Oʻzbekiston telekanallari rahbarlariga ochiq xat

0
111
marta koʻrilgan.

Mana, bir necha kundirki, ijtimoiy tarmoqlarda turk seriallari haqida bahs-munozaralar avjiga chiqqan. Bahs-munozara kuchaygan sari telekanallarimizda turk seriallari haqidagi reklama koʻpaygandan koʻpaymoqda. Nima uchun? Xalqning talabi, xohish-istagi nega eʼtiborga olinmaydi? OAVlarda, saytlarda bu haqda tinimsiz tahliliy, mulohazali maqolalar berib borilayotgan boʻlsa-da, keng auditoriyani qamrab olgan telekanallar rahbarlari nega bu haqda oʻylab koʻrmayapti? Axir hamma kanalni turk seriallari bosib ketdi.

Azaldan salla desa kallani olib kelamiz – turklar bilan yaxshi hamkorlik degani ularning oʻzida berishni man qilgan seriallari butun kanallarni egallab olsin degani emas-ku! Masalan, bir oilada ota ham, ona ham xiyonatkor, ularning uylangan oʻgʻli yoki qizi ham oilasiga xiyonat qiladi. Va bu tabiiy hol. Xuddi dunyoda erkak zoti qurib ketganidek opa singlisining eriga koʻz olaytirgan. Xuddi dunyoda qiz zoti qurib ketganidek yigit oʻgay onasining qizini sevib qolgan. U oʻgay ona ham eriga xiyonat qilib yigitning otasiga tegib olgan, oqibatda yigitning onasi otasini tashlab ketgan, aslida oʻgay singil bir paytlar otasining onasiga xiyonati mevasi – tugʻishgan singil!

Oʻylab koʻraylik, xiyonatkorlikni targʻib qiluvchi turk seriallari bizga nima beradi? Avvalo, yoshlarimizda oʻsha millatga nisbatan mehr uygʻotadi. Mehrimiz balandki, qizlarimiz bugun turk yigitiga faxr bilan turmushga chiqib ketayapti. Turklarning kinodagi hayoti nafaqat ongimizga, balki xonadonlarimizga kirib kelmoqda. Yoshlar kinolar orqali boshqa millatning turish-turmushini oʻrganishadi, tarixiga qiziqa boshlaydi. Men, albatta, boshqa xalqlarning tilini, urf-odatini, tarixini oʻrganishga qarshi emasman. Oʻrganish boshqa, mehr qoʻyish boshqa… Qolaversa, bunday seriallar orqali emas. Yana serialki qizning onasi bilan teppa-teng gap talashishi, oʻgʻilning ota bilan yoqa boʻgʻib qolishi… Kiyimlarini-ku aytmang. Havasimiz zoʻrligidan Turkiyaning koʻylagini kiymasak toʻyga borolmaydigan boʻlib qoldik. Sarpolarimizda, albatta, turklarning libosi, hatto galstuk, paypoq, sovungacha. Oʻylab koʻrmayapmiz, ular seriallar orqali kiyimlariga havas uygʻotib iqtisodini rivojlantirayapti. Biz esa koʻp  narsani yoʻqotayapmiz. Choʻntagimizdagi pulimizni oʻzga davlatning mahsuloti uchun oʻn baravar qimmatiga sarflayapmiz. Achinarlisi, evaziga oladigan badalimiz nafaqat moddiy yoʻqotish, balki MAʼNAVIY tanazzulga olib kelyapti.

Qaysi kanalga olmang, qaysi kanalning dasturini kuzatmang, turk seriali. Baʼzida har bir kanal kelishib olgandek ketma-ketlikda qoʻyiladigan “Gullar iztirobi”, “Hovli” “Ayol”, “Jasur va goʻzal” kabi seriallar oqimi toʻxtamayotganidan hayratga tushasan. “Ertugʻul”, “Muhtasham yuz yil” kabi tarixiy kinolarga chidash mumkindir.  Amerikaning jangari, urush sahnalariga boy boʻlsa-da baribir insoniylikni, gʻururni, qahramonlikni targʻib etadigan kinolariga chidash mumkin. Oʻzimizning koʻngilni toʻldirar darajada ishlanmagan boʻlsada, milliy mentalitetni saqlab qolishga harakat qilgan seriallarga chidash mumkin,  qahramonlarining koʻzidan hech yoshi tinmaydigan va shu bilan birga urf-odatlari bizga yaqinroq boʻlgan koreys seriallariga chidash mumkin, ammo Turkiya kinochilari tomonidan ishlangan, turklarning oʻzlari ham koʻrishni maʼn qilgan, ularning hayotidan, turmushidan uzoq boʻlgan seriallarga chidab boʻlmaydi.

Facebook ijtimoiy tarmogʻida “Xalq bilan muloqot” guruhi bor. Ayni kunlarda ushbu guruhda turk seriallariga odamlar qanday munosabatda ekanligini ularning turk seriallari haqidagi postlarga yozilayotgan fikrlaridan ham anglash qiyin emas.

“B.Suyarov: Barcha turk seriallarini taqiqlashni taklif qilaman. TVning barcha kanallarini turk seriallari band qilmoqda.

G.Beyseitova: Bir tiyinga qimmat seriallar. Asoratini aytmaysizmi? Umuman koʻrmaslik kerak. Behayo xotin-qizlar va xotinboz erkaklarni koʻrib yoshlar nimani oʻrganadi?

D.Xodjayev: Bu seriallarni koʻrsatishdan maqsad nima? Odamlarni benomus va yovuz qilishmi?

V.Xoliyarov: Xaqiqatdan ham turk searillari bezor qivordi odamni, koʻngil ayniydigan darajada.

X.Madjidova: Serial muhokama qilishdan boshqa ish yoʻqmi. Yoqmasa koʻrmanglar, boshqa muhim masalalar ham bor.

Flu: Aynan oʻsha muhim masalalarga aralasholmasligimiz uchun bizlarni chalgʻitish uchun serial berishadida.

D.Toshnazarov: Yoʻqolsin turk seriallari. Hammasida bitta muammo. Bitta ayolning ikkita eri boʻladi, shuyam kinomi. Yuqoridagi kommentlarda yoqmasa boshqa kanalni koʻring, deyilibdi, axir qaysi kanalga olsak, turk seriallari navbat kutib turgan boʻladi…

M.Mirhaydarov: Agar eʼtibor bersak, turk seriallarini koʻklarga koʻtarib maqtayotganlarning koʻpchiligi ayollar. Endi farzandlarimizning taqdiri shu ayollarimiz qoʻlida ekanligini bir tasavvur qilib koʻringsizlar-a…

X.Inayatov: Umuman bizga kerakmas turk seriallari, biz musulmonmiz deb, musulmonchilikka toʻgʻri kelmaydigan ishlarni qilishayapti.

R.Mamanazarov: Maʼnaviy xuruj bu turk seriallari.

F.Muhammadiyev: Ayniqsa, qamoqdagi ayollar kurortda yurgandek tasvirlangan kinoni qiziqib koʻrishayapti… Bu esa juda achinarli holat…”.

Turkiyada yashaydigan farzandinikida boʻlib qaytgan fargʻonalik bir onaxon shunday deydi: “Turkiyada yangi seriallarning bir-ikki qismini namoyish etishadi, keyin odamlarning ijtimoiy tarmoqdagi mulohazasi kuzatiladi, agar yangi serial yaxshi baho olmasa qoʻyilmaydi”. Ammo bizda-chi, hatto jurnalistlar bu masalani koʻtarib chiqishiga qaramay turk seriallari toʻxtatilmayapti. Nima, bu nopisandlikmi yoki “shahar bedarvoza” deganimi? Bu seriallarni targʻib qilayotgan, qoʻyishga ruxsat berayotganlarning asl maqsadi nima? Bugun Prezidentimiz xalqni kitob mutolaasiga chorlayotgan, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish siyosat darajasiga koʻtarilib turgan bir paytda bu siyosatga qarshi qilinayotgan ishmi? Maqsad odamlarni kitobdan chalgʻitish, faqat maishiy mavzudan boshqasiga ongi yetmaydigan, saviyasiz xalqqa aylantirishmi? Masalan, bojxona tomonidan falon pornografik film disklari ushlab qolindi, degan xabarlarga koʻzimiz tushadi. Ammo nega televideniyeda berilayotgan pornografik kinolarning debochasi sifatida ishlangan seriallarni nazorat qilmaydi hech kim. Yoki buning ortida millatning maʼnaviyatini oʻldirishdek ataylab uyushtirilayotgan gʻoya yotibdimi? Bunga kim JAVOB BERADI? Ertaga bu seriallar tufayli pornografiyani ochiq-oydin koʻrsatadigan va tabiiy qabul qiladigan avlod yetishib chiqmaydi, deb kim kafolat beradi?  

Bundan muddao nima? Oʻzbek madaniyatini, maʼnaviyatini butunlay yoʻqqa chiqarishmi? Yosh avlod bugungi kunimiz tarixga aylanganda oʻz tarixini mana shunday seriallar orqali yaratadimi? Turk seriallariga tobora koʻnikish, voqea-hodisalarini tabiiy qabul qilish oqibatda hayotimizni ham shunga moslashtirishimizga, millat tanazzuliga olib kelishini esdan chiqarmaylik.

 

Barno SULTONOVA,

jurnalist

 

ishonch.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.