Pora kanda qilmasa, parokanda boʻlmaymizmi?

0
49
marta koʻrilgan.

Yozuvchi Abdulla Qahhorning “Poraxoʻr” sarlavhali ertak-felyetoni yodingizdami? Zamonamizda kirpini “pora” deb bersa, bitib qolgan tomogʻini ochish uchun uni teskari yutadiganlar bormi, yoʻqmi? Yoʻq boʻlsa, nega oʻsha kirpini tutishga intilib, oʻzi qopqonga tushib qolganlar haqida oʻqib qolyapmiz?

Yashin tezligida tarqalayotgan bu kabi xabarlardan oʻzini oʻnglab, qingʻir yoʻlidan ortga qaytganlar ham bisyor, nazarimda. Ayniqsa, poraxoʻrlikka qarshi keskin kurash ketayotgan bugungi bir paytda-ya…

Germaniyaning Berlin shahrida dunyo davlatlari orasida korrupsiya bilan bogʻliq holatlarni oʻrganadigan alohida tashkilot bor. Bu Transparency International (Transperensi Interneyshnl) – Xalqaro shaffoflik tashkiloti 2015 yilda 167 mamlakat oʻrtasida korrupsiyaning qay darajada ekani boʻyicha indeks natijalarini eʼlon qilgan. Unga koʻra, Oʻzbekiston oxirgi oʻntalikdan joy egallab, 153-oʻrinni band etibdi. Oʻsha paytlar bu illatga qarshi kurash bugungidek keskin va qatʼiy emas edi-da. Oddiy misol: oʻtgan yilgi oliy oʻquv yurtiga kirish imtihonlari jarayonida adolat arqoni bir tortilgan edi, ballar shiftdan qulab tushdi-yu, ilmning etagini mahkam tutgan minglab oʻgʻil-qizlarning koʻkragiga shamol tegdi.

Shunday boʻlsa-da, baribir kunda-kunora duch kelayotganimiz bu – korrupsiya. Qaltis ishga bosh qoʻsha turib: “Shu oxirgisi boʻla qolsin, bundan keyin sira aralashmayman”, deb oʻziga har gal vaʼda beradiganlar “oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas”ligini bilarmikan? Mushukning tekinga oftobga chiqmasligi, quruq qoshiq ogʻiz yirtishi, pul boʻlsa, changalda ham shoʻrva pishishi, yegan ogʻiz uyalishi haqidagi va hokazo maqollar turmushning ogʻir chigʻiriqlaridan oʻtib, uchiga chiqqan poraxoʻrlarni koʻraverib, koʻzi pishib ketgan insonlar tilidan aytilganu, xalqniki boʻlib qolgan boʻlsa ajab emas. Xato yoʻlni tanlab, taraqqiyot zanjiridagi halqalarga xalaqit berayotganlarga qarata: “Pora kanda boʻlmasa, parokanda boʻlasan”, soʻzining oʻzi yetarli emasmikan?

Tasavvuf adabiyotining mashhur namoyandasi Hoja Ahmad Yassaviyning quyidagi misralari insonni taqdir har koʻyga solmasin, u hamisha halollik va toʻgʻrilikni kasb etishga undaydi, aks holda, jazosi ogʻir boʻlishini bashorat qiladi:

 

Dunyo uchun gʻam yema, Haqdin oʻzgani dema,

Kishi molini yema, sirot uzra tutaro…

 

Shu oʻrinda yana bir mulohaza: korrupsiya goʻyoki ulkan gravitatsion harakatga oʻxshaydi. Deylik, bir chaqaloq dunyoga kelib, ulgʻayar ekan, mana shu gravitatsion halqa atrofida kezib yuradi. Muallaq qolish yoki surilib chiqib ketish imkonsizdek tuyuladi baʼzan… Qarang, korrupsiya atalmish ana shu makondan butkul chiqib ketib boʻlmaydimi? Shu xususda koʻpni koʻrgan ota-onam, tadbirkor akam, shifokor, farmatsevt, oʻqituvchi opalarim va turli mansabu lavozimlarda ishlayotgan qavm-qarindoshlardan soʻrab koʻrdim. Ular orasidan faqat onam: “Birovning haqi, halol va harom, rizqning yolgʻiz Allohdan berilishi, uvolu savobga koʻz yumib qoʻygan odamlar ham bor-da”, deb javob qaytardi. Qolganlar esa, miyigʻida kulib qoʻyishdi, xolos. Birgina shular timsolida koʻrdimki, minglab va hatto, millionlab insonlar poraxoʻrlik butkul barham topishiga uncha-da ishonmaydi. Ammo har muammoga yechim bor. Bu yechimni topgan davlatlar, xalqlar yoʻq emas axir. Ular bosib oʻtgan ogʻir yoʻldan oʻtishga nima, bizning salohiyatimiz yetmaydimi?

Ertaga emas, bugun. Chirmovuqday chirmashib olgan bu illatni tomiri bilan sidirib tashlashimiz lozim. Yoʻqsa, bu illat bizdan farzandlarimizga, ulardan nevaralarimizga “meros” qolib, takror va takror roʻy berib, suyak surib boraveradi.

Tugʻuruqxonada

– Ena, mana, oling, “suyunchi”, deb kelsa berasiz.

– Berib qoʻydim, bolam, berdim.

– Pulingiz bormidi?

– Pul qayda, bolam, oʻzim yopgan sutli non bilan bulturgi gʻoʻlin oʻrik turshagidan berdim. Kelinim eson-omon qutulib olsa, bir siqim asrab qoʻygan soyaki mayizdanam keltirib beraman.

– Soddasiz-da, enajon. Bu yer sizning qishloqmas. Axir, oq xalatning ikkita choʻntagi bejiz tikilmagan…

Bolalar bogʻchasida

Ikki dugona uchrashib qoldi.

– Koʻz tegmasin, oʻgʻlingiz ruschani avvalgidan ancha tuzuk gapiryapti. Qoʻshimcha toʻgarakka berdingizmi?

– Yoʻq, tarbiyachisiga bayramlarda sovgʻa-salomni kanda qilmayapmiz. Oldiniga shundaygina iltimos qilib koʻrdik, boʻlmadi. Yoʻq demaydi, lekin bajarmaydi. Baribir eʼtibordan chetda qolaverdi. Yuzta “siz-biz”dan bitta “jiz-biz” yaxshi ekan. Koʻrib turibsiz, hozircha natija yomon emas.

Doʻkonda

Dadasi mahsulot nazorati idorasida ishlashini bilmaydigan bola onasiga:

– Oyi, muzlatgichda kolbasa tugamasayam nega dadam yana sotib olibdi?

– Sotib olmadi, oʻgʻlim, magazinchi amakining oʻzi shunchaki berib yuboribdi…

Bankda

“Tajribali” bank xodimi yangi ishchiga:

– Siz mijozdan pul-mul soʻrab qoʻymang tagʻin. Ogohlantirib qoʻyish mening burchim: bitta-yarimta xom ish qilib, meni “podvadit” qilmang, deyman-da. Hozir kim koʻp, “yozuvchi” koʻp. Keyin tadbirkorlar ham huquqini bilib qolgan. Ehtiyot shart-da. “Sizga kredit beriladi-yu, faqat yana ozgina muddat kutasiz, iloj qancha”, desangiz, farosatli, dangal tadbirkor maqsadga koʻchadi-qoʻyadi. Vaqtini ketkizib kutib oʻtirgandan koʻra, naqdi bilan ishni bitkazadiganlar ham oz emas. Ular xarajatsiz harakat nolga tengligini sizu bizdan-da yaxshi biladi…

Uyda

Ota va oʻgʻil suhbatidan:

– U yerda oʻqimayman. Dizayner boʻlmoqchiman.

– Ey bola, yurasanmi qogʻoz-qalam koʻtarib?! Koʻzingni kattaroq och, bu turishda kosang oqarmay oʻtib ketasan. Men oʻqishingni gaplashib qoʻyganman…

Koʻchada

YPX xodimi bilan ajoyib kelishuv.

– Qoidani buzdingiz, uka. Taqiqlash belgisini koʻrib turibsiz-ku!

– Komandir, shoshib turgandim, uzr, endi boshqa qaytarilmaydi.

– Yoʻq, hujjatlarni bering, yozmasam boʻlmaydi.

– Pasportni ichiga qarang, hamma “hujjat” oʻsha yerda…

– Qani, bering-chi… Mayli, bir safar kechiraman. Xavfsizlik kamari taqilmagan, deb yozib beraman. Yozmasam boʻlmaydi, huv anavi yerda kamera bor…

Talabalar yotoqxonasida

Yuqori kurs talabasi bilan yangi talaba suhbatidan:

– “Iqtisod” sal injiqrogʻ-u, oʻqisang, qoʻyib beradi. Oliy matematikadan daftarlaring hamisha joyida boʻlsin. Har dars bittalab tekshiradi. Sotsiologiyadan iloji boʻlsa, “nb” tushirma. Undanam astoydil oʻqisang, vazifalarini vaqtida topshirsang, baho olasan. Oʻrtaga tanish-bilish tiqishtirma yana. Bahosiz qolib ketasan-a!

– Kimyoni aytmadingiz-ku?!

– Buni sessiya payti “starosta”ning oʻzi aytadi.

Bozorda

Sotuvchi narx koʻtarilganidan noligan xaridorga:

– Biz ham nima qilaylik, haligina pattani pulini bervordik, hozir qarasak, bozorkom vakili kelib turibdi. Vaqti-vaqti bilan ularni ogʻzini moylab turmasak, joysiz qolamiz. Bu joyga koʻz tikib turganlar qancha? Shuning hisobigayam mevalarga qoʻshimcha narx minadi-da, aka. Tirikchiligimiz faqat shuning orqasidan boʻlsa…

 

Nargiza YUNUSOVA

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.