“Sen erkaksan…”

0
172
marta koʻrilgan.

Goʻzal va farovon hayotda yashayapmiz. Yoshlarimizning ilm olishi, hunar oʻrganishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib qoʻyilgan. Ammo toʻqlikka shoʻxlik qilibmi, ayrim yoshlarimiz, ayniqsa, oʻgʻil bolalar orasida baʼzi xurmacha qiliqlar paydo boʻlayapti.

Bogʻcha bolalariyu oʻsmir yigitchalardan tortib kap-katta bola-chaqali, quda-andali odamlarning bosh urishtirib koʻrishishlariga koʻzimiz koʻnikib qoldi. Ota-bobolarimiz uzoq vaqt koʻrmagan yaqin kishisini bagʻriga bosib, kunda koʻradigan yor-birodarlari bilan qoʻl berib koʻrishgani haqidagi oddiygina haqiqatni ham ularga eslatib qoʻyishga toʻgʻri kelayapti.

Yoʻlovchi mashinada yonimda oʻtirgan yigitchaga razm solaman. Zamonaviy, eng qimmat kiyimlardan kiygan. Ammo yelkasiga tushgan sochi, qoʻlidagi tillo uzuk va boʻynidagi zanjiri uni oʻgʻil bola emas, qizga oʻxshatib qoʻygandi. Bozorda savdo qiladigan qoʻshnim gapirib qoldi. “Kecha bir yigitcha kelib, mendan shim savdo qildi. Pul sanayotganida qoʻliga qarasam, ishonasizmi, qoʻshnijon, tirnoqlariga “lak” qoʻyib olgan, labini ham bilinar-bilinmas boʻyagan. Boshida qizchalar kiyadigan, tepasida poʻpagi bor oq toʻqima shapkacha. Gaplari ham allaqanday antiqa… Nozlanadimi-yey… Tavba qildim, yigit ham shunday boʻladimi?”

Bu yigitcha ham ertaga bir oilani boqadigan, ota-onaga suyanch boʻladigan, umr yoʻldoshini himoya qiladigan, Vatan uchun bel bogʻlab xizmat qiladigan erkak boʻlishi kerak-ku. Tashqi koʻrinishga zeb berib, tirnogʻini boʻyab, qoʻlini sovuq suvga urmaydigan oʻgʻildan mard va jasur Vatan qoʻriqchilari, yurti uchun, yori uchun, or-nomusi uchun Alpomishdek koʻkragini qalqon qiluvchi polvonlar chiqishiga ishonasizmi?

Kiyinish inson feʼl-atvoriga taʼsir qilishi haqida donolarimizning koʻplab hikmatlarini uchratamiz. Hatto muqaddas kitoblarimizda ham, erkak kishining ipak matodan kiyim kiyishi, tillo uzuk taqishi maʼqul emasligi taʼkidlanadi. Shunday ekan, nega ayrim yigitlarimiz xotin-qizlar kiyadigan yaltiroq matolardan, adraslardan libos tiktirib kiyishayapti? Ularning ota-onasi nahotki oʻgʻlining qiz bolaga oʻxshab yurishidan quvonsa? Momom rahmatli: “Erkakka oʻxshashni xohlagan ayoldan, ayolga oʻxshashni xohlagan erkakdan durust odam chiqmaydi” der edi.

Koʻchada pista sotayotgan ayol yonida saqich sotayotgan dugonasiga maqtanayotganini eshitib qoldim. “Uyga borganimda hamma narsa “gatop”, xoʻjayin ovqatlarni pishirib, kirlarni yuvib qoʻyadi”. U yogʻini eshitmadim. Demak, eri ishlamay, roʻzgʻor ishlarini qiladi. Xotin esa pul topadi…

Toʻgʻri, oila uchun er ham, xotin ham birdek masʼul, ammo hamma narsaning meʼyori, chegarasi bor. Bir umr er uyda, xotin koʻchada boʻlishi bizning oʻzbekchiligimizga toʻgʻri kelmaydi. Sogʻligʻi joyida boʻlgan erkak xotinini ishlatib, oʻzi qarab oʻtirmaydi. Bu uchun esa yigitlarimiz yoshligidan mehnatga oʻrganishi, chiniqishi kerak. Hamma balo bekorchilikdan kelib chiqadi.

Biz, ota-onalar, tarbiyachi va oʻqituvchilarda kelajak egalarini tarbiyalashda baʼzi masalalarga eʼtibor yetishmayotgandek tuyuladi menga. Masalan, oʻquv dargohlarida qizlarimiz uchun maxsus toʻgaraklar ishlab turibdi, ammo oʻgʻil bolalarga-chi? Axir juda koʻp illatlar oʻgʻil bolalardan chiqayapti-ku. Toʻgʻri, sport mashgʻulotlari yetarli, ammo ularning tarbiyasiga, yurish-turishiga taʼsir qiladigan suhbatlarmi, toʻgaraklarmi (“Belbogʻli yigitlar” deganday), zarurmikan deb oʻylayman. Suhbatlarni erkak mutaxassislar olib borsa.

Davralarda bir gapni koʻp takrorlab yuraman. Bu xususda koʻp yozganman. Maktablarimizda erkak oʻqituvchilar soni kamayib ketgani ham bolalarimizning tarbiyasiga taʼsir qildi. Bir maktabda guvohi boʻldim. Direktor ham, uning oʻquv tarbiya ishlar boʻyicha oʻrinbosari ham, maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari ham ayol kishi ekan. Men ayol kishi bu ishni eplay olmaydi, demoqchi emasman. Ammo oilada otaning oʻrni qanday boʻlsa, jamoada, xususan oʻquv dargohlarida erkak muallimlar, erkak tarbiyachilarning ham oʻrni shunday. Erkak erkakcha tarbiyaga eʼtibor beradi. Oʻgʻil bolalar erkak oʻqituvchilardan ibrat olib ulgʻayadi.

Bizning ota-bobolarimiz Vatan himoyasiga otlanganda temirdan zilday sovut kiygan, etik bilan suv kechgan, “belida belbogʻi bor”, mard va jasur, qoʻrqmas insonlar boʻlishgan. Biz – onalar bugun bu ezgu qadriyatlarimizni or qadar eʼzozlab kelayotgan yigitlarimizdan kuch olib, ularga suyanib, ularning kamolini tilab yashaymiz. Yigitlik shaʼni, erkaklik or-nomusi millatimiz faxri ekanligini unutmaylik! Qizlarimiz, ayollarimiz yonlarida togʻday qoʻrgʻoni borligidan hamisha faxrlanib yashashsin!

 

Boʻston RAHMONOVA,

Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.