Olislar yaqin-u, yaqinlar olis

0
232
marta koʻrilgan.

Odamlar qadim-qadimdan hamkorlik, hamrohlik, hamjihatlikka intilib yashab keladi. Bir-birini izlash, bir-biriga intilish inson hayotining asosiy maʼno-mazmunidir.

Oʻtmishda insonning bu ehtiyojini taʼminlovchi ilk vosita YOʻL edi. Odamlar dastlab yoʻllar orqali bir-birovi bilan aloqa qila boshladi. Yoʻl avvaliga qabilalarni shakllantirdi, keyinchalik qishloqlar, shaharlar va butun boshli davlatlarning paydo boʻlishiga zamin yaratdi.

Asrlar mobaynida quruqlik yoʻllari, dengiz yoʻllari insoniyatni oʻzaro bogʻlab keldi, XX asrda esa havo yoʻllari ochildi. Ammo bular insoniyatning bir-birini izlash, bir-biriga intilish va oʻzaro muloqot ehtiyojlarini baribir qondirolmadi. Chunki bu yoʻllar iqtisodiyot, madaniyat, siyosat va savdoga koʻproq xizmat qilardi.

Insonlardan bir-biriga soʻz, fikr tashuvchi maktubning qadr-qimmati esa asrlar mobaynida tushmay keldi. Nomalar odamlarning hayot hikmatlari, dil rozlari, taklifu tabriklari, oʻkinchu oʻtinchlari, quvonchu tashvishlarini qishloqlar, shaharlar, qitʼalar osha bir-biriga yetkazardi.

XX asrning soʻngida keng isteʼmolga kirgan internet sayyoramiz kishilarini bir-biroviga juda yaqinlashtirdi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar insoniyatni yuzma-yuz qilib qoʻya qoldi.

Internetni majoziy maʼnoda “oʻrgimchak toʻri” deyishadi. Lekin, ijtimoiy tarmoqlar haqiqiy maʼnoda oʻrgimchak toʻrlaridir. Ijtimoiy tarmoqlar borasida soʻz ketganda, bugun gap “toʻr”da emas, balki “OʻRGIMCHAKLAR”da boʻlib qoldi.

 

* * *

Koʻpchilik “Ijtimoiy tarmoqlar” deganda internetdagi onlayn sotsial tarmoqlarni tushunadi va uning kelib chiqishini ham shunga bogʻlaydi. Aslida, bu tushuncha ilgaridan bor, ijtimoiy tarmoqlardan internet paydo boʻlmasidan oldin ham samarali foydalanishgan.

“Ijtimoiy tarmoq” tushunchasini 1954 yili “Manchester maktabi” oʻquvchisi J. Barns kiritgan.

Ijtimoiy tarmoqlarning keng ilmiy oʻrganilishi dunyoni tarmoqlar orqali boshqarish nazariyalariga ham asos boʻldi. Buni internetdagi ijtimoiy tarmoqlar misolida ham yaqqol koʻrish mumkin. Yil sayin ularning maʼnaviy-mafkuraviy taʼsiri kattarib bordi. Ijtimoiy tarmoqlar vositasida sodir etilgan inqiloblar, turli talotoʻplar qanchadan-qancha mamlakatlarning taqdirini xavf ostida qoldirmoqda.

Aloqalar qancha koʻp boʻlsa, koʻrsatadigan taʼsir doirasi shuncha katta va keng boʻladi. Binobarin, ijtimoiy tarmoqlardagi shaxslararo va guruhlararo har qanday aloqalar tarmoqlar “boshida” turganlarning nazorati ostida ekanini unutmaslik kerak.

 

* * *

Dunyo taraqqiy etayapti, bizning “ogʻirimizni yengil” qilgan narsalar axborot texnologiyalarining yutuqlari bilan albatta bogʻliq. Bugun ummon ortidagi ogʻaynimiz bilan bemalol soʻzlashishimiz mumkin. Uyda oʻtirib onlayn doʻkonlardan ul-bul xarid qila olamiz. Umuman olganda, internet imkoniyatlari juda keng.

Maʼlumotlarga koʻra, dunyoda insonlar 50 foiz yangilikni ijtimoiy tarmoqlar orqali olmoqda. Bugun jahonda huquq-tartibot organlarining uchdan ikki qismi jinoyatlarni fosh qilishda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanyapti. Internet har oltinchi ishsizga ish topishida yordam beryapti. Anʼanaviy ommaviy axborot vositalarining 65 foiz muxbiri yangiliklarni ijtimoiy tarmoqlardan topadi. Koʻpchilik odamlar ijtimoiy tarmoqlardan uzoqdagi oila aʼzolari yoki doʻstlari bilan aloqa qilish maqsadida foydalanadi, yangi doʻstlar orttiradi. Xullas, koʻpchilik uchun ijtimoiy tarmoqlarsiz hayot toʻxtab qolar darajaga yetdi.

Ha, haqiqatan ham, aksariyat kishilar uchun ijtimoiy tarmoq boʻlmasa “hayot” goʻyo toʻxtaydi. Chunki ijtimoiy tarmoqlarda millionlab odamlar oʻzi “yaratgan” virtual olamda oʻzi xohlaganday “yashamoqda”. Bu yerda odamlar real hayotdagidan koʻra oʻn chandon erkinroq, ular uchun fikrini bayon qilishda, munosabatlarda, axloqda chegaralar yoʻq. Tarmoqda kim bilan doʻstlashish va kim bilan gaplashmaslikni foydalanuvchining oʻzi hal qiladi. Agar tarmoqdagi doʻsti nimasi bilandir yoqmay qolsa, shunchaki uni oʻz roʻyxatidan oʻchiradi-qoʻyadi. Biror narsani tushuntirish yoki oʻz harakatini asoslab berishning hojati yoʻq. Bu makonda hamma “oʻz olami” hukmdori, hammani oʻziga qaratgisi keladi, oʻzining qiziqishlarini boshqalarga ulashadi, aqlli soʻzlar topib dunyoni lol qoldirishni istaydi. Bu olamda undan chiroyli va kelishgan odam yoʻqligini isbotlash uchun oʻzining turfa xil koʻrinishdagi suratlarini joylashtiradi. Xullas, ular uchun bu “hayot” oʻziga xos zavqli.

Doʻppini bir chetga qoʻyib oʻylab koʻradigan, bir qur kuzatadigan boʻlsak, bu “hayot”ning zavqi-ku yaxshi, ammo jabri ham kam boʻlmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketgan bolalar, yoshlar hamdardlik bildirish, hamfikr boʻlish tuygʻusini yoʻqotib qoʻyishmoqda. Virtual olamda oʻzini qanday tutsa, hayotda ham shunday tutishga odatlanyapti.

Ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketganlarda maʼnaviy muloqotning oʻrni, qadri yoʻqolib boryapti, muloqot shunchaki aloqaga aylanmoqda. Internetga bogʻlanib qolish hollari kuchaymoqda. Ular kun davomida bir necha marta saytlarga kirib, u yerda soatlab qolib ketishmoqda. Aynan shundan jahldorlik, gʻazab, ishyoqmaslik, harakatsizlik, atrofga nisbatan befarqlik shakllanayapti. Bundan tashqari, virtual dunyoda begonalar bilan tanishish va oʻzi istagan narsani real narsadek tasavvur qilish oson. Ammo koʻpchilik yoshlar soatlab kompyuter yoki telefon oldida oʻtirib, oʻzini real xursandchiliklar, hayot goʻzalliklaridan cheklab qoʻyayotgani, oʻzi oʻylab chiqargan obrazda yashash natijasida esa jiddiy ruhiy buzilishlarga uchrayotganini sezmayapti.

Nafaqat yoshlar, hatto oʻrta yoshdagi kishilar ham ijtimoiy tarmoqlarga kirib olib, miyasiga kelgan fikrni aytib odamlarni eʼtiborini tortmoqchi boʻladi, uni kimdir maʼqullasa, oʻziga katta baho berib qolayotganlar ham yoʻq emas. Oʻz suratlarini joylashtirib, tagiga yozilgan maqtov soʻzlardan oʻziga ishonchi ortib va oʻzida boʻlmagan xislatlarning borligiga ishonib, natijada yolgʻon tasavvur girdobiga tushib qolayotganlar talaygina. Oʻz ijodidan sheʼr yo hikoyami joylashtirgan ijodkorlarni virtual dunyodagi haybarakallachi doʻstlari maqtab, koʻkka koʻtarib buyuk ijodkorga chiqarib qoʻyayotgan holatlar ham koʻp uchrayapti. Ijodkor bechora esa virtual hayotdagi “obroʻ”sini real hayotdan izlab topolmay ovora. Bularning barisi inson ruhiyatiga putur yetkazmoqda, didini, saviyasini susaytirib, tafakkurini gʻariblashtiryapti.

Hech qanday texnologiya insonning oʻrnini bosa olmaydi. Farzand tarbiyalash, uni imonli, eʼtiqodli qilib ulgʻaytirish, oq-qorani tanitish kabi burch va masʼuliyatlarni faqat insonning oʻzigina uddalay oladi.

Internet adabiyotning ommalashishiga xizmat qilyapti, dunyoning bir chetidagi ijodkor asarlarini bir zumda ummon narisidagi oʻquvchiga ham oʻqish imkoniyatini yaratib, adabiyotning boyishiga xizmat qilmoqda degan gaplarga toʻliq qoʻshilolmayman. Bugun internetdagi, oʻquvchilarning talabi, didi haminqadar. Virtual olamdagi did bilan real hayotdagi didning farqlanishini olimlar isbotlagan. Saviyasi past kitoblarning bozori chaqqon boʻlib borayotganiga internet ham katta yordam beryapti. Chinakam adabiyot inson qalbi, tafakkuri, shuuri bilan bogʻliq jarayon. Ijodkor qalamidan toʻkilgan ondayoq adabiy asarning taqdiri hal boʻlgan boʻladi. Xoh uni internetga joylang, xoh yozuv stolida yotsin, yaxshi asar yaxshi asarligicha, yomon yomonligicha qolaveradi.

Boya aytganimizdek, bugun bolalar yoppasiga internetga, ijtimoiy tarmoqlarga yopishgan. Hali aqlini tanimaydigan bolaning qoʻlida “aqlli” telefon. Internet yoniq boʻlsa, bilingki, dunyo bilan yuzma-yuz. Internetning “jin koʻcha”lari koʻp, bu “koʻcha”larda esa gʻaraz niyatli kimsalar izgʻib yuradi. Shuning uchun bolalarimizning ruhini tarbiyalab, saviyasini oʻstirgachgina, kompyuter va telefonlar bilan, internet bilan oshno qilsak boʻlar. Aks holda, gʻoʻr koʻngillarni boy berib qoʻyish hech gapmas.

Xullas, YOʻLdan boshlangan mushohadalarimiz yoʻli ham oxirlab qoldi. Insonni birdamlikka undagan, yuksalishga boshlagan YOʻL odamlar qalbida ham, hayotda ham yoʻlligicha qoldi. Odamlarning ongini, qalbini tutashtiruvchi internetga pistirma qurgan qaroqchilarning molimiz bilan ishi yoʻq, ular ruhimizni, shuurimizni moʻljal oladi. Shuning uchun hamisha vijdonimiz bedor, qalbimiz uygʻoq boʻlsin! Oʻzimizning kelajagimizni asraylik!

 

Nurali ShODIYEV

 

“Yoshlik”, 2015 yil 11-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.