“Qogʻoz emas, asli kitoblar…”

0
430
marta koʻrilgan.

Kitob insoniyat yaratgan shunday moʻjizaki, ruhiyatga qanot, qalbga nur bagʻishlaydi. Sehrli kuchi shundaki, unda shonli oʻtmish, nurafshon bugun, yorqin kelajak bir nuqtada birlashadi. Aslida inson hayotda oʻzliginianglashga, dunyoni bilishga, olamni idrok etishga hamda undan yupanch topishga harakat qiladi. Bu yoʻlda esa, albatta, kitob unga mayoq boʻladi.

Kitob hech qachon “qarimaydigan”, oʻz maʼnaviy mulkini avloddan-avlodga eltuvchi sehrgardir. “Kitob – aql farzandlari. U insonga qanot bagʻishlaydi, ilk hayot parvoziga dalda beradi”, – degan edi mutafakkirlardan biri.

Baʼzida kitob varaqlay turib, unga mahliyo boʻlib mutolaa qilamiz. Uni qadrlab, koʻzga suramiz. Quvonchli satrlarini oʻqib quvonsak, gʻamli satrlarida koʻnglimiz iztirobga toʻladi. Balki undagi insonlar bizga tanishdir yoki biz oʻz aksimizni koʻrgandirmiz. Ana shunday asl kitoblar bizni hayajonga, hayratga soladi hamda oʻylashga undaydi. Kitobning qanday sehrli kuchi borki, bizni oʻylashga, fikrlashga, tafakkur qilishga majbur qilsa? Bu sehrni faqat koʻp kitob oʻqib anglash mumkin.

Inson ulgʻaygani sari koʻp doʻst orttiradi. Odatda, doʻstlar ikki toifaga ajratiladi. Birinchisi, ogʻir kuningda ham, shodiyonangda ham sen bilan birga boʻluvchi chin doʻstlar. Ikkinchisi, sen bilan manfaat uchun doʻstlashgan insonlar. Bunday doʻstlar obroʻying, davlating borida hamroh, boshingga kulfat tushsa, begonaga aylanadi. Kitob birinchi toifadagi doʻstlar sirasiga kiradi. Eng ogʻir kunimizda ham bizni yolgʻizlatib qoʻymaydi. Eng yaqin doʻst, maslahatchi va sirdosh boʻlib qoladi.

Shu oʻrinda Abdurahmon Jomiyning misralarini eslaylik:

 

Bu dunyoda kitobga yuz oʻgirgil,

Kitob fikri, kitob zikrida boʻlgil.

Agar yolgʻiz esang hamdam kitobdur,

Bilim subhidagi nur ham kitobdur.

Kitobdur beminnat, begʻaraz ustod,

Har damda qilursen undan bilim yod.

 

Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, “Avlodlar dovoni”, Oʻtkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” kabi asarlari meni maʼnaviy xazina tomon yetaklab, adabiyot olamiga oshno qildi. Shoir aytganidek: “Qogʻoz emas, asli kitoblar”.

Hozir texnologiya asri boʻlgani uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shu bois kitob chop etish bir muncha oson ishga aylandi. Shuning uchun kitob doʻkonlarida kitob tanlash imkoni keng. Lekin hamma kitobni yuqori saviyada, mazmundor, badiiy jihatdan yetuk asarlar deya olmaymiz.

Oynai jahon orqali dunyoda eng yomon kitob nominatsiyasi boʻyicha bir nechta asarlarning mavjudligini eshitib, ochigʻi hayratlandim. Afsuski, bizda ham shunday kitoblarning yoʻq emasligi achinarli hol. Nahotki, oʻzini “yozuvchi”, deb atayotgan oʻsha kimsalar insonlar ongini hech qanday badiiy qiymati yoʻq qogʻozlar bilan zaharlayotganini bilmasa? Oʻzlarining boʻlar-boʻlmas fikrlari, yuzaki qarashlari bilan kitobxonlar saviyasini tushirayotganini anglamasa?

Toʻgʻri, bugungi bozor iqtisodiyoti sharoiti insondan tinmay mehnat qilish bilan birga, koʻproq uddaburonlikni, tadbirkorlikni talab etmoqda. Endi koʻproq daromad topaman, deb oʻz vijdonini sotish kerak emas-ku! Ayrim kasb egalari xato qilsa, keyin toʻgʻrilasa boʻlar, ammo oʻzini yozuvchilikda sinab koʻrayotganlar xato qilishi mumkin emas. Chunki minglab insonga maʼnaviy zarar yetkazishga ularning aslo haqi yoʻq. Buyuk yozuvchimiz Abdulla Qahhorning: “Adabiyot atomdan kuchli. Faqat uni oʻtin yorishga sarflamaslik kerak”, – degan fikrlari bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq.

 

Gavhar HAMIDULLAYEVA,

Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 23-sonli maktab oʻquvchisi

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.