Paqir qoʻmondonlari

0
152
marta koʻrilgan.

Yoz faslida, bir tuman markazidagi kitobxona yigirmatacha yozuvchini nom-banom aytib, uchrashuvga taklif qildi. Uchrashuvdan keyin jamoa xoʻjaliklarida adabiy suhbatlar oʻtkazdik, dalalarni kezdik. Bir jamoa xoʻjaligi dalasida gʻalati bir bogʻcha-yaslini koʻrib qoldik. Bu “tarbiya oʻchogʻi” kattakon tut daraxti ostiga joylashgan boʻlib, yerga palos maʼnosida eski brezent toʻshalgan, tevarakka bir necha belanchak tortilgan. Bogʻcha-yaslining butun jihozi shundan iborat. Buning ustiga bolalar oʻzi tarbiyaga muhtoj boʻlgan bir kampirning qoʻliga topshirilgan. Ichimizda bu holdan gʻazablanmagan odam qolmadi. Raisni taʼna-dashnomga koʻmib tashladik. “Tarbiya oʻchogʻi”ni suratga oldik… Bizni kuzatib borgan rayon rahbar xodimi xijolatdan boshini koʻtarolmay qoldi. Bu narsa, shubhasiz, feletonbop bir fakt edi. Lekin hech kim feleton yozmadi. Ehtimol, hamma ham kolxoz raisiga bergan dashnomimiz, rayon rahbar xodimlarining xijolat tortgani kifoya deb oʻylagandir. Oradan koʻp oʻtmay hamrohlarimizdan biri shu “tarbiya oʻchogʻi”dan ilhomlanib – iyib “Kolxoz yaslisida” sarlavhali bir sonet yozib roʻznomaga berdi.

“Qush uyasida koʻrganini qiladi”, degan gap bor, lekin na oʻzbek adabiyoti tarixida, na rus adabiyoti tarixida bu shiorga taʼlim boʻladigan hech qanday fakt koʻrgan emasman. Aksincha, Navoiy haq-haqiqatga kelganda vazirlik libosini tashlab xalq quchogʻiga otilgan, Furqat yolgʻonchilik va riyo uyasi boyonlarning yuziga “tuf” degan, Chexov bilan Korolenko haqqoniyatsizlikka qarshi norozilik yuzasidan akademiklik unvonidan voz kechgan, Korolenko oʻzi mahbus boʻlgani holda chor hukumatining butun bir xalqqa zulm oʻtkazayotganligi toʻgʻrisida baland tovush bilan qichqirgan. Sholoxov shaxsga sigʻinish davrining eng dahshatli kunlarida nohaq xalq dushmani unvoni taqilgan kishilarni ochiq himoya qilgan. Bularning hammasi mazkur yozuvchilarning grajdanlik shijoati isteʼdod kuchidan kam emasligini koʻrsatadi.

Boyagi “tarbiya oʻchogʻivdan ilhomlanib – iyib sonet yozgan shoirning bu qilmishi sirtdan koʻringaniga qaraganda chuqurroq illatdir.

Maʼlumki, shaxsga sigʻinish davrida butun propaganda quroli, jumladan adabiyotning ham har bir soʻzi “dohiy”ninggina emas, mahalliy dohiychalarning hamma ishi, har bir “hadis”i toʻgʻri va oqilona ekanini tasdiq va isbot qilishi kerak edi. Shu qolipda yozilgan asarlar naqadar gʻarib va notavon boʻlmasin, rasmiy doira va doirachalarda tahsinga sazovor boʻlar, adabiyotda mashʼal qilib koʻtarilar edi. Shuning uchun yozuvchi hayot haqiqatiga yuzma-yuz kelishdan mumkin qadar qochishga, bu haqiqatga loaqal yonboshdan qarashga, oʻshanda ham koʻzi tushganini oʻz holicha emas, boʻyab koʻrsatishga majbur boʻlar edi. U vaqtda hayotimizning illatlari haqida ming mulohaza bilan aytilgan yarim, hatto chorak haqiqat ham “siyosiy xato”, “tipik emas”, “paskvil”, “voqelikni qasddan boʻyab koʻrsatish”, “dushman tegirmoniga suv quyish”, “yutuqlarimizni koʻrmaslik”, hokazo va hokazolar hisoblanar, bu taʼnalardan birontasini eshitgan yozuvchi faqat taʼna eshitibgina qolmas edi. Bu yoʻl keng oʻquvchilar ommasi bilan yozuvchilar orasini buzishga, xalq koʻzida adabiyotni beburd qilishga olib borar edi.

Markaziy roʻznomalarning birida bir hikoya bosilib chiqdi. Qattiq sovuq. Koʻchadan oʻtib ketayotgan bir kishi ariqqa tushgan yosh bolani koʻrib qoladiyu uni qutqarib onasiga topshiradi. Bu hodisa beparvo onaga taʼna va boshqa onalarni hushyorlikka chaqirish maqomidagi bir xabar. Muallif bu hodisadan “sovet kishisining qiyofasini koʻrsatadigan” hikoya yasaydi. Holbuki, oʻlayotgan bolani koʻra turib indamasdan oʻtib ketadigan inson zotini tasavvur qilib boʻlmaydi. Bu “ongli sovet kishisi” oʻrnida ongsiz 3–4 yashar bola boʻlganda ham dod solib odam chaqirar, bolaning joniga ora kirar edi-ku, degan gapni muallif xayoliga ham keltirmaydi. Yana bir qancha “shingil hikoyalar”da boshqa bir muallif tramvayga tushib chipta ololmagan chol ertasiga ikkita chipta olganligi, xaridorlar magazinchidan oʻtib qolgan bir necha tiyinni yeb ketmasdan qaytarib berganliklari va boshqalar haqida gapiradi, shu bilan sovet kishilarining qiyofasini koʻrsatmoqchi boʻladi.

Maʼlumki, shaxsga sigʻinish davrida odamga ishonch yoʻq, hatto bir oila aʼzolari bir-biriga shubha koʻzi bilan qarar, sovet kishisining qiyofasi, uning eng yaxshi xislatlari mana shu ishonchsizlik, shubha ostiga koʻmilgan edi. Shuning uchun shaxsga sigʻinish sharoitida odamning odamga ishonchini, anchayin odamgarchiligini koʻrsatadigan biror hodisa kattakon voqea boʻlib koʻrinar edi. Esimda bor: qishloqdan shaharga kelgan bir odam birovdan falon koʻchani soʻraydi. U odam kelgindini ergashtirib borib koʻchani koʻrsatadi. Shu narsa “sovet kishisining qiyofasini koʻrsatadigan” fakt sifatida roʻznoma sahifasidan yaqin bir podval joy olgan edi.

Biz hozir yangi sharoitda sovet kishisining haqiqiy qiyofasini shaxsga sigʻinish xarobalari orasidan tortib olish oʻrniga hanuz anchayin hodisalarni voqea qilib koʻrsatamiz, olov turgan holda oʻt qidirib chaqmoq chaqamiz. Shaxsga sigʻinish hayotimizda hozir baʼzi odamlar chamalagandan koʻra kattaroq va chuqurroq iz qoldirdi. Shaxsga sigʻinish davri qanchadan-qancha odamlarni jonidan, nomidan judo qilgani ustiga undan ham koʻproq kishilarning koʻksiga xatar va xavotirlik tuygʻusini qamab ketdi.

“Kolxoz yaslisida” sovet kishilarining qiyofasi haqidagi hikoyalar qabilidagi asarlar shularga mos tushadigan tanqid, ayniqsa, bularga matbuotimizning munosabati, adabiy jamoatchiligimizning loqayd qarashi oʻzbek adabiyotining hanuz shaxsga sigʻinish taʼsiri zahridan qutilmaganini koʻrsatadi. Bu hol hayvonot bogʻchasida ikki yuz yil zanjirband boʻlib, zanjir uzilgandan keyin ham yana yuz yil qoziq atrofidan yiroq ketish mumkin boʻlib qolganini payqamagan, yetaklaganda ham yurmagan filni eslatadi.

Adabiyotimiz, afsus, ming afsuski “qoziq”dan hamon yiroq ketolmayapti, shaxsga sigʻinish oqibatlarini odamlarning dilidan, tafakkuridan quvib chiqarish, mamlakat havosini shaxsga sigʻinish zahridan butkul tozalashda jamiyatimizga koʻmak berolmayotipti, Bunga kimdir xalal berayotganga oʻxshaydi. Lekin bu haqda chuqurroq oʻylab qaralsa, oʻzimiz xalal berayotibmiz. Bizda oʻsha grajdanlik shijoati kamlik qilayapti, degan xulosaga keladi kishi.

Adabiy muhitimizda shaxsga sigʻinish degan ilonning vishillashini eslatadigan sovuq, nihoyatda sovuq bir shivirlash bor. Bu shivirlashlardan hosil boʻlgan bosinqi gʻovurga diqqat bilan quloq solsangiz, ayrim tovushlarni ilgʻab olishingiz mumkin: biri shaxsga sigʻinish davrida nima boʻlyb oʻlimdan qolgan, keyin oqlangan, hatto partiya safida boʻlgan kishilarimizning haqiqatan gunohsiz qamalganligiga, endi toʻliq oqlanganligiga shubha tugʻdirmoqchi boʻlsa, ikkinchisi shaxsga sigʻinish davrida barbod boʻlgan yigirmanchi yillar adabiyotimizning tarixini tiklashni, shaxsga sigʻinish davrida halok boʻlgan adabiyot ahlining xotirasini abadiylashtirishni ham hazm qilolmaydi; biri adabiyotimiz tarixini tiklashga harakat qilgan kishilarimizni qora roʻyxatga yozishni istasa, biri shaxsga sigʻinish jafosini chekkan yozuvchilarimizning adabiyotda oʻz isteʼdodi va mehnatiga yarasha oʻrin olishiga gʻashlik qiladi, ularni iloj va imkoniyat topilsa chetga surgisi keladi.

Hamma gap shundaki, hech birimiz bu odamlarni yoriqqa solib koʻrishni, maqsadini xalq oldida aytishini talab qilgani hafsala, toʻgʻrirogʻi jurʼat qilolmaymiz. Shu shivirlashlar adabiy muhitimizda asabiy kayfiyat, ishonchsizlik, karaxtlik tugʻdiradi.

Shaxsga sigʻinish zamonida adabiy muhitimizda bir toifa odamlar paydo boʻlgan edi. Bular shovqin solib aytadigan gaplarining taxminiy qolipi shular edi: “Yozuvchining bu xatosi tasodifiy emas”, “bu narsalar bizning hayotimiz uchun tipik emas” (bular hayotimizdagi koʻp illatlarning jon saqlab qolishi uchun yaxshi sharoit tugʻdirib berdi), “sovet kitobxoni bundar asarlarga zor emas”, “yozuvchi voqelikni buzib koʻrsatadi”, “yozuvchi tushunmaydi”, hokazo va hokazo. Bularning asar haqida katta marhamat bilan aytadigan gapi “yozuvchi hayotni toʻgʻri aks ettirishga urinadi”dan nari oʻtmas edi.

Ikkita misol bularni xarakterlab beradi.

Hukumat qarori bilan bir qancha mollar qirq foizga arzon qilindi. Shu toifa odamlardan biri bir kitobda “qiymat behikmat emas, arzon beillat” degan maqolni koʻrib qoladiyu kitob muallifiga dahshatli savol bilan murojaat qiladi: “Xoʻsh, hukumat qarori bilan arzon qilingan mollarning illati nimadan iborat?!” Oʻshalardan yana biri urush mavzuida yozilgan bir kitobda “polk Bryansk oʻrmonlarigacha boʻlgan qariyb yuz ellik kilometr masofani jangsiz bosib oʻtdi” degan gapni koʻrib qolib esi chiqib ketadi: “Stalin dushman bir qarich yerni ham jangsiz tashlab ketmaydi” degan-ku, bu yozuvchi front hayotini buzib koʻrsatishga qanday jurʼat qildi ekan?!”

Bunday misollarni yana koʻplab koʻrsatish mumkin. Bular hozir latifaday tuyuladi, lekin latifa emas. Oʻz vaqtida kishi bunaqa odamlardan faqat ichida kular edi, xolos.

Qadim zamonda tunu kun hammaga amru farmon berib yurgan bir mansabdor mansabidan bekor boʻlibdi. Mansabdor har yonga bosh urib ish chiqarolmaganidan keyin, nihoyat xumorini yozadigan bir mashgʻulot topibdi: mahalladagi hovuz boʻyida qalin koʻrpacha solib oʻtirib olibdiyu, paqir koʻtarib kelgan har bir kishiga “Paqiringni tort! Paqiringni tort!” deb amru farmon berib oʻtirar ekan.

Shaxsga sigʻinish davrida komanda berib oʻrgangan kimsalar hozir, boyagi mansabdor singari, “paqir qoʻmondoni” boʻlib qolgan boʻlsa ham, har nechuk hozir ham oʻzini qoʻmondon hisoblaydi. Mansabdorning qilmishi kishining kulgusini qistatadi xolos, lekin shaxsga sigʻinish xarobasining siniq-parchalari boʻlmish “paqir qoʻmondonlari” odamlarning gʻazabini keltiradi. “Paqir qoʻmondonlari” hamma vaqt tuxumdan tuk qidiradi, maydonga kelgan har bir asarni tirnoqlab, hidlab, iloji boʻlsa yozuvchining boshiga chertib koʻrishni, bulardan oʻziga obroʻ orttiradigan biror narsa topishni, loaqal asarni shubha ostida qoldiradigan har xil imo-ishoralar qilishni, chala-yarim gaplar aytib, mish-mishlarga ozuq berishni oʻzining muqaddas burchi hisoblaydi.

“Paqir qoʻmondonlarivning koʻzida yozuvchi ularning hukmini kutib qora kursida oʻtirgan gunohkor, kitobxon, tomoshabin esa bogʻcha yoshidagi bolalar!

Sahnada poraxoʻr pora berayotgan odamni aldash uchun “Men poradan hazar qilaman, poraning yuzi qursin!” deydi. “Paqir qoʻmondoni” shu yerda hozir: “Yuzi qursin? Soʻz pul toʻgʻrisida ketyapti, pulda bizning gerbimiz bor-ku, bu qandoq boʻldi!?”

Soʻz pul haqida emas, pora haqida ketayotganligi bilan uning ishi yoʻq, ishqilib ilmoq topilsa, bas… Shoir “bolaligimda oyoqyalang koʻchalarda yugurib yurar edik… Hozir bolam yomgʻirda koʻchaga chiqsa xavotir boʻlaman, bu yomgʻir tomchilarida falokat atom taʼsiri yoʻqmikin” deb sheʼr yozipti, “paqir qoʻmondoni” eʼtiroz bildiradi: “Bu sheʼrni bosib boʻlmaydi, odamlar yomgʻirda ishga chiqmay qoʻyishi mumkin”.

Ishga boradigan odamlar, kamida yetti sinf maʼlumotga ega, atom nima ekanini bular mendan yaxshiroq biladi, bundan tashqari davlat hech qachon mehnatkashni taqdir hukmiga tashlab qoʻymaydi, degan gap “paqir qoʻmondoni”ning xayoliga ham kelmaydi.

 

Abdulla Qahhor

 

1963 yil

 


Ustod Abdulla Qahhor 1963 yilda “Shijoat haqida” degan maqola yozgan edilar. Keyinchalik, shaxsga sigʻinishning kuli koʻkka sovurilib uncha-muncha gaplarni baland ovoz bilan gapirshi imkoniyati tugʻilgach, bu maqolani qayta koʻrib chiqib, baʼzi bir oʻzgartishlar kiritgan va unga “Paqir qoʻmondonlari” deb nom qoʻygan ekanlar. Men yaqinda bu maqolani hujjatgohdan topdim va oynoma muxlislari hukmiga havola qilmoqdaman.

Ustod hayot boʻlganda va mustaqillik shabadasi hilpirab turganini koʻrganda qancha-qancha yangi asarlar yozib, oʻz muxlislarini xursand qilar edilar.

Baʼzi bir odamlar aytganidek, Abdulla Qahhor hech qachon birovning topshirigʻi bilan asar yozgan emaslar. Ularning butun orzu-armonlari ichlarida qolib ketdi, Buning isboti yon daftarlariga bitilgan quyidagi qayd:

“Yozuvchilik qiyin ish boʻlib qoldi. Tarixda ot qoldiray desang, zamondoshlaring yuzingga qora surkaydi, zamondoshlarim yuzimga qora surkamasin desang, tarix yuzingga qora surkaydigan gaplarni gapirishga majbursan!”

Ustod hech qachon maddohlik qilmagan, munofiq ham boʻlmagan. Hamisha adolatparvar, haqiqatgoʻy yezuvchi sifatida nom qozongan va xalq ardogʻiga sazovor boʻlgan edilar.

 

Kibriyo QAHHOROVA

“Sharq yulduzi” jurnali, 1992-yil, 11-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.