Saroydagi gʻarib yoxud Kamoliddin Behzod suratiga chizgilar

0
181
marta koʻrilgan.

Alloma ajdodlarimiz haqida soʻz ketganda hamisha koʻnglimizda faxr-iftixor hislari kechadi. Chunki ular yaratgan ilmiy, diniy, badiiy asarlar jahon maʼnaviy olamining shakllanishiga beqiyos taʼsir koʻrsatgan, insoniyatni komillik sari yetaklagan. Joriy yilning may oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan, “Oʻrta asr Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzuidagi xalqaro konferensiyada ham aynan shu haqida soʻz yuritildi. Ushbu ulkan anjumanda Prezidentimiz Islom Karimov sermazmun nutq soʻzlab, maʼnaviy – maʼrifiy merosimizga dunyo hamjamiyati eʼtiborini yana bir karra qaratdi:

“… Markaziy Osiyo mintaqasi IX-XII, XIV–XV asrlarda bamisli poʻrtanadek otilib chiqqan ikki qudratli ilmiy-madaniy yuksalishning manbai hisoblanib, jahonning boshqa mintaqalaridagi Renessans jarayonlariga ijobiy taʼsir koʻrsatgan Sharq uygʻonish davri – Sharq Renessansi sifatida dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda tan olingan.”

Darhaqiqat, shunday. Bizning zaminimizda unib-oʻsgan, ijod qilgan koʻplab fozil va oqil insonlar jahon ilmu faniga, dunyo tamadduniga ulkan ulush qoʻshganlar. Jumladan, zamonaviy matematika, trigonametriya va geografiya fanlari taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan Muhammad ibn Muso al – Xorazmiy, “Astronomiya asoslari” asarinig muallifi Ahmad Fargʻoniy, ulugʻ qomusiy alloma Abu Rayhon Beruniy, “Tib qonunlari” deb atalgan bebaho asar muallifi Abu Ali ibn Sino, buyuk olim va davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek kabi ajdodlarimiz nomlarini faxr bilan tilga olamiz. Albatta, ular orasida Kamoliddin Behzod nomi oʻziga xos jihatlari bilan alohida ajralib turadi. Biz bu buyuk siymo haqida koʻp eshitganmiz.

Kamoliddin Behzod 1455 yilda hunarmandlar oilasida tugʻilib oʻsgan. Otasi juda erta vafot etadi, roʻzgʻor mashaqqatlar girdobida qoladi. Yosh Behzodning musavvirlikdagi isteʼdodini payqagan sulton Husayn Boyqaro kutubxonasining xizmatchisi uni oʻz tarbiyasiga oladi.

Maʼlumki, Sulton Husayn Boyqaro va Alisher Navoiylarning gʻamxoʻrligi natijasida Hirot XV asrning I yarmida sanʼat qiblasi boʻlib qolgan edi. Behzod tasviriy sanʼatdagi ilk saboqlarni buxorolik musavvir Jahongir va Movoraunnahr musavvirlik maktabining asoschisi, ustod Gungnining ishlarini davom ettirgan naqqosh Pir Said Ahmad Tabriyziydan oʻrgandi. Behzod Ozarbayjon, Xuroson va Movoraunnahr musavvirlik maktabining anʼana va ijodiy yutuqlarini oʻzida mujassamlashtirgan sanʼatkordir.

Zayniddin Vosifiy “Badoye ul-vaqoye” asarida: “Sulton Husayn koʻngil xushligi uchun sehroflarin musavvirlar va uslubi goʻzal naqqoshlarni aʼlo darajali poytaxtida saqlab ularga zoʻr iltifot koʻrguzdik” deb yozadi. Ular orasida Shoh Muzaffar, Qosim Ali, Mavlono Hakim Muhammad kabi isteʼdodli rassomlar bor edi.

Behzod ham Alisher Navoiyning murabbiyligi va homiyligidan bahramand boʻlgan. Mashhur xattot Sultonali Mashhadiy badiiy koʻlyozmalar ustida ishlash borasida Behzodga ustozlik qilgan. U qisqa vaqtda musavvirlikda oʻz ustozlaridan ham oʻzib ketdi.

Behzodning tarjimai holini yozgan mualliflarning aytishicha, uning musavvirlikdagi ijodi 1470 yillarda boshlangan. Alisher Navoiy va Sulton Husaynning vafotidan soʻng Hirotni Shayboniyxon, 1512 yilda Eron shohi Ismoil I bosib oldi, shunda koʻp sanʼatkorlar Hirotdan chiqib ketdilar. Lekin Behzod Hirotda yashab ijod qilaverdi.

Mashhur musavvirning oʻz saroyida xizmat qilishidan manfaatdor boʻlgan shoh Ismoil I 1520 yillarning boshida Kamoliddin Behzodni Tabrizga chaqirtirib, unga katta imtiyoz berdi, mamlakatdagi barcha mussavvir, muzahhib, xattot va sahhoflarning boshligʻi etib tayinladi. Shunga qaramay, Behzod safaviylar saroyida oʻzini gʻarib his qiladi. Saroy mulozimlari unga sanʼatkor emas, balki podshohga shuhrat keltiruvchi shaxs deb qaraganlar. Uning Ismoil I portretini chizib, ostiga xatti shikasta bilan “Faqir Behzod” deb imzo chekkani ham bejiz emas.

Ismoil I vafotidan soʻng, 1524 yilda uning oʻn yoshli oʻgʻli Taxmosp taxtga chiqadi. Behzod shoh Taxmospga tasviriy sanʼatdan saboq berib, uni durustgina musavvir qilib yetishtiradi. Biroq shoh Behzodning sanʼatini qadrlamaydi, tantanavor, serhasham sanʼatga yon bosadi. Behzodning jiyani va shogirdi Muzaffarni ustozdan yuqori qoʻyib, “Naqqosh shohi” degan unvon beradi. Kamsitilgan musavvir oʻz mansabidan voz kechib, Hirotga qaytadi. U vafot etganda hamshaharlari buyuk musavvir xotirasini abadiylashtirib, qabrini naqshli panjara bilan oʻrab qoʻyganlar.

Behzod musavvir sifatida murakkab va katta ijodiy yoʻlni bosib oʻtgan. Shayx Saʼdiyning “Boʻston”iga ishlangan miniatyuralari (1478, London, Chester, Betti kutubxonasi) musavvirning ilk asaridir. Behzod Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”siga 8 ta miniatyura chizgan. Ularda shiddatli jang manzarasi, tarixiy voqealar, hayotiy lavhalar aks ettirilgan.

Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”, Xisrav Dexlaviyning “Majnun va Layli” asarlariga ishlangan miniatyuralar Behzodning nihoyatda mohir suratkash boʻlib yetishganligini koʻrsatadi.

Behzod Husayn Boyqaro, Shayboniyxon, Xotifiy, Jomiy portretlarini yaratgan. Sulton Husayn Bayqaroning ikki portreti bizgacha yetib kelgan.

Behzodni oʻz davrining buyuk sanʼatkorlaridan biri Rafaelga tenglashtiradilar, bu bejiz emas. Behzod miniatyuralari Gʻarbning buyuk musavvirlari asarlari bilan bir qatorda turadi. Oʻrta Sharq xalqlarining ijtimoiy estetik ideallari, intilish va tushunchalari Behzod asarlarida oʻzining yorqin ifodasini topgan. Sharq tasviriy sanʼatining choʻqqisi boʻlgan Behzod ijodi oʻz davridayoq musavvirlik maktabi boʻlib qolgan. Darvesh Muhammad, Maqsud, Mulla Yusuf, Qosim Ali, Mahmud Muzahhib kabi musavvirlar Behzod maktabida taʼlim olib kamol topganlar. Behzod oʻz ijodi bilan miniatyura sanʼatini yuksak bosqichga koʻtardi.

Buyuk musavvir asarlari nafaqat Sharq sanʼatining, balki jahon rangtasvir xazinasining ham noyob namunalaridandir. Istiqlol tufayli Behzod asarlarining ahamiyati yanada oshdi. Uning mahoratini ijodiy oʻzlashtirgan koʻpgina musavvirlar zamonamizga munosib asarlar yaratmoqdalar.

 

Yahyobek QOSIMOV

 

“Yoshlik”, 2014 yil 12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.