Sayyid Amir Kulol haqida haqiqatlar

0
1317
marta koʻrilgan.

Movarounnahr, xususan, Buxoroda Islom dini rivojiga munosib hissa qoʻshgan allomalar koʻp. Uning ilm nuri hamon butun musulmon olamini charogʻon etayotir. Koʻhna va muborak bu zaminda bir bora boʻlishni orzu qiladiganlar dunyoning turli burchida topiladi. Ayniqsa, islom olamida mashhur buyuk avliyolar yetti pir nomini olgan tariqat va tasavvuf olamining yirik namoyandalari mangu qoʻnim topgan maskanlarni ziyorat etishni koʻpchilik orzu qiladi.

Albatta, ayrim oʻquvchilarda yetti pir haqida toʻliq maʼlumot boʻlmasligi mumkin. Kimlar ushbu yettilikka kirgan, degan savol tugʻilishi tabiiy. Tarixdan maʼlumki, VIII asrning boshlarida zaminimizda Islomning kirib kelishi bilan aholi oʻrtasida uni chuqurroq oʻrganishga boʻlgan talab ham oʻz-oʻzidan oshdi. Yillar oʻtgani sayin nafaqat Oʻrta Osiyoda, balki butun musulmon olamida Buxoro ilm-fan va Islom dini markazlaridan biriga aylandi. Islom dini arkonlarini mukammal oʻrganaman degan ulamolar Buxoro madrasalari va mudarrislaridan saboq olishni oʻzlariga yuksak martaba sanadilar. Ana shu davrdan boshlab, Turkiston oʻlkasidan buyuk allomalar yetishib chiqa boshlagan. Yuqorida taʼkidlaganimiz, yetti pirning kamol topishi ham ilmga va dinga boʻlgan yuksak ehtirom mahsuli boʻldi.

Bu zamindan voyaga yetgan Naqshbandiya tariqati namoyandalari sifatida nom qozongan, ulugʻ tasavvuf ilmi bilimdonlari – Xoja Abdulxoliq oʻijduvoniy, Xoja Muhammad Orif ar-Revgariy, Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va hazrat Bahoudddin Naqshbandga yetti pir maqomi berilgan. Quyida “Yetti pir” maqomi qatoriga qoʻshilgan Sayyid Amir Kulol hazratlarining bizga qoldirgan maʼnaviy-maʼrifiy merosini oʻrganish, kelajak avlodga yetkazish boʻyicha qilinayotgan saʼy-harakatlar bilan tanishsak.

Sayyid Amir Kulol – asl ismlari Sayyid Amir Kalon as-Suxoriy boʻlib, Buxoro yaqinidagi Suxor qishlogʻida (hozirgi Kogon tuman, Yangi hayot qishlogʻida) 1281 yilda dunyoga kelganlar. Kulolchilik hunarida mashhur boʻlganliklari bois Amir Kulol deb atalganlar. U kishining ajdodlari – paygʻambar alayhissalom nasablariga borib taqalgani uchun sayyidlardan hisoblanadi.

15 yoshlaridan Muhammad Boboyi Samosiyga shogird tushib, Qurʼon, hadis, tasavvuf ilmlarini oʻrganib oʻz zamonlarida “Sultonut tariqat” – tariqat sultoni, “Murshidus solikin” – haq yoʻlga kirganlarning piri va “Sayyidul orifin” – avliyolarning sayyidi unvonlariga ega boʻldi. Hazrat Sayyid Amir Kulol silsila omonatini xoja Muhammad Boboyi Samosiydan olib, hazrat Abdulxoliq oʻijduvoniy asos solgan “Xojagon” tariqatining davomchisi sanalgan. Alloma tasavvufda moʻtadillik gʻoyalarning tarafdori boʻlgan. Aksariyat bitiklarida bilim olishda aqlli, dono kishilar bilan suhbatning ahamiyatini uqtirib, nodonlardan uzoq boʻlishga chaqiradi. Nodonlar bilan boʻlish ularning taʼsiriga tushishga olib kelishi mumkin, – deydi olim.

Ilm olish juda murakkab jarayon ekanligini uqtirib, shunday deydi:

– Qayerda boʻlmasangiz, ilm talabida boʻling. Bu yoʻlda olovli yoki suvli daryodan oʻtish lozim boʻlib qolsa, albatta, oʻting va ilmni egallang.

Hazrat Sayyid Amir Kulolning bundan yetti asr muqaddam bilim olish, ilmli boʻlish va unga amal qilish xususidagi daʼvatlari oʻtmish, hozirgi va kelajak hayotimiz yuksalishi talablari bilan hamohangdir.

Aytishlaricha, Amir Kulol 15 yoshga toʻlguniga qadar kurash bilan shugʻullangan. Kurash inson salomatligi va kamolotida muhim oʻrin egallashini alohida taʼkidlagan. Ayniqsa, otalar oʻgʻillariga ilm oʻrgatish bilan birga kurash bilan shugʻullanishiga sharoit yaratib berishi shart deb bilgan. Olimning farzand tarbiyasi xususidagi pand-nasihatlari bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Bundan tashqari, olim soʻfiylikni tanlagan boʻlsa-da, hech kimdan iltifot kutmagan. Kulolchilik sirlarini mukammal egallab, shu ishdan topgan daromad evaziga oila tebratgan. Qolgan muridlariga ham halol luqma orqali umrguzaronlik qilishni tavsiya etadi. Agar hazrat oltinu javohirlarga toʻla hayotni tanlaganlarida ham bunday imkoniyatga ega boʻlgan boʻlardi.

XIV asr Turkiston, ayniqsa, Movarounnahrda buyuk sarkarda va davlat arbobi, sohibqiron Amir Temur tarix sahnasida gavdalandi. Amir Temur yuz yildan ortiq vaqt davomida moʻgʻullar changalida qolgan Turon zaminni dushmandan xalos etib, Movarounnahr davlatiga asos soldi. Amir Temur hayoti va yurishlari aks etgan tarixiy asarlarda bu ikki shaxsning uchrashuvlari boʻyicha aniq dalillar keltirilgan. Amir Temur, tasavvuf va islom olamida katta muvaffaqiyat qozongan zamondoshlariga hurmat bilan qaragan. Ularning oq fotihalarini olishni joiz deb bilgan.

Tarixiy manbalarga qaraganda, olimning oʻzi Temur saroyiga borib xizmat qilmagan boʻlsa-da, u kishining toʻrtinchi oʻgʻillari Sayyid Umar uzoq yillar Amir Temur saltanatida yuqori lavozimda ishlagan. Jumladan, allomaning farzandlari Movarounnahr davlatining moliya vaziri darajasigacha koʻtarilgan. U kishi 1400 (01) yilda vafot etganlari va xoklari Samarqand shahrida Goʻri Amir maqbarasida ekani tarixiy kitoblarda qayd etilgan.

– Uzoq yillar yuksak dunyoviy va diniy ilm sohibining maʼnaviy-maʼrifiy dunyosi va merosi oʻrganilmadi. Shu bois boʻlsa kerak, u kishi haqida aksariyat hamyurtlarimizda yetarlicha maʼlumot yoʻq, – deydi Vazirlar mahkamasi huzuridagi din ishlari boʻyicha qoʻmitaning Buxoro viloyat boʻlimi vakili Mansur Nurillayev. – Borlari ham juda kam. Hazrat haqlaridagi mukammal maʼlumotlar u kishining nevaralari Shaxobiddin tomonidan yozilgan “Maqomoti Amir Kulol” kitobida mavjud. Mazkur kitobning toshbosma va qoʻlyozma nusxalari ayni paytda Toshkent sharqshunoslik ilmiy tadqiqot institutining qoʻlyozmalar fondida saqlanmoqda. Bundan tashqari, 2010 yilda “Hazrat Sayyid Amir Kulol” tarixiy risolasini kitobxonlar eʼtiboriga havola etdik. Ushbu risolada ham oʻquvchilar hazratning karomatlari va yuksak salohiyatlari haqida aniq dalillar bilan tanishishlari mumkin. Zero, vatandoshimizning merosini oʻrganish va bugungi oʻquvchilarga yetkazish muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimiz istiqlolga erishganidan soʻng nomlari qayta tiklanib, faoliyati oʻrganilgan, maqbaralari obod maskanlarga aylantirilgan ulugʻ ajdodlarimiz qatoridan Sayyid Amir Kulol hazratlari ham joy egalladi. Hazratning muborak qabrlari Buxoro viloyati Kogon tumani Yangi hayot qishlogʻida joylashgan. 1997 yilda Qiziltepa – Kogon avtomagistrali yoqasida joylashgan Yangi hayot qishlogʻida goʻzal va purviqor majmua qad rostladi. 2007–2008 yilda qayta rekonstruktsiya ishlari olib borilganidan soʻng ziyoratgoh yanada obod goʻshaga aylantirilib, yangi maqbara barpo etildi. Har kuni bu maskanga mamlakatimiz va xorijdan yuzlab ziyoratchilar tashrif buyuradi. Bu oʻz navbatida Hazrat Amir Kulolga islom olamida boʻlgan yuksak eʼtirof nishonasidir.

Xulosa oʻrnida taʼkidlab oʻtish kerakki, ulugʻ bobokalonimiz butun umrini oʻz qishlogʻida oʻtkazgan. Biror marotaba uzoq safarlarga yoki haj ziyoratiga borgan emas. Lekin u kishining islom diniga oid fikrlari va qarashlari butun musulmon olamida keng tarqalgan. Ular hanuz oʻz mavqeini yoʻqotgan emas. Chunonchi, diniy taʼlimotni uzoqdan emas, oldimizda oqayotgan “ummon” tubidan izlash maqsadga muvofiqdir.

 

Jobir XOʻJAQULOV

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.