Qosh qo‘yaman deb…

0
83
marta ko‘rilgan.

“ZOMO” NIMA DEGANI?

 

Kamina kirill va lotin yozuvlariga o‘girilgan mumtoz adabiyot namunalarini o‘qiganimda minglab yo‘q so‘zlarga duch kelganman. Yo‘q so‘zlar deganimiz nashrga tayyorlovchining noshudligi, muharrirning talabchan emasligi va musahhihning e’tiborsizliklari tufayli so‘zning buzib ko‘chirilgan shaklidir. Hozir o‘zbek kitobxonlarining aksariyati “Navoiy asarlarini tushunib bo‘lmaydi” degan xato tasavvurda bo‘lsalar, buning sabablaridan biri o‘sha yo‘q so‘zlardir.

Alisher Navoiy “Mukammal asarlar to‘plami” to‘rtinchi jild, “Xazoyin ul-maoniy”, “Navodir ush-shabob” kitobidan ushbu baytni o‘qiganimda, “zomo” so‘zi boshimni qotirdi. Biror lug‘atdan – na arabiy, na forsiy, na qadimiy turkiy tili lug‘at kitoblaridan bu so‘zni topa olmadim:

Dayr piri mangavu mug‘bachalar

Necha ursa yuziga zomo xirad. (92-bet).

Bundan yigirma yil burun shu baytni o‘qiganimda kitob hoshiyasiga “zomo” nimasi? Qofiya qani?” deb qayd etib qo‘ygan ekanman. Bugun endi shu masalani hal etgim keldi.

“Xirad” radifli ushbu g‘azaldagi qofiyadosh so‘zlar: behol-dol-pomol-sayyol-zomo-ol…

Ko‘rinyaptiki, asliyatda “zomo” so‘zi qofiyadosh emas ekan, demak, u yot so‘z. “Zomo”ning keraksizgina emas, balki bayt uchun zararli so‘z ekanligiga na nashrga tayyorlovchi, na mas’ul muharrir va na musahhihdan birortasi e’tibor qilishmagan.

“Xazoyin ul-maoniy”ning qo‘lyozma nusxalaridan izlay-izlay bu baytni topdim. O‘sha sirli, yo‘q so‘z “zomo” emas, balki “zol” ekan… Navoiyona bayt tubandagicha edi:

Dayr piri mangavu mug‘bachalar

Necha ursa yuziga zol xirad.

“Zol” – keksa, qari degani. Endi qofiya sahihlashdi va bayt mazmuni ravshan tortdi.

 

NAVOIY ShUNCHALIK NOUMID ODAMMI?

 

Musulmon odam, borki, u dunyodan – jannat ne’matlari-yu, rohat farog‘atlarini orzu qiladi. Ayniqsa Havzi Kavsar qirg‘og‘ida qo‘r to‘kib o‘tirishga nima yetsin?!

Biz Navoiy asarlari kulliyoti nashrini o‘rganganimizda Hazrat Navoiyning umidsiz ohangdagi arzlarini bir baytdan tinglab yuragimiz ezilib ketdi:

Tongla barcha yaxshilar bo‘lg‘usi kavsar davrida,

Men yomonni mahram etmang sokini mayxona deb.

(Alisher Navoiy “Mukammal asarlar to‘plami” 5-jild, Xazoyin ul-maoniy. Badoye’ ul-vasat, Toshkent 1990,51-bet)

Ushbu iltimos, bizningcha, musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi. “Noumid-shayton” deyishadi e’tiqodli dono xalqimiz. Ushbu ishtibohni bartaraf etish uchun biz Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyiga borib, ilmiy xodim Jaloliddin Jo‘rayevdan imdod so‘radik. U kishi “Xazoyin ul-maoniy” qo‘lyozmalaridan birini olib chiqdilar. Ikkovlashib o‘sha ishtibohli baytni topib, o‘qidik. Bayt judayam sog‘lom, muslimona umidvorlik ohangida arab yozuvida bitilgan edi:

Tongla barcha yaxshilar bo‘lg‘usi Kavsar davrida,

Men yomonni mahrum etmang, sokini mayxona deb…

 

“MAY” BOSHQAYu “MAYL” BOSHQA

 

Alisher Navoiy “may” bilan “mayl”ni farq etmagan, deb ayb qo‘ysak, insofdan bo‘lmas. Ammo bu aybni shoir devonini nashrga tayyorlovchi olimga nisbatan qo‘ysak, haqlimiz. Chunki “G‘aroyib us-sig‘ar” devonidan olingan mana bu sahvni matn tayyorlovchi kishi sodir etgan:

Bar yegil, yo rab, hayoting bog‘idin, ey mug‘bacha,

Kim, mayli la’lingdin o‘ldi bizga barxurdorlig‘.

(Alisher Navoiy, “Mukammal asarlar to‘plami”, 3-jild, “Xazoyin ul-maoniy”, 1988,243-bet)

Muallif asliyatda “mayi la’lingdin” deb to‘g‘ri yozgan edi…

 

Vahob RAHMONOV,

Filologiya fanlari nomzodi

 

“Yoshlik”, 2014 yil 6-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.