“Oqchasi yoʻqni etdi hayron toʻy…”

0
109
marta koʻrilgan.

Yoxud jadidlarni jiddiy tashvishlantirgan masala

 

“Qirq kechayu qirq kunduz toʻy-tomosha qilib, murod-maqsadiga yetibdi…” Oʻzbek xalq ertaklari, dostonlaridagi baxtli yakun shunday gap bilan nihoyasiga yetadi. Bunday yakun rus xalq ertaklarida ham bor. Faqat ularda roviy ikki yoshning baxt toʻyida oʻzining ishtirokini quyidagicha ifodalaydi: “Men ham oʻsha toʻyda bor edim, toʻygunimcha bol yedim, musallas ichdim, ammo musallas labimga tomdi-yu moʻylabimda qolib ketdi…”

Xalq – dono, bunday oʻxshatish, qiyoslash, kinoya-kulgiga yoʻgʻrilgan, mubolagʻali ifodalarni bekorga keltirmaydi. Ularni oʻqiganda uqish, tagzaminidagi maʼnoni esa toʻgʻri anglash lozim. Ertakdagi shu dovruqli toʻyni kim qiladi? Albatta, qizi malikaga munosib kuyov topilganidan mamnun podshoh yoki olis mamlakatdagi oʻz tengini – sohibjamolni qancha-qancha sinovlardan oʻtib, mashaqqatlarni yengib, oʻz yurtiga keltirgan shahzoda. Roppa-rosa qirq kunga choʻziladigan toʻy esa aslida el uchun yozilgan ehson dasturxoni: yurtdagi muhtojlarni toʻydirish, ularning koʻnglini olish, albatta, yurt egasiga, mamlakat hukmdoriga yarashadigan ishdir. Ammo koʻpincha ayni shu toʻy tasviri bizning hayotimizga koʻchib, notoʻgʻri talqin qilinayotganday, isrofgarchilik daʼvatiga aylanib, shuncha kunga tatiydigan mablagʻni bir kunda sovurishga undayotganday tuyuladi.

Darvoqe, bugun faol jamoatchilikni jiddiy tashvishga solayotgan isrof timsoliga aylanayotgan toʻylar muammosi XX asr boshlaridagi ziyolilar harakati namoyandalari – jadid maʼrifatparvarlarini ham yaxshigina oʻylantirgan. Ularning oʻsha davr matbuotida bong urgan chiqishlarida toʻy mavzusi keng oʻrin egallaganini koʻrish mumkin. Xususan, 1914 yilda “Oyna” jurnalida Mahmudxoʻja Behbudiy muallifligida “Zoʻraki boy” sarlavhali maqola eʼlon qilinadi. Unda oʻsha davr boylarining tipik namunasi “Zoʻraki boy” nomi bilan beriladi va hajvga olinadi. Behbudiyning fikricha, bu odamning boyishdan maqsadi eliga naf keltirish, farzandlarining yorqin kelajagini taʼminlash, vatan ravnaqi uchun hissa qoʻshish emas. Balki uni oldida turgan oʻgʻil-qizlarining toʻylarini qanday oʻtkazish muammosi boylik orttirishga, foyda keltiradigan ishlarga qoʻl urishga undaydi. Shu sababli ham u – zoʻraki boy. Haqiqiy gʻani odam emas. Adib qahramonining tabiatini, toʻy va aza kabi marosimlarni eng muhim hayotiy zaruriyat deb bilishini quyidagicha tasvirlaydi:

“Chunonchi, “Zoʻraki boy” janoblarini oʻn ming soʻmlik merosi, bogʻ va xonasi bor edi. Bu odam agarda bogʻini yaxshi ishlatsa, muvofiqi shariat va insof tiriklik qilsa, isrofgarlik etmasa, toʻy va azo deb oʻzini barbod etmasa, albatta ortdurardi. Bu odam oʻzidek va hatto, oʻzidan oz nimarsalik kishilarni koʻrarga oʻgʻul toʻyigʻa ikki-uch ming soʻm sarf etar. Oʻgʻligʻa xotun olib bersa yana bir, ikki, uch ming soʻm sarf etar. Bir oʻluk koʻmsa, besh-olti yuz soʻm xarj etar. Hatto, olti oylik balasini sochini olganda va yo olti kunlik balasini beshikgʻa bogʻlaganda bir-ikki yuz soʻm sarf etar. Fotiha, chanladi, dubora-talabon, kalutapoʻshon, moʻylabgiron… va boshqalarini nari qoʻyduk, xulosa, bechora oʻn ming soʻmlik mulkdor qaraydurki, ish boʻlmaydur. Oʻgʻul va qizlar katta boʻlub turubdur. Toʻy lozim, xatna, nikoh, uning orqasidan keti uzulmas bir suruk maʼraka va qoidalar lozim. Koʻbdan chiqib boʻlmaydur. Bechora odam oʻylavgʻa tushar. Toʻy qilmoq uchun bir-ikki tanob bogʻdan va yerdan sotsa, koʻzi qiymaydur. Toʻy qilmasa, boʻlmaydur…”

Bir yildan soʻng yana shu jurnalda yana shu mavzuda uning “Bizni kemirguvchi illatlar” sarlavhali maqolasi chop etiladi. Unda buyuk maʼrifatparvar toʻy va aza marosimlariga sarflanayotgan ortiqcha xarajatlar, isrofgarchilik haqida kuyinib yozadi. Baʼzi oʻrinlarida millatiga taʼnadan qattiqroq gaplarni ham aytishdan tortinmagan Behbudiy yurtdoshlarini bunday keraksiz, ahamiyatsiz hoyu havaslardan tiyilishga, oʻz mablagʻini bolalarining bilim olishi yoki xayr-saxovat koʻrsatishdek ezgu ishlarga yoʻnaltirishga chaqiradi. “Bizni kemirguvchi illatlar deganda, zaxmu maraznimi gumon etarsiz? – deb boshlaydi muallif maqolani. – Yoinki, sil, sil-ar-iya va maxavliknimi dersiz? Yoʻq, andan ham yamonroq va andan ham jonxarosh, bevoya, xonavayron va gʻarib etguvchi bir dard, biz – turkistoniylarni shahri va qishloqi yoyinki yarim madaniy, yarim vahshiy sinflarimizgʻacha istilo etib, butun tirikligimizgʻa sorilgon va bizni inqirozgʻa va tahlikagʻa va jahannamgʻa yumalataturgon toʻy, azo ismindagi ikki qattol dushmanni derman…”

Maqolaning davomida esa bu ikki dushmanning oddiy odamlarga keltiradigan zarari birma-bir sanaladi. Toʻy uchun keyinini oʻylamasdan katta-katta sarf-xarajat qilganlarning ahvoliga kuyingan Behbudiy shunday deydi:

“Biz bir tanob yerimizni 200 soʻm sotib toʻy qilmoqchi boʻlsak, “erni xoʻb pulgʻa urdum”, deb majnunona shodlanurmiz. Insonni bu qadar ahmoqligi ajibdur. Bizgʻa lozimki, toʻy va taʼziyalarni kichik qilib va holimizcha harakatda boʻlub, kelar zamonamizni oʻylayluk. Valloh, xoru zoru munqariz boʻlmoq ertagʻa oftobni chiqishidek muqarrardur…”

Maqola soʻngida muallif “Toʻy va taʼziyagʻa sarf qilinaturgon oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va-din yoʻligʻa sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va oʻzimiz-da, dinimiz-da obroʻy va rivoj topar. Yoʻq, hozirgi holimizgʻa davom etsak, din va dunyogʻa zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz boʻlmaydur”, deya xulosa chiqaradi.

Ayni mavzuni ijodining aksari publitsistikaga yoʻnaltirilgan, “Julqunboy” taxallusi bilan gazetxonlar orasida mashhur boʻlgan adib – Abdulla Qodiriy ham koʻp bora qalamga olgan. Ilk ijod namunalaridan biri hisoblangan “Toʻy” sheʼrida quyidagi misralarni oʻqiymiz:

 

Qildi bu vaqt bizda javlon toʻy,

Oqchasi yoʻqni etdi hayron toʻy.

Bir-biridan oshurdilar toʻyni,

Topdi ravnaq, hayratila boyon toʻy.

Besh kun toʻyni soʻngidin

Ketibon mulklar bois figʻon toʻy.

Boyon toʻyigʻa yerlilar qarab

Etdi sarf toki tandagi jon toʻy.

 

Qodiriy toʻy qilishning tartib-qoidalariga, urflariga islom hukmi – shariatdan javob qidiradi. Maʼlum boʻladiki:

 

Ey gʻaniylarimiz, ey faqirlarimiz,

Amr etubdurmi bizgʻa Qurʼon toʻy.

Mundayin ishlar sharʼimizda yoʻq

Kori majʼus, kori shayton toʻy.

Sheʼr soʻngida muallif yurtdoshlariga murojaat etadi:

Oʻtsa toʻy birla yozu qishimiz,

Aylagay bizni yergʻa yakson toʻy.

Kelingiz, doʻstlar, din qarindoshlar,

Tashlasun boʻlsa gar musulmon toʻy.

 

Mazkur sheʼr oʻsha davrning eng koʻzga koʻringan nashrlaridan boʻlgan “Sadoyi Turkiston” gazetasining 1915 yil 20 mart sonida eʼlon qilingan. Bu esa isrofgarchilik manbai boʻlgan toʻylarni ixchamlashtirish, odamlarni holga koʻra marosim oʻtkazishga chaqirish oʻsha paytlarda ham jiddiy targʻibotga muhtoj boʻlganini koʻrsatadi.

Abdulla Avloniyning publitsistik chiqishlarida toʻy mavzusiga qayta-qayta murojaat etilganini koʻramiz. Uning “Madaniyat toʻlqinlari” sarlavhali maqolasida shu xususda soʻz yuritilgan. “Bu faqirlikning eng qoʻrqunch toʻlqunlari orasida ezilgan xalqimizni toʻy marazidan qutqarurga tirishmak va iloj istamak lozimdir. Buning davosi va chorasi uchun hech bir tabibga muhtoj oʻlmasdan, balki bir oz orqa-oʻnggʻa qaramak, hamyonning ogʻzini mahkam qilmak, iqtisodni rioya qilmak, isrofdan saqlanmak lozimdir. Ajabo. Bu isrof toʻlqunlari bizlarni na yerga olub boradir?.. “Dard ustiga chipqon” degandek, kundan-kun bidʼat ustiga bidʼat ortmakda. Ulamo, fuzalo va eshonlarimiz zikr va tasbeh oʻrniga “toʻy ustiga toʻylar boʻlsun” soʻzini virdi zabon qilmaqda. Agʻniyo va sarvatdorlarimiz toʻy poygasi qilub, bir-birlarining bor-yoʻqlariga qaramasdan, faqir va kambagʻallarimiz uylarini, bogʻlarini, otlarini, toʻnlarini sotub toʻyga sarf qilmaqdadurlar”, deb kuyinib yozadi Avloniy. Mutafakkirning “Kim nimani yaxshi koʻrar?” sarlavhali maqolasi achchiq kulgiga yoʻgʻrilgan. Istehzo bilan yurtdoshlarining havaslari, sevgan mashgʻulotlarini sanagan muallif quyidagi jihatlarga afsus bilan urgʻu beradi:

“Ehtimol, bizning xalq ilmu maʼrifatni, tarbiya va taʼlimni, hunar va sanoatni yaxshi koʻrar, deb oʻylaydurgʻondursiz? Yoʻq, bu fikringiz yonglish.

Eshonlarimiz toat va ibodat, pandu nasihat, zikru tasbeh oʻrnigʻa toʻylardan toʻn kiyub, koʻb oshab, koʻp uxlashni yaxshi koʻrurlar…”

Avloniyni xalq ichidagi ziyolilarning bazmga mukkasidan ketgani qaygʻuga soladi. Shuning uchun “Muallimlarimiz bir-birlaridan qizgʻonishub, bolalarni arzon oʻqitaman deb, bir oʻzlariga yuz, yuzdan ortuq bola yigʻub, oʻzlari toʻy va maʼrakalarda bolalarning umrini bekor oʻtkarishni yaxshi koʻrarlar”, deya ularga taʼno toshini otishdan oʻzini toʻxtatolmaydi. Savdogarlarni “… toʻylikni toʻyi oʻtar, toʻysizni kuni oʻtar” degan soʻzga amal qilmay, qaysi mahallada toʻy boʻlsa, dasturxonchilik qilishni yaxshi koʻrurlar”, deb uyaltirgan muallif muazzinlardan ham norozi boʻladi. Chunki ular “… azonni yaxshilab adoyi maxraj qilub aytishni oʻrganmay, bir joyda toʻy boʻlub qolsa, “Falonchinikiga oshga-ho!” deb qiroat ila qichqirishni yaxshi koʻrurlar…”

Albatta, jadid maʼrifatparvarlarining yuqoridagi kabi fikrlari hozir ham eskirmagan, ularni bugunning kishisi ham diqqat bilan mutolaa qilishi, mushohadaga berilishi lozimdek. Zero, bu mutolaa va mushohada hayotimizni ortiqcha tashvishlar, bekorchi hoyu-havasdan xalos etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

 

Xurshida ABDULLAYEVA

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.