Sakkizinchi moʻjiza(mi)?

0
492
marta koʻrilgan.

Misr ehromlari devorlariga “bugungi yoshlar oʻzgarib ketgan” degan tashvishli gaplar yozib qoldirilgan ekan. Darhaqiqat, har bir davr yoshlarining tarbiyasiga oʻsha davrning muhim muammosi sifatida qaralgan. Bugungi kun yoshlarining qoʻlga kiritayotgan yutuqlari va tarbiya borasidagi muammolari haqida koʻp gapirilmoqda. Tarbiya va taʼlimning mavsumiy vazifa emasligi ham barchamizga ayon haqiqat.

Yoshlarimizning keyingi paytlarda kitob oʻqimasligi, badiiy adabiyotdan uzoqlashayotganligi kishi dilini ranjitadi. Kasbim taqozosiga koʻra adabiyot fanidan talabalarga dars beraman. Filolog talabalarga qaratilgan “Kim qanday kitoblarni oʻqigan?”, “Yaqinda qanday kitoblar oʻqimoqdasiz?”degan soʻrovlarim koʻpda javobsiz qoladi. Keling, buni yashirishning hojati yoʻq, yoshlarning aksari maktab darsliklarida berilgan Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar”, Choʻlponning “Kecha va kunduz”, Oybekning “Navoiy” kabi asarlarining parchalari bilan tanish xolos. Ular darslikda berilgan parchani oʻqib, “men falon asarni oʻqiganman” deyishdan uyalmaydilar. Bu esa Navoiyning “Lison ut tayr” dostonidagi “Koʻrlar va fil hikoyatini” eslatadi. Bilamiz, unda koʻrlar filning qaysi aʼzosini ushlasa, fil degani shu ekan degan tasavvurga borishgadi.

Bugun xalqimizning maʼnaviy xazinasi – badiiy kitoblarni targʻibot va tashviqot qilish yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Birgina ulugʻ shoir hazrat Alisher Navoiyning yigirma jildlik asarlarining internet sahifalarida joylashtirilishi va ularni xalqimizga bepul tarqatilishining oʻzi ham maʼnaviyatga eʼtiborning nishonasi emasmi?

Yoshi katta avlod vakillari oʻz yoshliklarini eslab, Dostoyevskiy, Tolstoy, Shekspir, Gyote singari daho sanʼatkorlarning asarlarini oʻqib, ulardan olam-olam zavq tuyishgani bilan faxrlanishadi. Hanuzgacha bu ijodkorlarni qoʻldan qoʻymay oʻqiydigan kishilarga havas qilasan kishi.

Inson oʻz maqsadiga erishishmoq uchun har doim oson yoʻlni qidiradi va niyatga erishishni osonlatmoq istaydi. Men kitob mutolaasini ham shunga oʻxshatgim keladi. Kitobxon tushunishi qiyin asarlarni emas, koʻproq oldi-qochdi yengil-yelpi bitiklarga oʻch boʻlib boryapti. Bunday asarlarning tili badiiylikdan ancha yiroq, joʻn. Ular oʻquvchiga faqatgina birlamchi, yaʼni tashqi voqelik haqida maʼlumot beradi, xolos.

Mashhur faylasuf Zegmund Freyd inson ongini anglangan va anglanmagan (ong osti yoxud ong usti) voqelik turlariga boʻladi. Bizga tashqi voqelik faqat ong usti koʻrinishi boʻlsa, uni, yaʼni voqelikni mushohada qilish, fikrlash orqali faoliyatning ikkinchi koʻrinishi – ong osti harakati yuzaga keladi. Bu orqali biz endi, doim “ardoqlab” yuradigan, insoniyligimizni boshqa yaratilganlardan yuqori qoʻyuvchi ongimizni, miya faoliyatimizni ishga solgan boʻlamiz. Bu oddiygina tajribaga siz krossvord yechayotganinggizda koʻp bor duch kelgansiz. Javobi topilmagan savol sizga tinchlik bermaydi, uni topish uchun ong osti faoliyatingiz yordamga keladi. Shunda xotirangizning qaysidir puchmoqlarida “yashirinib” qolgan javob topiladiyu, birdan “uh, topdim!” deb yuborasiz. Keling, endi yuqorida boshlangan mavzuga – kitob oʻqish, inson xotirasining imkoniyati hamda yoshlarning nega kitob oʻqimaslik muammolariga qaytsak. Aslida bularning barchasi, katta-katta maqola, bahs-munozaralarga sabab boʻladigan mavzular.

Koʻpchilik kitob oʻqishni bilmaydi va koʻp kishilar nima uchun oʻqiyotganini tuzukroq tushunmaydilar. Baʼzilar buni oʻqimishli boʻlishning qiyin, biroq yagona yoʻli deb biladi. Ular uchun har qanday kitob kishini “oʻqimishli” qiladi. Boshqa birovlar uchun esa oʻqish – bu dam olish, shunchaki vaqtni oʻtkazish va ularga nimani (maqola, roman, sheʼr, xabar va hokazo) oʻqish baribir, zerikarli boʻlmasa, bas. Har birimiz, qaysi kasb egasi boʻlmaylik, imkon va sharoitimizdan kelib chiqib, kitob bilan muayyan darajada muloqotda boʻlamiz. Oʻlchovli hayotimizning maʼlum bir qismini shunga sarf qilamiz. Ammo qanday kitob oʻqish, uning taʼsir va oqibatlari, umuman, nega kitob oʻqiymiz, shu haqda barchamiz ham chuqurroq oʻylab koʻrmaymiz.

Oʻtgan asrning mashhur adiblaridan biri Herman Hesse kitob mutolaasi haqida shunday yozadi: “Shunchaki dam olish, vaqt oʻtkazishni istagan va “oʻqimishli” boʻlish haqidagina qaygʻurgan kitobxon kitobdagi dilni poklovchi, kishini ruhlantiruvchi qandaydir nomaʼlum bir kuchni sezadi. Biroq, bu kuchni u aniq tasavvur etolmaydi va baholay ham olmaydi. Bunday kitobxon tibbiyotdan mutlaqo bexabar bemorga oʻxshaydi, yaʼni aynan qaysi dori kerakligini tushunmasdan, har bir qutichadagidan tatib koʻra boshlaydi. Aslida, mutolaa borasida ham har bir kishi oʻzi uchun zarur boʻlgan, yangi kuch hamda ruhiy taʼsir baxsh etadigan kitoblarni topa bilishi kerak emasmi?”.

Bugungi yoshlar oʻzlarining kitob oʻqimaslik sababini yaxshi asarlar yaratilmayapti, degan bahona bilan xaspoʻshlamoqchi boʻlishadi. Xaqiqatan ham shundaymi? Yoxud, nega biz “kel, yaqinda qaysi asarni oʻqidingu, u senga yoqmadi” degan savolni oʻzimizga berib koʻrsak yomon boʻlmaydi. Mashhur ingliz adibi J. Joys “mening asarlarimni yuz yildan keyin insoniyat tushunadi” deganda nimani nazarda tutgan. Insoniyatning aqlu tafakkuri yuz yildan keyin oʻsadi, shunda meni tushunadi debmi? Chindan ham oʻsha aql egalari oʻz davridan yuz yillar ilgarilab ketganmidi? Yohud Navoiy asrlar osha ilgarilab, Vaqt va Kelajakni yengganmidi?

Adabiyotimiz doimgiday harakatda, “millat yashaydigan” (Choʻlpon) adabiyot hech qachon oʻlmaydi. Bir faylasuf buyuk kitobxonlar paydo boʻlsagina buyuk adabiyot paydo boʻladi degan haq gapni aytgan. Hozirgi adabiy jarayon haqida ozmi-koʻpmi xabari bor kishi, jahon adabiyotining eng zoʻr namunalari bilan tenglashadigan asarlar, badiiyat namunalari yaratilayotganligiga shohid boʻladi. Bizning bir aybimiz ularni oʻqimaslik, toʻgʻrisi, TUSHUNMASLIK. Buni esa, boʻynimizga olmasligimiz yomon.

Yozuvchi Nazar Eshonqul bugungi kun badiiy jarayoni haqida, yanada aniqrogʻi, Faxriyor sheʼrlariga munosabat bildirib: “Sanʼat tilsimlangan qoʻrgʻonga oʻxshaydi. Uning eshigi “sim-sim” degan kalitni topmaguncha ochilmaydi. Harqalay, tilsimlangan qoʻrgʻonning eshigini topguncha qancha qosimlar bu qoʻrgʻon oldidan oʻtib ketishgan. Oʻtib ketadi ham… Agar bu tilsimni hamma ham topolganida edi, unda ertakning hech qanday mohiyati qolmasdi. Ertak esa mohiyatni tugun ichidagi tugunga yashirib qoʻyadi. Hamma ham tugunni yechishga hafsala qilavermaydi”, deydi. Insoniyat hamma zamonlar bunday koʻrinishni takror-takror boshidan kechiraveradi. Nega biz bugungi kunda Faxriyor, Nazar Eshonqul, Ulugʻbek Hamdam, Salim Ashur, Xurshid Doʻstmuhammad, Erkin Aʼzam, Normurod Norqobil, Sobir Oʻnar, Abduvali Qutbiddin, Bahrom Roʻzimuhammad va yana koʻplab ijodkorlarni bilmaymiz va ularning asarlaridan bexabarmiz?

Bugun bozor iqtisodiyoti sharoiti taqozosiga koʻra adabiyotimizda ham yangi atamalar – “koʻcha adabiyoti”, “sariq adabiyot” kabi tushunchalar paydo boʻldi. Koʻpgina xususiy gazetalarda chop etilayotgan sayoz asarlarni oʻqib, yaxshigina bezak berilgan, yaltiroq kitoblarni varaqlab, ular nimasi bilan kishilarni oʻziga tortmoqda, degan savol tugʻiladi. Oʻquvchiga estetik zavq bermaydigan, fikrlashga, mushohada qilishga undamaydigan, aksincha, ruhiyatiga salbiy taʼsir qiladigan yengil-yelpi asarlar koʻpayib ketayotgani haqiqatan ham, achinarli hol. Ularni oʻqib, bugungi oʻzbek adabiyotida yaratilayotgan hikoya, qissa, romanlar shu, degan tasavvurga boradigan insonlar safi esa ortayotganligi achinarli. Xoʻsh, ularni “hikoya” yoxud “qissa” nomi ostida berilishini qanday tushunish mumkin? Ular faqatgina oʻquvchi didini oʻtmaslashtirishdan, asl badiiyatdan yiroqlashtirishdan ortiq naf keltirmaydi.

Kitob, badiiy adabiyot sakkizinchi moʻjizaga qiyos etiladi. Moʻzijaning moʻjizaligi shundaki, undan inson hayratlanadi, lol qoladi. Kitobni oʻqigan, undan zavqu shavqqqa toʻlgan koʻngillar moʻjizaga duch keladi. Bugungi yosh avlod nechogʻlik mana shu moʻjizaga beeʼtiborligi kishi taassufini oshiradi.

Bizning ajdodlarimiz adabiyotni, sanʼatni juda nozik tushungan, qadrlagan, sanʼatning asl namunalarini yaratgan hamda undan zavqlana bilish koʻnikmasiga ham ega boʻlgan. Adabiyotni “millat oynasi” (Avloniy) deb bilgan. Biz endi oʻzimiz oʻqimagan kitobni bolamizdan “nega oʻqimading”, deb soʻrashdan uyalaylik. Eng avvalo maʼnaviy barkamollik yoʻlida oʻzimiz oʻrnak boʻlaylik.

 

Zarif QUVONOV,

Navoiy davlat pedagogika

institutining  katta oʻqituvchisi

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 7-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.