“Palagʻda tuxumlar”

0
361
marta koʻrilgan.

Mashhur hikoyalardan birida shaxmat oʻynayotgan ikki kishining ajabtovur bahsiga  guvoh boʻlamiz. Hikoyada  Saltikov Shedrin bitta odammi yoki  ikkita (biri Saltikov, biri Shedrin), degan jumboq ustida aytarli murosaga kelolmayotgan obrazlar hajv qilinadi.   

Buni qarangki, yuqoridagi savolning aynan oʻzi boʻlmasa-da, shunga yaqin mavzularda bahs yurituvchi odamlar kitobdan tash­qarida ham yetarlicha topiladi. Deylik, davra toʻrida otamlashib oʻtirgan ikkita ulfatning “tuxum oldin paydo boʻlganmi yoki tovuqmi”, deya bahslashishida notabiiylik sezilmaydi. Ammo istaymizmi-yoʻqmi, mazkur holat “bodringni uchidan kesamizmi yo oʻzagidan”, deya soatlab bahs yuritgan ikkita chukchani esga soladi (shunday latifa bor). Aslida, bu singari savollar iyakni kaftga solib, tirsakni esa stolga tirab, mundoq suyanib oʻylashga yoinki bosh qashlashga arzirli emas.

Eʼtibor bering! Tuxum oldin paydo boʻlgan deyilsa, tuxumni tovuq tugʻmaydimi? Tovuq oldin paydo boʻlgan deyilsa, joʻjaning tuxumni yorib chiqishi ham yolgʻon emas-ku!..

1951 yilda “Voksford” kompaniyasi mahalliy ovchilar uchun kechki ovqat tashkil etadi. Bazmga Xyu Biver ismli shaxs ham tashrif buyuradi. Oʻshanda Xyu “Ginnes” pivo tayyorlash korxonasining bosh­qaruvchi direktori edi. U mehmonnavozlik ayni avjiga chiqqan pallada, gap gapga ulanib  “tilla rang rjanka dunyo­da eng tez uchadigan qush”, deydi. Shunda mehmonlardan biri uning fikrini yoqlamaydi – dunyoda tilla rang rjankadan ham tez uchadigan qushlar borligini aytib, tortishib qoladi. Bahsning qanday yakunlangani maʼlum emas. Ammo oradan bir qancha vaqt oʻtib, masalaga yana qaytiladi. Endi ikkala janob tilla rang rjanka tezroq uchadimi yoki Shotlandiya kakligimi, degan mavzuda xomtalash bahs yuritishadi.

Ana shunda Xyu Biver bir toʻxtamga keladi: “Bunday jumboqlarning yechimi uchun maxsus maʼlumotnoma tuzish kerak!” Chunki fikrini isbotlamoqchi boʻlgan, bu borada esa bironta manbaga ega boʻlmagan, faqat eshitganiga tayanib munozaraga kirishuvchi odamlar soatlab, besamar bahslashishi bor gap edi-da.

Xullas, koʻp sonli faktlar toʻplandi, saralandi, tahrir qilindi. Har bitta maʼlumot mutaxassis tasdigʻidan oʻtkazildi. Natijada olamga mash­hur “Ginnes rekordlari kitobi” ensiklopedik maʼlumotnoma shaklida nashrdan chiqdi. “Tilla rang rjankaning Shotlandiya kakligidan tezroq uchishi” bahsida kimning qoʻli baland keldi, bunisi nomaʼlum, lekin bir narsa aniq va ravshan edi: bu masalaga endi qaytilmaydi. Biroq…

Oradan yarim asrcha vaqt oʻtib, “Ginnes rekordlari kitobi” sahifalarida quloq­qa erish tuyuladigan faktlarni uchratish odatiy holga aylandi. Ularning aksarini munozaraga mavzu hisoblash u yoqda tursin, ikkala ulfatning “tuxum va tovuq” haqidagi bahsidan ham oshib tushardi. Ulardan bir shingil keltirilsa, six ham kuymaydi, kabob ham:

 

Yangi Zelandiyalik Mem Burkiz oʻz dugonasining tanasiga 31 680 dona qimmatbaho tosh qadab chiqdi. Bu yumushni amalga oshirish uchun unga qirq sakkiz soat vaqt kerak boʻldi.

***

Xitoylik Dong Changsheng kipriklariga bogʻlangan ip bilan mashinani 10 metrga sudrab keldi.

***

Angliyalik Piter Davdesvell 3 sekundda 1,42 litr pivo ichib, Ginnes rekordlari kitobiga kirdi.

***

Igna bilan davolaydigan xitoylik doktor yuzi va boshiga 1790 dona nina sanchib, rekord oʻrnatdi.

***

Niderlandiyaning Zandvoort shahrida badaniga tatuirovka chizilgan ayollar va erkaklar 100 metr masofada saf tortib, rekordlar kitobidan joy olishdi…

 

Agar Xyu janoblarini toʻgʻri tushungan boʻlsak, uning Ginnes kitobini tashkil etishdan maqsadi unda-bunda yuzaga kelayotgan turli bahs-munozaralarga oydinlik kiritish edi. Ochigʻi, bodringni uchidan kesamizmi yo oʻzagidanmi, deya bir-biriga maslahat solayotgan ikkita chukchadan gina qilmasak ham boʻlaverarkan. Oʻzingiz oʻy­lang, ziyoli qatlam vakili, oliy maʼlumotli shifokorning yuzi-koʻziga nechta dona nina sanchgani borasida qanday munozara yuritsak toʻgʻriroq boʻladi? Yoki bir qizning oʻz dugonasi tanasiga qancha tosh qadab chiqqani xususida qay yoʻsinda bahslashgan maʼqul! Bu ham mayliku-ya, rekordni yangilash umidida tong ottirayotgan insonlar “harakati” qanday izohlarga yoʻyilsa ekan?

Maqsad oʻz qobigʻini yorib chiqsagina haqiqiy maqsadga aylanadi. Qobigʻida oʻralashib qolgani esa maqsadning oʻzi emas, uning surati, xolos. Tuxumning ham qismati shunday: joʻja ochgani oʻz nomi bilan tuxum, ochmagani – palagʻda. Har ikkalovi – qobigʻida yotgan maqsad, tuxumda shakllanmay qolgan joʻja – insonga ham, tovuqqa ham naf keltirmaydi. Shunga koʻra fikr yuritilsa, Yer yuzida vaqt qimmatini behuda maqsadlarga safarbar etish, shuhrat qoldiraman deb besamar ishlarga ovunishdan ham zararliroq mashgʻulot boʻlmasa kerak. Dunyo­dagi eng uzun tirnoq meniki boʻladi deb, ularni avaylab oʻstirayotgan qiyofani koʻz oldingizga keltirib koʻring-a!

Xulosa oʻrnida: Qadim saltanat maqomida adolatli poshdoh boʻlib, uning suqsurdek qizi husnda tengsiz sohibjamol, oshiqlari bisyor edi. Biroq podshohi olamga ularning birontasi maʼqul kelmay, oxiri shart qoʻyibdi: “Kimda-kim qizimga uylanmoqni istasa, xaloyiqni va meni oʻz hunari bilan hayratga solishi lozim!”

Malikaning taʼrifini eshitgan shahzodalar umid bilan uzangi solib, ot egarlab, har tomondan – Sharqdan, Gʻarbdan yoʻlga chiqibdi. Ular shohni ham, xaloyiqni ham aytarli hayratga solgulik hunar koʻrsata olishmabdi.

Bir mahal… olomon oralab toʻquvchi yigit koʻrinibdi. U yonchigʻidan igna va mayin ip olib, ignani ikki qadam nariga tirgab, uning teshikchasini moʻljallab turibdi-da, ipni otibdi. Ip nishondan silliq oʻtibdi.

Buni koʻrgan kimki bor hayratdan yoqa ushlabdi. Ammo shohning pinagi buzilmay, amr etibdi:

– Toʻquvchini zindonband eting!

Aʼyonlar, vazirlar bunday qarorning boisini tushunolmay, davlatpanohiga yuzlanishibdi. Shunda podshoh:

– Toʻquvchining hunari chindan soz va gʻaroyib, ammo befoyda. Ipni oʻn qadam naridan turib otsang ham, naq manglayida turib oʻtkazsang ham, ignaning yumushi – toʻqishdir.

Toʻquvchi yigit umrining naq yetti yilini mana shu hunarni egallashga sarflagan edi…

 

Akmal JUMAMURODOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.