Publitsistning jasorati

0
115
marta koʻrilgan.

Erkin Vohidov oʻzbek sheʼriyatida betakror maktab yaratganligi allaqachon eʼtirof etilgan. Taniqli ijodkor badiiy publitsistika janrida ham munosib oʻringa ega ekanligini taʼkidlash darkor. U kishi noshirlik sohasida faoliyat yuritadimi, qonun ijodkorligi yoʻnalishida mehnat qiladimi, qayerda boʻlmasin, yon-atrofda roʻy berayotgan voqealarga munosabat bildirishni oʻzining fuqarolik burchi deb hisoblardi.

Ayniqsa, bir palatali Oliy Majlis idorasida va keyinchalik parlamentning Senati dargohida professional qonun yaratish ishlari bilan shugʻullanganlarida oʻzbek tilining sofligi, xalqimiz uchun tushunarli boʻlish yoʻlida samarali ish yuritganligi eʼtiborga sazovordir.

“Oʻzbekiston Respublikasining qonuni toza qogʻozga avvalo oʻzbek tilida yozilishi, soʻng ruschaga tarjima qilinishi kerak” degan soʻzni ustoz koʻp takrorlardilar. Negaki, mustaqillikning ilk davrida buning aksi boʻlganligi, bu borada qonun tilini yaratishning yangi soʻqmoqlari ochilgani shak-shubhasizdir.

Kechagidek esimda, Erkin aka oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunning nishonlanishi arafasida tilimiz rivojidagi dolzarb muammolar yechimiga bagʻishlab jonkuyarlik bilan, asosan tanqidiy maqolalar bilan chiqish qilardilar. Adibning umri oxirlarida yaratgan “Soʻz latofati” kitobidagi eʼtiborli fikrlar koʻp yillar mobaynida qogʻozga tushirilganiga kamina guvoh.

Oʻzaro suhbatlarda, xizmat yuzasidan muloqot qilganimizda Erkin aka “Haqiqiy jurnalist har bir maqolasida hammaga maʼlum gaplarni takrorlayvermasdan, gazetxon yoki kitobxonga nimadir yangi gap aytishi kerak” degan qoidani qulogʻimizga quyardilar. Eng muhimi, oʻzlari hamisha bu talabga rioya qilib, ibrat boʻlardilar.

Erkin Vohidov oʻzbek jurnalistikasida muhim bir oʻzgarish, taʼbir joiz boʻlsa, tub burilishga sababchi boʻlganlarini hamma ham bilavermasa kerak. Oʻsha holatlardan uncha-muncha xabardor boʻlganligim uchun u haqda batafsil hikoya qilishga jazm etdim.

2002 yilning bahorida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov AQSH davlatiga rasmiy tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida Oliy Majlisning Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi Erkin Vohidov ham bor edi. Mazkur davlat tashrifi dunyo ommaviy axborot vositalarida, xususan, Oʻzbekiston matbuotida ham keng yoritildi. Birinchi Prezidentimiz Amerika Qoʻshma Shtatlarining oʻsha paytdagi Prezidenti Jorj Bushning taklifiga binoan AQSHga rasmiy tashrifi davomida oliy darajadagi muzokaralar hamda vazirlik va idoralar, AQSH Kongressi Senati va Vakillar palatasi aʼzolari, ishbilarmon doiralar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Tashrif boʻlib oʻtgandan keyin ham AQSHlik siyosat arboblari – Genri Kissenjer va Nyu-York shahri meri Maykl R. Blumberglardan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga boʻlib oʻtgan uchrashuvlar gʻoyat katta mamnuniyat baxsh etganligi haqida maktublar keldi va ushbu nomalar “Xalq soʻzi” sahifalarida eʼlon qilindi.

Oradan maʼlum vaqt oʻtgandan keyin mazkur tashrif ishtirokchisi Erkin Vohidov “Xalq soʻzi”da bir sahifalik maqola bilan chiqish qildi. “Tashrif. Tarix. Taqdir” sarlavhasi bilan chop etilgan maqola mamlakatimizning barcha soha vakillari tomonidan zoʻr qiziqish bilan kutib olindi. Koʻp yillar mobaynida Amerika zaminida bir necha bor boʻlgan, bu safar davlat rahbari bilan rasmiy delegatsiya tarkibida ummon ortidagi mamlakatga borib kelgan insonning nigohidagi Amerika hammaga qiziq tuyulgandi.

Erkin aka ushbu maqolani shaxsan oʻzlari tahririyatga olib keldilar va gazeta sahifalanish jarayonida jurnalistlar bilan baqamti ishladilar. Har bir xatboshi, har bir jumlani qayta-qayta oʻqib, koʻngillari toʻlmasa, qaytadan tahrir qilar, bu haqda fikrimizni soʻrardilar.

Bilasiz, rasmiy tashriflar haqidagi materiallar asosan protokol tilida boʻlib, har qanday ehtirosdan yiroq boʻladi. Lekin Erkin Vohidov, garchi oʻzi rasmiy lavozimda ishlasa-da, koʻnglidan kechgan oʻy-andishalarni, qalb hayqirigʻini yozmasdan turolmasdi. Qarang, maqolaning birinchi ustunidagi tugʻyonli satrlarni oʻqiylik: “Nyu-York, Vashington dahshati dunyoning koʻzini ochdi. Jaholat naqadar qudratli kuchga aylanishi ayon boʻldi.

Ayon boʻldi, deymanu inson tabiatining ojizligini oʻylayman. Ajabo, aqlu idroki shu qadar yuksaklikka koʻtarilgan inson, tarix saboqlarini oʻtgan, ming yillarning sarhisobini qilgan inson nega falokat oʻz boshiga kelmaguncha xotirjam yurarkin? Nega oʻzidan nariroqda yonayotgan oʻtga beparvo qararkin? Ertaga mening ham uyim yonishi mumkin, deb oʻylamasmikin? Olis sayyoralargacha borib yetgan tafakkur shu qadar ojizmi?”

Erkin Vohidov oʻz Prezidenti AQSHday ulkan mamlakat rahbari bilan teng turib gaplashishidan gʻururga toʻladi. Bu iftixorni quyidagicha ifodalaydi: “Oʻzbekistonning qadrini va qaddini koʻtargan yana bir buyuk omil bor. Bu mehnatkash, sabr-bardoshli, gʻururli xalqimizdir. Shunday xalqning rahbarigina dunyoning eng qudratli davlatlarida ham magʻrur bosh koʻtarib, ishonch bilan soʻzlashi, tenglar ichida tenglardek munozaralar qilishi mumkin”.

Gazetani sahifalash jarayonida uni navbatchi muharrir, oʻsha songa tayinlangan ijodiy xodim ketma-ket sinchiklab oʻqib chiqishadi. Biz bilan bir vaqtda oʻsha paytda Davlat matbuot qoʻmitasi inspektsiyasi xodimlari ham nazorat tartibida oʻqir va biror eʼtiroz boʻlsa, maslahatga kelishardi. Bu idoraning masʼul xodimi Erkin Komilov sahifaning ayrim satrlariga qizil chiziq tortib, bizga ishora qildi. “Yurtimizda demokratik qadriyatlar toʻla qaror topdi, deya daʼvo qilsak mubolagʻa boʻladi. Ayniqsa, soʻz erkinligi borasida qilajak ishlarimiz koʻp”.

“Qarang, – deya mulohaza bildirdi E. Komilov, – Prezident bilan safarga borgan odam bizda demokratiya yoʻq, desa va buni gazetada yozib chiqsa, men bilmadim, oʻzlaring oʻylab koʻringlar”. Biz, rostdan ham, oʻylanib qoldik. Axir shu idora rozi boʻlib, sahifaga muhr bosmasa, gazetani tsexda chop etishmaydi. Amaldagi tartib shunaqa.

Biz inspektsiya talabini Erkin Vohidovga aytdik. Muallif shu bitta fikr chiqmasa, chiqmas, qisqartib qoʻya qolinglar, desa kerak, deb oʻylagan edi. Unday boʻlmadi. Yoʻq, shu jumla oʻzgartirilmasin. Agar gazetada chiqqandan keyin kimdir eʼtiroz bildirsa, menga havola qila qolinglar, oʻzim javob beraman, dedilar. Inspektsiyaga muallif fikrini aytdik. U kishi qizil qalamda sahifaga “E. Vohidovning masʼuliyatiga” deb yozib rozi boʻldi. Oʻsha muammoli jumla oʻzgarmasdan chiqdi.

Natija nima boʻldi, deysizmi? Natija hech kim kutmaganday boʻldi. Oradan bir necha kun oʻtgach, 9 may – Xotira va Qadrlash kuni nishonlandi. Bayram oʻtkaziladigan joyga Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti tashrif buyurdi. Tantanalar oʻtkazilgandan soʻng davlatimiz rahbari bu yerga tashrif buyurganlar bilan suhbatlashdi. Islom Abdugʻaniyevich Erkin Vohidovga yuzlanib: “Biz Sizni zoʻr shoir sifatida bilardik, endi bilsak, zoʻr siyosiy sharhlovchi ham ekansiz, Amerika taassurotlarini maza qilib oʻqidim”. Bu maqtovdan Erkin aka xijolat tortib turgandilar, Yurtboshi savol berdilar: “Maqolangizning bir joyida hali bizda demokratik qadriyatlar toʻla qaror topmagan, soʻz erkinligida ham qilinadigan ishlar koʻp, debsizmi? Nima qilish kerak toʻla qaror topishi uchun?”

Erkin aka xotirjamlik bilan eshitib: “Xuddi mana shu jumlalar muammoga aylandi. Uni oʻz masʼuliyatimga olib, bazoʻr saqlab qoldim. Shu holning oʻzi hali bizda demokratiya, soʻz erkinligi toʻliq gʻalaba qilmaganligiga misol emasmi?” Prezident bu gapdan hayratga tushib “Sizday odamga eʼtiroz bildirishdimi? Axir, “Matbuotda senzuraga yoʻl qoʻyilmaydi” degan soʻzlarni oʻz qoʻlim bilan yozib qoʻyganman-ku. Kim oʻzi eʼtiroz bildirgan?” Prezidentga shunday tushuntirishdi: “Toʻgʻri, senzura yoʻq, lekin eski tuzumdan qolgan “inspektsiya”ni hech kim bekor qilmagan”.

Ertasi kuni tahririyatlarga Davlat matbuot qoʻmitasi raisi keldi. Yangilik eʼlon qilindi: “Endi hech qanday inspektsiya boʻlmaydi, matbuot toʻgʻrisidagi qonunlarga asoslanib, bemalol, erkin fikringizni yozavering”.

Shunday qilib, Erkin Vohidovning publitsist sifatidagi jasorati tufayli ijodkorlar yoʻlidagi toʻsiq olib tashlandi.

 

Shuhrat JABBOROV

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.