Qoʻl uzatsang, oring toʻkilar

0
192
marta koʻrilgan.

Poytaxtimizning mashinalar serqatnov koʻchalaridan biri. Yoʻl tirband boʻlgani uchun chorrahada ancha turib qoldik. Shu payt 20-25 yoshlar atrofidagi bir yigit va qiz yetaklashgancha mashinalar oralab yurib, tilanchilik qila boshladi. Yigitning chala ochiq koʻzlari osmonga qadalgani, yonidagi oqsoq ayol yetovida yurayotganiga qaraganda, uning koʻzi ojiz edi. Bu juftlikning tezkor xatti-harakatini kuzatib, chorrahada anchadan buyon “faoliyat” koʻrsatishayotganini anglash qiyin emasdi.

Svetoforning yashil chirogʻi yonishi bilan “ish”ga kirishib, qizil chirogʻi yonganida yana oʻz joyiga qaytib kelayotgan bu “tadbirkor”lar yoʻlimiz boʻshaguncha shu tarzda ikki marta borib-kelishdi. “Bechoralar, nogiron ekan”, deya ich-ichimdan ularga achinib, koʻp qatori men ham ataganimni chiqarib berdim. Shu payt yigʻib-tergan pullarini choʻntagiga joylayotgan yigitning qoʻlidagi soatiga beixtiyor koʻzim tushib qoldi. Xayolimdan: “Koʻzi ojiz boʻlsa, unga soat nimaga kerak?” degan oʻy oʻtib ham ulgurmay, yigit qoʻlidagi soatiga bir qarab oldi-da, ayolga nimalarnidir uqtira ketdi. Shunda yonidagi ayolning oqsoqligidan ham shubhalanib qoldim. Yoshgina yigit-qizning aldov yoʻli bilan odamlardan pul undirib yurganini sezib, koʻnglimdagi achinish hissi nafratga aylandi.

Shu voqea sabab boʻldi-yu yoʻl-yoʻlakay tilanchilikni tirikchilik manbaiga aylantirib olgan odamlarni kuzata boshladim. Metro bekatlaridan birining chiqaverishida oʻtiradigan 40-45 yoshlar atrofidagi tilanchi ayolni deyarli har kuni koʻraman. Qoʻllarini duoga ochib, yerga qaragan koʻyi oʻz holicha nimalardir deb pichirlab oʻtiradigan bu ayolni nogiron boʻlsa kerak, deb taxmin qilardim. Bir kuni uning yonginasida qurut, pista sotib oʻtiradigan ayol bilan chaqchaqlashib turganini koʻrib qoldim. Oyoq-qoʻli but, soppa-sogʻ ayol ekan… Odamlarga nima boʻlgan oʻzi?

Erta tongda uydan chiqayotib, har birimiz Yaratgandan halol rizq soʻraymiz. Oʻylanib qolaman, toʻrt muchasi sogʻlom boʻlaturib, mehnat qilishga boʻyni yor bermaydigan, tirikchilikning oson yoʻlini topib olgan bu nusxalar qanday niyat bilan ostona hatlashar ekan-a? Uyat, andisha, or-nomus degan tushunchalardan tobora uzoqlashib borayotgan bunday kimsalarning aldov yoʻli bilan topgan harom luqmasini yeb ulgʻaygan farzandlar kelajakda kim boʻlishadi? Ular ham ota-onalaridek tilanchilikni kasb qilib olmasliklariga kim kafolat beradi?

Xayolan shunday adoqsiz savollar girdobida borar ekanman, yupungina kiyingan bir keksa ayolning oʻz boʻyidan ham uzunroq supurgi koʻtargancha koʻchalarni supurib yurganiga koʻzim tushdi. Ushoqqina onaxonning yoniga borib, uni mahkam bagʻrimga bosib olgim keldi.

 

ULAR HAM OʻZIMIZDAN…

“Moʻmin kishi sadaqaga chindan muhtoj odam bilan tilanchilikni kasb qilgan kimsani ajrata olishi kerak”, deyishadi ulamolarimiz. “Katta-katta chorrahalarda bolalari bilan birga tilanchilik qilayotgan, shu tariqa mashinalar qatnoviga xalal berib, haydovchining ham, oʻzining ham hayotini xatarga qoʻyayotgan bunday shaxslarga nisbatan qonuniy choralar koʻriladi”, deyishadi huquq-tartibot xodimlari. Lekin shunga qaramay, jamiyatimizga dogʻ boʻlib tushayotgan bunday illatlarning tobora urchib borayotgani sogʻlom fikrli har qanday odamni tashvishga soladi.

Tanti, qoʻli ham, koʻngli ham ochiq xalqmiz. Lekin shuning barobarida saxiyligimiz, bagʻrikengligimizni suiisteʼmol qilayotganlar ham oʻzimizdan.

Tilanchilikni kasb qilib olgan kimsalarning orsizlarcha choʻzilgan qoʻlini quruq qaytarmay, ularni boqimandalikka oʻrgatib qoʻyayotganlar ham, afsuski, boshqa birov emas, yana oʻzimiz. Ust-boshlari kir-chir bolakaylarning biz tomon choʻzilgan qoʻllariga loqaydlik bilan yirtilgan yoki gʻijimlangan 200-500 soʻm pulni solamiz-da: “Bor-bor, tezroq nari ket”, deya ularni yonimizdan quvamiz. Nogironlar aravachasida oʻtirib olib, oʻzini mayib-majruhdek tutayotgan tilanchining harakatlarini kuzatib, uning toʻrt muchasi sogʻligini sezib tursak-da, sadaqa beramiz. “Aldayotgan boʻlsa gunohi oʻziga, shu arzimagan pulni bersam, kambagʻal boʻlib qolmayman-ku” deymiz. Agar biz farzandlari hayotini xavfga qoʻyib, chorrahada haydovchilardan pul soʻrashga undayotgan onalarni: “Oyoq-qoʻling but, ojiz, gung emassan, mehnat qilib pul topsang boʻlmaydimi?” deya koʻpchilik orasida izza qilsak, zarracha gʻururi, or-nomusi boʻlsa, bu ishga qaytib qoʻl urmaydi. Nahotki, ularning bu xildagi “tirikchilik”laridan mahalla-koʻy, qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshnilar, mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, oilalardagi ijtimoiy, maʼnaviy muhitni oʻrganayotgan turli tashkilot vakillari bexabar boʻlishsa?! Imkoniyati cheklangan insonlarni huquqiy, ijtimoiy himoyalash, qoʻllab-quvvatlash, ularni boqimandalik kayfiyatidan olib chiqish masalalariga davlat siyosati darajasida yondashilayotgan bir paytda, tilanchilarning (agar u chindan nogiron boʻlsa!) koʻchadan rizq terib yurishlari oʻrinlimikan?! Ularning ham hayot tarzini chuqurroq oʻrganib, saragini sarakka, puchagini puchakka ajratish fursati kelmadimikan?

Oʻrni kelganda mavzuga oid yana bir noxush holat haqida toʻxtalmasak boʻlmas: yurtimizdagi muqaddas qadamjolar, tarixiy obidalarning doimiy “fuqaro”lari ham borki, ular ziyoratchilar, tomoshatalab xorijliklar atrofida oʻralashib, sadaqa tilanadilar. Bundaylarga koʻcha-koʻylardagi tilanchilardan ham koʻproq ahamiyat qaratish zarur, nazarimizda. Chunki bu holatda faqat oʻsha tilanchining qadru qimmati emas, yurt shaʼni yerga uriladi, millat gʻururi toptaladi. Modomiki, har kimga qoʻl uzatib, orini toʻkadigan bunday kimsalarning oʻzida milliy gʻurur tushunchasi shakllanmagan ekan, biz ularga bu tushunchalar mohiyatini anglataylik. Shunchaki tanqidiy nigoh bilan cheklanib qolmay, masalaga joʻyali yechim izlaylik. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, tilanchilikni tirikchilik manbaiga aylantirib olgan kishilardan birortasini tanisak, bilsak, ularning qilmishini oʻzlari yashaydigan mahalla ahli, qarindoshlari orasida muhokama qilaylik. Salomatligi, imkoni, sharoitiga yarasha biror mehnat faoliyati bilan shugʻullanishlariga koʻmaklashaylik.

TAHRIRIYATDAN: Maqolada koʻtarilgan mavzu xususida sizning fikringiz qanday? Joʻyali taklifingiz boʻlsa, bizga yozib yuboring. Birgalikda fikrlashsak, har qanday illatga qarshi tura olamiz.

 

Feruza JALILOVA

 

“Hurriyat” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.