“Oʻtkan kunlar” endi 18+ boʻladimi?

0
130
marta koʻrilgan.

Maʼlumki, 2018 yilning 9 martida “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun kuchga kiradi.

Mazkur hujjat bolalarning maʼnaviy-ruhiy dunyosini har xil xurujlardan himoya qilishga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatli boʻlib, ekspertlar mazkur qonun dolzarbligini mamlakatimiz aholisining 35 foizi 18 yoshga toʻlmagan shaxslardan iborat ekani bilan asoslashmoqda. Germaniya, Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Yaponiya va boshqa davlatlar tajribalari asosida tayorlangan qonun matni bilan tanishar ekanman koʻp narsa ushbu hujjat ijrosini taʼminlashga masʼul idoralar mutasaddilariga bogʻliqligi oydinlashadi. Masalan, qonunning “Axborot mahsulotining yoshga oid tasnifi” deb nomlangan 17-moddasini olaylik. Unda axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini belgilash axborot mahsulotini ishlab chiqaruvchilar va tarqatuvchilar tomonidan, shu jumladan ekspertlarni jalb etgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida tarqatish boshlanguniga qadar amalga oshiriladi, deyilgan. Vaholanki, bugun bozorda qanday qilib boʻlmasin oʻz mahsulotini oʻtkazishni oldiga asosiy vazifa qilib qoʻygan ayrim axborot mahsuloti ishlab chiqaruvchilari ularni osonlikcha tasniflamasa kerak.

Qonun talabiga koʻra, tarqatilayotgan axborotga yosh toifasini ishlab chiqaruvchilarning oʻzlari yoki bu sohadagi akkreditatsiyadan oʻtgan ekspertlarni oʻz hisobidan haq toʻlab taklif qilishlari va ularning xulosasiga koʻra tasnif qoʻyishlari kerak. Biroq bu oʻz-oʻzidan amalga oshadigan ish emas. Buning uchun ishlab chiqaruvchi yo vijdonli, qonunni hurmat qiladigan boʻlishi yoki boʻyin tovlaydiganlarga nisbatan qonun bilan keskin choralar belgilanishi zarur.

Axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini belgilash va yosh toifalarini qoʻyish masalalari mazkur hujjatning muhim, taʼbir joiz boʻlsa, nozik jihatlaridan hisoblanadi. Bu ishlab chiqaruvchidan ham koʻra, ekspertlar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Endilikda ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, kino, teatr va adabiyotlar, Internet jahon axborot tarmogʻidagi veb-saytlar, reklama vositalari hamda boshqa turdagi axborot tarqatish kanallari uchun u bilan tanishish mumkin boʻlgan bolalar yoshi toifalariga qarab 0+, 7+, 12+, 16+, 18+ belgilari bilan belgilanadi va bunday yozuvlar aks ettirilishi shart qilib qoʻyildi. Axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini amalga oshirishda bir qator talablardan tashqari uning mavzusi, janri, mazmuni va badiiy bezagiga ham jiddiy eʼtibor qaratiladi.

Bugungi global dunyoda turli vositalar orqali zoʻravonlik, fahsh, qotillik, turli oqimlarga daʼvat etuvchi, shuningdek, maʼnaviyatimiz va qadriyatlarimizga mutlaqo yot gʻoyalarni targʻib etuvchi axborotlar uchramoqdaki, bu ularni cheklash ehtiyojini oshirmoqda. Yangi qonun bilan bolalarni bu kabi salbiy taʼsirlardan himoya qilish maqsad qilib qoʻyilgan ekan, tegishli ekspertlar masʼuliyatini har tomonlama oshirish taqozo etiladi. Chunki bu oson amalga oshadigan jarayon emas. Ayrim axborot mahsulotlari boʻyicha xulosa berish uzoq izlanishni, audio-video mahsulotlarni soatlab eshitish-koʻrishni, tadqiq etishni taqozo etadi. U yoki bu axborot mahsulotiga tasnif berishda yuzaki yondashish yoxud notoʻgʻri malakalash vaziyatga aks taʼsir koʻrsatishini ham unutmaslik zarur.

Qonunga muvofiq, endi yurtimizda nashr qilinadigan kitoblar oʻquvchi yoshiga qarab tasniflanadi. Oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, jinsiy buzuqlikni targʻib qiladigan, shuningdek, ota-onalar va oilaning boshqa aʼzolariga nisbatan hurmatsiz munosabatni shakllantiradigan kitoblardan bolalarni himoya qilish tizimi malakalanadi. Bir soʻz bilan aytganda, milliy qarashlarimizga zid, axloqsizlikni targʻib qiladigan asarlarni mutolaa qilish taqiqlanadi.

Bugun yurtimizda kitob mahsulotlarini nashr qilish yaxshi yoʻlga qoʻyilgan, 118 nashriyot, 1760 matbaa korxonasi faoliyat yuritmoqda, har yili 7 tilda 60 million nusxadan ortiq kitob chop etilayotir. Biroq chop etilayotgan kitoblarning barchasini ham bugungi kun talabiga mos keladi, deb boʻlmaydi. Ayrim nashriyotlar tomonidan oʻzining nizom talablariga toʻgʻri kelmaydigan, milliy qadriyatlarga zid, gʻoyaviy hamda matbaa sifati past mahsulotlar ishlab chiqarilayotgani ham bor gap. Avvalo mana shunday kitoblar chiqishining oldi olinishi zarur.

Kitoblar tasnifiga keladigan boʻlsak, bu ancha qiyin kechadigan va katta bilim, tajriba talab etadigan, shuningdek, bahs-munozaraga ham sabab boʻladigan jarayon. Masalan, xalqimiz qalbidan joy olgan “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlarini olaylik. Ularda sevgi-muhabbat sahnalari bilan birga oʻgʻrilik, qotillik, bosqinchilik mavzulari keltirilgan. Xoʻsh, ekspertlar bu kitoblarni qaysi yoshdan oʻqishni tavsiya qilishadi? Axir ular maktab darsliklariga kiritilgan-ku. Oʻquvchi yoshiga mos tushmasa, uni oʻn sakkiz yoshga yetgunga qadar oʻqimay kutib turadimi? Vaholanki, bu kitoblarda vafo, sadoqat, oilaga hurmat, yuksak tuygʻular tarannumi ham ifodalangan. Shunday ekan, ularni 18 yoshdan keyin oʻqitib nimaga erishish mumkin?!

Biz bejiz xavotir bildirayotganimiz yoʻq. Chunki bolalarni turli zararli illatlardan, shuningdek, zaharli oziq-ovqat mahsulotlaridan muhofaza qilish borasida mavjud qonunlarimizda avvaldan ham tegishli moddalar bor. Ammo ularning ijrosi har doim ham taʼminlanayapti, deb boʻlmaydi. Misol tariqasida oladigan boʻlsak, alkogolli va tamaki mahsulotlari sotiladigan doʻkonlar taʼlim muassasalaridan kamida 500 metr narida qurilishi kerak boʻlsa-da, bunga zid ravishda faoliyat yuritayotgan doʻkonlar koʻplab topiladi va bunga shu paytgacha panja orasidan qarab kelinmoqda. Taʼlim muassasalari oshxonasida bolalar isteʼmoli uchun yaroqsiz deb topilgan turli qadoqdagi, na muvofiqlik sertifikati va na ishlab chiqarilgan sanasi koʻrsatilgan oziq-ovqat mahsulotlari ham hech bir taqiqsiz savdoga qoʻyilgani va bunga ham eʼtiborsiz boʻlinayotgani bu borada hali qilinishi kerak boʻlgan ishlar koʻpligidan darak beradi.

Koʻrinayaptiki, yangi qonun vakolatli idoralar mutaxassislaridan, ekspertlardan alohida eʼtibor va sinchkovlik talab etadi. Uning taʼsirchanligini oshirish, ijrosini six ham, kabob ham kuymaydigan qilib taʼminlash kerak. Ishqilib, ekspertlarimiz qosh qoʻyaman deb, koʻz chiqarib qoʻyishmasa boʻlgani. Shundan xavotirimiz bor.

 

Muso MURODOV

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.