Qalbning oppoq daftari

0
340
marta koʻrilgan.

(Oʻqituvchining obroʻsi haqida)

 

Rivoyat qilishlaricha, kunlardan birida sulton Husayn Boyqaro ovga chiqishni ixtiyor etdi. Unga hazrat Alisher Navoiy hamroh boʻldi. Ovdan qaytar ekanlar, bir qishloqdan oʻtdilar. Koʻcha chetida turgan olti-yetti yoshlardagi bolakay salom berdi. Sulton Husayn qoʻlini koʻksiga qoʻyib, alik oldiyu oʻtib ketaverdi. Alisher Navoiy esa bolani koʻrib, otini toʻxtatdi. Pastga tushib, bola bilan qoʻshqoʻllab koʻrishdi. Keyin tagʻin otiga minib, yoʻlda davom etdi. Navoiyning bu ishi shahanshohni hayron qoldirdi.

– Mavlono, – dedi u Navoiyga yuzlanib, – siz saltanatning vaziri boʻlsangiz, buning ustiga, jahonga taniqli shoir boʻlsangiz, nainki goʻdak bir bolaga shunchalar muruvvat koʻrsatursiz?

– Olampanoh, – dedi Navoiy jilmayib. – Gap bolada emas. Gap shundaki, bir vaqtlar shu bolaning otasi manim savodimni chiqazgan erdi. Men ustozimning yetti pushti oldida hamisha qarzdormen…

Bu voqea chindan ham boʻlganmi-yoʻqmi, biroq Navoiydek zukko insondan xuddi shunday harakatni kutish hech kimni ajablantirmaydi. Umuman hamma xalqlar hamma zamonlarda oʻqituvchini buyuk inson hisoblagan. Oʻzbeklar hurmat qilgan kishisini, ilmli odamlarni “domla” deb izzatini joyiga qoʻyadi. Ozarboyjonlar “muallim” deb ehtirom koʻrsatadi. Tojiklar “ustod” deydi. Ruslar uchun “uchitel” degan soʻz keng maʼnoni anglatadi. Biroq bu soʻzlarning hammasini yagona maʼno – katta hurmat maʼnosi birlashtirib turadi.

Davlatimiz pedagoglarga gʻamxoʻrlik qilib kelmoqda. Shunga qaramay, ayrim odamlarning oʻqituvchilik kasbiga munosabati meni koʻp oʻylantiradi. Bugungi kunda oʻqituvchining obroʻsi qay darajada?

Esimda, oʻshanda yosh bola edim. Biroq aniq yodimda turibdi: elliginchi yillarda gʻalati qoida bor edi. Birovning qiziga oʻqituvchidan sovchi kelsa, ota-onasi deyarli ikkilanmay rozi boʻlardi. Hozir oʻqituvchidan qiziga sovchi kelsa, ensasi qotadigan ota-onalar oz emas. Lekin, aytaylik, baza mudiridan sovchi kelsa, deyarli ikkilanishmaydi. Ilgarilari davraning eng toʻrida oʻqituvchi oʻtirardi. Hozir… Bilmadim, har qanday davraning toʻrida ham oʻqituvchi oʻtiravermaydi.

Yaqinda “boyvachcha” yigitlar davrasida oʻtirib qoldim. Xoʻp zamonaviy kiyingan, koʻrinishidan ziyolinamo, tilla tish qoʻygan yigit gʻalati latifa aytib berdi. Bir odamning bolasi oʻlgudek shoʻx ekan. Buning ustiga nuqul “ikki” olarkan. Biroq dadasi badavlat kishi ekan. Bir kuni oʻqituvchi uning uyiga hasrat qilib kelibdi. “Shundoq, shundoq, bolangizning xulqi yomon, oʻqishining mazasi yoʻq, bu ketishida odam boʻlishi qiyin”, debdi. Otasi oʻylab oʻtirmasdan, qoʻl siltabdi: “Baribir uyda ham bekor yuradi-da, maktabga qatnab tursin, juda boʻlmasa, muallim-puallim boʻlar”. Davradagilar xoxolab kulishdi. Men zil ketib oʻtirardim. Ehtimol bu shunchaki xushchaqchaq latifadir. Lekin uning tagida juda mudhish maʼno bor. Nahot oʻqituvchi degan kasbning qadri shunchalik pasayib ketgan boʻlsa?! Buning uchun kim aybdor? Axir bundan yigirma-oʻttiz yil ilgari biz maktabda oʻqiganimizda oʻqituvchiga faqat bolalarning emas, ota-onalarning ehtiromi ham gʻoyat kuchli edi-ku. Qishloqdami, shahardami eng tabarruk kasb oʻqituvchilik kasbi sanalardi-ku.

Bir voqea. Bundan uch yil ilgari pedagog Odil Qayumov vafot etdi. Oʻsha kuni Toshkentdagi katta mahallalardan Doʻmbirobod koʻchasiga odam sigʻmay ketdi. DAN xodimlari mahalla markazidan qabristongacha boʻlgan masofada ulovlar harakatini toʻxtatib qoʻyishga majbur boʻlishdi. Bu odam Doʻmbiroboddagi toʻngʻich maktabning toʻngʻich direktori edi. Biroq u faqat pedagog, faqat direktor emasdi. Odamlar nima ishi tushsa, shu kishi bilan bamaslahat qilardi. Koʻpincha kechqurunlari maktab hovlisida yigʻilishlar boʻlardi. Hali ketmonini uyiga qoʻyib ulgurmagan kolxozchilar, kiyimidan kerosin hidi anqib turgan traktorchilar chordana qurib oʻtirib olib, Odil akaning yangroq nutqlarini eshitishardi. Odil aka dunyo siyosati haqida, amerikalik urush olovini yoquvchilar haqida hayajonlanib gapirganida hamma mahliyo boʻlib qolardi. Boshqacharoq qilib aytganda, Odil aka shunchaki oʻqituvchi emas, qishloqning eng ilgʻor ziyolisi edi.

Xoʻsh, hozir pedagoglar orasida shunday oʻqituvchilar yoʻqmi? Bor! Oz emas. Qishloqda ishlaydigan Asqar Joʻrayev degan fizik doʻstim bor (darvoqe, bu yigit shoir Sulton Joʻraning jiyani boʻladi). Har gal shu doʻstim bilan suhbatlashganimda uning ilm doirasi naqadar kengligiga qoyil qolaman. Enshteynning nisbiylik nazariyasini menga shu yigit tushuntirib bergan. Mayli, bu-ku oʻzining sohasi. Biroq u adabiyotni jonidan yaxshi koʻradi. Bu yigit bilan qaysi sohada gaplashmang, bemalol fikrlashadi. Oʻz oʻquvchilari bilan doʻstdek, aka-ukadek maslahatlashadi. Shu boisdan pedagoglar ham, bolalar ham uni yaxshi koʻrishadi. Qishloqning eng obroʻli odamlaridan.

Respublikamiz pedagoglarining qaldirgʻochi Qori Niyoziy, oʻzining “Alifbe”si bilan millionlab oʻzbek bolalarining savodini chiqargan Oqil Sharofiddinov, respublikamiz pedagogikasi taraqqiyotiga ulkan ulush qoʻshgan va qoʻshayotgan Said Shermuhammedov – bunga oʻxshash el ardogʻidagi koʻplab ustozlarni hamma chin dildan hurmat qiladi. Yana oʻn minglab oddiy oʻqituvchilar borki, ular haqida shogirdlari hayajon bilan toʻlib-toshib hikoya qilishlari mumkin. Biroq baribir keyingi yillarda oʻqituvchi degan unvonning oliy darajasi ayrim kishilar nazarida oʻzgarganligi ham rad etib boʻlmaydigan haqiqat. Xoʻsh, buning sababi nima? Nazarimda, buning oʻqituvchiga bogʻliq boʻlgan subʼyektiv sabablari ham, bogʻliq boʻlmagan obʼyektiv sabablari ham bor.

Keling, eng avval oʻqituvchining oʻziga bogʻliq boʻlgan tomonlarini olaylik. Bundan oʻttiz-qirq yil ilgari shaharda ham, ayniqsa, qishloqda oʻqituvchi darajasidagi ilmli odamlar kam edi. Oʻqituvchi bilgan narsani, u oʻqigan kitoblarni koʻpchilik bilmas, koʻpchilik oʻqimagan boʻlardi.

Endi shaharda ham, qishloqda ham barcha ilmli. Har bir qishloqda ikki-uch nafardan olim bor. Mana shu ilm taraqqiyoti oldida oʻqituvchi yarq etib ajralib koʻrinmaydigan boʻlib qoldi. Kechagi shogird bugun oʻqituvchining oʻzidan koʻra koʻproq ilmga ega. Xoʻsh, bunday vaziyatda u nima qilishi kerak? Bunday holatda faqat bir yoʻl bilan oʻz mavqeini saqlab qolishi mumkin: nuqul konspekt tuzish bilan ovora boʻlmasdan, oʻz ustida muntazam ishlab borishi kerak edi. Holbuki, oʻqituvchilar orasida oʻz fanini naridan-beri bilib olib, darsga kirib-chiqib yuradiganlari oz emas. Haftada falon soat darsi boʻlsa, shuni oʻtib falon soʻm oyligini olsa, boʻldi. Boshqa narsa bilan ishi yoʻq. Bunday vaziyatda pedagog, albatta, boshqalardan ajralib turolmaydi-da! U faqat oʻqituvchi boʻlibgina qolmasdan ziyolilarning yetakchisi boʻlishi kerak.

Keyingi paytlarda matbuotda oʻqituvchining kiyinish madaniyati haqida gaplar boʻldi. Bu masalaga bir tomondan qarash, menimcha, toʻgʻri emas. Yaʼni, pedagog albatta qordek oppoq yoqali koʻylak, qirrasi chiqarib dazmollangan shim kiyib yurishi, galstuk taqishi shart, deyishadi. Shahar oʻqituvchisi uchun bu shartlar balki mos kelar. Biroq qishloq oʻqituvchisining ahvoli ancha mushkulroq. Chunki u bolalar bilan qoʻshilib dalaga chiqadi. Uyida moliga, tomorqasidagi ekiniga qarashi kerak. Demak, u xohlaydimi-xohlamaydimi, qishloq oʻquvchisining koʻziga eski koʻylak, dazmollanmagan shim, chang bosgan etikda koʻrinishi mumkin. Qishloqda hamma narsa hammaning koʻzi oʻngida boʻladi. Biroq bu gap oʻqituvchi maktabga soqol olmay isqirt kiyinib borsin, degan maʼnoni mutlaqo anglatmaydi. U maktabda, yigʻilishlarda, toʻy-maʼrakalarda nihoyatda zukkoligi bilangina emas, tashqi madanayati bilan ham ajralib turishi kerak. Bu borada bolalar ham, boshqa hamqishloqlari ham undan birday oʻrnak olishi lozim. Bu shubhasiz, oʻqituvchining oʻziga bogʻliq boʻlgan masala.

Albatta, pedagog dehqonchilik qilsa (ayniqsa, qishloq joyda), ekin-tikin qilsa, buning hech bir yomon joyi yoʻq. Ammo oʻqituvchining oʻziga bogʻliq boʻlgan va hammaning oldida uning obroʻsini uch pul qiladigan bir masala bor. Afsus, ming afsuslar boʻlsin, pedagoglar orasida bolaning ilmiga emas, uning ota-onasi tutgan mavqega qarab baho qoʻyadiganlari bor. Falonchi amaldorning tantiq qizchasiga “uch” oʻrniga “toʻrt” baho qoʻyilsa, Falonchijon otasi hurmatidan “uch” oʻrniga “besh” olsa, buni nima desa boʻladi? Bu bilan pedagog oʻzining obroʻsini shamolga sovursa, mayli derdik. Ha endi bunga loyiq odam ekanki, shunday qilibdi, deb qoʻya qolardik. Lekin bu yerda boshqa, nihoyatda jiddiy masala bor. Dunyoda ikki toifa odamlar eng sezgir odamlar boʻladi. Birisi – ijodkorlar, birisi – bolalar. Xuddi oʻsha amaldorning “uch” oʻrniga “toʻrt” olgan qizchasi bilan bir partada oʻtirgan dugonasi hech nimani payqamaydi deb oʻylaysizmi? Xuddi oʻsha “hurmatli odam”ning oʻgʻilchasi bilan bir partada oʻtirgan oʻrtogʻi hech nimani koʻrmaydi, deb oʻylaymizmi? Bilasizmi, bu qanday oqibatga olib keladi? Buni koʻrgan bolalar faqat oʻqituvchidan hafsalasi pir boʻlib qolmaydi. Faqat ilmdan sovib qolmaydi. Buni koʻrgan bolalar umuman hayotga boshqacha munosabatda boʻlishni oʻrganadi! Ayting, maʼnaviyat bilan chayqovchilik qilishni jinoyatning qaysi darajasiga kiritish kerak? Nahotki, bolalarga maʼnaviyatni oʻrgatadigan pedagog shunchalik pastkashlik qilsa?! Biz xohlaymizmi-yoʻqmi, pedagoglar orasida shunday shaxslar oz boʻlsa-da, bor.

Endi oʻqituvchi degan sharafli kasbning qadri ozmi-koʻpmi pasayishiga olib kelgan baʼzi obʼyektiv sabablar haqida – pedagogning oʻziga bogʻliq boʻlmagan sabablar toʻgʻrisida gaplashib olsak.

Avvalo, shuni aytish kerakki, odamlarda (hammada emas, biroq ozchilikda ham emas) molparastlik psixologiyasi bor. Ehtimol bu yaxshi yashash, yaxshi yeb, yaxshi kiyinish istagidan kelib chiqqandir. Bunday intilishning aybi yoʻq.

Biroq bu intilish chegaradan chiqib ketsa, halolmi, harommi – qay yoʻl bilan boʻlmasin hammadan koʻproq pul topib yashashga intilish paydo boʻlgan joyda “foydasi kam”, “daromadi yoʻq” kasb egalariga, jumladan, oʻqituvchiga ham hurmat pasayadi. Bunday kishilar odamni kimdan qanday foyda kelishiga qarab baholashadi. Oʻqituvchi birovga, aytaylik, qimmatbaho dublyonkani “shapkasiz” olib berishni eplolmaydi. Bu uning vazifasiga ham aloqasiz. Birovga navbatsiz kvartira olishiga koʻmak berolmaydi va hokazo va hokazolar. Hamma narsani oʻziga keladigan foyda bilan oʻlchaydigan odamlar esa, oʻqituvchi haqida boyagi aytilgan latifaga oʻxshash iflos gaplarni toʻqib yurishadi. Ular uchun oʻqituvchi – “shunchaki” oʻqituvchi. Boshqa hech kim emas. Biroq bunday odamlar bitta eng muhim narsani esdan chiqarishadi. Yaxshi dublyonkani nari borsa besh yil kiyish mumkin, yaxshi kvartirani oxir-oqibat navbat bilan olsa boʻladi. Biroq oʻqituvchining vazifasini bularning birontasi bilan solishtirib boʻlmaydi. Uning mehnati bugun yoki ertaga koʻrinmasligi mumkin. Biroq bizning bolamiz yigirma yildan keyin nima boʻlishi xuddi mana shu kasb egasiga – pedagogga bogʻliq. Agar pedagog yomon dars bersa, buning achchiq mevasini oʻqituvchidan koʻra koʻproq oʻzimiz yeymiz. Ana oʻshanda dod-voyning foydasi kam boʻladi. Odamlar oʻrtasidagi mol-dunyoga hirs qoʻyish kattalardan koʻra bolalarga keskinroq taʼsir qiladi.

Bir misol. Yaqinda bir oʻqituvchi oʻrtogʻim hasrat qilib qoldi. Uyida katta janjal boʻlibdi. U hatto oilasi bilan ajralishga ham tayyor. Hamma gap toʻqqizinchi sinfda oʻqiydigan qizidan boshlangan. Qizchaning sinfdosh dugonasi bor ekan. U dugonasining uyiga tez-tez chiqib yurgan. Bir kuni dadasiga ochiqdan-ochiq “bayonot” bergan: “Men maktabni bitirishni xohlamayman. Ming yaxshi oʻqiganim bilan baribir boy boʻlolmaymiz. Ana, oʻrtogʻimning hovlisida fontangacha bor. Dadasi univermag direktori!”

Ehtimol yana bechora savdo xodimni roʻkach qilyaptimi, degan taʼna tugʻilar. Rostini aytishim kerak, savdo xodimlarida hech qanday xusumatim yoʻq. Savdo xodimlari orasida juda yaxshi doʻstlarim, oʻz vazifasini halol bajaradigan yigit-qizlar koʻp. Men ularni chin dildan hurmat qilaman. Biroq naridan-beri oʻrta maʼlumot olgan ayrim yulgʻich savdo xodimining hovlisida “fontan otilib tursa”, bu dalil baʼzi imoni sustroq odamlarga taʼsir qilishi mumkin. Oʻqituvchi doʻstimning qizi hali yosh. Biroq doʻstimning aytishiga qaraganda qizchada bunday kayfiyat uygʻonishiga koʻp jihatdan onasi sababchi boʻlgan. Xotin topish-tutishining mazasi yoʻqligini aytib, har kuni erini “egovlagan”. Albatta, har kim oʻz vazifasini bajaradi. Oʻqituvchi bolalarga ham ilm, ham taʼlim beradi. Binokor imorat quradi. Vrach bemorni davolaydi va hokazo. Savdo xodimining vazifasi davlat korxonasi chiqargan narsalarni xalqqa sotish. Bu ham nihoyatda qiyin kasb. Koʻpchilik bilan muomala qilish oson emas. Lekin kasbini qingʻir daromad maibaiga aylantiradigan shaxslar yoʻq ham emas. “Defitsit” degan balo bor. Shu balo bor ekan, ayrim yulgʻichlarning oshigʻi olchi boʻlaveradi. Chunki koʻpincha “defitsit” sunʼiy ravishda yoʻq joydan bor qilinadi.

Shubhasiz, bizda har bir kasb oʻzicha sharafli. Har hunarning oʻz vazifasi, oʻz falsafasi bor. Pedagoglik kasbining falsafasi hammadan koʻra murakkabroq. Murgʻak bolaning oppoq qalb daftariga insonlik degan soʻzni oʻyib yozish huquqi faqat oʻqituvchiga berilgan. Aytaylik, dehqon yerga nobop urugʻ sochsa, bir yil hosilsiz qoladi. Agar pedagog bolaning kalbiga nobop urugʻ sochsa-chi? Bu narsa bir umrlik fojiaga olib keladi? Bu fojia bir kishining emas, koʻplarning fojiasiga aylanadi. Hayotda hamma narsa bir-biri bilan bogʻliq-ku. Shu boisdan men boshqa bironta kasbni oʻqituvchilik hunari bilan tenglashtira olmayman.

Yana bir muammo. Shu yil yozda bir qishloqda toʻyda boʻldim (keling, manzilini aytmay qoʻyaqolay). Toʻyni rayon ijroya komitetining raisi ochdi. Kelin bilan kuyovni tabrikladi. Keyin toʻsatdan poygakroqda oʻtirgan maktab direktoriga koʻzi tushib qoldiyu qoʻlida mikrofon bilan murojaat qildi:

– Iya, domla siz ham shu yerdamisiz? Kecha bolalarni chopiqqa nega kam olib chiqdingiz?

Rostini aytsam, jonim hiqildogʻimga keldi. Birinchidan, bu yerda toʻy boʻlayapti, rayispolkomning majlisi emas. Bunaqa gapning oʻrni yoʻq. Qolaversa, maktab direktori kolxozning raisi ham, agronomi ham emas. Rayijrokom raisining maktab direktorini hamqishloqlarining koʻzi oʻngida, uning ustiga toʻyda “Bolalarni nega chopiqqa olib chiqmading?!” deb tergashga nima haqqi bor?! Pedagogni, maktab direktorini hamma oʻrtasida obroʻsizlantirishga kim huquq berdi, oʻsha ijroqoʻm raisiga?!

Baʼzan hayron qolaman. Nari borsa, toʻliqsiz oʻrta maʼlumotga ega boʻlgan kolxoz brigadiri maktab direktorining yoqasidan olgudek boʻladi. Bunda pedagogning obroʻsi qayoqqa ketadi? Axir xuddi oʻsha rais, xuddi oʻsha brigadirning bolalari ham maktabda oʻqiydi-ku. Xuddi oʻsha pedagog unga dars beradi, taʼlim beradi-ku! Axir toʻyda oʻsha direktorning qoʻlida oʻqigan va oʻqiydigan yigit-qizlar xizmat qilib yurgan edi-ku.

Balki men xato qilgandirman, biroq oʻsha toʻyda ijroqoʻm raisi direktorni qanchalik “burchakka taqagan” boʻlsa, ertasiga men ham raisni shunchalik “burchakka taqadim”. Albatta, rais uzr soʻradi, “sharoit shunaqa boʻlib qolgani”ni aytdi.

Shubhasiz, bu oʻrinda direktorning ham aybi bor. Kishi oʻzini-oʻzi qadrlamasa, boshqalar oldida ham qadr topmaydi. Avvalo oʻz huquqini, darajasini bilish kerak. Pedagog degan nom qanchalik sharafli ekanini bilmaganlarga tushuntirib qoʻyish kerak. Ijroqoʻm raisi rayon rahbarlaridan biri ekan, pedagog obroʻsini tushirish tugul, aksincha, koʻpchilik oʻrtasida osmon qadar koʻtarishi kerak edi.

Keyingi yillarda tagʻin bir masalani koʻp oʻylayman. Qaysi maktabga bormang, yuz foiz oʻzlashtirish uchun harakat qilib yotibmiz, deyishadi. Bu juda ulugʻ intilish. Bizda ilm olish – bepul. Davlatimiz har bir oʻquvchi uchun koʻplab mablagʻ sarflaydi.

Binobarin, bolaning sinfdan sinfga koʻchmay qolishi moddiy jihatdan ham, maʼnaviy jihatdan ham zarar. Biroq bu oʻrinda nuqul reja bajarishini oʻylash har doim ham oʻzini oqlarmikin? Keyingi paytlarda oʻquv programmalari murakkablashib ketdi. Shunday ekan, sinfda oʻqiydigan oʻttiz bola orasida, aytaylik, bir-ikki oʻquvchi oʻzining tabiiy qobiliyatiga qarab, u yoki bu fanni oʻzlashtira olmasligi mumkinmi? Xoʻsh, bunday bolani sunʼiy ravishda sinfdan-sinfga koʻchirish qanday boʻlarkin? Menimcha, buning ikkita zararli tomoni bor. Birinchidan, hozirgi asr fan asri, texnika asri. Maktabni bitiradigan bola qayerda, kim boʻlib ishlashidan qatʼi nazar, ilmli boʻlishga majbur. Chalasavodlik bilan qoʻlga kiritilgan attestatni yetuklik attestati deb boʻlmaydi. Ikkinchidan (menimcha, eng muhimi ham shu boʻlsa kerak), oʻqituvchi oʻquvchiga “ikki” oʻrniga sunʼiy ravishda “uch” qoʻydi, deylik. Bu narsa oʻqituvchining oyoq-qoʻlini bogʻlab oʻquvchiga topshirish degan gap emasmi? Bolalar shum boʻladi. Oʻqisam ham, oʻqimasam ham, domla baribir yomon baho qoʻymaydi, degan fikr ongiga oʻrnashdimi, bu boladan ilmli odam chiqishi qiyin. Bundan tashqari, xuddi oʻsha bola bilan bir partada oʻtirgan boshqa oʻquvchida: “Falonchi oʻqimasa ham “uch” oladi, men oʻqisam ham “uch” olaman” degan fikr uygʻonmaydi, deb kim kafolat bera oladi? Bu xil oʻylagan bolaning ilmga, maktabga, umuman, hayotga munosabati qanday boʻladi? Axir, oʻqituvchi faqat ilmli odamni emas, umuman insonni tarbiyalaydi-ku. Bu holda pedagogning tarbiyachilik xususiyati qayerda qoladi?!

Nazarimda, respublika pedagogika fanlar ilmiy tekshirish instituti zimmasida ham oʻqitish metodikasini takomillashtirish borasida qilinishi kerak boʻlgan ishlar koʻp. Hali bu masala ham maromiga yetgan deb boʻlmaydi.

Maktabda rus tili va adabiyotini oʻqitgan Maryam opadan bir umr minnatdorman. Balki mening qalamkash boʻlishimda shu opaning ham hissasi kattadir. Rus adabiyotiga muhabbatni shu oʻqituvchim uygʻotgan. Respublikamizda rus tili va adabiyotini oʻrganish va oʻqitishga jiddiy eʼtibor berilmoqda. Biroq oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganish boʻyicha qilinayotgan ishlar yetarlimi? Bu masala biron maktab pedagogika kengashida, viloyat va tuman miqyosida muhokama qilindimi? Keyingi paytlarda yuqori sinflarda oʻzbek tili va adabiyoti darslari kamaytirildi. Qiziq, nega endi aynan oʻzbek tili va adabiyoti oʻqitish soatlari kamayishi kerak? Toʻgʻri, hozir ilmiy-texnika rivoji asri. Lekin bu degani odamlarda ezgulik tuygʻusi kamayishi mumkin, degan gap emas-ku? Axir adabiyot degani avvalo gumanizm degani, insoniylik degani-ku. Shunday ekan, maktablarda oʻzbek tili va adabiyoti qanday oʻqitilayotganini, menimcha, jiddiy tahlil qilish kerak.

Nihoyat, yana bir masala – oliy oʻquv yurtlariga talabalarni qabul qilish masalasi. Biz xohlaymizmi-yoʻqmi, baribir ilmli, isteʼdodli bolalar bu yoqda qolib, bilimi sayozlarni institut kursisiga oʻtqazib qoʻyish holatlari hamon uchrab turibdi. Birov tanish-bilish bilan, birov pul bilan, birov “roʻyxat” bilan – xullas, buning “yoʻllari” koʻp. Tasavvur qiling. Maktabda aʼlo bahoga oʻqigan bola oliy oʻquv yurtiga imtihon topshirayotganida negadir “bali” yetmay qolsa-da, xuddi oʻsha bola bilan bir sinfda oʻqigan “boyvachcha”ning chalasavod oʻgʻli yo tantiq qizchasi hamma imtihonlardan oʻtib, talabalik kursisiga oʻtirib olsa, nima boʻladi? Narigi yigitcha oʻkinmaydimi? Bu dunyoda adolat yoʻq ekan, deb oʻylamaydimi? Eng muhimi, jamiyatimiz ertaga oʻz sohasining haqiqiy bilimdoni boʻlishi mumkin boʻlgan bir isteʼdodni yoʻqotmaydimi?

 

* * *

Men maktabda savodimni chiqargan, tarbiya bergan oʻqituvchilarim, universitetda ilm va ijod sirlarini oʻrgatgan domlalarimdan qarzdorman, ular oldida taʼzim qilaman. Umuman oʻqituvchi, ustoz nomlarini ehtirom bilan tilga olaman.

Balki shuning uchun ham baʼzi fikrlarni keskinroq aytgandirman. Aslida bu ham oʻqituvchiga boʻlgan chuqur hurmatimdan. Domlalar buni toʻgʻri tushunishadi, deb umid qilaman.

Modomiki gapni hazrat Navoiydan boshlagan ekanmiz, yana shu ulugʻ zotning soʻzlari bilan yakunlay qolamiz:

 

Haq yoʻlinda kim senga bir harf oʻqitmish ranj ila,

Aylamak boʻlmas ado oning haqin ming ganj ila.

 

Aziyatlar chekib bizga ilm bergan, bundan keyin bolalarimizga ilm beradigan, binobarin, yana oʻn-yigirma yildan keyingi avlodni bugun shakllantirayotgan oʻqituvchi degan insonga yana bir bor taʼzim qilgim keladi.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

1981 yil

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.