savodxon.uz sayti haqida ikki ogʻiz

0
73
marta koʻrilgan.

Shu kunlarda savodxon.uz sayti bilan tanishdim. Barcha uchun kerakli sayt boʻlibdi.

Undan lotin-kiril alifbosi uchun onlayn oʻgirgich, fayl oʻgirgich, android qurilmalar uchun imlo lugʻati va oʻgirgich, WordPress dasturi uchun plaginlar, Google Chrome dasturi uchun ilova kabilan oʻrin olgan.

Hozir sayt bazasidan 494 897 ta soʻzning imlosini lotin alifbosida tekshirish mumkin ekan. Biror soʻz yozsangiz, oʻsha oʻzakdagi yoki unga yaqin boshqa soʻzlarni ham chiqarib beradi. Topilgan soʻz ustiga bosib, uning lotin va kiril alifbosidagi imlosi, boʻgʻin tarkibi bilan tanishishingiz mumkin.

Lotin-kiril oʻgirgichini ishlatib koʻrdim. Men kiritgan sinov matnlarni xatosiz oʻgirdi. Uning yana bir afzallik tomoni – matn formatini (yozuvning qora, qiya yoki tagiga chizilganligini) ham saqlab qolar ekan.

Fayl oʻgirgich Mozilla dasturida ishlamadi, lekin Chrome’da muammosiz ishladi. Imloni tekshirishda oz-moz texnik xatoliklar bor, lekin ular keyingi yangilanishlarda tuzatilsa kerak. Aslida, sayt foydalanuvchisi uchun oʻgirgichning onlayn varianti har tomonlama qulay.

Yana bir quvonarli tomoni, loyiha mualliflari WordPress dasturi uchun ham plaginlar yaratishibdi. Bunday qoʻshimchalar Joomla, Drupal yoki ModX singari ommaviy tekin (opensource) dasturlar uchun ham ishlab chiqilsa, nur ustiga nur boʻlardi. Bilishimcha, hozir bu platformalar uchun oʻzbekcha oʻgirgich plaginlari mutlaqo yoʻq.

Koʻpchilik yurtdoshlarim singari bu yoʻnalishda mening ham bir-ikki orzularim bor. Masalan, Windows’da ishlaydigan oʻgirgich dasturi, imlo lugʻati, Word va LibreOffice (OpenOffice) uchun imlo tekshirish hamda oʻgirgich plagini ham ishlab chiqilsa, nur ustiga nur boʻlardi. Albatta, bular katta mehnat va mablagʻ talab etadi. Balki biror maʼrifatparvar homiy ham topilib qolar. Axir bu davlat tilini, ona tilimizni targʻib qilish, uni oʻrganishni sezilarli darajada qulaylashtiradi.

Ilmini qizgʻonmaslik, bilganlarini baham koʻrish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Bundan tashqari, dasturchilar orasida ham ona tilimizni yaxshi biladigan, unga muhabbatli mutaxassislarning borligi juda quvonarli.

Aslida, har qanday ziyoli qaysi sohada ishlashidan qatʼi nazar ona tilini puxta egallashi, unda fikrini erkin, ravon va tushunarli ifodalay olishi kerak. Ushbu sayt bu borada yaxshi koʻmakchi boʻladi, degan umiddaman.

Loyihaga muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Orif Tolib

 

oriftolib.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.