Otalikka nomunosib “ota”lar

0
119
marta koʻrilgan.

Ular yetkizayotgan ozorlarga davo bormi?

Soatlar ortidan kunlar, oylar ketidan yillar oʻtaveradi. Oʻylamay qilingan birgina ish orqasida tuzatib boʻlmas xatolar, oʻylamay aytilgan soʻz ortida esa ogʻriqli qalblar borligiga ahamiyat bermaymiz.

Yillarga qoʻshilib umrimiz ham manzili tomon oshiqadi. Ammo goh-gohida ortimizga qarab qoʻyish lozimligini, oʻzimizni taftish qilish kerakligini unutib qoʻyamiz…

 

“Qizlarimni ehtiyot qilaman…”

Bir ayolni tez-tez koʻrib turaman. Doimo ikki qizini yonida olib yuradi. Onasi ishdan qaytgunicha hamma joyni saranjom-sarishtalab, mazali ovqatlarni tayyorlab turadigan yoshdagi qizlar maktabdan chiqib toʻgʻri onasining ishxonasiga keladi. Kechqurun ish soati tugaganidan soʻnggina uyga birga ketishadi. Bir kuni yoʻlakda shu ayol koʻzida yosh bilan kelayotganini koʻrib qoldim. “Tinchlikmi, opa?!” deyishim bilan oʻziyam rosa toʻlib turgan ekanmi, dardini toʻkib soldi:

 – Oxirgi paytda hamkasblarimning “Bu yer bogʻcha, maktab boʻlib ketdi”, degan taʼna-dashnomlari, kesatiq soʻzlarini tez-tez eshitadigan boʻldim. Lekin na iloj. Oʻrni kelganda koʻzim koʻr, qulogʻim kar boʻlaman. Ishxonada qizlarim bilan oʻtirish mengayam noqulay. Maktabdan kelib qorni ochqaydi, dars qilishi, kitob oʻqishi kerak. Oʻsmir yoshida boʻlgani uchunmi oʻqishdan soʻng toliqadi, uyqusi keladi. Afsuski, ishxonada ularga dam olishi uchun imkon boʻlmaydi…

 – Nega unda qizlaringizni har kuni ishga olib kelasiz? – deb soʻradim. Ayol esa boshini egganicha uzoq turdi. Keyin:

 – Qizlarimning boʻyi yetib qoldi. Otasidan ehtiyot qilaman… – dedi.

 – Ehtiyot qilasiz? Nima, otasi oʻgaymi? – dedim hayronligimni yashira olmay.

 – Yoʻq, haqiqiy otasi. Lekin axloqi… Ota-onam boshi egilmasligi uchun shu odamga berishga majbur boʻlishgan. Yillar davomida nimalarni koʻrmadim, deysiz. Lekin erimni hecham toʻgʻri yoʻlga sola olmadim. Ajrashay, desam, “Hammangni oʻldiraman”, deb qoʻrqitadi. Afsuski, bu gaplari shunchaki choʻchitish emas, erimda, hattoki yurak borligiga ham ishonmayman. U shunday shafqatsiz odam, – dedi.

Oʻz otasidan qizlarini ehtiyot qilayotgan bu ayolning ahvolini, qanday yashayotganini tasavvur qilyapsizmi? Jamiyatimizning bunday ogʻriqli dardlariga qanday davo topishimiz, hattoki Xudoning borligiga ham ishonmaydigan tuban kimsalarni qay yoʻl bilan tarbiya qilishimiz mumkin?!

 

Singan qalb iztiroblari

Hamshira qoʻlimga tomchi dorini ulab qoʻyishi bilan qoʻl telefoni jiringlab qoldi. Gapirayotgan odamning ovozi balandligidanmi, narigi tomondan asabiylashayotgan erkakning gaplari aniq eshitilardi:

“Nega hadeb telefon qilaverasan, nima kerak oʻzi senga?..”

Hamshiraning yuz-koʻzidan bosiqlik bilan javob qaytarishga urinayotgani koʻrinib turardi:

 – Olti yil davomida sizni biror marta bezovta qilmadim. Aliment toʻlamaslik bahonasida ajrashishni ham choʻzib kelyapsiz. Qizingiz ertaga oʻn ikkiga kiradi. Muchal yoshi. U har kuni sizga xat yozadi, xatlarining koʻpligini koʻrsangiz hayron qolasiz. Ukasi yirtib qoʻymasligi uchun asrab-avaylaydi. Oʻgʻlingiz yaqinda olti yoshga kiradi. Sizni tanimaydi ham. Qizingiz tugʻilgan kunimga hech narsa kerakmas, faqat dadamni koʻrishni xohlayman, deyapti. Hech boʻlmasa qizingizni koʻngli uchun kelib keting…”

Erkakning istehzoli kulgani, soʻng gʻoʻldiranib:

“Yaxshi, unda yuz dollar bersang boraman”, – degan yoqimsiz ovozi eshitildi.

Hamshira kutilmagan gapdan qotib qoldi. “Nimalar deyapsiz? Axir…” deb gapini tugatmasidan eri: “Boʻlmasa, bormayman”, deganicha telefonni oʻchirib qoʻydi.

Bu qanday ota oʻzi? Sogʻinchdan oʻksib oʻsayotgan oʻz farzandiga diydorini koʻrsatish uchun pul talab qilyapti!

Shu payt aksiga olib igna ham tomirimdan chiqib ketdi. Hamshira tomirga qayta tushishga urindi. Qoʻllari asabdan titrar, koʻzlari jiqqa yosh. Goʻyoki, endi tomirimga dori emas, singan ayol qalbining iztirob, alam, oʻkinch aralash koʻz yoshlari tomchilab, sizib kirayotgandek edi…

 

Ota qahri

Muattar opa yana boshiga roʻmolini qattiq bogʻlab olganicha koʻchamizdan shoshib oʻtib ketyapti. Koʻzlarining qizarganidan bilish mumkinki, yigʻlagan yoki qon bosimi koʻtarilgan. Lekin shu ahvoldayam koʻchaga chiqibdi. Bu opaning uch qizi bor. Hammasi uyli-joyli, yaxshi xonadonlarga turmushga chiqishgan. Ammo otaning asossiz zugʻum va qiynoqlari ostida oʻsgan qizlar tugʻilib, katta boʻlgan uyiga kelishni istashmaydi. Shu bois onasi bilan koʻchada, biror yerda oʻtirib koʻrishishadi. Muattar opaga: “Qizlaringiz ham sizni ayashsa boʻlardi. Bu ahvolda koʻchada yiqilib qolasiz-ku, opa”, degan edim menga: “Qizlarim oʻz oilasida, oʻz uyida ezilib oʻsdi. Otasi qizlarimga hech kun bermasdi. Boʻyi yetib qolganda ham ayamay urar, qizlarim qoʻrquvdan dagʻ-dagʻ titraganicha koʻchaga qochishardi.

Kap-katta qizlarni otasi koʻchada quvib, urishini koʻrgan, bilgan mahalladagi bolalar, sinfdoshlari qizlarimga kinoya aralash qarab, masxara qilishardi.

Shuncha harakat qildim, lekin boʻlmadi. Erimning koʻnglidagi qahrni, qizlarimning yuragidagi otaga boʻlgan nafratni soʻndirolmadim. Ular haqiqiy ota qanday boʻlishini oʻz turmush oʻrtoqlari, qaynotalari timsolida koʻrishdi. Kenja qizim bir kuni meni quchoqlaganicha, “Onajon, farzandlarim bolalik nima ekanini his qilib oʻsishyapti. Biz chekkan iztiroblarni koʻrmayapti, men baxtliman”, dedi. Mayli, uyga kelmasa-kelmas. Muhimi, tinch va xotirjam boʻlgani. Men shularning baxtidan kuch olib yashayapman”, – dedi.

Oilalardagi bunday parokandalikni koʻrib kuyunib ketasan kishi. Oilasini bir dasturxon atrofida jamlashni orzu ham qilolmayotgan Muattar opa kichik koʻksida qanchalar ulkan sabr-toqat, bardoshni joylab yashayotgan ekan-a?!.

Cheksiz muhabbatning javobi

Koʻcha muyulishida mahallamizdagi Nazira opaga duch kelib qoldim. Koʻp yillar avval boshqa tumanga koʻchib ketgan qoʻshnimiz Rohila opaning turmush oʻrtogʻi vafot etganini, hozir taʼziyaga ketayotganini aytdi. Rohila opani yaxshi taniganim uchun mahallamizdagi ayolga sherik boʻldim. Sobiq qoʻshnimning uyiga yaqinlashar ekanman, xayolimdan, “Yoʻli ancha uzoq boʻlsa-da, koʻp qavatli uydan keng, shinamgina hovliga koʻchib oʻtishgan ekan”, degan oʻy oʻtdi.

Hovli burchagidagi ayollar bilan toʻla xonaga kirib ancha oʻtirdik. Ammo Rohila opa koʻrinmas, koʻngil soʻrab kelganlarning oldiga chiqay demasdi. Axiyri ketish uchun taraddudlanib hovli tomonga chiqqan ham edikki, burchakdagi xonadan bir ayol otilib chiqdi. Darvoza yonida oʻtirgan ikki yigit ayol tomon yugurdi. Negadir men tanimagan ayol, bir yigʻlab, bir kulib tushunarsiz harakatlar qilar, aqli idrok etgandek koʻrinardi-yu, kutilmaganda muvozanatni yoʻqotar, fikrini jamlolmasdi. Yonidagi yigitlar “Oyi, iltimos ichkariga kiring”, deya tortqilar, titrayotgan ayolga ortiqcha kuch ishlata olmay qiynalishardi.

Nazira opa, “Rohilaxon-ku”, demaganida qoʻshnimni umuman tanimas edim. Rohila opaning yoniga borib hayratdan qotib qoldim. Odam besh yilda shunchalik ham qarib ketishi mumkinmi? Yuzimizga biroz tikilib turgan Rohila opa jim boʻlib qoldi, soʻng hovli oʻrtasiga borib oʻtirdi-da, boshini egib bir kulib, bir yigʻlay boshladi. Katta oʻgʻli onasi tomon intilgan edi ukasi qoʻlidan ushladi: “Aka, qoʻying endi. Qachongacha berkitamiz”, – dedi. Ukasining gapidan xoʻrligi kelgan Jasur qotib qoldi, soʻng choʻkka tushganicha, yerni mushtlab-mushtlab uzoq yigʻladi…

Kutilmagan holatdagi ahvolimni tushuntirib berolmayman. Bu xonadonga aza sabab kelgan edim. Ammo men bu yerdan marhum uchun emas, abgor boʻlgan oila baxtidan kuyinib yigʻlab chiqdim.

Yoʻl-yoʻlakay xayolimdan faqat “Nega, axir Rohila opa soppa-sogʻ edi-ku, nima boʻlgan oʻzi?” degan savollar oʻta boshladi. Nazira opa holatimni tushundi shekilli, soʻzlay boshladi: “Rohilaxonning rahmatli eri juda injiq edi. Hech narsadan koʻngli toʻlmasdi. Har kuni bir bahona bilan janjal qilar, ichib olgan paytlari xotinini kaltaklab, hovlining oʻrtasiga oʻtqazib qoʻyardi. Havo sovuqmi, issiqmi, qatʼi nazar, agar joyidan jilsa, qattiq xafa qilishini aytib, doʻq urardi. Rohilaxon hovlida soatlab qolib ketardi. Shovqinlardan xabardor qoʻshnilar, mahalla faollari eriga nasihat qilishdi, natija boʻlmagach, Rohilaxonga ajrashishni maslahat berishdi.

U boʻlsa, har safar erining yonini olar, uning yaxshi odamligini, jahli chiqsa, koʻziga hech nima koʻrinmasligini, nima boʻlgandayam erini yaxshi koʻrishini aytib, koʻnmasdi.

Shoʻrlikning miyasidagi oʻzgarishlar quyoshning tigʻida, jazirama issiqda soatlab qolib ketganidan. Endi shu ahvolga tushib oʻtiribdi…”

Ertaga nima boʻlishini hech kim bilmaydi. Goʻyoki, dunyoni qoʻlida koʻtarib turgandek gerdayib yuradigan Rohila opaning turmush oʻrtogʻi avtohalokatdan vafot etibdi. Ayolini tinimsiz kaltaklab, quyoshning issiq tigʻida oʻtirishiga majbur qilishdan maqsadi, koʻnglidagi yovuz niyati nima ekani yolgʻiz Xudogagina ayon. Yashashdan maʼni nima ekanini anglolmagan bu odam barcha azobu sitamlarga bardosh berib chidagan ayolining cheksiz mehru muhabbatiga javoban kelajakda oʻz naslini davom ettiruvchi farzandlariga aqldan ozgan onani “tuhfa” etib ketdi…

 

Kuchuk bolasiga oqibat

Nazira opa bilan xayrlashgach, bekatda xayol surgancha uzoq oʻtirdim. Koʻzim bekat yonida ilingan bir-biridan chiroyli kuchuk bolalarining rasmiga tushdi. Undagi soʻzlar eʼtiborimni tortdi. “Inson boʻling! Jonivorlarga mehr-oqibatli boʻling”. Boʻgʻzimda nimadir tiqildi. Koʻz oldimda choʻkkalab yigʻlayotgan Jasur, dadasiga tinmay maktub yozayotgan qizaloq, onasining ishxonasida qisinib-qimtinib kun oʻtkazayotgan qizlar namoyon boʻldi. Xayolimdan “Odamlar oʻz oilasiga – bolasiga mehr-oqibatli boʻlolmayapti-ku, kuchuk bolasiga shafqat qilarmidi?! Undan koʻra bolangga bir chimdim mehr ulash, deb yozib qoʻy!” degan oʻylar oʻtdi. Yelkamni ogʻir yuk bosgandek zoʻrgʻa oʻrnimdan turdim, yana bir bor suratga yaxshilab qaradim. Tavba, xayol bilan boʻlib ahamiyat bermabman. Kuchukchalarning koʻzlari toʻla yosh edi…

 

Nilufar JABBOROVA,

jurnalist

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.