“Quloqchin”li kitob

0
183
marta koʻrilgan.

Bugun jamoat transportida quloqchin bilan mobil telefonidan musiqa eshitib ketayotgan yigit-qizlarni koʻp uchratamiz. Smartfonning ushoqdekkina xotira kartasiga butun boshli fonotekani joylashtirib olgan shinavandalar qancha?!

Afsuski, bu yoshlarning aksariyati smartfonning xotira kartasi imkoniyatlaridan faqatgina MP-3 formatda qoʻshiq tinglash yoxud klip koʻrish, surat va videolavhalarni saqlab qoʻyish uchungina foydalanishadi. Bu taʼbir joiz boʻlsa, atomning kuchini oʻtin yorishga sarflash bilan barobardir.

Vaholanki, oʻsha mittigina “chip”da butun boshli kutubxonaning kitobini (elektron variantini) saqlash mumkin. Ilm-fan etagini tutgan, mutolaaning hayotdagi ahamiyatini teran anglagan yoshlarimiz uchun qoʻllaridagi moʻjazgina smartfon shunchaki koʻngilxushlik vositasi emas, balki kerak boʻlganida darslik, qoʻllanma, spravochnik, lugʻat, ensiklopediya, test toʻplamlari, koʻrgazmali qurol, globus, xarita… – xullas ongu tafakkurini boyitish manbaiga aylana oladi.

Endi bir tasavvur qiling. Xonadoningizda tomorqa yumushlari bilan mashgʻulsiz. Aytaylik, yer agʻdarayapsiz. Yoxud uy taʼmirlayapsiz. Gʻisht terayapsiz, boʻyoq bilan ishlayapsiz. Yo dalada paxta terayapsiz. Yoki poyezdda yoʻl tanobini tortib ketayapsiz… Shunday sharoitda yumushingizdan chalgʻimasdan turib, mutolaa bilan shugʻullanishingiz mumkinmi? Albatta, mumkin. Ham ishingiz toʻxtab qolmaydi, ham oʻzingiz yoqtirgan kitob bilan yoʻl-yoʻlakay tanishaverasiz. Eng muhimi, vaqtingiz tejaladi.

Hatto ketmon chopib turib ham istasangiz – Navoiy yo Qodiriy, istasangiz – Tolstoy yoxud Xemingueyni bemalol “xatm” etishingiz mumkin. Yoki sport bilan shugʻullana turib, test sinovlariga tayyorgarlik koʻrish imkoniga ega boʻlasiz. Bu, ayniqsa, oʻqiganidan koʻra eshitgani tez yodida qoladiganlar uchun koni foyda.

Sir emas, bugungi kunda koʻpgina yoshlarning zamonaviy qurilmalar (smartfonlar, planshetlar)ga ruju qoʻyishi kitobga boʻlgan mehri pasayib borishiga sabab boʻlmoqda. Yangi kitoblar narxining biroz qimmatligi ham yuqorida aytib oʻtilgan muammo sabablaridan biridir.

– “Xalaqit bergan odamning oʻzi yordam beradi bizga”, degan ibora bor mashhur filmlarimizdan birida, – deydi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali 4-bosqich talabasi Sohibjon Norqobilov. – Yaʼni tengdoshlarimizning “telefonparast”ligidan ham mutolaaga mehr uygʻotish maqsadida foydalanishimiz mumkin. Mening fikrimcha, darslik, qoʻllanma yoki badiiy boʻlsin, barcha turdagi kitoblarni audio shaklga oʻtkazish va ularni oʻquvchi-yoshlarga tarqatish kitobxonlar auditoriyasi kengayishiga olib keladi.

Bu borada men bir loyihaga qoʻl urdim. Kelgusida qishloq guzarida tashkil etiladigan shaxsiy kitob doʻkonim qoshida “Kitob eshitamiz” multimedia-audio markazini tashkil qilish maqsadida izlanishlar olib borayapman. Hozircha fondda mavjud kitoblarning audiovariantlarini tashkil qilish va flesh-xotiralarga joylashtirib, savdoga chiqarish niyatidaman.

Sohibjon taklif etayotgan loyihaning oʻziga xosligi shundaki, audiokitoblarning bir nechtasi zamonaviy qurilmalarning flesh-xotiralariga maxsus algoritmlar yordamida shifrlanib, joylashtiriladi. Koʻchirish va koʻpaytirish imkoniyatlari cheklanadi, natijada tinglovchilar faqat kitobni eshitishlari mumkin. Ustiga boshqa audioyozuvlar, masalan, musiqa yoki kliplarni yozish imkoni yoʻq.

Darvoqe, audiokitobdan foydalanadigan kitobxonlarni koʻpincha bitta muammo qiyin vaziyatga solib qoʻyadi. Bosma kitobni oʻqiyotganlar toʻxtab qolgan sahifalariga xatchoʻp qoʻyib yoki shunchaki qoʻpolgina tarzda sahifani buklab qoʻyib, keyin yana mutolaani oʻsha joydan davom ettirishlari mumkin. Audiokitoblarda esa kelib qolgan joyingizni izlab ovora boʻlasiz yoki yana boshidan tinglashingizga toʻgʻri keladi. Qahramonimiz bu muammoga ham barham berishni maqsad qilgan. U taklif etayotgan audiokitoblarda toʻxtab qolingan joyni osongina topish imkoni mavjud boʻladi.

Yana bir muammo. Internet orqali yuklab olish taklif etilayotgan audiokitoblarning ayrimlari mahoratli suxandonlar, aktyor va aktrisalar tomonidan ifodali, obrazli, aniq-tiniq va ravon tarzda oʻqilgan. Ayniqsa, taniqli suxandon Qodir Maxsumov tomonidan musiqa fonida oʻqilgan mumtoz gʻazallar yoki Afzal Rafiqov, Boir Xolmirzayev, Dilmurod Uzoqov singari mashhur sanʼatkorlarimiz “ijro”sidagi ovozli kitoblar yoxud mashhur asarlar asosida sahnalashtirilgan radiospektakllar kishini beixtiyor mutolaaning sehrli olamiga yetaklaydi. Biroq internetda shunday “audiokitob”lar ham borki, uni yaratganlar goʻyo koʻchadan birinchi uchragan tasodifiy odamni ushlab olib, mikrofon oldiga oʻtqazib qoʻyishgandek. Bechora “suxandon” goh gapini yoʻqotib qoʻyadi, goh yoʻtalib yo tomoq qirib qoladi, goh shevaga oʻtib ketadi. Albatta, bunday sifatsiz mahsulot xaridorini topishi qiyin. Shu bois ham bu borada “chumchuq soʻysa ham, qassob soʻysin” qabilida ish tutgan maʼqul.

“Kitob eshitamiz” loyihasi doirasida kamida 5-6 nafar yoshning ish bilan taʼminlanishiga erishish koʻzda tutilmoqda. Har bir ishchining oʻziga biriktirilgan vazifasi mavjud. Yaʼni ish boshqaruvchi, asar (matn) tanlovchi muharrir, ovoz operatori, suxandon, kompyuter montaji ustasi, audiokitob qadogʻi dizayneri kabi ishchilarga tegishli vazifalar taqsimlangan. Matnlar esa albatta tegishli nashriyotlar tomonidan chop etilgan kitoblardan olinadi. Bu borada mualliflik huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilik asosida tegishli shartnomalar imzolanadi. Audiomahsulot xuddi kinofilm disklari singari qadoqlanadi. Qadoq usti, yaʼni audiokitob “muqova”si asar qahramonlarining suratlari bilan bezatiladi. Bu mahsulotni bemalol yaqinlaringizga sovgʻa ham qilishingiz mumkin.

Dasturiy mahsulot, yaʼni audio-kitoblar barcha oʻquvchi-yoshlar va qiziquvchilar ommasiga moʻljallangan boʻlib, undan istalgan vaqtda (dam olish, jismoniy mehnat, sport bilan shugʻullanish paytida) va istalgan joyda (masalan, transportda) foydalanish mumkin.

– Hozirgi kunda bir dona badiiy kitobning narxi taxminan 20-30 ming, 1 Giga baytli flesh-xotiraning narxi 15-20 ming soʻm atrofida turadi, – deydi Sohibjon. – Unga esa kamida 20 ta audiokitobni joylashtirish mumkin. Yaʼni 20000 soʻmga bitta kitob olgan qayoqdayu, shu pulga 20 ta audiokitob olgan qayoqda?! Bu foydalanuvchilarning mablagʻlarini va vaqtlarini tejashlariga olib keladi.

Yana bir muhim jihati shundaki, ushbu loyiha orqali tayyorlanadigan audiokitoblarni koʻrish imkoniyati cheklangan insonlarga bepul tarqatish rejalashtirilgan. Demak, loyiha amalga oshishini kuzatib boramiz…

 

Nuriddin EGAMOV

 

qashqadaryogz.uz

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.