Otani yomon koʻrsatgan ona farzandlari umrini zavol qilayotganini bilarmikan?

1
259
marta koʻrilgan.

Hayot juda murakkab. Baʼzan unda oʻzimiz xohlamagan ishlarga qoʻl urib qoʻyganimizni bilmay qolamiz. Xato qilganimizni esa kech anglab yetamiz. Ayniqsa, turmush va farzandlar tarbiyasida juda ehtiyotkor boʻlish zarurligini yoshim ulgʻayib, turli taqdirlarni koʻrganim sayin chuqurroq anglab yetyapman.

Yaqin tanishimning toʻrt farzandi bor. Doim roʻzgʻor tashvishi bilan yelib-yuguradi. Bir qarasa, qiynalib pul topgan, yana bir qarasa, bozor-oʻchar qilgan. U bilan suhbatlashib qolgan vaqtlarimda hasratlarini eshitib, yuragim ogʻriydi. Turmush oʻrtogʻining hech qayerda ishlamasligi, oilaning moddiy taʼminoti uchun umuman jon koyitmasligini aytib, yigʻlab ham oladi. Erining baʼzi salbiy odatlaridan noroziligi shundoqqina bilinib turadi.

Bir kuni uning tobi qochganini eshitib, holidan xabar olgani bordim. Uch qizi va oʻgʻli ancha dastyor boʻlib qolganini koʻrib havasim keldi. Qizlarining biri dasturxon tuzagan, yana biri tomorqadagi ekinlarning tagini yumshatgan. Bir payt darvozadan otasi kirib keldi. Lekin birortasi salom bermasa deng. Uy toʻrida choʻzilib yotgan oʻgʻil ham joyidan qilt etmadi. Ularning harakatlaridan otasiga nisbatan qanday munosabatda ekanini anglash mushkul emasdi. Oilada bunday muhitning qaror topishida, nazarimda, ayol kishining oʻrni juda katta. Agar ona farzandlariga otaning oʻrni, hurmati naqadar yuksakligini uqtirib tarbiya qilmas ekan, xonadonda tartib-intizom, mehr-oqibat va otaning oʻrni boʻlmasligi aniq.

Agar muammoni yuzaga keltirayotgan sabablarni chuqurroq tahlil qilsak, bunday vaziyatda otalar ham kamchilikka yoʻl qoʻyayotganidan koʻz yumib boʻlmaydi, albatta. Oila va farzandlari oldidagi masʼuliyatni toʻla anglab yetmaslik, ularni maʼnaviy va moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlamaslik natijasida hamma yuk ayolning zimmasiga tushib qolyapti. Tabiiyki, roʻzgʻorning qiyinchiliklaridan horigan ayol farzandlarining tarbiyasiga vaqt ajratishi mushkul. Baʼzilar esa oʻzining turmush oʻrtogʻidan norozi ekanini bolalariga ham aytib, ularning otasiga boʻlgan munosabatini oʻzgartirib yuboradi.

Otaga nisbatan munosabatning oʻzgarishiga uning faqatgina pul topmasligi emas, balki ishga mukkasidan ketishi ham sabab boʻlar ekan.

– Bolaligimda onam tez-tez otamdan norozi boʻlib gapirardi, – deydi bir dugonam. – Otam katta idoraning rahbari boʻlgani uchun uyda kam boʻlar, koʻp vaqtini ishda oʻtkazardi. Onam esa ishlagani yetmagandek, uy-roʻzgʻor, mol-hol hatto erkak kishi qilishi kerak boʻlgan yumushlarni ham oʻzi qilishga majbur boʻlardi. Avvaliga sabr bilan chidadi. Bora-bora esa hayotidan noliydigan, otamning tinimsiz ishlashini, biz uchun vaqt ajratmasligi yoqmasligini oshkora aytadigan boʻldi. Bir odam haqida faqat salbiy fikrni eshitaverish kishining unga munosabatini ham oʻzgartirar ekan. Oʻsha vaqtlarda onamga rahmimiz kelar, imkon qadar yordamlashishga harakat qilardik. Ammo otam bizni yaxshi koʻrmas ekan, degan fikr ham qalbimizni oʻrtardi. Yillar oʻtib, oʻzim ham ona boʻldim. Mana endi oʻshanda onamning notoʻgʻri yoʻl tutganini anglab yetyapman. Agar oila tizgini erkakning qoʻlida boʻlsa, farzandlar ham otadan hayiqib, oʻzini koʻp ishlardan tiyishini tushunib yetyapman. Buning uchun esa ayol turmush oʻrtogʻining farzandlari oldidagi obroʻsini oshirishi kerak ekan.

Koʻrinib turibdiki, otaning farzand oldida hurmatga loyiq inson boʻlib gavdalanishi erkak bilan birga ayol zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Toʻgʻri, hayot murakkab, turmushda har turli kutilmagan holatlar roʻy berishi mumkin. Shunday vaqtda ham farzandlarining ertasini oʻylagan ona juda ehtiyotkor boʻlishi zarur. Bizning oʻzbek onalarimizga xos metin sabr-qanoat bilan bu vazifani uddalash mumkin.

 

Nigora QOʻChQOROVA,

Chust tumanidagi 17-maktab oʻqituvchisi

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

1 mulohaza

  1. Xaqiqatdan yaqin lekin shunaqa noloiq otalar ham juda ko’p farzand kelajagini oylamay o’z qorni faqat bir kunini o’ylaydigan lar yetarlicha topib beraman

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.