Selfi – kasallik!

0
278
marta koʻrilgan.

U manmanlikka yetaklaydi

Bugungi kunda ayniqsa yoshlar orasida oʻzini oʻzi suratga olish – “selfimaniya” ommalashib ketdi. Turli ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari oʻzlarining virtual makonlarini xuddi shunday suratlar bilan “bezamoqda”.

Selfi (inglizchadan tarjima qilinganda, “self” – “oʻz-oʻzini” maʼnosini bildiradi) mobil telefon yoki kamerada oʻzini oʻzi suratga olishdir. Yaqinda AQSH Psixiatriya assotsiatsiyasi selfini rasman ruhiy xastalik deb tan oldi. Psixiatrlarning fikricha, oʻzini koʻp suratga olish shaxsning oʻziga ishonchi kamligi bilan bogʻliq ekan. Kun boʻyi faqat oʻzini suratga olib, internetga kamida oltita surat joylovchilar kasallikning eng ogʻir turiga duchor boʻlgan, deb topildi.

Selfilarga qarab insonning ruhiy holati haqida yetarlicha maʼlumot olish mumkin. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, oʻzini koʻp suratga tushiruvchilar oʻziga bino qoʻygan, tashqi koʻrinishini koʻz-koʻz qiladiganlar toifasiga kiradi. Ular bora-bora narsissizm (atrofdagilarning eʼtirof va eʼtiboriga, qolaversa, oʻzining koʻrinishiga qaramlik) girdobiga tushib qoladi.

Psixologlarning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarga selfilarini joylashtirib boradiganlar virtual olamdagi doʻstlaridan surati toʻgʻrisida ijobiy bahonigina kutadi va fikrlar, toʻgʻrirogʻi, maqtovlarning miqdoriga qarab oʻziga boʻlgan ishonchi ortadi. Hatto oʻzida mutlaqo yoʻq xislatlar ham aslida borday tuyula boshlaydi. Bu keyinchalik asab tizimi bilan bogʻliq muammolarning vujudga kelishi hamda oʻzini boshqalardan ustun qoʻyish, xudbinlik kabi jiddiy qusurlarning paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Okeanorti mamlakat tadqiqotchilari koʻngillilar oʻrtasida oʻtkazgan soʻrovnoma natijasi shuni koʻrsatdiki, ruhshunoslar qabuliga kelayotgan bemorlarning uchdan ikki qismi aynan selfiga mukkasidan ketganlar ekan. Ular beixtiyor tinimsiz selfi olaveradi va ularni ijtimoiy tarmoqqa joylayveradi.

Ammo selfi olishning eng ogʻriqli tomoni – oʻzini oʻzi suratga olish paytida xavfsizlik masalalariga eʼtibor bermaslik oqibatida yuzaga kelayotgan koʻngilsizliklar, falokatlardir. Masalan, Rossiyaning Tula viloyatida 14 yoshli maktab oʻquvchisi yuqori kuchlanishga ega elektr uzatuvchi simyogʻochga chiqib, selfi tushmoqchi boʻlganida tok urishidan vafot etgan.

AQSHning Kalama shaharchasidan oʻtgan temir yoʻlda selfi tushmoqchi boʻlgan oʻquvchi halok boʻlgan. U oʻz hamrohi bilan poyezd yoʻli chetidan ketayotganida, birdan relsga tushib, chekib turgan holda selfi tushmoqchi boʻladilar. Xabar qilinishicha, bu vaziyatda ikkalasi ham yaqinlashib kelayotgan tezyurar poyezdni sezmagan. Sezishganida esa juda kech boʻladi va yigit poyezd ostida qoladi, hamrohi boʻlsa voqea joyidan qochib qolgan.

2014 yilning 31 may kuni AQSHning Kolorado shtati Denver shahri yaqinida yengil motorli samolyot havoga koʻtarilgandan 4 daqiqa oʻtib, halokatga uchraydi. Oqibatda 2 kishi halok boʻlgan. Bunga uchuvchining parvoz paytida oʻzini selfiga olishi sabab boʻlgan. Bu holat yuzasidan AQSH Transport xavfsizligi boʻyicha milliy kengashi tergovlari natijalari “ABS News” kanali orqali maʼlum qilingan.

Shuningdek, Moskva viloyatida oʻquvchi qiz ochiq deraza tokchasida turib oʻzini suratga olmoqchi boʻlgan va muvozanatni yoʻqotib, sakkizinchi qavatdan pastga tushib ketgan.

Odamlarning oʻzini oʻzi haddan ziyod suratga olib, boshqalar bilan baham koʻrishi, oʻzi haqida ijobiy munosabat kutishini manmanlik deb baholash mumkin. Manmanlik bora-bora odamda axloqsizlikning shakllanishigacha olib keladi. Inson bugun qayerda boʻldi, nima ish qildi – shularni aks ettirish maqsadida oʻzini esdalik uchun suratga olishi, hayotining har bir lahzasini fotoga muhrlashga intilishi balki tushunarlidir. Lekin dafn marosimlari, avtohalokatlar paytida, yongʻin yoki boshqa tabiiy yo texnogen hodisa roʻy berganda jabrlanganlarga koʻmakka shoshilish, yiqilib qolgan qariyaga yordam berish oʻrniga ularning yonida yoki fonida suratga tushish axloqsizlik va maʼnaviyatsizlikdan boshqa narsa emas. Demak, buni chuqur oʻylab koʻrgan holda ruhiyati shakllanib boʻlgan biz yoshi kattalar yoshlarga bu kabi “yangi davr illatlari”ning zararli jihatlarini toʻgʻri tushuntira bilishimiz, ularni texnika yangiliklaridan samarali foydalanishga odatlantirishimiz maqsadga muvofiqdir. Binobarin, “selfi”ning ommaga koʻrsatish uchun olingan har qanday koʻrinishi bizning mentalitetga yotdir.

 

Oqila BAHROMOVA

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.