Sarxush zaifalar

0
440
marta koʻrilgan.

Dunyo qadim-qadimdan Sharq ayollarining odob-axloqi, urf-odatlariga havas qilib kelgan. Havas qilishganicha ham bor-da! Axir, dunyo tamaddunining yuksalishiga munosib hissa qoʻshgan, oʻz zakosi ila nomi tarixga yozilgan va hanuz barchani hayratlantirib kelayotgan ne-ne allomalarni dunyoga keltirgan, tarbiya qilgan zotlarga kim ham havas qilmaydi?! Aslida, ayol boʻlib yaralmoqning oʻzi – baxt. Ayniqsa, bugun mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, ularning salomatligini asrash, ijtimoiy faolligini kuchaytirish kabi masalalar davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Biroq, guruch kurmaksiz boʻlmaydi, deganlaridek, shunday xotin-qizlar ham borki, gohida ularning nojoʻya qadami koʻngilga tegadi, kishida nafrat uygʻotadi. Turmush zarbalariga chidab, yoʻl topib yashayotganlarni koʻrib, yashashga ragʻbatingiz oshsa, umr yoʻlining sinovlariga yengilib, oʻz masʼulligini unutayotganlarga qarab, afsus bilan bosh chayqaysiz. Bugun texnika jadal surʼatlarda rivojlanayotgan, “ommaviy madaniyat” oʻz taʼsirini oʻtkazishning turfa usullaridan foydalanayotgan zamonda salgina eʼtiborsizlik, ehtiyotsizlik tufayli ayrim ayollar, qizlar pok shaʼnlariga dogʻ tushirib qoʻymoqda. Dastlab zamonaviy boʻlamiz deb yengil-yelpi kiyinishga oʻtdik, endi esa baʼzi opa-singillarimiz uchun tamaki chekish va spirtli ichimliklar ichish ham uyat boʻlmay qolyapti.

 

Bir toʻydagi ikki fojia

  1. Universitetni bitirish arafasida bir dugonamiz uzatildi. Chekka qishloqqa toʻyga bordik. Borishga bordig-u, koʻz koʻrib, quloq eshitmagan voqealarga guvoh boʻldik. Biz oʻzimizcha aroqni faqat shahardagi, gʻarbona hayot tarziga taqlid qiluvchi opa-singillarimiz ichishadi, deb oʻylab yurarkanmiz. Bu toʻydagi manzaralar esa…

Chogʻroqqina toʻyxona. Qishloqlik ayollarning samimiyligidan, soddaligidan zavq olib oʻtiribmiz. Kun sovuq, koʻnglimiz issiqqina choydan boʻlakni xohlamaydi. Bir payt yonimizda oʻtirgan ayol:

– Qanaqasidan ichasizlar? Boshlanishiga qizilidan quya qolay-a?! Kun sovuq, sal qizib olinglar, – dedi-da, javob kutmay vino ocha boshladi. Soʻng qoʻshib qoʻydi: – Kelinning dugonalari poytaxtdan kelgan – “nozik mehmon-da”.

Koʻpincha “nozik mehmonlar” uchun spirtli ichimliklar qoʻyishadi. Demak, bizning stolga ham shu maʼnoda turli “oq va qizil choy”lardan tortishgan.

– Uzr, biz ichmaymiz. Olib qoʻysangiz ham boʻladi, – dedik xijolat boʻlib.

– Oʻzim oʻrgilay sizlardan, poytaxtdan kelasizlar-u, mehmon boʻlmay ketasizlarmi? Mehmon – atoyi Xudo. Kelin-kuyovning baxti uchun qittak-qittak olasizlar-da endi, tortinmanglar.

Ayol dugonamizning baxti uchun piyola koʻtarishimizni iltimos qilib, biz esa uzr soʻrab charchadik. Axiyri ayol qovogʻini uygancha taslim boʻldi. “Xayriyat, endi shishalarni olib qoʻyishadi”, deb turgandik, vaziyat boshqacha tus oldi. Endi bizdan boshqalar piyola urishtirishdi. Qarasak, piyolalarning jarang-jurunggi qoʻshni stollardan ham eshitila boshladi. Ustma-ust tilak bildirishdi, bir piyolani ikkinchisiga ulab ichishdi. Ular bizning borligimizni ham eslaridan chiqarib qoʻyishgandi. Roʻparamda oʻtirgan ayolning bolasi borligiga endi eʼtibor qilibman: qorni ochqab, yigʻi boshladi. Ona esa qoʻlidagi piyolani oxirigacha simirdi-da, bir yashar atrofidagi bolasining ogʻziga koʻkrak soldi…

  1. Nihoyat oq libosda tovlanib, davraga kelin kirib keldi. Chiroyli tilaklar bildirildi. Oʻyin-kulgi avjiga chiqdi. Davrada xirom etayotgan raqqosaning u yoqdan-bu yoqqa pildirab muqom qilishi shundoq ham omonat oʻrnimizdan betoqat qila boshladi. U negadir ayollar tomonga emas, erkaklar davrasiga qarab oʻynar, ularning qarshisida oʻzini ming maqomga solardi. Erkaklar uzatgan piyolalarni ketma-ket ichar, uzatilgan pullar kayfiyatini koʻtarar, oʻynar, yana ichardi. Raqqosa gandiraklab-gandiraklab, oʻynolmay qoldi. Soʻngra oʻtirib, erkaklar bilan teppa-teng ichib, davrani “qizitish”ga kirishdi…

Koʻnglimiz xira tortib, shu kuniyoq izimizga qaytdik…

 

Ayollar nega ichadi?

Kasallikning turi koʻp. Dard bir tanada boʻlsa, bir kishini qiynaydi. Yuqumli kasallik esa qanchadan-qancha insonlarning umriga xavf soladi. Shunisi ham borki, kasallik birinchi navbatda immun tizimi past kishilarni tanlaydi. Yomon illatlar ham yuqumli kasallikka oʻxshaydi. Atrofdagi irodasi sust kishilarni oʻz domiga tortadi.

Erkaklarning spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishiga koʻzimiz oʻrganib qolgan. Biroq poyida jannat boʻlgan onalar – ayollar va qizlarning ichkilikka ruju qoʻyishi, mast-alast holda yurishi, oqibati xunuk hodisalarning yuzaga kelishi kishini oʻyga toldiradi. Chunki ayol – jamiyat davomchisi. Uning jismonan va aqlan sogʻlomligi kelajakni belgilaydi. Tibbiy maʼlumotlarga koʻra, bir oyda uch marta alkogol ichuvchi onadan tugʻilgan bolada alkogolga 47 foiz, agar ota ham ichsa, 60 foiz moyillik boʻlarkan. Demak, eng dahshatlisi, ichuvchi ota-ona boʻlajak ichuvchini dunyoga keltirisharkan. Fransuz shifokori Demmening ichkilikka ruju qoʻygan oilalarda oʻtkazgan tadqiqoti natijasi shu boʻldiki, ichuvchi ota-onadan dunyoga keladigan bolalarning 10 foizi epilepsiya, 10 foizi miya shikastlanishi, xotira sustligidan aziyat chekarkan.

“Erkaklarning spirtli ichimliklar isteʼmol qilishiga koʻzimiz oʻrganib qolgan”, derkanmiz, ularni hech oqlamoqchi emasmiz. Chunki ichkilikboz erkaklar tufayli oilalarda, jamiyatimizda roʻy berayotgan koʻngilsizliklarni yaxshi bilamiz. Ammo ayol spirtli ichimlikka ruju qoʻysa, bundan-da xunuk, taʼbni tirriq qiluvchi manzaralar yuzaga keladi. Axir, dagʻal matoga uncha-muncha dogʻ tegsa, balki sezilmas, lekin oppoq, harir matoga igna uchiday gard qoʻnsa ham, hammaning nazariga tushadi. Ayol tiynati, shaʼni ana oʻsha nurday toza harir matoga oʻxshaydi. Shunday ekan, savol: ayollar nega spirtli ichimlik isteʼmol qiladi?

Dildora, 28 yoshda: – Oʻqituvchiman, turmush oʻrtogʻim ham masʼul lavozimda ishlaydi. Tugʻilgan kunlar va bayramlarda oilaviy bordi-keldilarimiz koʻp. Mehmondorchiliklarda davradoshlarning yuzidan oʻtolmay bir-ikki marta vino, konyak ichdim. Qarasam, kayfiyatim koʻtarilyapti. Baʼzida turmush oʻrtogʻim bilan uyda aroq ichishga odatlandim. Kayfim tarqagach, “Nega ichdim?” deb yuragim siqiladi. Gap-gashtaklarda yana koʻngil oʻlgur tinchlik bermaydi.

Vazira, 26 yoshda: – Turmush oʻrtogʻim bilan bir sinfda oʻqiganmiz, sevishib turmush qurganmiz. Qizimiz tugʻilgach, ishlash uchun Rossiyaga ketdi. Dastlab pul yuborib turdi, keyin puldan ham, oʻzidan ham darak boʻlmadi. Qishloqda uning Rossiyada uylanib olgani haqida mish-mish bolaladi. Men esa ishonmadim. Toʻrt yil deganda kirib keldi. U oʻzgargandi. Yigʻlab-siqtadim. Hammasini tan oldi: uylanib olgan ekan. Erimni olib qololmadim, ota-onasini aldab, iziga qaytdi. Dardim ichimda, koʻnglimni hech kimga yora olmayman. Kinolarda ayollarning oʻz dardini aroq bilan yengillatganini koʻrgandim, men ham koʻnglimni “shisha”ga ochdim. Bora-bora ichib olib, qaynota-qaynonam bilan janjallashadigan, baxtsizligimga ularni ayblaydigan boʻldim. Oqibatda ne-ne orzular bilan qadam qoʻygan qadrdon hovlimdan haydaldim. Erim bir yildan soʻng tavbasiga tayanib qaytdi. Hayotimiz izga tushib ketdi, biroq boshqa farzand koʻrolmayapmiz. Ichkilikning oqibatidan boʻlsa kerak, deb oʻzimni kechirolmayman.

Adolat, 22 yoshda: – Ichaman, lekin nega ichishimni oʻzim ham bilmayman. Esimni tanibmanki, otam ham, onam ham ichadi. Kun boʻyi ishda, gohida kech qaytishadi. 16 yoshimda xolalarimning qizlariga qoʻshilib chekib koʻrganman. Asta-sekin tugʻilgan kunlarda icha boshlaganman. Ota-onam biladi, lekin bilmaslikka oladi…

 

Muhimi – birinchi qadamni qoʻymaslik

Yana bir tur ayollar borki, ular vino qon koʻpaytiradi, aroq shamollashlarning oldini oladi, infeksiyalarni oʻldirib, ichaklarni tozalaydi, deb oʻz qilmishlarini oqlaydilar. Biroq spirtli ichimliklarning inson salomatligi uchun xavfini sanasangiz, quloqlariga olmaydilar. AQSHda, oz miqdorda alkogol mahsulotlari ichib turish yurak faoliyati uchun foydali, degan qarash mavjud. Biroq amerikalik tibbiyotchilar oʻz xulosasiga asoslanib, bu notoʻgʻri ekanligini isbotladi. Shifokorlarning tadqiqoti “Journal of the American Heart Association” jurnalida chop etildi.

Har kuni 10 gramm alkogol ichish yurak boʻlmasi fibrillyasiyasi rivojlanishi xavfini 5 foizga orttiradi. Qoʻshimcha har 10 gramm spirtli ichimlik ichgan odam yuragining chap boʻlmasi 0,16 mm. ga kengayadi. Tadqiqot mualliflari 5220 respondentni oʻrgandi. Ularning 54 foizi ayollar boʻlib, oʻrtacha yoshi 56 ni tashkil etdi. Tadqiqot qatnashchilari elektrokardiografik tekshiruvdan oʻtkazildi. Olti oy mobaynida oʻtkazilgan 17659 tekshiruvdan 1088 holatda yurak boʻlmasi fibrillyasiyasi aniqlandi.

Nargiza Bobojonova, Toshkent shahar narkologiya dispanseri vrach-narkologi, psixo-terapevt:

– Bugun ayollar oʻrtasidagi alkogolga mutelik 22-42 yoshni tashkil etadi. Spirtli ichimliklar isteʼmol qilish yosh yoki jins tanlamaydi. Ayollarni ichishga majbur qiluvchi asosiy sabab – muammolarni unutish istagidir. Toʻgʻri, spirtli ichimlik qabul qilingandan soʻng eyforiya holatida muammolar unutilgandek boʻladi, lekin uning taʼsiri ketishi bilan – yana oʻsha hayot… Erkaklarga nisbatan ayollarning “ichuvchi” boʻlib qolishi osonroq. Buning evaziga boshqa muammolar yuzaga keladi: oilaviy janjallar, xiyonat, farzandlariga ruhiy va jismoniy shikast yetkazish, qoʻqqisdan jinoyat qilib qoʻyish. Eng yomoni, alkogol salomatlikka jiddiy zarar yetkazib, bir martagina berilgan imkoniyat – yashash imkoniyatini boy berib qoʻyish ham mumkin. Spirtli ichimliklar isteʼmoli nerv toʻqimalarini parchalaydi, yurakni yogʻ bostiradi, jigar sirrozi, gastrit, oshqozon-ichak yarasi, buyrak hujayralarining oʻlimi, modda almashinuv jarayonining buzilishi, reproduktiv faoliyat susayishi, achinarlisi, nosogʻlom avlod tugʻilishiga olib keladi. Alkogol oshqozonga tushgach, meʼda shirasining koʻproq ajralishiga sabab boʻladi. Agar och qoringa ichilsa, bir necha soniyada ichakka yetib boradi. Yoʻgʻon va ingichka ichak orqali qonga soʻrilib, qon oqimi orqali butun organizmga, hatto suyak va yogʻ toʻqimalariga singadi. Shuningdek, markaziy nerv sistemasiga taʼsir koʻrsatib, toʻqimalarni halok qiladi. Shu taʼsir tufayli ruhiy salomatlikka putur yetkazadi. Alkogol miyadagi ochlik markaziga taʼsir qilib, maʼlum bir vaqt mobaynida ochlik hissini yoʻqotadi. Shuning uchun ichgan odam “ochqamaydi”, biroq foydali ozuqa yetishmasligidan darmoni qurib, holdan toyadi.

Ayollarning spirtli ichimliklarga bogʻlanib qolishi oʻta achinarli holat. Tasavvur qilib koʻring: bir oilaning qizi, bekasi, kelini yoki quda-andasi shisha toʻqishtirib ichib oʻtirsa… Gʻarb mamlakatlarida bu odatiy holdir, biroq biz oʻzligini qadrlaydigan, diyonatli xalqmiz. Turmushning issiq-sovugʻiga bardoshli, irodasi kuchli ayol zotining bu illat domiga osongina tushib qolayotgani xatarli. Bunday jamiyatda axloqsizlik urchiydi, maʼnaviyat inqirozga yuz tutadi. Alkogolga qaram ayolning hayoti betartib boʻla boradi, obroʻsi toʻkiladi.

Alkogol baribir oʻz ishini qiladi. Bu yoʻl – xatarli. Tarbiyali, irodasi mustahkam ayol bu yoʻlga birinchi qadamini qoʻymaydi.

 

Olmaning tagiga olma tushadi

Dilorom opa yoshligida shunchaki erining esini kiritib qoʻyishni istardi, xolos. Boʻlgan, boʻlmagan sabablar tufayli eri bilan janjallashar, alamini aroqdan olardi. Erning toqati toq boʻlgach, oila buzildi. Endi battar ichkilikka ruju qoʻygan Dilorom qizining taʼlimi tugul, tarbiyasi bilan ham qiziqmadi. U ichdi, ichaverdi, yillar oʻtib boʻy yetgan qizi Dilshodani begona erkaklar ostonasiga tashlab ketguniga qadar ichdi. Shu onda ona ichishni tashlashga qasam ichdi, astoydil davolanishga ahd qildi. Biroq boshi berk koʻchaga kirib qolgan qiziga yordam berish uchun kech edi. U koʻchadan anchagina “ulfatlar” orttirishga ham ulgurgandi.

Bu soʻnggi pushaymoni oʻzining dushmaniga aylangan bir onaning qismati. Uni qanday yupatishni ham bilmaysiz. Chunki ne-ne orzular bilan dunyoga keltirgan jigarbandining kelajagiga oʻzi soya soldi. Donishmand xalqimizda “Qush uyasida koʻrganini qiladi”, “Bir bolaga yetti mahalla – ota-ona”, “Arpa ekib, bugʻdoy kutma” kabi naqllar bor. Farzand tarbiyasi ona qornidanoq boshlanishiga ishora qiluvchi qanchadan-qancha hikoyatlar, ertagu rivoyatlarni oʻqiganmiz.

Bola – ota-onaga tutilgan oyna kabidir. Bu borada otalarga qaraganda onalarning vazifasi masʼuliyatliroq. Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom: “Tugʻilijak zurriyodingiz uchun munosib onani tanlang!” deb bejiz aytmaganlar. Zero, ayolning maʼrifatli va tarbiyali boʻlmogʻi, har bir qadamini oʻylab bosishi jamiyat yuksalishining kafolatidir.

 

Erkaklar nega jim?

Azal-azaldan bizda erkaklar ulugʻlangan. Xotinlar erini, qizlar otasini paygʻambarday hurmat qilgan. Hech bir ish otaning iznisiz qilinmagan. Xotin-qizlar notoʻgʻri soʻz aytib yoki nojoʻya ish qilib qoʻysa, oila boshligʻining tanbehidan choʻchib, ehtiyot boʻlib turishgan. Xoʻsh, hozir-chi? Oʻsha biz malomat qilayotgan ichuvchi opa-singillarimizning otasi, eri, aka-ukasi yoʻqmi? Yoki ular oʻz qizlari, umr yoʻldoshlari, opa-singillarining spirtli ichimlik isteʼmol qilishini bilmaydimi? Afsuski, koʻpchiligi bilishadi. Bilishadi-yu, yo oʻzlarini bilmaslikka oladilar yoki bu holni aytarli illat, nuqson deb hisoblamaydilar. Hatto oʻz xotini bilan bemalol toʻqishtirib ichuvchi erkaklarimiz ham talaygina. Shunday ichkilikbozlikka mukkasidan ketgan, arogʻu vinosiz bir kun ham yasholmaydigan erlar ham borki, iloji boricha xotinini ham oʻziga ulfat qilib olishga urinadi: ana shunda xotinimning diydiyosidan qutulib, qulogʻim tinch boʻladi, deb oʻylashadi. Erlik, otalik masʼuliyatini sharobga qoʻshib simirvorishgan ular.

Har bir spirtli ichimlik ichuvchi ayolning ortida kamida bitta masʼul erkak bor. Toki erkaklarimiz oʻz ayollari, qizlarining hayosi, iffatini qatʼiy qoʻrimas ekan, salgina erkinlikdan boshi aylanib, sarxush boʻlayotgan opa-singillarimizga koʻzimiz tushaveradi.

 

Xulosani tezroq chiqaraylik!

Biz keltirgan misollar, ming afsus bilan aytish kerakki, katta fojea. Ularga oʻxshash yoki oʻxshamaslik esa oʻzimizning qoʻlimizda. Zero, vrach-narkolog, psixo-terapevt Nargiza Bobojonova taʼkidlaganidek, “Ayol bir ishga shunchaki kirishmaydi, astoydil kirishadi. Oʻz oldiga qoʻygan maqsadiga erishmaguncha harakatdan toʻxtamaydi. Uning tabiati shunday. Ayol bir adashdimi, uning toʻgʻri yoʻlga tushib olishi qiyin. Chuqurlashib ketaveradi-ketaveradi. Chunki uning tabiati shunday”.

 

Bashorat OTAJONOVA

 

Yoshlik”, 2017–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.