Olim Jumaboyevning “Uy” qissasini oʻqib…

0
133
marta koʻrilgan.

Luqmon Boʻrixon, yozuvchi

 

Umidbaxsh qissa

Har qanday badiiy asarda, eng avvalo, taʼsirchanlik xususiyati boʻlishi kerak. U oʻquvchining tasavvuriga, dunyoqarashiga, saviyasiga, mushohadasiga qandaydir turtki berishi lozim. Buning uchun samimiyat, dard, harorat kabi sifatlar muhim ahamiyat kasb etadi. Men Olim Jumaboyev qalamiga mansub “Uy” qissasida xuddi shu sifatlarning jilvasini payqaganday boʻldim. Bu kichik asar adabiyotning katta olamiga yana bir iqtidor kirib kelayotganidan xushxabardir. Olim Jumaboyev shaklni, mazmunni atay murakkablashtirish, zoʻrakilik, balandparvozlik singari nayranglardan qochadi. Oʻzi yaxshi bilgan, xayolotiga, badiiy tafakkuriga maʼlum taʼsir koʻrsatgan, qoʻlga qalam tutishga undagan hayotiy lavhani tasvirga oladi. Ifodalari sodda va jonli, badiiy boʻyoqlarga boy. Qahramonlar qiyofasi oʻquvchi koʻz oʻngida tiniq namoyon boʻladi. Nazarimda, qissadagi ota uyi ramziy, timsoliy maʼno kasb etgan. U ildizdir, u oʻzlikdir, u qadr-qimmatdir. Ota uyi ochkoʻzlik, nopisandlik oqibatida vayron boʻlarkan, bu insonning maʼnaviy ustunlari yemirilishga yuz tutganini anglatadi. Ota uyi yana obod etilarkan, bu inson oʻzligiga qaytayotganidan, oʻz qadr-qimmatini tiklayotganidan darak beradi. Olim Jumaboyevning mazkur qissasi xuddi shunday salmoqli, jiddiy badiiy fikr asosiga qurilgani ham koʻngillarga quvonch ulashadi. Albatta, mutolaa jarayonida baʼzi bir qusurlar koʻzga tashlanganday boʻldi. Jumladan, menimcha, qissaning kompozitsion qurilmasi puxta ishlanmagan, dinamika xiyla zaif, syujet chizigʻida tarqoqlik seziladi. Umid qilamizki, Olim Jumaboyev oʻqib-oʻrganishdan, mashq-mashgʻulotdan hormay-tolmay, juzʼiy kamchiliklarni bartaraf etib boradi. Undan yanada sermazmun, yanada zavqli-shavqli asarlar kutib qolamiz.


 

Anvar SUYUN, yozuvchi

 

Oʻzimizning gaplar…

Olimjonning ushbu asarini oʻqiyotib, xayolimdan yaqin yigirma-yigirma besh yilning avvalida mahallamizda sodir boʻlgan ayrim voqealar esimga tushdi.

Oʻsha paytlar mamlakatimiz endigina istiqlolga erishgan, sobiq tuzumdan qolgan barcha tutumlar oʻzgargan kezlar edi. Eski “sovxoz”, “kolxoz” degan tizimlar tamomila tugatilib, oʻrnini yangicha boshqaruv usuli egallayotgandi. Aslida ham mustaqil boʻlgach, maʼmuriy boshqaruv batamom oʻzgacha usulga oʻtishi tarixiy zarurat edi.

Ammo meni boshqa holat oʻylantiradi.

Oʻsha paytlar oʻta tezlashgan oʻtish davri boʻlgan ekanmi, bilmadim, eski “sovxoz”lar bilan birga davlatning mulki hisoblangan uyur-uyur yilqilar, poda-poda qoramollar, sanogʻi yoʻq otarlar bir-ikki yilning ichida yerga singdimi, koʻkka uchdimi, yoʻq boʻldi. Hatto toʻrt ming-besh ming tuyoq sigʻadigan molxonayu qoʻyxonalar, tovuqxonalar, ulkan mashina-traktor parklari, garajlar buzilib, gʻishtlarigacha “abjir ishbilarmonlar” tomonidan tashib ketildi. Har kim qoʻliga ilinganini, eplaganini oʻzlashtirdi. Oxirgi damlarda “sovxoz”ning soʻnggi raisi kutubxona va klubning oʻrnini odamlarga uy qilib sotdi…

Endi esa davr oʻzgargan. Odamlar oʻshanday molxonayu qoʻyxona qurib tuyoq sonini koʻpaytirish, gavjum joylarda klub yoki tomoshaxonalar qurib, iqtisodiy naf olish uchun harakat qilayapti.

Olim Jumaboyevning qissasida xuddi shunday ijtimoiy jarayon, faqat “oʻzim boʻlsam” degan toifaning tuban xatti-harakatlari badiiy ifodasini topgan. Umumiy voqelik uzoq bir qishloqdagi eski va tashlandiq hovli ustida boradi. Asarda oʻquvchini oʻyga toldiradigan oʻtkir syujet yoki real voqelikning toʻliq tahlili yoʻq hisobi. Muallif qovurchini qotmagan bolakay tilidan tashlandiq hovli, egasi va uning ikki farzandi (qizi va oʻgʻli) taqdiridan ayrim parchalar keltiradi. Va shu jarayonda qishloqdoshlarining eski imoratga boʻlgan munosabatlari orqali umumiy syujetni shakllantirib boradi. Ana shu shakllanuv jarayonida personajlarning feʼl-atvori yuzaga chiqaveradi. Boshqacha aytganda, kimsasiz va beega hovliga hamma koʻz tikib turgani, baʼzi gʻirromchilar til biriktirib oʻzaro boʻlishib olgani maʼlum boʻladi. Qishloqdoshlar koʻplashib uyni buzadi. Har kim qoʻliga ilinganini oladi. Qishloqning eng insoflisi sifatida gavdalangan personajlardan biri – usta Nizom oʻgʻriligini yashirish uchun uy egasi Suyarga qarata:

– Oʻzimiz – usta, amallab koʻtarib berardik. Oxiri quladi. Qarovsiz yotgandan keyin shu-da! Omonating bizda. Devor ostida yoʻqolib ketadi. Uying bitganda qaytaramiz. El shunday dedi, – deya oʻzini oqlamoqchi boʻladi.

Yoki xurjuniga koʻp narsani tiqib ketayotgan personaj (Qadam aka) oʻgʻrilikdagi sheriklaridan biri – Nizom ustani quvvatlab:

– Eski-tuski nima kerak oʻzi, toʻgʻrimi, Suyarjon? Hemiriga yangisidan beradi-a? Eskini tuzatguncha esing ketadi, – deb hamyurtlarining “boʻl-boʻl”chiligi va tashmachiligini xaspoʻshlaydi.

Qissaning umumiy syujetiga sinchiklab nazar solgan oʻquvchi qishloqdoshlarning bir zamonlar elni ochlikdan saqlab qolgan Shodmonboy otani yuzxotir qilmaganiga, har kim “oʻzim boʻlay” degan aqidaga mukkasidan ketganiga, faqatgina asosiy qahramon ahyon-ahyonda eslab turganiga guvoh boʻladi. Aniqroq aytganda, arzimas xoda, boʻyra yoki bir parcha yerga ega chiqish uchun bir-birlari bilan “sen-men”ga borganini koʻradi.

Taʼkidlash kerak, asarning umumiy ruhi inson deb atalmish muborak zotning boylik ilinjidagi pastkashliklarini fosh etgani bilan ahamiyatli. Shu maʼnoda “Uy”dagi umumiy syujet va yuqorida keltirilgan mahallamizdagi voqealar oʻrtasida oʻxshashlik borday tuyuldi menga.

Ha-ya, qissani oʻqiyotib, badiiy tilining oʻzgachaligi – baxmalliklarga xos muomala tilining sayqal berilgan shaklda asarga koʻchganligi eʼtiborimni tortdi. Toʻgʻri, baʼzi joylarda shevachilikka berilib ketgan, voqealar bir-biriga gʻaliz ulangan, oqibatda oʻquvchi ifodani tushunishi qiyin kechgan oʻrinlar bor. Bular muttasil davom etadigan mashqlar natijasida barham topadigan nuqsonlardan. Lekin personajlarning ijtimoiy holati va qiyofasini ifodalashda yoki ularning ruhiyati tasvirida: “Roʻzgʻori bitta koʻk sigirning yeliniga qaragan-u dagʻdagʻasi olamni buzadi-ya!”, “Yeganimiz oʻzimizga yuqmay yuribmiz”, “Bir-ikki soʻm bersang, orqasi oʻchoqdek boʻlib qoladi”, “It talashmay ishi bitmas”, “Sening beting bilan keting bir”, “Qaynatsa qoni qoʻshilmaydi”, “Ruhi tushganning oti ham yurmaydi”, “Qoʻl uchida kun koʻradiganning egni qisiq boʻladi”, “Otasiz oʻsgan uysiz oʻsgandan yomon”, “Kampiri chimildiq koʻrpasi titilmay beva qoluvdi”, “Ota moli qoʻshilmasa, bola boyimas” kabi shevadan oʻtgan jumlalar ishlatilishi asarga zeb bergan.

Aslini olganda, bularning bari oʻzimizning gaplar. Har kuni yoki kunora bilib-bilmay, sezib-sezmay ishlatadigan jumlalarimiz. “Uy”da bu kabi ohorli, hali badiiy adabiyotda ishlatilmagan soʻz va iboralar serob. Ularning adabiy muomalaga kirishini, shubhasiz, muallifning sinchkovligi, soʻz ustida yaxshi ishlaganligi bilan bogʻlash kerak.

Bilishimcha, ushbu qissa Olimjonning dastlabki yirik asari. Keyingi bitiklarida ham ana shunday real voqeliklar ustida qalam tebratishiga, kitobxonni dunyoni keng mushohada etishga chorlovchi asarlar bitishiga, shu bilan birga, bizdan oldingi avlodlarning ogʻzida qolib ketayotgan kamyob soʻz va iboralarni adabiy taomilga olib kirishiga tilakdoshman.


 

Qurdosh QAHRAMONOV, adabiyotshunos

 

Izlanish pallasi

Qissa voqeasi markazida togʻ etagida joylashgan ovulda ikki-uch avlod yumalab oʻsgan eski imorat – otaning uyi turadi. Bu uy beega. Uy egasi Shodmonboy bir paytlar ocharchilik yillarida butun qishloq ahlini asrab qolgan. Asarda bu voqea kichik bir epizodda bayon etilgan.

Asarning butun mojarosi tomiri bir ota-onaga borib taqaladigan ovuldoshlarning mana shu buzilay deb turgan uyga egalik qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlari, tortishuv va kelishuvlari, ming xil tovlanib-turlanishlarida namoyon boʻladi.

“Uy” maʼlum maʼnoda ramziy mazmunga ega. Xonadon vorisi Suyar hardamxayol. Asarda uning nomiga ikki marta xat bitiladi. Dastlabkisi asar boshida zimdan uyga egalik qilishni istayotgan Oʻljaboyning oltinchi sinf oʻquvchisi, hikoya bayonchisi Murodjonga aytib yozdirgan xati. Xatda Suyarga jumagacha kelib uyga egalik qilsang qilding, boʻlmasa uying buziladi, degan mazmun bitilgan. Suyarjon keladi, biroq kechikib, uy buzilgandan keyin, aniqrogʻi, buzishib, xomtalash qilishayotganda keladi. U qish-qirovli kunlarda buzilgan uyni tiklashga, yaqindagina toʻyi boʻlgan kelinchagi bilan ota uyida yashashga harakat qilib koʻradi, biroq qishloqdoshlarning loqaydligi, beeʼtiborligi, ehtimolki, uyiga egalik qilish niyatida yurganlarning saʼy-harakatlari bois shaharga qaytib ketadi.

Keyingi xat qissa soʻngida uyning qarindoshlar tomonidan talon-toroj boʻlishini xohlamagan Murodning onasi istagi bilan yana Oʻljaboy nomidan bitilgan boʻlib, mazmuniga koʻra hammasi kengashib, uyni Murodga xatlab beradigan boʻlishgani aytilib, uning roziligi soʻralgan edi. Qissaning xotima qismlarida Murodning ulgʻayib, uyga egalik qilishi-yu, baʼzan Suyarning uy daʼvosidan xavotirlanishlari bayon etiladi.

Mazkur qissa hajman kichik. Bor-yoʻgʻi 20 qogʻoz. Uni mini-qissa deyish ham mumkin. Asar kichik-kichik sahnali epizodlardan tashkil topgan. Oxirgi bobni ham qoʻshib hisoblaganda jami toʻqqiz bob. Har bir bobda yulduzchalar bilan ajratilgan kichik-kichik epizodlar bor. Epizodlarning har birida alohida bir koʻrinish – manzara. Asar mana shunday kichik-kichik epizod – sahna koʻrinishlardan tashkil topgan. Ayrim epizodlar dialog asosiga qurilgan, ayrimlari esa hikoya qahramonining kuzatuvlari orqali yoritiladi. Asar strukturasining bunday qurilishi voqelikning juda siqiq holda tasvirlanishiga olib kelgan. Bu yozuvchining yutugʻi sifatida baholanishga loyiq.

Asarning koʻzga yaqqol tashlanadigan kamchiliklaridan biri asosiy qahramonlarning birortasida ham individuallashgan qiyofasi yoʻqligidir. Qissada Oʻljaboy akisning ham, Suyar va boshqa qahramonlarning ham na portreti chiziladi, na nutqida oʻzgachalik seziladi. Boshqalardan farq qilib turuvchi jihatlari ham koʻrsatilmaydi. Ikkinchi katta kamchiligi, insonlarning bir-biriga oqibatsizligining ortiq darajada boʻrttirilishidir. Oʻtmishda bunday oqibatli edi, hozirda bunday oqibatsiz, degan gʻoyaning yetakchilik qilishi haddan ziyod mubolagʻa boʻlib, hayot haqiqatiga mos emas. Bu hol ijodkorning izlanish pallasida ekanidan dalolat beradi.

 

“Yoshlik”, 2017 yil 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.