“She’rlarim mag‘zi larzon, bolalar uchun arzon…”

0
10
marta ko‘rilgan.

Shoirni hali-hanuz yaqinlari, yoki ijodkorlargina emas, badiiyatga aloqasi bo‘lmagan kishilar ham esdan chiqargani yo‘q. “Huv, o‘sha, shlyapa kiyib bozordayam, yo‘ldayam, to‘ydayam she’r aytib yuradigan kishimi, ammo, zo‘r shoir edi”, deb xotirlab qo‘yishadi.

O‘tgan asrning yetmishinchi, saksoninchi yillarida hatto poytaxt adabiy davralarida vohamizdan eng ko‘p tilga olingan ijodkor, shubhasiz, Saodat Toji edi. O‘sha yillarda ayniqsa, chekka tumanlarda ijod qiladiganlarning markaziy gazeta va jurnallarda she’r yoki hikoyasi chop qilinsa, katta voqea hisoblanar, kitob nashr ettirish esa hammaning ham qo‘lidan kelavermasdi.

Ammo Saodat Toji bundan mustasno edi. U o‘sha davrning eng ilg‘or bolalar shoirlari bilan bab-barovar ijod maydonida ot surish imkonini topdi. Buning bari osonlik bilan amalga oshadigan yumush emasdi. U tinimsiz ijod qilar, Toshkentga borish esa unga bozorga borishdek ish bo‘lib qolgandi.

***

Hozir ham gurunglarda Saodat Toji haqida gap ketsa, hajvchi Tursunboy Boymirov shunday deydi:

– Saodat aka tabiatan boladek beg‘ubor, sodda inson edi. Bir kuni yangi she’r yozib, tayyorlov idorasi raisining oldiga kirib, baland ovozda boshlabdi:

Yer unumdor, soz bo‘lsin,

Ko‘proq eking kartoshka.

Mashaqqati oz bo‘lsin,

Qulay bo‘lsin artishga.

Rais stolni chertib, shoirni she’r o‘qishdan to‘xtatibdi.

– Bo‘ldi, bo‘ldi, tushunarli, shuni she’r qilib aytish shartmidi, – deb shoshib telefon go‘shagini ko‘taribdi.

– Hoy, Tirkash, o‘zingdamisan? Hozir oldingga bir shoirni yuboryapman, ikki xalta kartoshka berib yubor. Uyida kartoshkasi qolmapti…                      

***

Ijodkorlar davrasida suhbat buyuklar haqida bo‘ldi.

– Tolstoyga tan berdim. Gyote ham buyuk. Navoiy – daho.

– Bulgakov, Kafkalarni aytmaysizmi?

– Stendal, Qodiriy, Qahhorlar ham chakkimas. Saodat aka, siz qaysi yozuvchi, shoirlarni buyuklar safiga qo‘shasiz?

– Men kecha maktab bolalariga she’r o‘qib berayotuvdim, – suhbatga qo‘shildi shoir. – Bir qush kelib boshimga qo‘ndi. Kichkina, rangi bulbulning rangiga o‘xshab ketadi. Keyin yelkamga qo‘nib, qulog‘imga bir nimalarni deb, chug‘ur-chug‘ur qildi. Ushlab, boshini silayman, degan edim, uchib ketdi. Ana shunda men buyukligimni bildim…

***

Bir she’rida shoirning shunday samimiy satrlari bor:

…She’rlarim mag‘zi larzon,

Bolalar uchun arzon.

Marhamat, savdo qiling,

Do‘stlarga sovg‘a qiling.

Men ham bir boyib qolay,

“Damas”mi, “Tiko” olay.

Toji Saodat bo‘lib,

Turmushidan shod bo‘lib,

Tanilay odamlarga,

Yer yuzi, olamlarga.

Ha, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Saodat Toji nomdor shoir edi. Uning “Cho‘l qo‘shig‘i”, “Eng yaxshi sovg‘a”, “Inson sevar yaxshini”, “Qushlar bayrami”, “Oltin bolta” kabi bolalarga atalgan she’riy kitoblari nashr etilgan. Saodat Tojining nafaqat bolalar uchun, balki kattalar uchun bitgan o‘nlab she’rlari, qissalari borligini, ijod namunalarini to‘plab, “Saodatnoma” nomi bilan qaysidir nashriyotga topshirgan, deb eshitganmiz. Qaniydi, birorta mard tadbirkor yoki Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi e’tibor qilib, shoirning kitoblarini chop ettirsa, savobning tagida qolardi. U yashagan uyning devoriga “Bu uyda sevimli bolalar shoiri Saodat Toji yashadi va ijod qildi”, degan lavhani osib qo‘ysak , zo‘r ish bo‘lardi-da…

Shoir-ku ming-minglab bolalar (bu bolalarning ayrimlari hozir bobo ham bo‘ldi) qalbida o‘ziga haykal qo‘yib ketdi. Ammo… bir paytlar dilda bir tugun bilan mana bu satrlarni bitgandim:

U ketdi…

Mehrni izlab olisga,

Qushlari yoniga, gullar yoniga.

“Shoir bobo” deya e’zozlab sevgan,

Sho‘xchan bolalarning singib bag‘riga.

Bizdan-ku nom-nishon qolmagay balki,

Bitta so‘z aytayin, kelmasin malol.

Bir kuni she’rparast bolalar albat,

Qamashida tiklar shoirga haykal…

 

O‘rolboy QOBIL,

Qamashi

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.