Shaxsiy namuna yoshlarni kitobga doʻst qiladi

0
97
marta koʻrilgan.

 – Dadajon, menga mana bu kitobni olib bering?

– Qoʻy, kitobni nima qilasan? Qolaversa, hali oʻqishni bilmaysan-ku?

– Oʻrganaman, ungacha opam oʻqib beradi.

– Undan koʻra senga mana bu oʻyinchoqni olib beraman. Qara, zoʻr avtomat ekan. Tugmasini bossang, chiroqlari ham yonadi.

– Menga avtomat kerak emas, kitob olaman…

Doʻkondagi bolaning bu xarxashasi koʻpchilik qatori mening ham diqqatimni tortdi. Bir bolakayning qoʻlidagi chiroyli rasmlar tushirilgan ertak kitobga, bir otasining qoʻlidagi oʻyinchoqqa qaradimu, garchi nooʻrin boʻlsa-da, ularning suhbatiga aralashdim.

– Bolangizning aytganini qilsangiz yaxshi boʻladi. Hozirdan kitobga mehr qoʻyganiga xursand boʻling. Oʻgʻlingiz voyaga yetganida oʻqimishli yigit boʻladi.

– Opa, siz oʻqituvchimisiz?

– Ha.

– Shuning uchun kitob oʻqishni targʻib qilayotgan ekansiz-da.

– Gap unda emas, qaysi kasbni tanlash insonning oʻz ixtiyorida, ammo kim boʻlishni orzu qilsa ham baribir oʻqishi kerak. Qolaversa, bolalikdan kitobga doʻst boʻlgan odamdan hech qachon yomonlik chiqmaydi.

Mening bu gaplarim taʼsir qildimi yoki bolasining xarxashasidan tezroq qutulgisi keldimi, ota kitobni xarid qildi. Shunda bolakayning chehrasidagi quvonchni koʻrib men ham nabiram uchun kitob sotib oldim. Uyga kelib, sovgʻani unga berishim bilan kitob doʻkonidagi kayfiyat va muhit bizning oilaga koʻchib oʻtdi. Avvaliga rasmlarni tomosha qilgan nabiram Durdona birozdan soʻng oyisining yoniga kelib:

– Oyijon, mana bu yerda nima yozilgan? Menga oʻqib bering, – deb qoldi. Bir haftadan keyin esa ishdan kelganimda, nabiram menga kitobchadagi sheʼrni yoddan aytib berdi.

Shunda yoshlar kitob oʻqimay qoʻygani borasida tinmay muhokama qilinayotgan mavzuning yechimi oilada ekanligiga yana bir karra amin boʻldim. Farzandlarimiz voyaga yeta boshlasa, yaxshi kunlarga, toʻyga deb har birimiz sarpo yigʻamiz. Ammo ular orasida: “Ertaga kelinim yoki oʻgʻlim mana bu ishlarni bilishi lozim. Mana bu kitobni oʻqishi shart”, deb ularga atab kitob xarid qilishni xayolimizga ham keltirmaymiz. Sevimli yozuvchimiz Tohir Malikning “Shaytanat” romanidagi bir epizod menga juda qattiq taʼsir qilgan. Behisob davlatga ega boʻlgan Asadbek oʻgʻlini uylantiradi. Amerikadan kelgan yangi mehmon, yaʼni kelin uy sharoiti bilan tanishish asnosida kutubxonamiz qaysi uyda joylashgan, deb soʻraydi. Qimmatbaho mebellaru xorij gilamlari va bebaho billur idishlar bilan jihozlangan xonalarning hech biri uning eʼtiborini torta olmaydi. “Uyimizdagi kutubxonami?” deganicha kalovlanib qolgan, undan bu savolni kutmagan Zaynab nima deb javob qilishni bilmaydi. Bu hayotiy haqiqat. Baʼzan choyxonadagi ulfatchiliklar, cheksiz-chegarasiz orzu-havaslar uchun istalgancha pul topamizu, kitobga kelganda qimmat ekan, deya bahona qilamiz. Ammo biz xarid qilgan kitob nafaqat oʻzimiz, kerak boʻlsa, bir necha inson uchun katta maʼnaviy ozuqa ekanligini har doim ham yodga olavermaymiz.

Donishmandlardan biri “eng yaxshi tarbiya – bu namuna koʻrsatishdir”, deb aytgan. Agar har bir ota ona oilada oʻz farzandlariga kitob oʻqib namuna koʻrsatsa, uyimizda oʻzimizning moʻjazgina boʻlsa-da, kutubxonamiz boʻlsa, yoshlar kitob oʻqimay qoʻydi, deb gapirib oʻtirishga hojat ham qolmaydi.

 

Zulfiya NUSUROVA,

Qarshi shahridagi 21-maktab oʻqituvchisi,

Xalq taʼlimi aʼlochisi

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.