O‘zi bir tanga, to‘ni qirq tanga

0
18
marta ko‘rilgan.

Kommunal xizmatlar narxi daromadimizga mutanosibmi?

 

Xalqimizda hayotiy bir ibora bor: qars ikki qo‘ldan chiqadi. Ayniqsa so‘nggi vaqtlarda kommunal xizmatlarga to‘lovlar masalasida tez-tez shu ibora ishlatilmoqda. Foydalandingmi, to‘lab qo‘y!

Haqiqatda shunday, uyimizning doim charog‘on bo‘lishi, jo‘mragidan uzluksiz suv tushib turishi uchun ularning haqini o‘z vaqtida to‘lab qo‘yish kerak-da! Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham borki, buni hisobga olmaslik – g‘irt adolatsizlik bo‘ladi.

Bugun odamlar to‘lov intizomiga ancha-muncha o‘rgandi. Kommunal to‘lovlar narxi qancha oshib bormasin, odamlar to‘layapti. To‘lamasa undirib olinmoqda. Biroq, shunga yarasha ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifati odamlar talabiga, to‘g‘rirog‘i, bugungi kun talabiga javob beryaptimi? Oshib borayotgan narxlar aholi daromadlariga mutanosibmi? Tanganing ikkinchi tomoni – ana shu!

Mana, yaqinda hukumat qarori bilan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda respublikamizda elektr energiya tarmog‘idagi tarif siyosatining asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi. Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabarida ma’lum qilinishicha, hujjatda 2023 yilgacha tariflarni shakllantirish metodikasiga bosqichma-bosqich o‘tilishi hamda 2023 yildan boshlab elektr energiyasi uchun tariflar kamida 3 yil muddatga amal qilishi belgilangan. Qaror bilan o‘zaro maqbul tariflarni belgilash orqali iste’molchilar va elektr energetika tarmog‘i tashkilotlarining manfaatlari muvozanatga keltiriladi.

Bundan anglash mumkinki, 2023 yilgacha elektr energiyasi tariflari bosqichma-bosqich oshirilib, ekspertlarning fikricha jahon bozori narxiga yaqinlashtiriladi. E’tiborimizni tortgan yana bir jihat – narx miqdori “asoslangan” tariflar bilan yaratilishidir. Asoslangan – ya’ni narx 1 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarishga ketgan real sarf-xarajatdan kelib chiqiladi.

Bularning barchasi yaxshi. Ammo bizni boshqa savol o‘ylantiradi: asosli tariflarga bosqichma-bosqich o‘tish jarayonida aholining elektr energiyasi uchun to‘lov qobiliyati ham “asoslanganmi”?

 

Ot bilan tuya bo‘larmidi

“Kommunal to‘lovlarni har oyda to‘lab borishga xarakat qilaman. Mabodo, bolalarga kiyim-kechak olishga to‘g‘ri kelib yoki biri betob bo‘lib bir-ikki oy to‘lov kechiksa, qarzni uzishga qiynalib qolaman. Ba’zan o‘z uyimda ijarada yashagandek his qilaman…”, deydi o‘z fikrini bildirgan poytaxtlik fuqarolardan biri.

Darhaqiqat, bugun bir oila uchun oylik kommunal to‘lovlar umumiy qiymati qancha bo‘ladi? Keling, kichik bir ro‘zg‘or – er-xotin va uch nafar yosh farzandi bilan uch xonali uyda istiqomat qiluvchi oila xarajatlarini hisoblab ko‘raylik:

Elektr energiyasi. Ushbu xonadonda (kam sarfli LED chiroqlari, muzlatgich, televizor va dazmoldan foydalanilganda) o‘rtacha elektr sarfi bir oyga – 150 kVt tashkil etdi. Bu kilovattiga 250 so‘mdan 35 500 so‘mni tashkil etadi. Agar bunga konditsioner yoki hovlilarda elektr bilan ishlovchi suv isitgich qo‘shilsa 250-350 kVtgacha (62 500–87 500 so‘m) etadi.

Ichimlik suv sarfi faslga qarab oyiga va 7-9 m3 ni tashkil etdi. Bu o‘rtacha (850 so‘mdan) oyiga 7 ming so‘m bo‘ladi.

Tajriba xonadonimizda issiq suv qishda o‘rtacha 9-10 m3 ni tashkil etdi. Soha mutaxassislari ham yashovchilar soniga nisbatan bu ko‘rsatkichni tasdiqlashdi. Bu oyiga 10x4765,20 = 47 652 so‘m.

Makaziy isitish tizimi 1 metr kvadrat – 1610.99 so‘m. “Xrushevka” uyda bu 74 mingni tashkil etadi. Ma’lumki, isitish tizimi uchun to‘lov yil davomida amalga oshiriladi.

Tabiiy gaz yozda 35-40 m3, qish oylarida esa 130 m3 gacha foydalanilgan. Uning narxi (1 m3–350 so‘m) 14 mingdan 50 minggacha bo‘ladi. Hovlida yashovchilar qishda gaz uchun to‘lovda ancha qiynalishadi: oyiga 1000–1200 m3 gacha (350–420 ming so‘m) sarflaydi.

Maishiy chiqindi. Jon boshiga 4500 so‘m. Oilaning besh a’zosiga jami 22 500 so‘m.

Ko‘p qavatli uylarda uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish uchun uy-joy mulkdorlari shirkatlariga xonadon umumiy maydoniga nisbatan tarif bo‘yicha to‘lanadi. Bizning misolimizda bu 82 000 so‘mni tashkil etadi.

Soliqlar. Mol-mulk solig‘i 2019 yil uchun 180 mingdan oshdi (bu oyiga – 15 ming so‘m).

Kommunal xizmatlarga kabel televideniyesini ham qo‘shmasdan ilojimiz yo‘q. Axir, odamlar gazeta o‘qimaganidan keyin hech bo‘lmasa TV ko‘rishi kerak-ku. Bugun kunda poytaxtda kabel TV xizmati 25 mingga ko‘tarilgan.

Bularni qo‘shsak, 323 ming so‘mdan 385 ming so‘mgacha yetadi. Demak, bir oila uchun kommunal xarajatlar miqdori oyiga o‘rtacha 350 ming so‘mni tashkil qilmoqda.

 

Bu kammi yoki ko‘p?

Statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi jon boshiga real daromadlari miqdori 1 mln. 719 ming so‘mni tashkil etgan. Albatta, bu raqam o‘rtacha nisbatda. Oylik daromadga nisbatan kommunal to‘lovlar hissasi qanchaga to‘g‘ri keladi? Agar bu raqamni yuqoridagi ma’lumotga nisbatan oladigan bo‘lsak, bu 20,3 foizni tashkil etadi. Amaldagi eng kam ish haqiga (202 730 so‘m) nisbatan olinsa, 172 foizga ko‘p.

Ha, bu raqamlar tahlilga muhtoj emas. Kommunal to‘lovlarning umumiy miqdorini daromadimizga mutanosib deb bo‘lmaydi. Axir, kommunal to‘lovlardan tashqari bu oila yashashi ham kerak emasmi?!

To‘g‘ri, alohida olinsa, elektr yoki issiq suv narxi qimmat emasdek go‘yo… Ammo to‘lovlarning barchasi yig‘ilsa, anchagina pul bo‘lishiga guvoh bo‘ldik. Bejiz emas, shifoxonaga tushibmi yoki boshqa ob’yektiv sabab bilan to‘lov bir oy kechiksa qarzdorlik 700 ming, uchinchi oyga o‘tsa milliondan oshmoqda. Eshigingizda MIB turibdi-da.

 

Narx qanday belgilanadi?

Kommunal xizmatlar narxi yiliga kamida ikki marta oshyapti. Ba’zan issiq suv va issiqlik ta’minoti tarifi uch marta ham oshgan paytlar bo‘ldi. Misol uchun, elektr narxi o‘tgan yiliyoq 16 noyabrdan 250 so‘m, joriy yil 1 iyunidan 280 so‘m qilib oldindan belgilangan. Bu qiymat qayerdan kelib chiqqan, qanday omil e’tiborga olingan? Yoki iyunga kelib ko‘mir narxi oshadimi?

Ha, bizda kommunal tulovlar uchun o‘rnatilgan narxlar qayerdan kelib chiqqani doimo noma’lum bo‘lib kelgan.

Tarif oshishi borasida aholi bir oy oldin ogohlantiriladi. Aslida ogohlantirish xabarida narx oshish sabablari aniq va asosli tarzda ko‘rsatilishi kerak emasmi?!

 

Qachongacha ko‘mir yoki gaz yoqib elektr olamiz?

Yana bir gap. Kommunal to‘lovlar narxini belgilovchi asosiy omil bu elektr va gaz. Agar hayotiy resurslarimizni shu ikkalasi o‘rnini bosuvchi tabiiy manbalarga bog‘lamas ekanmiz, narx o‘sishini to‘xtatib bo‘lmaydi.

So‘nggi yillarda OAVlarida respublikamizning hali u viloyati, hali bu hududida quyosh elektr stansiyasi barpo etilishi, yiliga falon quvvatda elektr energiyasi ishlab chiqarilishi borasida bot-bot xabarlar e’lon qilindi. Ammo, yillar o‘tsa hamki bu loyihalar suvga tushgan toshdek jim-jit bo‘lib ketmoqda. E’tibor bersangiz, respublikamizda quyosh energiyasidan foydalanish borasida islohotlar negadir olg‘a siljimaydi… yoki amaldagi monopoliyadan voz kechishni istashmaydi…

Tabiiy va arzon elektr energiyasidan foydalanishni yo‘lga qo‘ymas ekanmiz nafaqat narx mutanosibligi, balki rivojlanish ham bo‘lmaydi.

 

Odamlar rozimi?

Bugungi iqtisodiy sharoitimiz va imkoniyatimizni hisobga olsak narx o‘sishi tabiiy. Biz ham ko‘r-ko‘rona tarzda narxni pasaytirish kerak, demoqchi emasmiz. Masalaga boshqacha yondashaylik. Aholi kommunal to‘lovlarni bola-chaqasi rizqini qiyib bo‘lsa ham, kechikib bo‘lsa ham to‘layapti. Ammo kommunal tashkilotlar xizmatidan odamlar rozimi?

Komunnal xizmatlar sifati va muammolar borasida yuzlab, minglab misollar keltirish mumkin. Uzoqqa bormaylik, bu yil bahor seryog‘in va ancha salqin bo‘ldi. “Dom”lar zaxlab ketdi. Issiqlik tizimi esa doimgidek 26 martdanoq uzib qo‘yildi. Mana bir oydan oshdiki, aksariyat xonadonini elektr pechlar yordamida isitsa, ko‘pchilik oshxona gaz plitasini yoqib qo‘ygan. Bu isitish uchun qo‘shimcha xarajat emasmi? Yoki kimdir farzandlari shamollab, issiqlik ta’minoti uchun yil davomida to‘laydigan pulidan ham ko‘p chiqimga tushib o‘tiribdi-ku? Kuzda ham ahvol shu. Uyi yaxshi isimaydiganlar “Toshissiqquvati” bilan uy-joy mulkdorlari shirkati orasida sarson. Nima uchun “asosli narx” o‘rnatilishi adolat tarozisiga solinmaydi?

Isitish mavsumi boshlanishi va tugashini qayta ko‘rib chiqish, issitish ta’minotida haroratni ob-havoga qarab balanslashtiruvchi tizimni joriy etish vaqti yetmadimikan? Markazlashgan isitish tizimidan “yakka ko‘pqavatli uy” yoki “yakka xonadon” isitish ta’minoti tizimiga o‘tadigan payt ham yetib keldi.

Odamlarning mana shunday haqli e’tirozlari e’tiborga olinsa, ko‘pchilikni aslida mavjud bo‘lmagan katta qarzdorlik uchun sudga berish to‘g‘risidagi “Toshissiqquvati”ning dag‘dag‘ali xatlari to‘xtarmidi…

Yoki 40 °S dan past bo‘lganda issiq suv uchun to‘lov sovuq suv tarifi bo‘yicha amalga oshirilishi kerak, degan qoida amalda ishlagan bo‘lar edi. Axir, jo‘mrakni ochib, issiq suv isishi uchun qancha suv oqizishingizni o‘zingiz bir hisoblab ko‘ring!

Suvsoz tashkilotining ko‘p qavatli uylar atrofidagi daraxtlar va gullarni sug‘orishga mo‘ljallangan suv tarnovlarini yoppasiga kestirib, yopib tashlaganini qanday izohlash mumkin?

Butun dunyoda maishiy chiqindilarni olib ketish narxi odam soniga emas, chiqariladigan chiqindi massasiga qarab belgilangan. Bizda-chi, propiska bo‘yicha… “musor” chiqarasizmi yo‘qmi, barcha bir xil. Chiqindilar esa haftalab “dom” atrofiga noxush is taratib turaveradi.

Uy-joy shirkatlari xizmati (sifati haqida gapirish erta) bilan bog‘liq muammolari endi bu alohida mavzu. So‘nggi bir yilda uy-joy mulkdorlari shirkatlariga to‘lov narxi qariyb ikki barobarga oshib ketishida shikatlarning bajarilmagan ishga pul yozishi, arzimas ishga osmon narx qo‘yishi ham sabab emasmikan?

 

* * *

Xulosa sifatida aytish joizki, kommunal soha rahbarlari faqat qarzdorlikni undirish bilan emas, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash borasida ham o‘ylab ko‘rishsa yaxshi bo‘lar edi. Mayli, narxlar bosqichma-bosqich oshib borsin. Ammo puliga yarasha sifat ham oshsin-da.

 

Baxtiyor HAMIDOV,

“Oila davrasida” muxbiri

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.