Shafqatsizlik… Uning tomir otishiga yoʻl qoʻymang!

0
179
marta koʻrilgan.

Har biri haqida alohida toʻxtalishga hojat yoʻq, ommaviy axborot vositalari orqali bu voqealarning koʻpidan boxabarsiz. Qay yurtlardadir yuz berib turibdi shunday koʻrgiliklar: oʻn ikki-oʻn uch yoshlardagi oʻspirin qoʻlida toʻpponcha yoki avtomat bilan maktabdoshlari va oʻziga saboq berib kelgan oʻqituvchilarini ayovsiz oʻqqa tutadi. Qariyb bir-birini takrorlaydigan hodisalar: xuddi shu yoshlardagi bolalarning xuddi shunday qurol bilan bir xil obʼyektga hujumlari… Yoqa ushlaysiz, bu voqeani qandaydir “hujum” deyishga ham, aslida til bormaydi… Tagʻin bunday koʻngilsizliklarning koʻpi bir xil yakunlanadi: oʻnlab oʻzi tengi oʻquvchilar, ustozlaridan keyin ular oxirida oʻzlariniyam otishadi…

Shafqatsizlik… Bu – kasallikmi, xunuk odatmi? Uning ildizi qayerda? Zoʻravonlik-chi? Bu tuygʻular nimadan oziqlanadi? Undan voz kechib boʻladimi?

Superzamonaviylashayotgan, oʻzini taraqqiyotning choʻqqisida hisoblayotgan odamzot oʻzining asl insoniy tuygʻularini boy bermayaptimi?

Toqatingiz boʻlsa, bu savollarga, keling, birgalikda javob qidirib koʻramiz.

 

Tuygʻuning tugʻilishi…

Ezgulik ham, yovuzlik ham inson fitratida bor, deyishadi. Yaʼni ularning ikkisi ham insoniyatning qonida yashaydi. Faqat aql ularni boshqarib – yaxshilikni yoʻnaltirib, yomonlikning yoʻlini toʻsib turadi, xolos. Mehr bilan qahrning, shafqat bilan shafqatsizlikning, hilm bilan zoʻravonlikning farqini aql-hushi joyida odam biladi. Uning chegarasi aniq belgilanganki, uning buzilishi bilan inson muvozanatdan chiqadi.

Tabiatda shunday qonuniyat bor: har qanday jonli mavjudot sharoit boʻlgan joyda yashaydi va oʻsadi. Shafqatsizlik tuygʻusining ham unib-oʻsish sharoitlari, rivojlantiruvchi oziqlari bor. U eng avvalo oilada kurtak otadi. Ota-ona farzandining berahm, qalbi qattiq, shafqatsiz boʻlib oʻsishi uchun unga, bolam, sen shunday boʻlgin, deya “nasihat” qilishi shart emas. Shunchaki, undagi xatti-harakatlarni nazorat qilmasa, tizginsiz tuygʻularini jilovga olishni oʻrgatmasa, kichkina xatolardan qaytarib turmasa, boʻldi. Uning kelajakda birovlarning tuygʻularini nazar-pisand qilmaydigan, birovning jismonan yoki ruhan ozor chekishidan vijdoni qiynalmaydigan kimsa boʻlib ulgʻayishi uchun yaratilgan eng qulay sharoit shu boʻladi.

 

Shafqatsizlikka oid teleragʻbatlar

Bundan oʻn-oʻn besh yil oldin telekanallarimizning birida namoyish etilgan “Ramayana” seriali taʼsirida “Janobi Ramga sharaflar boʻlsin!” deya yogʻoch qilich, gurzilar bilan, qiyqirishib “jang” qilganimizni yaxshi eslayman. Bugunning bolalari Dejo Yong, Jumongga oʻxshagan uchib jang qiluvchi qahramonlar taʼsirida ekanini hammamiz koʻrib turibmiz. Biz ancha yuvosh edik chogʻi, faqat afsonaviy qahramonlarni “sharaflash” bilan kifoyalanardik. Hozirgi “jangchi” bolalarning nutqlari juda oʻtkir. “Oʻldiraman! Yaramasni zindonga tashlang! Qotilni aniqladinglarmi?” degan esi bor odam eshitganda eti junjikib ketadigan jumlalarni aytib “qilichlashishyapti”.

Amerika Qoʻshma Shtatlarida bir guruh tadqiqotchilar sakkiz ming soatlik koʻrsatuvlarni tahlil qilishganda, ularning naq oltmish foizida zoʻravonlik sahnalari borligi aniqlangan ekan. Savol tugʻiladi: oʻsha mamlakat televideniyesini shunday sahnalarni koʻproq namoyish etishga nima majbur etgan? Javobi oddiy: auditoriyani oʻziga jalb etish. Bu tendensiya faqat bir yoki ikki mamlakat emas, jahondagi juda koʻp mamlakatlarda kechayotgani bor gap. Faqat oʻz milliy qadriyatlarini, maʼnaviyatni birinchi oʻringa qoʻyadigan mamlakatlardagina bu narsaga jiddiy eʼtibor qaratiladi.

Mutaxassislarning fikricha, kishilarning bir-biriga jismoniy ozor berayotgani tavsirlangan lavhalarni koʻrgan oddiy tomoshabinda shunday jarayon kechadi: avvaliga ozorlanayotgan qahramonga qaygʻuriladi. Soʻngra beixtiyor, oʻzi ham anglab-anglamagan holda namoyish etilayotgan voqeaning ishtirokchisiga “aylanadi”. Oxirida shunday boʻladiki, u oʻsha lavhalarni qayta-qayta koʻrgisi keladi, agar koʻrayotgani serial boʻlsa, uning davomini intizorlik bilan kutadigan boʻlib qoladi.

Aql-hushini yigʻib olgan, suyagi qotgan, hayotda oq-qorani ajrata oladigan yoshdagi kishilarga bu shunchaki qiziqishni qondiruvchi vosita boʻlib xizmat qilishi mumkin. Biroq hali tajribasiz, oq-qorani mustaqil ajrata olmaydigan bolalar va oʻsmirlar uchun-chi? Psixologlar qonxoʻrlik, vahshiylik lavhalarini koʻraverib, koʻzi erta pishib qoʻyayotgan bolalarga nisbatan “sotsial maugli” iborasini qoʻllashadi. Bu shunchaki surati odam, siyrati insoniylik tuygʻularidan mosuvo boʻlayotganlar, degan maʼnoni bildirmaydimi? Toʻgʻri, butun dunyo ahli qabul qilgan meʼyorlarni inkor qilish xato. Televizor ham, kompyuter ham hayotimizning bir boʻlagi boʻlib qoldi. Ammo ulardan toʻgʻri maqsadda foydalanish ham mumkin-ku?..

 

Qolgan ishga qor yogʻadi

Yoxud hamma narsa oʻz vaqtida goʻzal

“Uchrashuv” filmidagi bezori oʻgʻlining ustidan shikoyat qilib kelgan kishilar ustidan kuluvchi Ergash Karimovning qoʻngʻizmoʻylov qahramoni esingizdami? Xuddi shunday otalar hozir yoʻqmi? “Bola boʻlsang, shoʻx boʻl…” degan naqlni eshitgansiz. Baʼzan buni meʼyorida tushunmaslik holatlari ham uchraydi-da. Deylik, oʻzingiz ham guvoh boʻlgandirsiz. Ayrim oilalarda ha, endi bola-da, shoʻx-da, deya bolalarning juda koʻp “shoʻxliklari” kechiriladi. Bu “shoʻxlik” bora-bora undan kattaroq “shoʻxlik”larga aylanib ketishi ham mumkin. Bezorilikka yoʻl mana shundan boshlanmaydi, deb hech kim aytolmaydi.

Tadqiqotchilarning taʼkidlashlaricha, qasddan odam oʻldirish jinoyatlari umumiy sonining toʻrtdan bir qismi oddiy bezorilik oqibatida sodir etilar ekan. Mayda bezori (kissavur, sumka oʻgʻrisi, oʻtgan-ketganga teginib koʻradigan) sekin-asta ashaddiy, keyinchalik esa zoʻravon qotilga aylanib borar ekan. Vaqtida butalmagan shox tarvaqaylab hammaga xalaqit bergani singari, oʻz vaqtida tarbiya olmagan kimsa ham bora-bora jamiyat uchun xavfli nusxaga aylanadi.

Kuzatgansiz, bolalar, oʻsmirlar orasida tengqurlaridan dadilroq, kuchliroq, jurʼatliroq, botirroqlari boʻladi. Juda oddiy haqiqat: ularning oʻsha jurʼati, kuchi, botirligini toʻgʻri yoʻnaltirish kerak, xolos.

Kuni kecha, ushbu maqolaga qanday nuqta qoʻysam ekan, degan xayol bilan televizor koʻrib oʻtirsam, vaqtida ayshini surgan, “valyuta” biznesi bilan shugʻullanuvchilarga “qoʻriqchilik” qilgan yigitlarni koʻrsatib qolishdi. Bilaklari dirkillab turishidan, sportsmen bolalar ekani shunday bilinib turibdi. Ularning vazifasi nima boʻlgan ekan, deng? Valyuta ayirboshlash shoxobchalarining oldida sunʼiy tirbandlik yuzaga keltish, oʻzlarining odamlariga xalaqit beruvchi fuqarolarga kuchini koʻrsatib qoʻyish, kerak boʻlsa, koʻcha janglarini (mushtlashuvlar) tashkil etib turish boʻlgan ekan. Boshqalarni bilmadim-u, men shunday qobiliyatli, boʻlaman desa, boks boʻyicha jahon chempioni boʻlish siyoqi bor tengdoshlarimning qismatiga achindim. Ularga kimdir toʻgʻri maslahat berishi, kuchini koʻchada oddiy odamlarga emas, ringda, jahon chempionatlari, olimpiya oʻyinlarida zoʻr-zoʻr raqiblariga qarshi ishlatsa, oʻzi uchun ham, mamlakat uchun ham beqiyos naf boʻlishi mumkinligini tushuntirishi mumkin edi-ku, deya qaygʻurdim. oʻisht qolipdan koʻchsa, qolip emas, uni tutib turgan qoʻl aybdor boʻladi. Dilga taskin beradigani, ular oʻzlarining bu qilmishlaridan afsusda ekanliklarini tan olishdi.

Hamma dardning davosi bor, deyishadi tabiblar. Faqat uning paydo boʻlish sababini oʻrganib, keyin davolash kerak ekan-da.

Oʻylanib qoldim. Shafqatsizlik, zoʻravonlik ham aslida bir kasallik. Demak, uning ham davosi bor. Uni ota-bobolarimizning hikmatlaridan, pedagog xalqimizning mingyillik tarbiya usullaridan, oʻlmas qadriyatlaridan izlaylik. Shunda, pushaymon boʻlmaymiz. Millat farzandlari shafqat, mehr-muruvvat, insonlarga muhabbat, saxovat tuygʻulari bilan oʻsadi, ulgʻayadi. Shuning oʻzi ham kichkina davlat emas.

 

“Turkiston” gazetasida chop etilgan.

2012 yil

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.