʻzgarmas aqida tusiga kirib ulgurgan koʻnikmalarga barham berishga intilishadi.

Shu haqda oʻylaganimda, yaqindagina Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qoʻngʻirot tumani hududida barpo etilayotgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasida oʻzim guvohi boʻlgan voqealar koʻz oʻngimda jonlanadi. Bu yerda biz fidoyi zamondoshlarimizdan biri – Faxriddin Abdurasulov bilan tanishdik. Oʻta samimiy, kamtar bu yigit bilan suhbatlashish maroqli edi. Gap-soʻzlaridan uning dunyoqarashi keng, fikrlari teran ekanligini anglash qiyin emas. Yosh boʻlishiga qaramasdan oʻz kasbining sir-asrorlarini chuqur oʻzlashtirgani, neft-gaz qurilishi sohasida katta tajriba orttirgani shundoqqina sezilib turardi…

Haqli ravishda “asr qurilishi” deya nom olgan ushbu sanoat majmuasining mahobati va miqyosini taʼriflashga til ojiz. Asrlar davomida kimsasiz huvillab yotgan Ustyurt dashti bugun ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangan. Juda qisqa vaqt ichida qurilgan zavodning baland minoralari, salobatli inshootlari oʻzaro uygʻunlashib, tom maʼnoda yaxlit majmuani tashkil qilgan. Uzoq-uzoqlardan koʻzga tashlanib turadigan korxona bir qarashda sarhadsiz sahro bagʻrida vazmin suzib borayotgan poʻlat kemaga oʻxshab ketadi.

Korxona yaqinidagi Aqsholaq ovuli allaqachon zamonaviy shaharcha tusiga kirib ulguribdi. Bu yerda barcha sharoitlarga ega yuzlab shinam uy-joylar, bogʻcha, maktab va boshqa maishiy inshootlar barpo etilgan. Keng va ravon asfalt yoʻllar yotqizilmoqda. Zavodga eltadigan yoʻlning ikki tarafida sidirgʻasiga bir necha qator chuqur oʻra kovlab chiqilganiga eʼtibor berdim. Qizigʻi, ekskavatorlar yordamida qazib olingan tuproq asosan sargʻish tusli gipsdan iborat edi. Maʼlum boʻlishicha, bu yoʻlning atrofiga daraxt koʻchatlari ekish uchun taraddud ekan. Aniqroq aytganda, bu joylarda tuproq ozgina kovlansa, bir necha metrlik oʻta zich ganchli qatlamga duch kelinadi. Ana shu choʻkindi qavati olib tashlanmasa, daraxt koʻchatlari zaminga ildiz otolmaydi. Ustyurt bagʻrida asosan mavsumiy, moʻrt giyohlar oʻsishi ham bejiz emas ekan…

Gaz-kimyo majmuasi qurilishida oʻn besh mingdan ziyod kishi ishtirok etyapti. Ular turli millat vakillari. Ular orasida oʻzbek, qoraqalpoq yoshlari ham anchagina. Faxriddin Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishida asosiy buyurtmachi hisoblangan “Uz-Kor Gaz Chemical” Oʻzbekiston – Janubiy Koreya qoʻshma korxonasida rahbar oʻrinbosari boʻlib ishlaydi. Yashirib nima qildim, bu gapni eshitib avvaliga hayron boʻldim. Axir, hali sochiga bir dona oq tushib ulgurmagan yosh bir yigitga dunyoga dovrugʻi ketgan sanoat majmuasi qurilishida bunday masʼuliyatli vazifa ishonib topshirilgani chindan ham ajablanarli edi. Keyinroq maʼlum boʻlishicha, u oʻzining isteʼdodi va izlanuvchanligi tufayli ana shunday lavozimga munosib koʻrilibdi.

Faxriddin bizni bu yerda kechayotgan mehnat jarayoni bilan tanishtirdi. Gap-soʻzlaridan gigant korxona faoliyatini ipidan-ignasigacha chuqur bilishi koʻrinib turardi. U gaz-kimyo majmuasining kelgusida mamlakatimiz iqtisodiyotida tutajak oʻrnini aniq raqamlar, ishonarli dalillar bilan tushuntirib berdi. Hikoya qilishicha, 2012 yili Oʻzbekiston va Janubiy Koreya Respublikasi davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvi chogʻida Ustyurt hududidagi Aqsholaq maskanida asrimizning yirik qurilishlaridan biri boʻlmish Ustyurt gaz-kimyo majmuini birgalikda barpo etishga qaror qilingan. Oradan bir yil oʻtib ana shu ulkan qurilish boshlab yuborilgan.

Umumiy qiymati qariyb 4 milliard AQSH dollariga teng boʻlgan ushbu korxonani “Uz-Kor Gaz Chemical” qoʻshma korxonasi va Janubiy Koreyaning “GSE gc Corp”, “Hyunday Engineering”, “Samsung Engineering” kompaniyalari oʻzaro hamkorlikda bunyod etyapti. Korxona ishga tushgach, Markaziy Osiyoda gaz xomashyosini qayta ishlashga ixtisoslashgan eng yirik sanoat majmuiga aylanadi. Shu oʻrinda ikkita muhim faktni tilga olib oʻtsak. “Project Finance International” xalqaro nashri ushbu majmuani qurish bilan bogʻliq loyihaviy moliyalash bitimini neft-kimyo va gaz-kimyo sektoridagi yilning eng yaxshi loyihasi deya eʼtirof etgan. “Infrastructure Journal” xalqaro nashri esa Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi loyihasini 2014 yilning “Neft-gaz sohasidagi global bitimi” mukofoti bilan taqdirlagan.

Majmua ishga tushgach, bu yerda yiliga 4,4 milliard kub metr gazni qayta ishlab, 400 ming tonnadan ziyod polietilen, 100 ming tonnadan ortiq polipropilen tayyorlash imkoni yaratiladi. Qoʻshimchasiga 3,7 mlrd. kub metr tozalangan gaz tayyorlab beriladi. Ana shu qimmatbaho sanoat xomashyosining asosiy qismini Yevropa va Osiyodagi bir qator davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan. Qolaversa, ikki ming nafardan koʻproq malakali mutaxassislar doimiy ish bilan taʼminlanadi. Yana yuzlab qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratiladi.

Faxriddin bilan birga korxonaning boshqaruv markazini aylandik. Chorsi shaklidagi keng-moʻl zalda ish qizgʻin edi. Yuzdan ziyod mahalliy va xorijlik muhandislar kompyuter monitoridagi allaqanday chizmalar, jadvallar ustida ishlashyapti. Eʼtiborlisi, ular orasida oʻzbekistonlik yoshlar koʻpchilikni tashkil qilar edi. Hamrohimiz bizni ularning baʼzilari bilan tanishtirdi. Jahongir, Baxitbek, Oydoʻst, Norboy, Qidirboy, Oybek kabi oʻzbek va qoraqalpoq millatiga mansub yigitlar qurilishning muayyan uchastkalariga masʼul etib tayinlangan. Hammasi xorijlik hamkasblari bilan ingliz tilida erkin gaplashadi. Yigitlarning oʻz ishini yaxshi bilishi yuz-koʻzidan, dadil harakatlaridan koʻrinib turadi.

Oʻsha kuni bir narsa eʼtiborimni tortdi. Faxriddin Abdurasulov oʻzi haqida deyarli toʻxtalmas, koʻproq gaz-kimyo majmuasi qurilishi, bu jarayonda ishtirok etayotgan tengdoshlari haqida gapirardi. Meni esa poytaxtda tugʻilib-oʻsgan bu yigitning murakkab iqlim sharoiti hukm suradigan Ustyurtga yoʻl olishi sababi koʻproq qiziqtirardi. Axir, bu maskanning qahraton sovugʻi-yu, jazirama issigʻiga bardosh berish oson ekanmi? Ayniqsa, barcha qulayliklar muhayyo boʻlgan tinch-betashvish hayot tarziga odatlangan shaharlik yigit uchun…

Kechqurun Aqsholaqdagi yangi qurilgan shinam uylardan birida suhbatlashib oʻtirganimizda men unga ana shu savolni berdim.

– Toʻgʻri, Ustyurtning iqlimi ogʻir, – dedi Faxriddin kulib. – Lekin men bunaqa sharoitga ancha avval moslashib ulgurganman. Universitetni bitirganimdan soʻng “Shoʻrtangaz kimyo” majmuasiga borib ishlash uchun yoʻllanma berishdi. Uydagilarning roziligini olib, Qashqadaryoga joʻnadim. U yerning ham qishi bilan yozi Ustyurtnikidan koʻpam farq qilmaydi. Avvaliga biron yil ishlab, keyin uyga qaytishni rejalashtirgan edim. Lekin kasbim shunchalik qiziqarli ediki, unga butunlay berilib ketdim. Koʻp narsalarni oʻrgandim. Yaxshi odamlar bilan tanishdim. Bu orada Toshkent kimyo-texnologiya institutining magistratura bosqichida ham oʻqidim. Xullas, zavod men uchun qadrdon maskanga aylandi. Uni tashlab ketishga sira koʻzim qiymasdi…

Faxriddin yoshlik gʻayrati, bilimiga tayanib, tinimsiz izlandi. U Ustyurt gaz-kimyo majmuasi faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan bir nechta ratsionalizatorlik takliflarini ishlab chiqdi. Loyiha hujjatlarida majmua ehtiyoji uchun ishlatiladigan suvni “Taxiatosh-Qoʻngʻirot-Ustyurt gaz-kimyo majmui” quvuri orqali olib kelish koʻzda tutilgan edi. Qahramonimiz Ustyurt sharoitida har qatrasi tilloga teng boʻlgan obi-hayotdan tejamkorlik bilan foydalanish, uning sarfini kamaytirish maqsadida korxonada ishlatilgan, kam ifloslangan oddiy suvni va oqova suvlarni qayta tozalash inshooti qurish gʻoyasini ilgari surdi. U taklif etayotgan texnologik jarayon yordamida majmuada ishlatilgan suvning 88 foizini qayta tozalash imkoni yuzaga kelardi. Buning natijasida yiliga naq 1,8 million dollar mablagʻni tejab qolish imkoniyati paydo boʻladi!

Bu gʻoya Toshkentda ham, Seulda ham qizgʻin munozaralarga sabab boʻldi. Atroflicha tahlillardan soʻng Faxriddin Abdurasulovning ratsionalizatorlik taklifi puxta hisob-kitoblarga, chuqur hayotiy mantiqqa asoslangani maʼlum boʻldi. Xorijlik mutaxassis va sarmoyadorlar ham kamsuqum oʻzbek muhandisining zakovatiga tan berishdi. Xullas, uning taklifi yakdillik bilan maʼqullandi.

Faxriddin Abdurasulov tengqurlari bilan birgalikda majmuada gazdan elektr energiyasi olish jarayonida bekorga sarf boʻladigan bugʻdan samarali foydalanish usulini ham ishlab chiqdi. Bu usul foydali ish koeffitsentini 82 foizga koʻtarish imkonini beradi. Vaholanki, rivojlangan xorijiy davlatlardagi turdosh korxonalarda ham bu koʻrsatkich 50 foizdan oshmas ekan.

Mana, sizga yoshlarga xos ishtiyoq, izlanishning mahsuli. Chindan ham ular oʻzlariga yaratib berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, hayotda moʻjizalar yaratishmoqda. Mustaqillik davrida unib-oʻsgan bunday avlod bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Zero, bu yerda Faxriddinga oʻxshagan yoshlar koʻpchilik: Jahongir, Oybek, Norboy, Qidirboy, Oydoʻst, Baxitbek… Ular birgalikda sahro bagʻrida yangi bir tarix yaratishyapti…

 

Gʻafur SHERMUHAMMAD

 

“Yoshlik”, 2015 yil 7-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.