Ozar sheʼriyatining uch gavhari

0
156
marta koʻrilgan.

Ozarbayjon xalqi adabiyot tarixiga Mahsatiy Ganjaviy, Hayron xonim, Fotma xonim Kamina, Oshiq pari, Ogʻabegim ogʻa, Xurshidbonu Notavon, Zaynab xonim Shirvoniy kabi isteʼdodli shoiralarni bergan. Ular orasida Mahsatiy Ganjaviy, Hayron xonim va Notavonlar alohida mavqega egadir. Bu uch shoira sozida inson goʻzalligi, yurak tugʻyonlari va hayot zavqlari ajib ohanglarda yangraydi.

XII asr ozar shoiralari orasida Mahsatiy (“Moh asti” – “Oysan” degani) fazlu kamol sohibasi boʻlib, tarixiy manbalar uning ilmparvar xonadonda tugʻilgani, mukammal tahsil koʻrgani, isteʼdodli ruboiynavis boʻlib yetishganidan guvohlik beradi. Otasi maxsus musiqashunos yollab, qiziga musiqa va raqs ilmidan ham saboq olishiga sharoit yaratib bergan. Mahsatiy otadan barvaqt ayriladi. Ganja xatibining oʻgʻli Amir Ahmadga turmushga chiqquncha sargardonlik tashvishlarini boshidan kechiradi. Uning muhabbati elga doston boʻladi.

Mahsatiy xonim Xoʻjand, Zinjan, Mashhad, Marif, Balx shaharlarida boʻldi. Umar Xayyom, Nizomiy kabi ustozlar bilan ijodiy muloqotlar qildi. Tadqiqotchilar uning “Amir Ahmad” dostonidagi Amir Ahmad tilidan aytilgan ruboiylari Umar Xayyomga tegishli degan gapni aytishadi.

Hayron xonim Dunbuli XVIII asrning 80-yillari va XIX asrning 50-yillari orasida yashagani maʼlum. U Ozarbayjonning xushhavo Naxchevon shahrida Kankarli Dunbuli avlodiga mansub xonadonda tugʻilgan, Rusiya – Eron toʻqnashuvlari davrida Eronning Urmiya koʻli yaqinidagi qishloqqa koʻchirilgan. Hayron xonim yoshligida saroyda tahsil oldi, mumtoz sheʼriyat anʼanalarini oʻrgandi. Roʻdakiy, Saʼdiy, Hofiz, Urfiy, Nasiriy, Navoiy, Fuzuliy, Soib, Qavsiy kabi ustozlar ijodidan bahramand boʻldi. Nochor xalqning gʻamu hasratiga qaygʻudosh boʻldi. Gʻazallarini ozar tilida, forsiyda, shiru shakar usulida ham yozgan. U Tabrizda vafot etgan.

Notavon (Xurshidbonu) musiqa va sheʼriyat gulshani Shushada, ziyoli oilada dunyoga keldi. U Qorabogʻ hokimi Ibrohimxonning nabirasi, Mahdiqulixon I ning qizidir (Mahdiqulixon II shoiraning oʻgʻli). Bibilari Gavhar ogʻa, Ogʻabegim ogʻa (Eron hukmdori Fatalishohning birinchi ayoli) “Ogʻabaji” taxallusi bilan gʻazallar bitgan. Qizi Xonbika, oʻgʻli Mahdiqulixon “Vafo” taxallusi bilan gʻazallar yozgan. Notavonning asl nasab-sulolasidan shoirlar koʻp chiqqan. U Notavon, Xonqizi taxalluslari bilan elga mashhur boʻlgan, “Majlisi-uns” shoiralar anjumanining faol tashkilotchisi boʻlib, uni moddiy jihatdan taʼminlab turgan. Bu anjumanda shoirlar, mashshoqlar, navozandalar ishtirok etar, Nizomiy, Navoiy, Fuzuliy gʻazallari xususida muzokaralar oʻtkazilar, ularga naziralar bagʻishlanardi, majlis ahlining ijodi ham muhokama etilib, baholanardi. U nafaqat shoira, balki mohir naqqosh ham boʻlgan. Uning saʼy-harakatlari bilan Shushaga suv keltirilgan, oʻsha buloq bugun ham “Xonqizi bulogʻi” deb ataladi. Uning oʻgʻli Mahdiqulixon Mir Abbos vafotiga bagʻishlab yozgan hazin gʻazallariga oʻnlarcha naziralar bitilgan.

Ushbu maʼlumotlar Navoiyshunos olima, filologiya fanlari doktori, oʻzbek adabiyotining muhibi va targʻibotchisi Jannatxonim Nagʻiyevaning “Oʻtli sozlar, otashin soʻzlar” maqolasidan olindi. Tarjimalar esa bu aziz insonning menga sovgʻa qilgan kitoblari orqali amalga oshirildi. Rahmatli Jannatxonimdan minnatdorman. Alloh undan rozi boʻlsin!

 

Oydin HOJIYEVA

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.