Oʻzbekning joʻmard adibi edi

0
173
marta koʻrilgan.

3 fevral – Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Togʻay Murod tavallud topgan kun

 

Har bir xalq adabiyotining oʻz poydevori, ustunlari boʻladi. Mumtoz ijodkorlar millat adabiyotining poydevori boʻlsa, zamonaviy shoir-yozuvchilar uning buguni va kelajagini tutib turgan ustunlari, deyish mumkin. Fransuzlar Alber Kamyuni, kolumbiyaliklar Gabriel Garsia Markesni, qirgʻizlar Chingiz Aytmatovni, qozoqlar Muxtor Shoxonovni keyingi davr adabiyotining ustuni deb biladilar. Oʻzbeklar esa bu roʻyxatning boshiga, hech shubhasiz, oʻzlaridan chiqqan joʻmard yozuvchi – Togʻay Murodni faxr va armon bilan yozib qoʻygan. Oʻzining sanoqligina, ammo biri biridan yukli, biri biridan oʻqishli asarlari bilan oʻzidan mangu iz qoldirib ketgan Togʻay Murod mutaxassislar hayrati, kitobxon muhabbatini qozongan tom maʼnoda noyob isteʼdod sohibi edi.

U tugʻilgan kunda yozuvchi bilan hamsuhbat boʻlganlar xotiralaridan saraladik.

 

“OʻTDA YONMAS, SUVDA ChOʻKMAS ASARLAR YARATDI…”

 

“… Togʻay Murod adabiyotga dangal kirib keldi. Shartta burildi-yu, hayotdan ketdi-qoldi. Undan oʻn-oʻn besh kichik asar, toʻrt qissa, ikki roman, nari borsa, toʻrt jildga jo boʻlarlik meros qoldi. Ammo yozuvchi asarlari ruhini, ulardagi oʻzbekona gʻurur, surur, qatʼiyat, oriyat, joʻmardlikni jo-bajo qiladigan hajmni topish mushkul. Togʻay Murod oʻtda yonmas, suvda choʻkmas asarlar, yuragida yoli bor qahramonlar timsolini yaratdiki, ular hamisha, har qayerda, har qanday sharoitda oʻzbekning oʻzligini namoyon etaveradi…

…Koʻkda yulduz uchdi: yuzimga fotiha tortdim. Uchgan yulduz Togʻay Murod hayotini olib ketganini bilgach, yuragim ezildi. Xayol uchqur-da: oʻlim xabarini eshitganda Boʻri polvon zoʻr kurashga bakovullik qilayotgandi. Bir zum qotib qoldi:

– Attang, chakki boʻlibdi…

Olishayotgan polvonlar bir-birlarining yelkalariga maʼyus bosh qoʻyishdi. Ziyodulla kal yugura kelib otiga mindi, izillab yigʻlaganicha argʻumogʻini choptirib ketdi. Qoplon bobo, Oymomo momo bir zumda choʻkib qolishdi:

– Bolam-a… bolam-a… Bizlarga farzandlik qiluvding-a… Kitob qilib yozuvding-a…

Dehqonqul xotinining kuyib ketganiga, bolalarining boʻzlab qolganiga chidagan edi. Togʻay Muroddan ayrilgach, oʻzini qoʻyarga joy topolmadi. Toshkentga shoshildi. Janozada qatnashdi. Chigʻatoy qabristonini hamma tark etgach, Togʻayning togʻday qabri poyiga choʻkkaladi, onasidan oʻrgangan oyatlarni bilganicha takrorladi: oyat soʻzlari koʻz yoshi boʻlib, yangi qabr tuprogʻini hoʻllay boshladi. Togʻay Murod oʻzbek yurtining togʻu toshlarini, qir-adirlarini, daryoyu koʻllarini, ob-havosini yurakdan his qilardi. Bahorning soʻnggi kunlari chaqmoqli, guldurakli, yogʻin-sochinli keldi. Ona tabiat zinda farzandining oʻlimini oldindan sezganmidi?!”

 

Abdugʻafur RASULOV,

filologiya fanlari doktori


 

“DALALAR MENING OTAMDAN QOLGAN EKAN…”

 

“Mening Togʻay Murod bilan tanishishim, oʻzim uchun uni katta yozuvchi sifatida kashf etishim juda qiziq boʻlgan. Hammasi bir tasodifdan boshlangan edi. Bir kuni “Oʻzbekfilm”da oʻtirsam, hovliqib aktyor Murod Rajabov kelib qoldi:

– Shuhrat aka, kechirasiz, xayolingizni buzdim, – dedi. – Hozir bir ishni zudlik bilan qilmasak, keyin kech boʻladi.

– Nima, nimani gapirayapsan? – dedim hech narsaga tushunolmay hayron boʻlib.

– Togʻay Murod bir roman yozibdi, oʻqib hayratda qoldim. Xalq hayotini shunday teran berganki… Rosti, hali biror yozuvchi badiiy adabiyotda zamonaviy hayotimizni bunchalik aks ettirolmagan, – dedi Murod.

Men Togʻay Murodning bu romani dovrugʻini eshitgan edimu, biroq hali oʻqishga ulgurmagandim. Murodning qistovi bilan Togʻay Murodga qoʻngʻiroq qildim. Hali oʻzim oʻqimagan romanni kino qilish uchun undan ruxsat soʻradim. Orqavoratdan Togʻay Murod bunday takliflarni koʻp rad etganligini eshitib yurardim. Qiziq boʻldi, biz hayotda uchrashmagan boʻlsak ham tezda til topisha qoldik. Yozuvchi menga asarini kino qilishimga telefonda ruxsat berdi. Telefon goʻshagini qoʻygach, Murodga yuzlanib dedim:

– Nima qilib qoʻyding? Endi menga roman yoqmasa-chi?

– Sizning didingizni bilaman. Siz avval kitobni oʻqib chiqing! – dedi Murod.

Oradan birmuncha vaqt oʻtdi. Oʻsha paytlardagi raisimiz Temurmalik Yunusov bir kuni meni huzuriga chaqirdi.

– Biz ikkita milliy asarlarimiz asosida film ishlashimiz kerak, – dedi. – Maqsadimiz “Oʻtkan kunlar” bilan “Otamdan qolgan dalalar” romanlarini ekranlashtirish. Melis Abzalov Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani asosida film ishlaydi. Siz Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” asarini ekranlashtirsangiz, degandik.

Bu gap men uchun yangilik boʻlmadi. Men allaqachon bu taklifga rozi edim. Shu asnoda romanni oʻqib ham, uqib ham chiqdim. Asarning obdan ichiga kirib, bir narsaga amin boʻldim: ramziy va tom maʼnoda ham dalalar mening otamdan qolgan ekan. Bu asar ona xalqimning, ota yurtimning koʻngil kechinmalaridan bino boʻlgan dardnomasi edi. Asar menga juda maʼqul tushdi. Roman, nazarimda, men uchun yozilganday edi. Unda tasvirlangan har bir obraz koʻz oʻngimda yaqqol gavdalandi. Men goʻyo ular bilan butun umr birga yashagan edim. Asar qahramonlari bilan taqdirim ham bir edi goʻyo. Demak, ular haqida kino qilsam, oʻzim haqimda kino ishlagan boʻlarkanman-da. Men Togʻay Murod yaratgan obrazlar bilan hamnafas boʻldim, hamdard boʻldim. Qarangki, azbaroyi asarga kirishib ketganimdan, yozuvchining oʻzi ham esimdan chiqib ketibdi. Togʻay Murod katta ijodkor, yozuvchi sifatida xalq boshiga tushgan zulm-xoʻrlik, azoblarni oʻz vujudidan oʻtkazadi, bu kulfatlarga chiday olmaydi, bundan xoʻrligi keladi. Shuning uchun ham muallifning joni halak boʻladi, asarning har bir satridan dil ogʻrigʻi ufurib turadi. “Dod!” – deydi yozuvchi. Biz ekranda mana shu ruhni koʻrsatib berishimiz kerak edi…”

 

Shuhrat ABBOSOV,

kinorejissyor


 

“POLVON, ChAVANDOZ, ShOIR, DEHQON…”

 

Oʻtgan asrning yetmishinchi yillari “Sharq yulduzi”‘ jurnalida yaxshi anʼana yoʻlga qoʻyilgandi. Jurnalning har yili bir soni toʻligʻicha nasr va nazmda tetapoya boʻlayotgan yosh ijodkorlarga bagʻishlanardi. 1976 yildagi maxsus sonida eʼlon qilingan bir qissa yarq etib koʻzga tashlandi.

Qissaning nomi “Yulduzlar mangu yonadi” boʻldi.

Bu qissa qissa emas, qoʻshiq boʻldi.

Baxshiyona asar bitgan taniqli yozuvchi emas, nomi hali hech nimani anglatmaydigan Togʻay Murod boʻldi.

Qoʻlimizdan jurnalning ushbu soni tushmas boʻldi.

– Oʻqidingmi? – soʻrardik bir-birimizdan.

– Oʻqidim, – javob berardik undan-da kuchliroq zavq bilan.

– Togʻay Murod deganlari polvon ekan, – derdik oʻzimizni koʻp narsadan xabardor tutib bir-birimizga.

…Adib oz yozdi, oz yozsa-da, soz yozdi. Uning har bir bitigi yangi dunyolar ochdi koʻz oʻngimizda.

“Ot kishnagan oqshomlar” doston kitobimiz boʻldi.

“Oydinda yurgan odamlar” sadoqat kitobimiz boʻldi.

“Momo yer qoʻshigʻi” diyonat kitobimiz boʻldi.

“Otamdan qolgan dalalar” tarix kitobimiz boʻldi.

“Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi” tazarru kitobimiz boʻldi.

Biz ularni qayta-qayta oʻqib toʻymadik.

Shu zayl polvon, chavandoz, shoir, dehqon… Togʻay Murod joy oldi qalbimizdan. Togʻay Murod Togʻay Murod boʻlib emas, navbatdagi qahramonlari qiyofasida ongimizga, shuurimizga kirib kelar boʻldi…

…Afsus, bir kun kutilmaganda Togʻay Murodimizni yoʻqotib qoʻydik. Yurak oh chekdi, koʻngil yigʻladi. Ammo dilimizning tub-tublaridan tanish siymolar “mana men” deb yuz koʻrsata berdi.

Endi Boʻri polvon, Ziyodullo chavandoz, Dehqonqullar… Togʻay Murod siymosida birga yashayotgan ekan biz bilan…

 

Abdunabi ABDIYEV,

Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.