Olim haqida oltin soʻz

0
290
marta koʻrilgan.

Kamina olis qoraqalpoq diyorining soʻlim goʻshasi Amudaryo tumaniga qarashli Zarbdor qishlogʻida avval bogʻchada, keyin maktabda savod chiqarib, bagʻrikeng xalqning poytaxt shahri Nukus davlat universitetiga oʻqishga qabul qilindim… Bu borada mendan beminnat yordamini ayamagan, ham moddiy, ham maʼnaviy tirgaklarim, “issiq-sovugʻimdan” xabar olib, cheksiz dildorliklar koʻrsatgan ota-onam, akalarimning xizmatlari nihoyatda katta boʻlganligini alohida iftixor bilan aytishim mumkin.

Yillar oʻtdi…

Olis Samarqand shahriga aspiranturaga oʻqishga yoʻl oldim. Yolgʻizlikdan siqilgan, kitob titkilab topmagan javharlarni oʻylay-oʻylay xayolga toldim. Rumiy aytmish: “Har ne izlarsen, oʻzingda jam erur” hikmatiga amal qilib, fikru yodimni botinimga – koʻnglimga qaratdim. U yerda esa oltin davrimning yaqin-kechmish xotiralari bitilgan daftarga yuz keldim. Hammasi sogʻinch, hammasi qoʻmsashning holati ekanki, menga hayotda oʻz yoʻlimni topib, saboqlar olishimga xayrixoh boʻlib kelayotgan saxovatli, dilkash inson, filologiya fanlari doktori professor Hotam Umurov haqida bir-ikki sahifa koʻnglimda pinhon tutib yurgan dilsoʻzlarimni bitishga ahd qildim.

Hayotda shunday insonlar boʻladiki, chin insoniy xislatu fazilatlari bilan uy toqida nur taratayotgan chiroqqa oʻxshaydi. Uning yorugʻidan hamma bahramand. Ustoz ham shunday – uning hayotiy saboqlaridan, koʻrgan-kechirganlaridan, ezgulikka safarbar etuvchi ilmu amalidan saboq oladilar.

Men ustoz bilan yuzma-yuz tanishmasimdan oldin, 2004 yil Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida dastlabki ilmlarni olib yurgan paytlarimda gʻoyibona suhbatlar qurgan edim. Oʻsha paytdagi yangi chiqqan va iliq tafti soʻnmasidanoq bizning qoʻlimizga yetib borgan “Dilmunchoqlarim” kitobidagi hayotiy kuzatishlar, ibratli saboqlar qatiga yashiringan insoniy fazilatlar – mehr-muhabbat xususidagi teran mulohazalarni oʻqib mehrim tushib qolgan edi. Ustozning juda koʻplab xislatu fazilatlari haqida aytish mumkindir. Ammo men bunday paytlari qogʻoz-qalam oldida mungʻayib qolaman. Togʻni yaqindan koʻrib boʻlmaydi, deyishadi. Togʻasi Hamid Olimjonning sobiq ittifoq davrida mafkuralashtirilgan, haqiqiy bahosini toʻla ololmagan ijodi va shaxsiyatiga daxldor jihatlarni mustaqillik sharofati bilan teran oʻrgandi, bizning avlodga yetkazib bera oldi. “Xalqimizda jiyan – togʻasiga tortadi” degan gap bor. Ustoz nafaqat zohiran, balki botinan Hamid Olimjonga juda-juda oʻxshaydi. Men buni Hamid Olimjonning joʻshqin sheʼriyatini tahlil qilishidagi, ruh va koʻngil ziddiyatini shoirona til bilan izohlay olganida deb bilaman. Yaqin kishingga mehringni, koʻngildagi iliq gaplarni aytish uchun odam juda iymanadi. Shaxsan men ustoz bilan tanishuvimizni eslasam, bor-yoʻgʻi ikki yilcha vaqt oʻtgandir, shu oʻtgan yillar mobaynida u kishidan otamdan koʻrgan yaxshiliklarni koʻrdim. “Olimning olimligi ilmu amaliga qanchalik sodiq va fidoyiligi, eʼtiqodi butunligi bilan oʻlchanadi” deydi faylasuflardan biri. Bunda teran maʼno mujassam. Ustoz Hotam Umurov ana shunday adabiyot fidoyisi boʻlgan insonlardan biridir.

Samarqandga kelganimga endigina uch yil boʻlayotgan esa-da, men bu bilim dargohida juda koʻplab saxovatli insonlar bilan tanishdim. Baʼzilari bilan aka-ukadek doʻst tutindim. Ustoz har safar issiq, sovugʻimdan, boru yoʻgʻimdan xabardor boʻlib, men haqimda qaygʻurib yurdi. Odam bolasi uyidan yetti qadam chiqsa musofir sanaladi deyishadi. Mening esa ming chaqirim masofa – olis qoraqalpoq diyoridan kelib ilm olishim va shu maskanni oʻzimga vatan tutib, adabiyot ilmining siru sinoatidan ustoz koʻmagida oʻrganishim koʻngilda iftixor tuygʻusini uygʻotadi. Hayotda shunday vaziyatlar boʻladiki, baʼzan mayda tashvishlar bilan mashgʻul boʻlib ilmga, oʻqishga vaqt yetmay qoladi deng, ustoz oʻsha paytlari yuz-koʻzingga qarab, darrov sezadi. Bu borada, buyuk mohiyat kashshofi Mavlono Rumiy aytmish, “Yuzda aks etgan koʻngil tuygʻusidir, Yuz, demishlarkim, koʻngil koʻzgusidir”. “Kasalni yashirganing bilan isitmasi chiqadi, nimaga xomushsan, biron-bir muammo bormi?” deydi ustoz. Men esa oʻzimni tetik, begʻam va baxtiyor koʻrsatishga harchand urinmayin, baribir befoyda! Ustoz buni darrov payqaydi.

Domlaning bir emas, oʻnlab insoniy sifatlari haqida gapirish mumkindir, lekin barchasi bitta INSON degan nomning mohiyatida yigʻilgan. Har ikki kunning birida, ustoz xonadoniga boraman. Yoʻlda borarkanmiz, domla bilan bugungi adabiy jarayon xususida uzun suhbatlar quramiz. Hikoyachiligimizni yuqori choʻqqilarga olib chiqqan Shukur Xolmirzayev, hassos shoir Usmon Azim, yozuvchi Erkin Aʼzam, Ulugʻbek Hamdam ijodi haqida bahslashamiz, oʻzim bilmagan ilmiy haqiqatlarni ustozdan oʻrganaman. Oʻtgan yili, ayni shu kunlarda ustozning tashabbusiga koʻra Usmon Azim tavalludiga oltmish yil toʻlishi munosabati bilan Samarqand davlat universitetida shoir muxlislari davrasida ijodiy kecha uyushtirildi. Shunda ustoz Hotam Umurov barcha yigʻilgan mehmonlarga “bu shoirni sizlarga tanishtirishning hojati yoʻq, allaqachon sheʼrlari qoʻshiqlarga aylanib, xalqimiz koʻnglini zabt etib ulgurgan, oʻzbekning Alpomishi” deya taʼrif berdi.

Har bir inson avval hayotdan oʻrganadi. Domlam ham hayotiy saboqlarini yigʻib, bir necha kitoblar nashr ettirdi. Ulardagi hayotiy kuzatuvlardan shuni his etish mumkinki, hamisha insoniy mehr-muhabbat. doʻstga sodiqlik, vatanni jismu joni bilan sevish, kattalarga hurmat, kichiklarga izzatda boʻlish kabi oʻlmas qadriyatlar xususida teran mushohadali fikrlarini ifoda etadi. Fikr ham shaxs kabidir. Undagi teran maʼno insonga nimalarnidir oʻrgatadi. Har birimiz hayotning siru sinoatini soʻzlar vositasida anglaymiz. Hotam Umurov minglab talabalarga ustozlik qilgan, ular orasida qoraqalpoqlik yurtdoshlarim ham bor. Men oʻtgan yili yurtga borayotganimda avtobusda bitta ayol bilan yonma-yon oʻtirib qoldim. Ismi Marhabo Hazratqulova, kasbdosh ekanmiz, soʻz-soʻzga ulandi. Hotam Umurovdan adabiyot boʻyicha saboq olgan ekan. U kishi mening malakaviy-bitiruv diplom ishimda rasman rahbarlik qilgan, oʻta sinchkov, mehnatsevar, bagʻri keng inson, siz haqiqatdan ham domlaga shogird tushgan ekansiz, hech narsadan gʻam yemang, baxtli ekansiz”, dedi.

Oʻshanda sahrolarni kesib, olis qoraqalpoqqa shiddat bilan yelib borayotgan avtobus darchasidan bepoyon sahroga boqarkanman, xayolimda adabiyotning ertangi kuni, uning nurli kelajagi jonlandi. Ustoz yozuvchi Oʻtkir Hoshimovning bitta iborasi bor: “Qalamkashga qishloqning qalbi, shaharning aqli kerak” degan. Hakiqatdan ham dunyoda ijodkorki bor, aksariyat qishloqda tugʻilib, shaharda dovrugʻ qozonadi. Olim ham shundaylardan. Domlaning bir olimligi emas, ijodkorligi xususida ham gap ketsa, bir qator hajviyalari, hayotiy qatralari, latifalarini oʻqisangiz birdan dilingiz ravshanlashadi. Ular qatiga singdirilgan maʼno atrofimizdagi nafs balosiga yoʻliqqan, tili boshqa, dili boshqa kimsalar xususida soʻz ochadi.

Hotam Umurov “Adabiyot nazariyasi”, “Adabiyotshunoslik nazariyasi”, “Adabiyot qoidalari”, “Badiiy ijod asoslari” kabi oʻnlab darsliklar yaratdi. Ushbu asarlari ustozning qirq besh yillik hayotiy kuzatuvlari, ilmiy izlanishlari hosilasi – mevasidir. Hotam Umurov qaysi janrda ijod qilmasin, oʻz aytar soʻzi, ruhi, dunyoni koʻrish va anglash tushunchasi – “men”i bor. Sinchkov boʻlish, har bir jumla ustida oʻtirib ishlash, qayta-qayta mutolaa, mushohada, mulohaza yuritish ustoz shaxsiyatiga xosdir… Men matn ustida ishlaganimda juda qiynalib ketardim, naqoratlarni tahlil qilish, oʻziga xos tarzda yondashishga sabr-bardosh yetmaydi deng, toʻlgan yurakni boʻshatish, xoh ilmiy boʻlsin, xoh ijodiy boʻlsin, nima boʻlganda ham botinimda bunga kuch yetmasdi. Birdan lohaslik qamrab olardi. Ustozning diqqattalabligi, masʼuliyatni zimmasiga olganida – yurak qoʻri bilan ishga kirishishi, hech narsani beeʼtibor qoldirmaslik kabi xislatlarini koʻrib, kuzatib fikrim, tahlilga boʻlgan moyilligim oʻtkirlashdi… Adabiyot haqidagi nazariy qarashlari ustozning oʻziga xos yondashuvidan, olamni anglash borasidagi tasavvurlari, oʻsha tasavvurlardan yaralayotgan soʻz, nazariy fikr, tushunchani – tushuntira olishi, aniq, ixcham tarzda ifodalay bilishi u kishining mahoratidan, isteʼdodidan dalolat beradi. Isteʼdod bor joyda haqiqiy adabiyot dunyoga kelishi shubhasizdir… Men ustoz bilan yonma-yon yurib iqror boʻldimki, u mehr-muhabbat, odamiylik, insoniylik, aka-ukachilik borasida juda samimiy, dilkash, koʻnglidagi tilida, tilidagi dilida boʻlgan daryoqalb inson ekan.

XX asrning soʻnggi yillari va nihoyat yangi asrning oʻtgan yillari ustoz hayotida, ijodida tub burilish davri boʻldi. Sababki, shu oʻn yillar ichida bir qator darsliklar, risolalar, adabiy-badiiy, publitsistik maqolalar, esselar, xotiralar, qatralar, latifalar, hajviyalar alohida-alohida kitob holida va “Saylanma” shaklida ham nashr etildi, kitobxonlar qoʻliga yetib bordi. Samarqand davlat universiteti professori, Hotam Umurov adabiyotimizda oʻz yoʻlini yaratdi. U yaratgan maktab esa oʻsib kelayotgan yosh avlodga, shogirdlariga, yurtdoshlarimizga ibrat boʻlib xizmat qilaveradi.

 

Xursandbek TOʻLIBOYEV,

SamDU aspiranti

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 1-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.