Sayyohlarning samimiy eʼtiroflari

1
174
marta koʻrilgan.

Diyorimizda sayyohlik mavsumi. Navbatdagi mehmonlarni Toshkent xalqaro aeroportidan Parijga kuzatib, Samarqandga qaytar ekanman, xayollarim meni toliblik yillarim tomon olib ketdi. Sobiq Shoʻro davri edi. Samarqand davlat universitetining roman-german filologiyasi fakultetida tahsil olardik. Tarjimonlik amaliyoti shahrimizdagi “Inturist” mehmonxonasi qoshida oʻtilar edi. Mehmonxona shu nomdagi Butunittifoq hissadorlik jamiyatiga qarashli boʻlib, u sobiq Sovet Ittifoqiga xorijlik sayyohlarni jalb qiluvchi yagona tashkilot edi. Demak, bizning yurtimizga tashrif buyuradigan xorijlik sayyohlar ham Moskvaning ixtiyori bilangina shu imkoniyatga ega boʻlar edilar, desak yanglishmaymiz.

“Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasiga xush kelibsiz!” – dedim bir fransuz sayyohiga oʻsha paytlar hayajonlanib.

Mehmon menga ajablanib qaradi:

“Qanaqa respublika dedingiz?”

Men aytganlarimni dona-dona qilib, takrorladim. U menga endi bir oz achinish, andak istehzo bilan qarab turardi.

“Siz oʻzingiz shunaqa respublika borligiga ishonasizmi? Bu yerlar biz uchun Rossiya Osiyosi, yaʼni rus mustamlakasi, xolos. Men esa Samarqandni koʻrgani kelganman.”

Sayyohning soʻzlaridan xafa boʻlib ketdim. U ahvolimni sezdi shekilli, oʻzicha koʻnglimni koʻtarmoqchi boʻldi:

“Balki, bir kun kelib, siz aytganingizdek oʻzingizning ozod Respublikangiz boʻlar. Har holda, men sizga shuni tilayman!”

Bu suhbat bundan oʻttiz ikki yil avval, 1981 yilning avgust oyida boʻlib oʻtgan edi… Bu yil esa Ozod respublikam yigirma uch yoshga toʻldi!

Bugun esa ahvol butunlay oʻzgacha. Mustaqilligimizning ilk yillaridanoq Yurtboshimizning Oʻzbekistonimizni sayyohlik oʻlkasiga aylantirishga yoʻnaltirilgan Farmon va qarorlari qabul qilindi. Ularning ijrosi esa Vatanimizning Buyuk Ipak Yoʻlida joylashgan muhim tarixiy chorraha sifatida dunyoga tanilishida poydevor vazifasini bajardi. Mamlakatimiz boy tarixi va betakror obidalari bilan dunyo sayyohlarini oʻziga tortuvchi maftunkor diyorga aylanib ulgurdi. Tarjimon-hamroh sifatidagi oʻn yetti yillik tajribam menga shunday xulosa chiqarishimga toʻliq imkon beradi. Keling, soʻzimning isboti uchun oʻzim hamrohlik qilgan sayyohlarning fikrini Siz aziz vatandoshlarimga yetkazsam. 2011 yilda men hamrohlik qilgan fransiyalik sayyohlarning orasidan Yuri Poshtar ismli bir janob menga kutilmagan gapni aytib qoldi:

“Bilasizmi, men aslida yomon turistman, qaysi mamlakatga borsam, oʻsha joyda faqat salbiy tomonlarni axtaraman va topaman ham. Sizlarning yurtingizda bironta boʻlsin salbiy narsani topmadim… Xalqingizning odamiyligi, mehmondoʻstligi, bagʻrikengligi, davlatingiz rahbarining olib borayotgan siyosati, nafaqat poytaxtu katta shaharlardagi, balki, qishloqlardagi bunyodkorlik ishlari meni lol qoldirdi. Men mamlakatingizga qoyil qoldim!”

Suhbatimizga Yurining rafiqasi, olima, Faxriy Legion ordeni sohibasi boʻlmish Kristian xonim qoʻshildi. “Yuriga ishonavering, Murod, u faqat haqiqatni gapiradi. Hatto men ham hayronman, qancha yurtlarni aylanib chiqqanmiz, ammo, birinchi marta uni shunday mamnun holda koʻrishim.”

Men mana shunday damlarda nihoyatda toʻlqinlanib ketaman, Vatanimdan gʻururlanish hissi meni yuqoridagi fikrlarni tezroq vatandoshlarimga yetkazishga undaydi. Buni men oʻz sharafli burchim, deb bilaman. Chunki, vatandoshlarimiz orasida haligacha qanday davlatda yashayotganimiz-u kimlar bizga havas bilan qarayotganligini anglab yetolmaganlar, afsuski, uchrab turadi. Shu oʻrinda yana bir misolni keltirib oʻtsam: fransiyalik Mishlin Gallinari ismli xonim ilk marta 2011 yilning may oyida Oʻzbekistonni oʻzi uchun kashf qilgan edi. Yurtimizni bir umrga sevib qolgan xonim hozirgacha sakkiz marta zaminimizda mehmon boʻldi. Oʻz yurtida esa Gallinari xonim barcha doʻstu tanishlariga Oʻzbekiston haqida toʻlib-toshib gapirib beradi, atrofidagi barcha insonlarni bu diyorni hech boʻlmasa bir marta kelib koʻrishga undaydi. Eng taʼsirli tomoni, Gallinari xonim soatini Toshkent vaqtiga toʻgʻrilab qoʻygan, u oʻzbek vaqti bilan yashaydi. Bunisiga nima deysiz?!

Shu oʻrinda mamnuniyat bilan taʼkidlab oʻtsam, xorijiy sayyohlarning eʼtiborini tortayotgan va hayratga solayotgan eng birlamchi hol, bu – yurtimizning pokizaligi, shaharlarimiz, koʻchalarimiz, bogʻlarimiz va bozorlarimizning ozodaligidir! Bu hayrat ularni Toshkent yoki Urganch xalqaro aeroportlaridan chiqishdanoq chulgʻab olib, yurtimizni kezib, Mustaqillik maydoniga qadam qoʻyganlarida oʻzining yuqori choʻqqisiga chiqadi! Hozirgidek esimda, Samarqandimizning Siyob bozorini kezayotib, bir fransuz sayyohi bu yerdagi ozodalikni koʻrib “Bu bozor emas, muzey-ku!” deya xitob qilgan edi. Bu gaplar boshqa koʻpgina bozorlarimizga ham birdek taalluqli deb oʻylayman. Ha, ozodalik bizning qonimizda bor. Ishonamizki, bu fazilatlar kelajakda ham bizni aslo tark etmaydi.

Ajnabiy mehmonlarni oshufta etgan ikkinchi jihat bu betakrorlikdir. Buni sayyohlar koʻp bor eʼtirof etishgan. Albatta, ular shunchaki, nomiga baho berishdan, maqtov, hamdu sanodan xoli. Boshqa mamlakatlar bilan bizning yurtni qiyoslab koʻribgina shunday xulosaga kelishgan. Betakrorlik, avvalo, mehmondoʻst va bagʻri keng xalqimizning tabiatida, ochiq chehra va samimiy tabassum ila mehmonlarni kutib olishlarida namoyon boʻladi. Shuning uchun ham xorijlik sayyohlar vatandoshlarimizning bu fazilatlarini koʻrib lol boʻladilar va mazkur fazilatlarni xalqimiz hech hachon yoʻqotmasligini tilab qoladilar.

Agar yoʻlingiz tushib, Toshkent xalqaro aeroportiga borib qolsangiz, vatanlariga qaytib ketayotgan xorijlik sayyohlarni bir kuzating. Ularning chaqnoq koʻzlarini, koʻtarinki kayfiyatlarini, hatto, koʻz yoshlarini koʻrib, hayratda qolasiz. Va Vatanga boʻlgan mehringiz, muhabbatingiz yanada yuksaladi.

 

Murodxon ERGASHYeV

 

“Yoshlik”, 2014 yil 9-son

1 mulohaza

  1. Assalomu alaykum saviya.uz saytining ijodkorlari,

    Sizlarning saytlaringizni tasodifan kashf kilib, shunday saviyali saytlar xam chika boshlabdi, deb xursand bulgan edim. Endi esa, saxifalaringizda uzimning ikkita makolamni kurib, Sizlarga uzimning minnatdorchiligimni izxor etishni lozim, deb topdim. Eʼtiborlaringiz uchun samimiy tashakkurimni kabul kilishlaringizni surab kolaman!

    Ijod va mexnatlaringizga kadr tilab,
    Murodxon Ergashev,
    Samarkand

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.