Qofiya bozori qaydadir?

0
251
marta koʻrilgan.

Yoki turoq, vazn izlayotgan Hoshimjon, plagiatlik va boshqalar

 

Bolalarning sevimli adibi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Sariq devni minib” asarini hammamiz yaxshi bilamiz. Bosh qahramon Hoshimjonning sehrli qalpoqcha yordamidagi ajoyibu gʻaroyib ishlari, sarguzashtlarini oʻqigan sari kishi yuziga tabassum yoyila boradi. Ayrim joylarida esa beixtiyor qahqaha urib kulib yuborganingizni oʻzingiz sezmay qolasiz.

Yaqinda asarni yana bir marta varaqlab chiqdim. Ayniqsa, 5-bobini sinchiklab oʻqigim keldi. “Qofiya bozori qaydadir” deb nomlangan bobda asar qahramonining oʻqimasdan turib (isteʼdodi bor-yoʻqligidan bexabar holda) shoir boʻlish uchun qasd qilganiyu bu yanglish yoʻlda boshidan kechirganlari bayon qilingan. Agronomlikni eplolmagan bolakay shoirlarni katta tantanayu taraddud bilan kutishayotgani, odamlarning ularga hurmat bilan qaraganini koʻrib, birdaniga ijodkor boʻlgisi kelib qoladi. Uning diqqatini tortgan ikkinchi jihat asarda quyidagicha tasvirlanadi:

“Daraxtga chiqib, joylashibroq oʻtirib oldim. Olakoʻz oyogʻini silkita-silkita tushuntira ketdi:

– Bu yerda, ogʻayni, sheʼr bazmi boʻladi, bildingmi? Shahardan zoʻr shoirlar kelgan, bildingmi? Ular choʻlquvarlar bilan kattakon uchrashuv oʻtkazadi. Hozir mehmonxonaga tuxum yutgani kirib ketishdi, bildingmi?

– Nega endi tuxum yutishar ekan?

– Nega deysanmi, toza kallavaram ekansan-ku, ogʻayni! Axir tuxum yutishmasa, ovozlari yaxshi chiqmay sheʼrni past-baland qilib oʻqib qoʻyishadi-da. Hozir raisimiz oʻsha tomonga toʻrt yashik tuxum olib oʻtib ketdi, bildingmi?”

Xullas, tuxumni koʻproq yutib, sheʼrini yaxshi oʻqishga chogʻlanayotgan shoirlar Hoshimjonga juda sirli, martabasi ulugʻ insonlar sifatida koʻrinib ketadi va uni jiddiy qiziqtirib qoʻyadi. (Aslida, ijod ahli, umuman, alohida isteʼdod egalari doimo boshqalar koʻziga oʻta sirli koʻrinishi rost. Buning sababi, ularning sheʼrni yaxshiroq oʻqish uchun tuxum yutishida emas, balki hammayam uddalay olmaydigan ijodni qoyillatishida, boshqalarning iqtidori yetmaydigan ishni bajarishida. Tuxum yutish voqeasini esa adib oddiy, sodda odamlarning mashhurlar muvaffaqiyat sirini oʻzlari bilganicha yoʻyish odatini ifodalash uchun kiritgan).

Asarning davomini oʻqiymiz. Shoirlar birin-ketin davraga kirib kelishar ekan, yigʻilganlar ularni olqishu qarsaklar bilan qarshi oladi. Sheʼrxonlik boshlanadi. Birinchi boʻlib soʻz olgan savlatli shoirning sheʼrini hamma nafasini ichiga yutib, jon qulogʻi bilan tinglaydi. Sheʼr tugagach esa qarsaklar chalinib, olqishlar yogʻilib ketadi.   Shoirga darrov toʻn yopishadi, doʻppi kiydirishadi, hurmat-ehtirom koʻrsatishadi. Bular ham qahramonimizning havasini keltiradi:

“Shoirlar tuxumni koʻp yutishgan ekan, sheʼrxonlik qorongʻi tushguncha davom etdi. Men esa birinchi sheʼrni eshitganimdayoq, shoirga koʻrsatilgan hurmatu ehtiromni koʻrib adoyi tamom boʻlgan edim.

“Ana hurmatu ana eʼzoz, – deyman oʻzimga-oʻzim. – Men boʻlsam, agronom boʻlaman deb jonimni qiynab, qayoqdagi gʻalvalarga qolib yuribman-a. Mana, shoir boʻlsang, boshqa gap. Toʻyib-toʻyib tuxum yutasan, kitoblaring chiqadi, surating gazetada bosiladi. Bitta-yarimta sheʼr oʻqib qoʻysang, yelkangga banoras toʻn yopishadi. Qarsaklar, ofarinlar! Yoʻq. Yoʻq! Men ham shoir boʻlaman. Albatta, shoir boʻlaman!”

Yigʻin tugashi bilan sekin pastga tushdimu qalpoqchamni boshimga ilib, shoirlarga qoʻshilib oldim. Axir shoir boʻlish uchun uncha-muncha ularning siru asroridan xabardor boʻlishim, loaqal bitta-yarimtasi bilan durustroq oshno boʻlib olishim kerak edi-da…”

Bu parchada dastlab Hoshimjonning shoirlik haqidagi tasavvurlari odamning eʼtiborini tortadi. Qarangki, uning nazdida shoirlik faqatgina “tuxum yutish”u “kitoblari chiqishi”, “surati gazetada bosilishi”, “bitta-yarimta sheʼr oʻqib qoʻyganda, yelkaga banoras toʻn yopilishi”, xolos! Yaʼni shonu shuhrat, mashhurlik choʻqqisi! Boshqa hech narsa emas! Buning uchun eng avval isteʼdod kerakligi, soʻng shu isteʼdodni tarbiyalash uchun qattiq mehnat qilish, oʻz ustida tinim bilmay ishlash lozimligini u bilmaydi. Daholar “ilhom parisi” deb ataydigan sirli-sururli bir holatni oʻziga doimiy hamroh qilish uchun qanchalik zahmat chekish talab etilishini, bu esa sira-sira yuqoridagi tashqi yaltiroqliklar uchungina boʻlavermasligini bolapaqir anglamaydi. Shuning uchun ham u mashinada shoirlarning tizzasiga yastanib ketar ekan, “shoirlikka oid biror gap eshitib qolarmikanman” deb, ularning ogʻzini poylaydi. Uning     “shoirlik hayoti”dagi ilk sheʼri ham shu asnoda tugʻiladi:

Koʻchalar,

Oh, begona koʻchalar!

Muncha silliqsiz,

Muncha tiniqsiz.

Qalbimga yaqin koʻchalar,

Uyqum kelmas kechalar…

Sheʼrni adib shu qadar mahorat bilan yozganki, uni oʻqiganda beixtiyor odamning koʻz oʻngida noʻnoq bir sheʼrboz qiyofasi yaqqol chizilganday boʻladi: ikkinchi satrda begona deyilgan koʻcha sheʼrning beshinchi qatoriga borib, darrov qalbga yaqin boʻlib qoladi, yoʻl, mayli, ehtimol, silliqdiru ammo uning tiniqligi haqidagi tashbeh sira-sira toʻgʻri kelmaydi, qolaversa, soʻnggi satrlarda koʻcha va kecha soʻzlarining qofiyasi bir amallab kelishtirilganu maʼno gʻoyib boʻlgan (afsus va kulgi aralash holatda oʻqib, tahlil qilamanu lop etib yodimga hozirgi aksariyat gazetalar sahifalarini bezayotgan, yupqa-yupqa kitobchalarni toʻldirayotgan “sheʼr otli”lar yodimga tushaveradi…)

Xullas, asar davomida Hoshimjonning shaharga kelib, shoirlar hayotiga aralashgani biri biridan qiziq holatlar, kulgili vaziyatlar orqali tasvirlanadi. Kechasi bilan sheʼr mashq qilib chiqqan “shoir Hoshimjon Roʻzi” tahririyatlardan birining adabiyot va sanʼat boʻlimiga boradi. Sheʼrni bolakayning nazarida “ichida maza qilib oʻqigan” xodim unga “sheʼrda qofiya, vazn, turoq degan narsalar boʻlishi kerak. Maʼno, mantiq degan narsalar boʻlishi kerak. Sheʼringizda men oʻshalarni koʻrmayapman”, deydi. Endi qahramonimiz doʻkonma-doʻkon yurib, qofiya, turoq, vazn soʻroqlaydi. Hech bir yerdan bu narsalarni topolmagan Hoshimjon hammasini shoirlar sotib olib ketgan deb oʻylaydi. Ertasi kuni yana oʻsha xodimning oldiga borganida, bu gal undan qaysi shoirlarning sheʼrlarini sevib oʻqigani soʻraladi. Yetti uxlab tushiga ham kirmagan shoirlarning nomlarini aytib, asarlarini oʻqigan-yoʻqligini soʻraydi. Xullas, uning bu kabi soʻroqlaridan terga tushib ketgan (tabiiyki, bilimsizligidan shu koʻyga tushgan) Hoshimjonning xayoliga boshqa bir fikr keladi: u oʻzi kechalari ijod qilishini poylab yurgan shoirlar qogʻozga tushirgan, soʻng “boʻlmaydi”ga chiqarib, gʻijimlab otgan sheʼrlarini oqqa koʻchiradi-da, gazetalarga olib boradi. Sheʼrlari yaxshi baholanib, nashr etilayotgani, yaxshigina qalam haqi olganidan sevinib yurgan bolapaqirning boshiga kutilmaganda falokat yogʻiladi (qilmish – qidirmish-da, axir): uning oʻgʻriligi maʼlum boʻlib qoladi. Sheʼrning asl nusxasini koʻrsatib, uni fosh qilganlaridan soʻng qochishdan boʻlak iloj topolmagan “shoir” boshqalarning “sehrgar”, “plagiator”, “sheʼr oʻgʻrisi” kabi kishini uncha xursand qilmaydigan soʻzlarini eshitishga majbur boʻladi. Oʻzi esa ularga javoban bor-yoʻgʻi shunday deya oladi, xolos:

“Oʻzlaring-chi, oʻzlaring! Magazinga kelgan vazn, qofiya, turoqlarni bizga oʻxshaganlarga bir gramm ham bermasdan olib qoʻyasizlar-ku! Uyat emasmi!”

Adib Hoshimjonning shoirlikka iqtidorlilar ishi, xudo yuqtirgan isteʼdod egalari zimmasiga tushgan yuk deb emas, sirini bilib, kashtasini kelishtirib olsang, bemalol uddalasa boʻladigan ish deb oʻylashini ishonarli tarzda tasvirlaydi. Shu bilan birga, uning shunday oʻylashiga bilimsizligi, bexabarligi sabab boʻlayotganini ham yaqqol koʻrsatib bera oladi. Boʻlmasa, qofiya, turoq, vazn kabilarni doʻkondan soʻrab yurarmidi? Yoki birovning intellektual mulkini oʻziniki qilib olarmidi?   Darhaqiqat, u buning yomon, notoʻgʻri ish ekanligini bilmaydi. Ayniqsa, “plagiator” degan bir qarashda xuddi “aviator”, “orator” kabi jarangdor soʻzlarga uyqash bir atamaning aslida adabiy oʻgʻriga, ijodiy qingʻir kishiga nisbatan qoʻllanishidan ham u bexabar. Bu ishning ijod odobiyu qoidalariga zidligi, qadimdan bu borada jiddiy talablar borligini anglaganidami? Oʻtmish shoirlar, zamonaviy adabiyot namoyandalari bordiyu biror ijodkorning biror bir bayti yo satridan taʼsirlansa, “oʻziniki” qilishni istab qolsa, buning ham yoʻrigʻi borligi, oʻsha satrlarni oʻziga olib, alohida yangi sheʼr yaratishi va buni sharq sheʼriyatida “tazmin sanʼati” deb atalishini ham bilgan boʻlardi. Masalan, Attorning “Mantiq ut-tayr”idan taʼsirlangan Navoiy bu asarga javoban “Lison ut-tayr”ni bitgan boʻlsa, shoh Mashrab Lutfiyning “xoh inon, xoh inonma” radifli gʻazaliga tazmin bogʻlagan. Omon Matjonning har bandi “Sen unda dogʻ boʻlding, men bunda dogʻ qoldim” satrlari bilan tugallanadigan sheʼri esa shoir Miriy sheʼriga oʻxshatma tarzida yozilgani muallif tomonidan koʻrsatib oʻtiladi. Xuddi shu qoida nasriy asarlardan tortib, maqolalar uchun ham     tegishliligi, asardan koʻchirma berish orqali bemalol uning muallifini keltirib oʻz ijodiy ishida foydalanish mumkinligini bugunning “Hoshimjon”lari ham bilib-anglab olishsa, yaxshi boʻlardi. Shoirlarga yaqin yurish, men “falon shoir yo adibning shogirdiman” deyish bilangina taniqli ijodkor boʻlib qolish mumkin boʻlganida, shoirlarning uyida tunab, shokoladini yeb yurgan Hoshimjon osongina shoir boʻlardi. Ammo Xudoyberdi Toʻxtaboyev hayot haqiqatlariga zid bormagan holda shoirlik – isteʼdod ekanligini, unga qingʻir yoʻl bilan emas, faqatgina iqtidor kuchi va mehnat bilan erishish mumkinligini taʼsirchan va kulgiga yoʻgʻrilgan bir koʻrinishda ochib beradi. Plagiatlik esa nafaqat ijod odobida qoralanadigan bir holat, balki qonunlarimizda javobgarlik belgilangan bir jinoyat ekanligini ham taʼkidlamoq kerakki, bunga jiddiy qaramaydigan, yoshi ulgʻaysa ham hamon “Hoshimjon”ligicha qolayotgan “ejodkor”lar oramizda borligi sir emas. Yuqoridagi asarning biz keltirgan bobi ham aslida ularga bir ogohlantirishdek yozilganmikin, degan oʻyga ham borasan kishi…

 

Xurshida ABDULLAYEVA

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.