Ona, chaqaloq va… smartfon

0
83
marta koʻrilgan.

AQSHning Kaliforniya shtatida istiqomat qilayotgan yosh ona Brendi Jonson egizak farzandlari bir necha oylik boʻlganda antiqa bir “tajriba” oʻtkazgan ekan. Arzimagan yumushlar deb oʻgʻillari hayotidagi eng muhim lahzalarni oʻtkazib yuborayotganidan tashvishga tushgan bu ayol kunlarning birida atigi yarim soatga telefonini oʻchirib qoʻygan va chetdan turib bolalarining xatti-harakatlarini kuzata boshlagan. Keyin esa shu vaqt mobaynida kichkintoylar necha marotaba unga nigoh tashlab, javoban eʼtibor kutganini sanagan. Hisob-kitoblariga koʻra, ikki farzand yarim soat davomida unga 28 marta qaragan va onasi tabassumi, imo-ishoralarini koʻrgach, yana tinchgina oʻyinini davom ettirgan.

 – Vaholanki, bolalarim qaragan paytda men smartfon yoki planshet bilan band boʻlib, ularga eʼtibor bermaganimda, oʻgʻillarim shu qisqa vaqt ichida 28 marta oʻzlarini yolgʻiz his etardi, – deb yozadi Brendi Jonson. – Shu voqeadan soʻng smartfon va planshetdan foydalanish, ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqot qilishni keskin qisqartirishga qaror qildim. Ilgari bu ishlarga sarflagan vaqtimni esa endi bolalarimga bagʻishlayapman. Bundan oʻzim ham, ular ham baxtiyor. Sizlarga ham maslahatim: gadjetlaringizni chetga olib qoʻyib, ularga ketkazadigan vaqtingizni oilangiz, sevimli farzandlaringiz bilan oʻtkazing.

Ming afsuski, AQSHlik yosh onaning bu gaplarini hamma ham toʻgʻri qabul qilmaydi. Tajribamga tayanib aytadigan boʻlsam, keyingi yillarda yurtimizda ham yosh onalar va hatto emizikli farzandlari bor ayollar telefon va smartfondan foydalanishga haddan ziyod koʻp vaqt sarflashadi. Tanbeh bersangiz “Faqat bola bilan boʻlib, dunyodan bexabar qolaylikmi endi, dam olishimiz ham kerak-ku!” deyishadi. Ammo bilishmaydiki, yangi tugʻilgan chaqaloqning oʻzi bir dunyo, undan doimo boxabar boʻlib turish, har daqiqada mehr berish, unga gʻamxoʻrlik koʻrsatish zarur. Telefon orqali uzundan-uzoq suhbatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi tinimsiz muloqotlar esa yosh ona va goʻdak oʻrtasidagi uzluksiz davom etishi lozim boʻlgan oʻzaro aloqaga jiddiy zarar yetkazadi. Qolaversa, virtual olamga shoʻngʻib ketish yosh bolali ayolning ham jismonan, ham ruhan toʻlaqonli dam olishi va tugʻruqdan keyin ayrim funksiyalari tiklanishi kerak boʻlgan organizmga qayta kuch toʻplashi uchun imkon qoldirmaydi.

Baʼzi yosh onalar “Smartfon – eng yaqin koʻmakchimiz, u orqali biz bolaga qarash bilan bogʻliq koʻp narsalarni oʻrganamiz” deb aytishadi. Bu gaplarda qisman jon bordir, biroq internet orqali chaqaloqlar parvarishi haqida topish mumkin boʻlgan maʼlumot va maslahatlarning hammasi ham foydali emas yoki aynan shu chaqaloq uchun toʻgʻri kelmasligi mumkin. Bunday maslahatlarning aksariyati mutlaqo malakasi boʻlmagan odamlar yoki biron-bir dori, jihoz, tibbiyot buyumini yashirincha reklama qilayotgan kompaniyalar tomonidan tarqatiladi. Bu tavsiyalarning ona yoki bolaga foydadan koʻra koʻproq zarar keltirmasligiga hech kim kafolat berolmaydi.

Albatta, yosh onalar smartfon yoki planshetlardan toʻliq voz kechishlari kerak, degan fikrdan yiroqmiz. Chunki ayrim hollarda bunday muloqot vositalari chaqaloqlarga qarayotgan ayollarga juda asqatadi. Masalan, zamonaviy telefonlar, zarurat tugʻilganda, masofadan turib ham vakolatli shifokorlardan tezkor maslahat olish yoki bolaning hayoti va salomatligi haqida muhim maʼlumotlarni tizimli qayd etib borish, shuningdek, yosh onaga oʻz ustida ishlash va dunyoqarashini boyitish imkonini beradi. Biroq hamma narsaniyam meʼyorida boʻlgani yaxshi. Esingizdan chiqarmang: planshetdan koʻrishingiz mumkin boʻlgan musiqali kliplar va kulgili videolavhalar, ijtimoiy tarmoqlarda koʻplar olishga qiziqadigan “layk”lar, “yulduz”lar hayotiga oid shov-shuvli xabarlar farzandingizning birgina tabassumiga arzimaydi.

 

Fotima ShARAPOVA,

viloyat perinatal markazi hamshirasi

 

qashqadaryogz.uz

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.